Post Views:
569
Jahon ilm fani taraqqiyotiga yuksak hissa qo‘shgan Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bekning nomi har birimiz uchun aziz. Uning Movarounnahrdagi beqiyos bunyodkorlik ishlari haqida har birimiz ko‘p bora o‘qiganmiz. U haqda qator badiiy asarlar, fil mlar yaratilgan.
O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: bizgacha buyuk ajdodimiz Mirzo Ulug‘bekka bevosita tegishli bo‘lgan, ul zot shaxsan foydalangan biror buyum yetib kelganmi? Mirzo Ulug‘bekning qo‘llari bilan bitilgan qo‘lyozmalar mavjudmi? Buyuk shoh va olim o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan nimalarni biz ham ko‘ra olamiz?
Albatta, Mirzo Ulug‘bek sizu bizdek mana shu aziz va mukarram makonda voyaga yetgan. Vatanining har qarich tuprog‘ini sevgan, ko‘ziga to‘tiyo qilgan. Bugun ul zot tomonidan qurilgan madrasalar Samarqand, Buxoro, G‘ijduvon shaharlarida hamon savlat to‘kib turibdi. Bugun Samarqandga kiraverishda, Mirzo Ulug‘bek yodgorlik majmuasi qarshisidagi rasadxona ham buyuk bobokalonimizdan bizgacha yetib kelgan qutlug‘ obida sanaladi. Uning zinapoyalaridan Ulug‘bek bobomiz yuzlab marotaba chiqib tushganlar.
Bugun dunyoning turli kutubxonalari, muzeylari, ta’lim maskanlarida Mirzo Ulug‘bekning nigohi tushgan, ehtimol uning qo‘li bilan bitilgan nodir qo‘lyozmalar, buyuk temuriyzoda hukmdorga tegishli shaxsiy buyumlar saqlanayotgan bo‘lishi mumkin.
…Dunyoga mashhur Britaniya muzeyida sayyoramizning turli hududlaridan olib kelingan, bir necha ming yilliklarni o‘z ichiga olgan bu qadimiy muzeyni yiliga o‘rtacha 6-7 million kishi tomosha qiladi. Bu yerda 8 milliondan ortiq eksponat saqlanadi.
Ana shu eksponatlardan biri buyuk ajdodimiz Mirzo Ulug‘bekka tegishli yashil nefrit (yashma) toshidan yasalgan №1959,1120.1 tartib raqami ostidagi kosadir.
Muzey saytida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur kosa taxminan 1420-1449 yilllar oralig‘ida Samarqandda yuksak mahorat bilan ishlangan. Kosa ovalsimon ko‘rinishga ega bo‘lib, unga taxminan 200-250 ml. suyuqlik joylashadi. Qadimda odamlar orasida nefritdan yasalgan idishga zaharli suyuqlik solinsa u parchalanib ketishi haqida afsonalar yurgan.
Mazkur kosa haqida poytaxtimizda 2017 yil may oyida “O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotga yo‘l” mavzusida o‘tkazilgan 1 xalqaro kongressda Britaniya muzeyi vakillari ham ishtirok etishgan, ushbu kosa haqida alohida ma’ruza ham tinglangan edi.
Britaniya muzeyi islom kollektsiyalari muhofizining yordamchisi Ladan Akbarniyaning aytishicha, 1959 yilda Britaniya muzeyi arab yozuvida turkiy tilda buyuk olim va hukmdor Mirzo Ulug‘bek nomi bitilgan ajoyib nefrit kosaga ega bo‘lgan.
Yashil tusdagi bu kosaning dastasi Xitoy mifologiyasidagi ajdar ko‘rinishini esga soladi. Kosa dastasining qarama qarshi tarafiga kumush bilan sayqal berilgan, kosa uchun asos bo‘lgan nefrit toshi Sharqiy Turkistonning Xo‘tan shahri yaqinidagi Kun lun tog‘idan keltirilgan bo‘lishi mumkin.
Mirzo Ulug‘bek boshqa ma’danlarga qaraganda nefrit toshini ko‘proq yoqtirgan. Chunki, Ulug‘bek tomonidan Sohibqiron qabri ustiga o‘rnatilgan tosh ham nefritdan yasalgan edi. Mazkur kosa sangtaroshlik san’atini o‘rta asrlarda Samarqandda taraqqiy etganini ko‘rsatadi.
Kosa keyinchalik Turkiyaga, Usmoniylar saltanatiga borib qolgan. Kosa qanday qilib Istanbulga yetib kelgani ham ancha bahsli masala. Ayrim taxminlarga ko‘ra, bu qimmatbaho idish Ulug‘bekning shogirdi Ali Qushchi tomonidan olib kelingan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Chunki, Ali Qushchi Mirzo Ulug‘bek uchun aziz farzand maqomida bo‘lgan. Ulug‘bekning o‘limidan so‘ng u Istanbulga kelib, buyuk ustozning ilmiy ishlarini davom ettirgan va umrining oxirigacha shu yerda yashagan. Uning qabri ham shu shaharda. Ehtimol, Ali Qushchi ustozidan yodgor sifatida u doim suv ichishda foydalangan kosani o‘zi bilan olib ketgan bo‘lsa kerak.
Kosaning balandligi 7,3 sm, uzunligi 19,5 sm, eni 12,4 sm.ga teng. Mazkur topilma haqida ilk bor matbuotda ingliz olim va mutaxassislari Ral f Pinder-Uilson va Uil yam Uotsonlar ma’lumot berishgan.
Mazkur nodir durdona ayni paytga qadar dunyoning bir qator yirik ko‘rgazmalari paytida turli mamlakatlarda tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan. Jumladan 2016-2017 yillarda mazkur kosa Xitoy, Kanada. Avstraliya, AQSh singari mamlakatlarning yirik shaharlarida o‘tkazilgan turli ko‘rgazmalarda taqdim etilgan.
Rustam Jabborov
https://shosh.uz/uz/mirzo-ulugbekning-nefrit-piyolasi/