Post Views:
1 321
«TURKISTON VILOYATINING GAZETI» – Turkistonda 1870 yilda rus istilochilari tomonidan nashr etilgan mahalliy tildagi ilk bosma gazeta. Turkiston general-gubernatorligining nashri. «Turkestanskiye vedomosti» gazetasining o‘zbekcha varianti. Dastlab shu gazetaga ilova tariqasida chiqarilgan. 1883 yildan mustaqil gazeta «Turkiston viloyati gazeti» birmuncha vaqt (1872 yil iyulidan 1873 yilning fevraliga qadar) Peterburgda nashr etilgan. 1885 yildan gazetaning bir tomoni «Turkestanskaya tuzemnaya gazeta» nomida rus tilida chiqqan. Faoliyati 1917 yilda to‘xtatilgan. «Turkiston viloyati gazeti»ga 1871–1883 yillarda general-gubernator tarjimoni Shohimardon Ibrohimov, 1883 yil boshlarida Muhammadhasan Chanishev, 1883 yil o‘rtalaridan 1917 yilga qadar N.P.Ostroumov muharrirlik qilgan. Sahifalarida chor Rossiyasining Turkistondagi mustamlakachilik siyosati targ‘ib qilingan, mahalliy aholini «oq podsho» va uning Turkistondagi amaldorlari amr-farmonlarini so‘zsiz bajarishga undalgan. Gazetada rasmiy materiallardan tashqari, paxtachilik, ipakchilik haqida, fan, texnika, adabiyot va san’atga doir materiallar ham e’lon qilingan. Gazetada Sattorxon Abdug‘afforovning siyosiy publitsistik maqolalari, Furqat va Muqimiyning ma’rifatga undovchi she’rlari va hajviy asarlari bosilgan. Shuningdek, rus yozuvchilari I.A.Krilov, A.S. Pushkin, N.V.Gogol, I.S. Turgenev, L. N.Tolstoy asarlaridan ilk tarjimalar bosilgan.
«Turkiston viloyati gazeti» 500–700 nusxada nashr etilgan. «Turkiston viloyati gazeti» nusxalari Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida saqlanadi. Gazetadagi materiallar 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida Turkiston xalqlari hayoti, madaniyatini o‘rganishda muhim manba sanaladi.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/yaqin-o-tmish-turkiston-viloyati-gazeti/