Juma mav’izalari. Savdoda halollik mezoni


Post Views:
1 512

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimki kun bo‘yi ishdan, mehnatdan charchab, kechqurun halol mehnatning charchog‘i bilan yotsa bomdodgacha Alloh uning gunohini kechiradi”, dedilar.

Halol mehnatning fazilati, halol kasbning sharofati gunohlarini kechirishlikka sabab bo‘ladi. Toatlarni qabuliga sabab bo‘ladi. Farzandlarni halol pokiza rizq bilan boqishlikka sabab bo‘ladi.

Mana shunday halol kasblardan, pokiza ishlardan Alloh va rasuli rozi bo‘ladigan amallardan biri “halol tijoratdir”.

Baqara surasi, 275-oyat: “Xolbuki Alloh bay’ni (savdoni) halol va sudxo‘rlik (ribo)ni esa harom qilgan ”.

Niso surasi, 29-oyat: Ya’ni: “Ey iymon keltirganlar! Mol mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz! O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bo‘lsa, u bundan mustasno”.

Albatta, shariat olimlarimiz, muhaddislarimiz, fuqaholar o‘zlarining kitoblarida tijoratning umumiy qoidalari, islomda tijoratning odobi ahloqi to‘g‘risida qator rivoyatlarni, chuqur ta’limotlarni qoldirganlarki, ularni har birimiz o‘rganib, hayotimizga tadbiq qilmoqligimiz ayni ma’no.

Tijoratning umumiy qoidalari:

1. Tijorat Allohning zikri, Allohning ibodati va Allohning farzi vojibotlaridan to‘sib qo‘ymasin. Alloh taolo Qur’oni Karimda: “Mo‘min tijoratchilar shunday tijoratchilarki Allohning zikridan tijoratlari, oldi-sottilari namozdan ularni man qilmaydi”. Namoz vaqtida mijozlarning ko‘p kelishligi ularni namozdan qoldirmaydi, ko‘p pul talab qilish, ko‘p pul topishlikning g‘ami, Allohning zikridan ularni to‘sib qolmaydi.

Islom ummati uchun eng muhim ishlardan biri juma namozidir. Alloh taolo bu haqida «Jum’a» surasida:

«Ey iymon keltirganlar! Juma kuni namozga nido qilingan paytda Allohning zikriga shoshiling va savdoni qo‘ying. Agar bilsangiz, bu o‘zingiz uchun yaxshidir» (9-oyat).

Oyatdagi “nido qilingan paytda” dan murod, imom minbarga juma xutbasini o‘qish uchun chiqqanda aytiladigan azondir.

“Va savdoni qo‘ying”, degan farmoniga asosan, juma kuni ikkinchi azondan boshlab, namoz o‘qib bo‘lguncha savdo-sotiq harom qilingan.

“Bas, namoz tugagandan so‘ng yer yuzi bo‘ylab tarqaling va Allohning fazlidan talab qiling va Allohni ko‘p eslang, shoyadki, yutuqqa erishsangiz” (10-oyat).

Avvalgi oyatda Alloh taolo azondan keyin savdoni tark etib namozga shoshilishga buyurgan edi. Endi esa, juma namozi tamom bo‘lgandan so‘ng yana avvalgi holatga qaytish mumkinligini bayon qilmoqda.

Namozdan so‘ng kim savdoga, kim kasal ko‘rgani, kim ilmi hunariga va hokazo ixtiyori o‘zida.

Suraning oxirida bir guruh musulmonlarning Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: juma namozi xutbasini o‘qib turganlarida savdo karvoni kelganidan xabardor bo‘lib, chiqib ketganlari eslatiladi. Odatda, karvon kelganda shovqin suron bilan do‘mbira chalib kelar edi. O‘shanda Payg‘ambar alayhissalom bilan o‘n ikki kishi qolib boshqalar chiqib ketgandi. Alloh taolo ularning bu qilmishlari noto‘g‘ri ekanini o‘sha zahoti eslatib oyat nozil qildi:

“Va tijorat yoki o‘yin kulgu ko‘rganlarida, unga tomon yopirildilar va sizni tik holda tark etdilar. “Allohning huzuridagi narsa, o‘yin kulgudan va tijoratdan yaxshidir. Va Alloh eng yaxshi rizq beruvchidir”, deb ayting” (11-oyat).

– Abdulloh ibni Umar roziyallohu anhudan bu oyatni qanday tushunsa bo‘ladi deb so‘ralgan ekan. U zot aytilarki: “(Ashobi ikrom) masjidda namozga azon tovushini eshitganlarida do‘konlarini qulflar edilar, sanoatlarini to‘xtatar edilar”.

– Ibni Battol rohmatullohi alayh Imomi Buxoriyning shorihlaridan birlari aytadilar: “sahobalar jamoati Allohu Akbarni eshitganda kasb tikuvchi ignasini matoga tiqqan bo‘lsa qaytib olmasdi. Temirchi agar bolg‘asini temirga urishi uchun ko‘targan bo‘lsa, temirga bolg‘asini urmasdi, bolg‘asini qo‘yib namozga borardi. Mana shunday xolatda sahobalar Allohning oyatiga amal qilganlar”.

2. Halolga e’tibor bermoqlik.

– Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ey sahobai kiromlar, Allohdan qo‘rqinglar, qiyomat kunining azobini xotiralaringizdan chiqarmanglar, bilib qo‘yinglar. Alloh taolo bandaga yozgan rizqi ajalidan keladi, rizq bandani oladi, agar banda rizqdan yuz o‘girsa, rizq unga borib baribir yetadi. Shuning uchun rizqni chiroyli talab qilinglar. Bu dunyoga itlarcha hirs havas bilan yopishmanglar. Chiroyli talab qilishlik nima: halol bo‘lganini olinglaru, haromidan qaytinglar”, degan ekanlar.

Qaysi bir narsa halol bo‘lsa uning savdosi ham halol.

3. Tijoratga yolg‘on aralashtirmaslik. Tijoratda yolg‘on aralashtirilsa tijoratni harom qiladi. Yolg‘on – hayotning vabosi. Hayotni buzadi, hatto onaning qornidagi bolani ham buzadi.

– Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ey insonlar yolg‘on yuzni qoraytiradi, yolg‘on rizqni kamaytiradi”.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Savdoda ko‘p qasam ichishlikdan saqlaninglar. Chunki u (molni) o‘tkazadiyu ammo (barakasini) ketkazadi”, dedilar.

– Tarozidan urishlik ham savdodagi yolg‘onlardandir;

Alloh Qur’oni Karimda:

“Savdo sotiqda o‘lchov va tarozdan urib qoluvchi kimsalarning holiga voy! Ular odamlardan (biror narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladigan, odamlarga o‘lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa urib qoladigan kimsalardir”.

Tarozidan urish, litrdan urish, metrdan urish, ko‘pdan urish, donadan urish barchasi yolg‘on. Alloh taolo panoh bersin, ichi teshik toshlardan, sutga suv qo‘shish yoki asl narsa deb soxtasini sotish tijoratda yolg‘on va harom. Yaxshi guruchga yomon guruchni qo‘shib sotish, benzinga solyarka qo‘shib sotish, yangi molga muddati o‘tib ketgan eski mollarni qo‘shib yangi deb sotishlik hammasi yolg‘on, harom qiladi.

Oriq molni sotadigan kuni kechasi qornini shishirib yoki har xil ukol qilib yuvosh qilib sotish.

Eski mashinani yangi deb sotib yoki masofasini kam qilib sotish.

– Qachon barakat bo‘ladi, qachonki sotuvchi oluvchini haqiga, oluvchi sotuvchini haqiga duoyu hayr qilib tursa, qalblar bir biriga yaqin bo‘lsa, ishonchlar bir biriga mustavo bo‘lsa ana o‘shanda baraka bo‘ldai.

Oddiy misol, benzin olyapmiz, benzin quyuvchi benzindan urib qolmoqchi, oluvchi ham imkon qadar undan meyoridan ortiqroq olmoqchi, mabodo o‘sha 1 litr ko‘proq quyib yuborsa, shofyor ko‘rib qolsa ham: ha endi ko‘p urgan ediku mandan, bir litr ortiq ketsa hech narsa bo‘lmaydi deydi yoki beryapti, benzinni aniq ko‘rsatyapti, 2 litr sotib oluvchining qalbida g‘ashlik bor: “Baribir uradi” deydi . Mana shu bilan ham tijoratdan, ham rizqdan ham mahsulotdan ham baraka ketadi.

Chunki ishonch yo‘q. Allohdan duo baraka so‘rash yo‘q.

Allohdan qo‘rqish bo‘lmagandan keyin baraka ketadi.

– Oluvchi bozorga kiradi, sotuvchidan bir narsa undirmoqchi, sotuvchi bundan ba’zida bir narsa urib qolmoqchi. Alloh panoh bersin.

4. Tijoratdagi odob shartlaridan – mahsulotni aybini aytib sotish.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Agar sotuvchi va oluvchilar mahsulotni aybini bayon qilsalar, Alloh taolo u bandaga barokat, u shartnomaga fazilat beradi. Agar aybini yopsalar, yolg‘on gapirsalar, foyda ko‘rishlari mumkinki, lekin baraka topmaydilar”.

– Zotan hayot hamisha pulning ko‘pligi bilan, molu davlatning bisyorligi bilan emas. To‘plangan karvon-karvon oltinlar, to‘plangan bankda hisobini bilmaydigan pullar kimlarningdir nomiga qolib ketgani tarixdan ma’lum. Qanchadan qancha yerlarga, molu davlatlar, orollar, kema, samolyotlarga molik bo‘lgan puldorlarning pullari soniyalarda, bir daqiqada havoga uchib ketgani, o‘zi xohlamagan odamning qo‘lida qolib ketib, u mol o‘ziga balo bo‘lgan holatlarga tarixdan qanchadar qancha misollar bor.

Mahsulot aybini isloh qilib, yaxshilab sotdi, bu joiz. Yoki mashinani sotib oldi, kamchiliklarini, eskirgan ehtiyot qismlarining o‘rniga yangisini qo‘yib, yaroqlik qilib sotish joiz.

Qaytarib berish mumkinmi yoki yo‘qmi?

– Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Sotuvchi va oluvchi to ular ajralmaguncha ixtiyoridadir. Kimiki sotgan molini qaytib olsa, qiyomatda u jahannamga ketayotgan bo‘lsa ham uni qaytarib jannatga kiritadi”, dedilar.

Qachonki o‘sha olib kelgan narsasini majburlikdan bir sababga ko‘ra qaytarib olib kelsa, uni savdogar qaytib olishi mustahab, lekin olingan narsa uning sifatiga ta’sir qiladigan aybi bo‘lsa savdogar almashtirib berishi kerak bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh taoloning rahmati bo‘lsin shundaylargaki ular sotganda ham, olganda ham, gapirganlarida ham odamlarga marhamatlidir”.

Kechirimli bir ikki dona qo‘shib beradi, oluvchi bo‘lib ko‘kat olib kelgan dehqon arzon sotadi. Lekin rastada 2 baravar, mahsuloti yaxshi, lekin uni arzon sotib tezroq ketmoqchi ba’zida. 100 so‘m desa oluvchiga, oluvchi esa: “2 tadan bering” deb pastga uradi. Unday qilmang. Tijoratning ishi juda qiyin, chunki har bir mahsulotda birovning haqi ustida turadi.

– Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rostgo‘y, omonatdor tijoratchi, nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birgadir”, dedilar.

– Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Bozorga kelayotgan ulovliklarning bozorga yetmaslaridan oldin yo‘lini to‘sib ularning narsalarini ko‘tarasiga sotib olmanglar. Biringiz savdolashib turganda boshqangiz uning savosini buzib ustiga savdo qilmasin. Xaridorni aldash maqsadida narxni ko‘tarmang. Shaharliklar (dallol bo‘lib) qishloqliklarning molini sotmasinlar. Qo‘ylarning yelimi ustidan (bolasi emmasin, yelimi shishib, sersutga o‘xshab ko‘rinsin deb) bog‘lab qo‘ymang. Kimki shu kabi sog‘in qo‘yni sotib olsa, sog‘ib ko‘rgach ixtiyorlidir. YOqtirib qolsa olib qoladi, agarda yoqtirmasa egasiga qaytaradida va bir so’ (4 kg) xurmo ham qo‘shib beradi”, dedilar.

Savdoda halollik taqvoning a’losidir:

– Imom Abu Hanifa rahimahullohning mashhur shogirdi Imom Muhammad rahimahullohdan: “Taqvo haqida bir kitob yozsang” deb iltimos qilganlarida, u kishi “yozib qo‘yganmanku” deb javob berdilar. Shunda: “Qaysi kitob?” deyishganda “Kitob bay’” (tijorat kitobi) deb javob qilgan. Bu buyuk zotning tijoratni kim to‘g‘ri qilsa, shu o‘ziga taqvo deganidir. Zero, asosiy, eng katta taqvo, inson luqmasining halol bo‘lishidir.

Madaliyev Ilhomjon Umarjon o‘g‘li,
Toshkent shahar Shayxontohur tumani “Mo‘yi Muborak” “Ukkosha” jome’ masjidi imom xatibi

https://shosh.uz/uz/juma-mav-izalari-savdoda-halollik-mezoni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x