Post Views:
27 520
Ko‘pincha, xulqning yaxshiligi xalq bilan birga zikr qilinadi. “Falonchining xulqi ham, xalqi ham go‘zal”, deyiladi. Bu uning ichi ham, sirti ham yaxshi, deganidir. Xulqdan murod ichki surat, xalqdan murod tashqi suratdir. Zotan inson jasad va nafsdan iboratdir. Jasad tan ko‘zi ila, nafs qalb ko‘zi ila idrok qilinadi. Ularning har birining o‘ziga yarasha shakl shamoili, chiroyli va xunuk surati bor. Qalb ko‘zi ila idrok qilinadigan nafs tan ko‘zi bilan idrok qilinadigan jasaddan ulug‘dir. Shuning uchun ham amallar yaxshi bo‘lsa, “yaxshi xulq” deb, yomon bo‘lsa, “yomon xulq” deb ataladi.
Badan yeb ichish va tarbiya bilan mukammal bo‘lgani kabi, nafs ham to‘ldirilishga muxtoj holda yaratilgan. Agar badan sog‘lom bo‘lsa, tabibning vazifasi kishining sog‘lig‘ini saqlash bo‘ladi. Agar u bemor bo‘lsa, sog‘ligini tiklashga harakat qilishi kerak bo‘ladi.
Badanning xastaligiga sabab bo‘lgan illatni uning ziddi bilan davolanadi. Issiqlik sababidan xasta bo‘lgan bo‘lsa, unga sovuqlik beriladi. Teskarisi bo‘lsa aksincha davolanadi.
Shuningdek, axloqning buzuq bo‘lishiga sabab bo‘lgan qalb hastaliklari ham o‘zining ziddi ila davolanadi. Misol uchun, johillik dardi ilm bilan davolanadi. Baxillik dardi saxiylik bilan, kibr esa tavozu’lik bilan davolanadi.
Payg‘ambarimiz s.a.v. ham xulq borasida o‘rnak bo‘lganlar. Alloh taolo o‘zining kalomi Qur’oni karimda marhamat qilgan: “Siz buyuk xulq uzradirsiz” deb.
Payg‘ambarimiz s.a.v.ning payg‘ambar bo‘lib kelishlaridan ko‘zlangan asl maqsad ham kamoli xulqni tiklash edi.
U zot s.a.v. bu haqida shunday deganlar: “Men go‘zal xulqlarni kamolga yetkazish uchun yuborildim”, deganlar.
Hozirgi kunda g‘arb madaniyati ta’sirida “odob”ni madaniyat deyish ham joriy bo‘lgan. Misol uchun, “ovqatlanish odobi” deyish o‘rniga “ovqatlanish madaniyati” deyiladi.
Odob masalasi Islomda o‘ta muhim o‘rin tutadi. Chunki Alloh taologa qurbat hosil qilishda odobning o‘rni juda muhim. Beodoblik barcha narsani, amalni ham, qalbni ham, tilni ham buzadi. Odobsiz odam biror narsaga erishishi, jamiyatda yaxshi o‘rin topishi mumkin emas. Shuning uchun mashoyihlarimiz: “Kim nimaga erishsa, faqat odob bilan erishadi. Kim nima bilan qulasa, faqat beodoblik bilan qulaydi”, deganlar.
Odobning bir qancha o‘ziga xos xususiyatlari bor.
Birinchidan, odob bilan odobning farqi borligini aytib o‘tish lozim. Kishining biror odobni o‘ziga sifat qilib olishi yaxshi ish sanaladi. Ammo o‘sha sifat doimiy yoki vaqtincha bo‘lishi ham mumkin. Agar sifat sobit bo‘lib turib qolsa, “maqom” deb ataladi. Agar vaqtinchalik va tez zavolga uchraydigan bo‘lsa, bunday sifat “hol” deyiladi.
Islom dini har bir kishining chiroyli odoblari uning “maqom”ga aylanishi haqida qayg‘uradi. Chunki sifat vaqtinchalik hol bo‘lgani uchun, ko‘zlangan maqsadga to‘la erishib bo‘lmaydi. Bunga misol, ba’zi kishilar odamlar bilan yuzma yuz turganda odobni joyiga qo‘yishadi, lekin orqavarotda turib yoki internetga kirganda boshqa ism ortiga yashirinib olib, ko‘ngliga yoqqan beodoblikni qilaveradi. Demak, uning odobi doimiy sifatga aylanmagan. U odobga amal qiladigan bo‘lsa, xo‘jako‘rsinga qiladi, odamlarga odobli bo‘lib ko‘rinishga urinadi.
Ikkinchidan, islomiy odoblar hayotning barcha jabhalari bilan chambarchas bog‘liqdir, biror jabhasi to‘la to‘kis islomiy odobdan xoli emas.
Uchinchidan, Islomda odob insonning ziynati darajasiga ko‘tarilgan. Shuning uchun ham ota-onalarga, ishboshilarga farzandlari va qo‘lostidagilariga odobdan ta’lim berish vazifa qilib yuklatilgan.
To‘rtinchidan, Islomda odob masalasi iymon e’tiqodga, aqiydaga bog‘langan.
Beshinchidan, Islomda odob masalasi ibodat darajasiga ko‘tarilgan. Shar’iy odobga amal qilgan kishilarga ajr savob va’da qilingan va ibodatlarni ado etishda ham odoblar joriy etilgan.
Barcha zamonlarda, hamma o‘lkalarda yaxshi xulqli, oliyjanob, shirinso‘z, halim insonlar jamiyatning ko‘rki, odamlarning a’losi bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.
Husni xulq (yaxshi, chiroyli xulqqa) qanday qilib erishiladi? Bu haqda odob kitoblarimizda juda ko‘p tavsiya va maslahatlar kelgan:
Abu Dardo r.a.dan rivoyat qilinadi: Nabiy s.a.v: “Tarozida husni xulqdan ko‘ra og‘irroq narsa yo‘qdir” dedilar.
Umar ibn Xattob r.a. “Insonlarga chiroyli xulqlar bilan aralashinglar. Ulardan yaxshi amallar bilan ajralib turinglar”, deb aytganlar.
Yaxshi xulqning bir nechta alomatlari mavjud:
Anas ibn Molik r.a.dan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar s.a.v.: “Sizlardan birortangiz to o‘zi yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham ravo ko‘rmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi”, dedilar”.
Abu Shurayh al Xuzo’iydan rivoyat qilinadi: “Nabiy s.a.v: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisiga yaxshilik qilsin. Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, mehmonini ikrom qilsin. Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gapi bo‘lsa aytsin yoki jim tursin”, dedilar”.
Omir ibn Sa’d ibn Abu Vaqqqosdan, u esa otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy s.a.v. dedilar: “Albatta, Alloh yoqimlidir, yoqimlilikni sevadi, karamlidir, karamlilikni sevadi, o‘ta sahiydir, o‘ta sahiylikni sevadi”.
Odamlarning bir birlari bilan bo‘ladigan ijtimoiy aloqalarida ushbu hadisi sharifda zikr qilingan, Alloh taoloning O‘zida bo‘lgan va buning bandalarida ham bo‘lishini sevadigan sifatlar insoniyat uchun juda ham ahamiyatlidir. Ushbu sifatlarni o‘zida mujassam qilgan kishilar insonlar jamiyatidagi eng yaxshilar bo‘lishadi. Buning yuzaga chiqishi uchun esa Islom joriy qilgan ijtimoiy odoblar yo‘lga qo‘yilishi lozim.
Sahl ibn Hanzaliyyadan rivoyat qilinadi: “Bizga Rasululloh s.a.v: “Albatta, sizlar birodarlaringiz huzuriga borursizlar. Bas, libosingizni tuzating, egar yuklaringizni tuzating, odamlar ichida xuddi xoldek bo‘ling“, dedilar”.
Ma’lumki, kishining yuzidagi xoli uning eng ko‘zga ko‘ringan va chiroyli narsasi bo‘ladi. Barcha xalqlarda xol go‘zallik ramzi bo‘lib kelgan.
Rosululloh s.a.v. marhamat qildilar: “Nafsim Uning qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, toinki mo‘min bo‘lmaguningizgacha jannatga kira olmaysizlar. O‘zaro bir biringizni yaxshi ko‘rmaguningizgacha mo‘min bo‘la olmaysizlar. Sizlarni bir ishga dalolat qilmayinmi, agar u ishni qilsangiz bir biringizga muhabbat qo‘yib qolasiz. O‘rtangizda salomni keng yoying”, dedilar.
Salomning ulamolarimiz ta’rifida: “Assalomu alaykum” degani, sizga diningizda, hayotingizda tinchlik, omonlik, xotirjamlik bo‘lsin. Sizga nuqson, jangu jadal, yomonliklardan xalos bo‘lishingizni tilayman”, degani.
Dinimizning shiori qanday ham ulug‘. Bu musulmonlikni alomati, belgisidir. Rivoyat qilinishicha kunlarni birida Umar r.a. Rosululloh s.a.v. ning oldilariga Hazrati Ali r.a.dan shikoyat qilib kelib aytdilar: “Ey Allohning Rosuli s.a.v. qachon Aliga ro‘baro‘ kelganimda xecham birinchi bo‘lib salom bermay, mening unga salom berishimni kutib keyin alik oladi”, dedilar. Shunda Rosululloh s.a.v. hazrati Alini huzurlariga chaqirtirib buning sababini, ya’ni nega birinchi bo‘lib salom bermasliklarini so‘radilar. Shunda hazrati Ali r.a: “Ey Allohning Rosuli, o‘zingizdan eshitganman, “kim birinchi bo‘lib salom bersa, unga jannatda Alloh taolo bir bayt, uy bino qiladi, degansiz, men o‘sha qasr uyni Hazrati Umarga bo‘lishini xohlayman” degan ekanlar.
Ilhomjon Madaliyev,
“Mo‘yi Muborak Ukkosha” jome’ masjidi imom xatibi
https://shosh.uz/uz/ilm-insonning-go-zal-xulqi-fazilati/