Ilm. Duoning hikmati


Post Views:
638

Ma’lumki duo inson ehtiyojidan kelib chiqqan tilak ifodasi bo‘lib, u Xoliq bilan banda o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini o‘taydi.

Inson odatda o‘zining ehtiyojlarini so‘rab Allohga duo qiladi. Masalan, ota-onaning farzandi haqida qilgan duosi, mazlumning zulm ko‘rgan vaqtida qilgan duosi hamda musofirning duosi bilan Alloh o‘rtasida to‘siq yo‘qdir.

Farzand kelajakda kamol topish yo‘lida ota-onaning duosi muhim rol o‘ynaydi. Lekin u duo farzandning yomonligini tilab qilingan bo‘lsachi? Bu esa achinarli, ammo bu haqiqatni ko‘pchilik kech anglab yetadi. Jamiyatimizda ota onasining duolarini olib yurganlar yoki aksincha ularning yomon duolari oqibatida har xil qiyinchiliklarni o‘tkazayotgan kishilarga misollar to‘lib yotibdi. Duoning erta kechi yo‘q. Muqaddas dinimizda ota ona o‘z farzandining kamolotini hali u dunyoga kelmasidan so‘rashligini ta’limini beradi. Lekin duo borasida farzandlar o‘z ota-onalari haqiga qiladigani ham mavjud. Buning mashhurlaridan Alloh Qur’oni karimning “Al-Isro” surasining 24-oyatidagi ushbu duo:

  1. Ular uchun, mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut va (duoda): “Ey Robbim! Meni (ular) go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, sen ham ularga rahm qilgin”, deb ayt!

Duo qilish borasida kishining duosidan  ko‘ra  o‘zgalar uning haqiga qilgan duosi muhimroqdir.

Payg‘ambarimiz s.a.v. muborak hadislarida bir sahobalariga qarata: “Odamlardan sen haqingda duoi xayr qilishlarini ko‘paytir, chunki banda o‘zi uchun kimning tilida duosi ijobat bo‘lishini bilmaydi”, deb marhamat qilganlar.

Hazrati Umar r.a. ham yosh bolalarni duo qilishlarini so‘rarkanlar. “Nega yosh bolalardan duo so‘raysiz”? deyishsa, u zot r.a.: “Chunki bular hali gunoh qilmaganda” der ekanlar.

Hatto Payg‘ambarimiz s.a.v. duolarida: “Ey Allohim! Meni go‘daklarni saqlaganing kabi saqla!”, deb iltijo qilardilar.

Hoji Hindistoniy domla aytgan ekanlar: “Meni uzoq umr ko‘rishimga otam duo qilganlar, lekin ilmimni barakali bo‘lishiga bir qizcha sabab bo‘lgan. Shohimardonda yurganimda bir qizcha ariq bo‘yida suvga qarab yig‘lab o‘tiribdi. Men undan sababini so‘rasam u: “non sotib topgan tangamni o‘ynab suvga tushirib yubordim, endi oyim meni uyga kiritmaydilar, shunga uni ololmay yig‘layapman” dedi. Qarasam suv sovuq, lekin shunga qaramay qizchaga rahmim kelib kiyimlarimni yechib suvga bir ikki marta tushib amallab tangasini olib berdim. Qizcha hursand bo‘lib sevinch yoshini to‘kdi va:

“Bu qilgan yaxshiligingizni nima bilan qaytarsam?” dedi u.

Men unga: “Meni duo qilsang bo‘lgani, shuni o‘zi kifoya” dedim.

U: “Ammo men duo qilishni bilmaymanku?” dedi.

Men: “Men aytib turaman sen ortimdan qaytarasan” dedim.

U: “Xo‘p” dedi.

Men: “Ey Allohim bu bandangga foydali ilm bergin” dedim, u esa ortimdan so‘zlarimni qaytarib jajji qo‘llarini ochib yig‘lagancha duo qildi.

Shundan so‘ng men ilmimni ziyodalashib borayotganini his qildim va bildimki qizchani men haqimga qilgan duosi ijobat bo‘ldi.

Ilhomjon Madaliyev,
“Mo‘yi Muborak Ukkosha” jome’ masjidi imom xatibi

https://shosh.uz/uz/ilm-duoning-hikmati-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x