Post Views:
265
Har bir narsaga erishishda ozmi-ko‘pmi mehnat talab qilinadi. Inson Xudoga tavakkul va duo qilib, rizq talabida harakat qilsa, albatta, noumid qaytmaydi, mehnatlari besamar ketmaydi, inshaalloh. Bibi Maryam bilan bo‘lgan voqea haqida fikr yuritsak, bu haqiqat ko‘z o‘ngimizda yanada ravshanroq namoyon bo‘ladi.
Maryam onamiz Isoni (alayhis salom) dunyoga keltirar ekanlar, bir tomondan qavmdoshlarining ig‘vo va g‘iybat qilishlaridan qo‘rqib, boshlari oqqan tomonga yursalar, yana bir tomondan to‘lg‘oq azoblaridan qiynalib, o‘ta ayanchli bir ahvolga tushgan edilar. Shu tariqa yurib-yurib, qurigan yoki mevasiz bir xurmo daraxtining tagiga kelib qoladilar. Undan uyog‘iga yurolmaydilar. Shunda Alloh taolo Jabroil (alayhissalom) orqali Maryamga bunday amr qiladi:
وَهُزِّي إِلَيْكِ بِجِذْعِ النَّخْلَةِ تُسَاقِطْ عَلَيْكِ رُطَبًا جَنِيًّا
«Mana shu xurmo daraxti tanasini silkitgin, u senga yangi xurmo donalarini tashlar!» (Maryam, 25).
Mufassirlar so‘ziga ko‘ra Maryam onamiz shu tobda endigina ko‘zlari yorib, Isoni (alayhissalom) dunyoga keltirgan va o‘ta zaif va bemajol holda mazkur daraxt tanasiga suyanib o‘tirgan edilar. Alloh taolo u kishiga karomat tarzida haligi mevasiz xurmo shohlarida sarxil pishgan mevalarni paydo qiladi, shundoq yonlarida esa zilol suvli ariqchani jildiratib oqizib qo‘yadi.
«Mana shu xurmo daraxti tanasini silkitgin, u senga yangi xurmo donalarini tashlar!» deb buyuradi. Odatda daraxt tanasini qimirlatib, meva tushirish uchun katta kuch talab qilinadi. Shu bois, odamlar daraxtni pastidan emas, tepa tarafidan, biror so‘yil yordamida yoki shox tepasiga chiqib silkitishadi. Lekin Maryam onamizga nifos vaqtidagi darmonsizlik holatida toki oldiga meva tushib, ulardan yeyishlari uchun daraxtni silkitish talab qilindi. Holbuki, mevasiz daraxtda bir zumda shig‘il mevalarni paydo qilib, daraxt ostidan bir onda buloq chiqarib bergan Zot o‘sha mevalarni Maryam onamizning shundoq kaftlarida paydo qilishga ham qodir edi. Biroq unday qilmasdan daraxtni silkitishga buyuradi. Bunda nima hikmat bor? Bunda biror natijaga erishish uchun sabablarni ishga solish, qandaydir mehnat qilish lozimligiga ishora bor. Inson hech bo‘lmasa, nimanidir «silkitishi» kerak, qandaydir harakat qilishi kerak, ana shunda harakatiga barakot beriladi, inshaalloh. Lekin «olma pish, og‘zimga tush» qabilida yotaversa, tayyor narsadan ham quruq qolishi mumkin. Mazkur qur’oniy qissada juda katta ibrat va saboq yashiringan. Harakat bir sabab, beruvchi esa Alloh taolodir. Bu Allohning foniy dunyodagi qonuni. Lekin inson hech qanday sababni ishga solmay, hatto duo ham qilmay, harakatsiz o‘tiraversa, nima uchun Alloh aynan o‘sha dangasa va erkatoy bandasi uchun tabiiy qonunlarni buzib, mo‘’jiza ko‘rsatishi kerak? Alloh bunga majbur emas. Axir Maryam onamizga ham karomat tarzida berilgan mevalar shunchaki berilmadi, evaziga daraxtni silkitish, ta’bir joiz bo‘lsa, bir oz mehnat qilish talab qilindi.
Rahmatulloh SAYFUDDINOV
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi
https://shosh.uz/uz/tarbiya-harakatda-barakat-2/