Post Views:
61
Karimbek va Komilbek Norbekovlar hisob-kitob, iqtisod ilmini ancha yaxshi bilgan, isrofgarchilikdan juda ehtiyot bo‘ladigan, ortiqcha hashamatni, man-manlikni yomon ko‘radigan, nihoyatda tartibli odamlar bo‘lishgan, to‘y va ma’rakalarni ham ancha mo‘’jaz qilib o‘tkazishgan, xalqning gap-so‘zlaridan qattiq andisha qilishgan. Bu haqda Toshkent shahrining qassoblar sulolasiga mansub, ota-bobolari ham qassob bo‘lib o‘tgan, bizning qo‘shnimiz, iymon-e’tiqodli mashhur G‘ofir qassob Abdunabi qassob o‘g‘li (mening yaqin mahalladosh do‘stim, universitetda 1983 – 1988 yillarda xo‘jalik va iqtisodiyot ishlari bo‘yicha prorektor bo‘lib ishlagan Abduhamid G‘ofurovich Nabiyevning otasi – U.D.) shunday gaplarni aytgan edi: “1910-yillarda Qo‘shtut guzarida go‘sht do‘konim bo‘lib, Karimbek va Komilbek akalarning oilasi go‘shtni hammavaqt mendan olishar edi. U vaqtlarda ayollar pul bilan muomala qilishmas edi. O‘zlari esa tez-tez uzoq davom etadigan safarlarga ketishar, oilasiga necha qadog‘i yozilgan va ularning muhri bosilgan 10 – 15 ta kichkina-kichkina kartochka karton qog‘oz tashlab ketar ekanlar. Mana shu kartochkalarga men go‘sht berar edim va ularni yig‘ib qo‘yib, Komilbek va Karimbek akalar kelgandan keyin hisob-kitob qilishar edi. Bunday tartibni boshqa hech kimda ko‘rgan emasman. Ularning uyidagi qo‘y-mollarni ham o‘zim so‘yar edim. Ot so‘ydiradigan bo‘lsalar, qazilarigacha o‘zim tayyorlar edim. Shaharning katta boylaridan bo‘lishlariga qaramay, ortiqcha harajatlar, isrofgarchilik, man-manlikdan uzoq odamlar edi.”
Darhaqiqat, tijorat ishi boshqa kasb-korlarga nisbatan alohida diniy, axloqiy va iqtisodiy poklikni talab qiladi. Uzoq o‘tmishda o‘zbek tujjorlari hozirgi savdo-sotiq ahli kabi maxsus savdo va iqtisodiyot oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olmagan bo‘lsalar-da, ular faoliyatida insoniylik, islomiy qonun- qoidalar birinchi o‘rinda turgan, Qur’oni karim va Hadisi sharif da’vatlariga aslo hilof harakat qilmaganlar, foyda olish faqat shariat qonunlari asosida bo‘lgan, undan ortig‘i harom hisoblangan. 1911 yilda Komilbek va Karimbek Norbekovlar o‘zlari rahbarlik qilayotgan “Maktab kutubxonasi” matbaasida savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchilarga qo‘llanma sifatida Mahkamboy ismli muallifning tijorat qonun-qoidalariga bag‘ishlangan “Muomalot” asarini bosmadan chiqardilar. Unda savdo ishlari bilan bog‘liq hamma masalalar fiqh ilmi, shariat qonunlari asosida hal qilib berilgan. Agar ortiqcha daromad hosil bo‘lib qolsa, (tijorat ishida bunday hollar tez-tez bo‘lib turgan) shariat qonuni asosida beva-bechoralarga zakot sifatida tarqatilgan.
Komilbek va Karimbeklar har bir ishda, hatto shaxsiy hayotda ham tartib va intizomga, pokizalikka: yurish-turish, kiyinish, muomala madaniyatiga alohida ahamiyat berganlar. Komilbek har qanday yog‘ingarchilik, loygarchilik bo‘lganda ham loy uning tuflisi yoki maxsi-kavshi ziyidan yuqoriga ko‘tarilmas ekan. Qarindosh-urug‘lari, do‘stlari: “Komilbek osmondan tushdimi, shunday loygarchilik bo‘lsa ham loy tuflisiga yuqmabdi”, – deyishar ekan.
Turkiston jadidlari zamonaviy kiyinishlari, yurish-turishlari, muomala madaniyati, umuman, tashqi qiyofalari bilan ham xalq orasida ajralib turganlar. Ular birinchilardan bo‘lib, milliy kiyimlar bilan ovro‘po kiyimlarini mutanosiblashtirishga, musulmonlar uchun muvofiqlashtirishga harakat qilganlar. Buyuk yozuvchi CHo‘lpon “Kecha va kunduz” romanida jadid timsolini yaratar ekan, do‘stlari, hammaslaklari Komilbek va Karimbeklarning o‘ta saranjom-sarishta tashqi qiyofasidan ham o‘rinli foydalangan. Mana, yozuvchi tomonidan yaratilgan jadid Sharafiddin Xo‘jayevning tashqi qiyofasi: “Vagonimizda yangi nusxa Toshkent to‘ppisi kiygan, sochini bir enlikkina o‘stirgan, po‘rim kiyimli bir odam paydo bo‘ldi. Kaltagina, chiroylikkina mo‘ylovi bor… Oq yuzli, o‘zi ham chiroylik, juda olifta qadam qo‘yadi. Toshkent odamiga o‘xshaydi. Maskovchi savdogarmikin? Har qalay, o‘ris tiliga omil bo‘lsa kerak, qo‘lida o‘ris gazetlari ko‘raman. Tanishib oldik. Toshkentlik savdogar. Finlandiyaga borayotir emish”.
Chor Rusiyasining Birinchi jahon urushi girdobiga tortilishi, mustamlaka xalqlar hayotining keskin og‘irlashuvi, xalq ozodlik harakatlari, 1917 yilgi inqilobiy ko‘tarilishlar davrida jadidchilik harakati, o‘zlikni anglash keskin tus oldi. Mana shunday sharoitda Mo‘minboy otaning zamon bilan hamnafasroq bo‘lgan beshinchi o‘g‘li Mavlon tog‘a (Dolimbek otamning o‘rtancha tog‘asi) aka-ukalariga bundan buyon Nikolayning qog‘oz pullarini yig‘maslik, iloji boricha, qog‘oz pul bilan barobar qimmatga ega bo‘lgan va erkin ishlatiluvchi oltin tangalarga almashtirish zarurligini qayta-qayta ta’kidlaydi. Chunki o‘zbek boylari esa oltin tangalarni zildek qilib, cho‘ntakda shaldiratib ko‘tarib yurishdan ko‘ra qog‘oz pullarni olib yurishni afzal ko‘rar edilar. Mo‘minboyning to‘ng‘ich o‘g‘li, Dolimbekning eng katta tog‘asi Abdurasulboy esa “Nikolay podshoh pulida 7 ta ulug‘ davlatning dahli bor, bu pul hech qachon sinmaydi” der ekan. Uzoq vaqt o‘tmay, 1917 yil Fevral inqilobi uch yuz yillik Romanovlar taxtini barbod qildi, qisqa vaqt ichida oktyabr to‘ntarishi natijasida hukumat bolsheviklar qo‘liga o‘tdi, kursi ancha baland, oltin qiymatida bo‘lgan Nikolay Romanovning qog‘oz pullari sindi, oddiy qog‘ozga aylandi. Shunda Mavlon tog‘a akalari Rasulboyga:
– Aka, qancha qog‘oz pulingiz bor edi? – deb so‘raganda, – Ikki katta yastiq bor edi, uka – deb javob bergan ekan.
Rasul tog‘a oktyabr to‘ntarishidan keyin sho‘ro hukumati o‘zgaradi va Nikolayning qog‘oz pullari ham o‘z kuchiga qaytadi, deb ikki yastiq pulni bir necha yil saqlib yurgan ekan. Dolimbek otamning aytishlariga qaraganda, Rasul tog‘a hamma boyligidan butkul ayrilib, telba bo‘lib qolgan va uzoq yashay olmay vafot etgan ekan.
Darhaqiqat, 1917 yil jadid mutafakkirlari, shu jumladan, Komilbek va Karimbek Norbekovlar uchun ham quvonch va iztiroblarga to‘la yil bo‘ldi. Fevral inqilobining Romanovlar taxtini barbod qilishi jadidlarda millat va Vatanning mustamlaka zulmidan ozod bo‘lishiga ishonchini kuchaytirdi. Lekin bu ishonch uzoqqa bormadi: hokimiyat faqat to‘nini o‘zgartirgan mustamlakachilar qo‘lida qolaverdi. Muvaqqat hukumat Turkiston general-gubernatorini Turkiston qomitasi bilan almashtirdi, xolos. Bu hukumatning faoliyati ham tezda barbod bo‘ldi.
Davomi bor…
Ulug‘bek Dolimov
«Ahli irfon»
Toshkent, «Akademnashr», 2015
Ushbu kitobni taqdim etgan Elbek Dolimovga minnatdorchilik bildiramiz
https://shosh.uz/uz/sulola-dolimovlar-shajarasi-jadid-qiyofasi-2/