Ko‘kraklar o‘z shaklini yo‘qotsa, nima qilish kerak?

—Avvalgi holiga kelarmikin? Yoki bo‘ldimi, endi shunday qolaveradimi? – deydi dugonam bolasini emiza turib. Ko‘krak go‘zalligi – nozik, hamda ko‘pchilik ayollarni qiziqtirgan mavzu. Bola emizgandan so‘ng ko‘krak o‘z shaklini o‘zgartiradi. Ammo, emizish davrida ayol ko‘kragini to‘g‘ri parvarishlasa, ularning osilishi ko‘pam sezilmasligi mumkin.

Homiladorlik va emizish davrida

To‘g‘ri siynaband tanlang: u keng tasmali va aynan o‘zingizga mos o‘lchovli bo‘lishi kerak. Homiladorlikning so‘nggi 3 oyligida va emizganda doimo siynaband taqish lozim. Uyquga yotganda kengroq siynaband taqib oling.

Sutni sog‘ish ham ko‘krak shakliga ta’sir qiladi, uning mushaklari cho‘zilib ketadi. Iloji bo‘lsa, maxsus sut sog‘uvchi asbobdan foydalaning.

Foydali maqola: Homilador ayollar uchun siynaband tanlash qoidalari

Ko‘kragingizni sut yig‘ilib, qotib qolishidan asrang va gigiyena qoidalariga amal qiling.

Ikki ko‘krakda ham bir xil miqdorda sut bo‘lyaptimi, yo‘qmi, shunga e’tibor bering. Buning uchun bolani emizganda galma-gal, o‘ng, so‘ngra chap ko‘krakni tutish lozim.

Tungi paytda bola nisbatan kam emadi, shuning uchun yotishdan avval ko‘kragingizni bo‘shatib oling, shunda ko‘krakning har ikkisi bir xil hajmda bo‘ladi, ya’ni ulardan birining mushaklari “cho‘zilib” ketmaydi.

Hammasi ortda qolganda…

Bola emishdan chiqqandan so‘ng ham 3-4 oy mobaynida ko‘krakdan biroz ajralma kelishi mumkin. Ammo ba’zi hollarda bu bir yilgacha davom etishi mumkin, bu holat organizmda gormonal va endokrin buzilishlar hosil bo‘lganidan darak beradi. Ajralmalarning rangiga e’tibor bering: och jigarrang yoki biroz yashil rangli ajralmalar mastopatiya xavfi borligiga dalolat beradi. Oq yoki qaymoq rang ajralmalar esa tabiiy hisoblanadi, ammo shunga qaramay, ajralmalar bir yildan ortiq ham to‘xtamasa, mammolog shifokorga murojaat qiling.

Bola emishdan to‘xtashi bilan ko‘krakning hajmi kichiklashib, osilib qoladi. Maxsus mashqlar va kontrast dush yordamida uning shaklini yaxshilash mumkin. Massaj, suzish ham ko‘krak mushaklarini mustahkamlaydi.

Tirtiqlar

Homiladorlik emizish davrida ko‘krakda tirtiq izlari paydo bo‘ladi. Teri qancha oq bo‘lsa, ular shuncha ko‘zga tashlanadi. Tug‘ruqdan so‘ngra terini qancha erta parvarishlay boshlasangiz, shuncha yaxshi. 1 gr mumiyoni 1 choy qoshiq biroz sovutilgan qaynagan suvda eriting va 80-100 gr bolalar kremiga aralashtiring va muzlatgichda saqlang. Kuniga bir bora teriga yengil uqalash bilan surting. Emizish davrida bu muolaja tavsiya qilinmaydi!

Ko‘krak mushaklarini mustahkamlovchi mashqlar

Ko‘krak mushaklarini mustahkamlovchi mashqlarni homiladorlikdan avval qilish anchayin samarali. Ammo aytishganiday, hechdan ko‘ra kech. Mashqlarni har kuni davomiy tarzda bajarsangiz, 5 haftadan so‘ngra uning natijasi yaqqol ko‘rinadi.

I mashq

1 mashq: devorga qo‘llaringizni tirab turing, tirsaklaringizni buking, ko‘kragingiz devorga tekkach, avvalgi holatingizga qayting. Mashq davomida tanangiz tikka bo‘lishi kerak, belingizni bukmang. Mashqni 8-10 marotaba takrorlang.

devor mashqi

II mashq

2 mashq: Bu mashq uchun sizga koptok kerak bo‘ladi. Tik va to‘g‘ri turing, oyoqlar yelka kengligida joylashgan. Ikki qo‘lingiz bilan koptokni ko‘krak balandligida tuting, so‘ngra uni sherigingiz (yoki devorga) oting. Qo‘llar tirsakda bukilib keriladi, ammo ko‘krakdan yuqoriga ko‘tarilmaydi. Mashqni 10-15 marotaba takrorlang.

koptok bilan mashq

III mashq

3 mashq: Qorningiz, ko‘kragingiz bilan polga yoting,qo‘llarni yelka kengligida polga tirab, “otjimaniye” deb ataluvchi mashqni takrorlang. Pastga egilganingizda 5-10 soniyada shu holatda qotib turing. Belingizni tekis tuting. Mashqni 8-10 marta takrorlang. Mashqlarni bajarganingizda ko‘krak va qo‘lning yuqori qismi, yelkalar qiziyotganini his qilasiz. Mashqlarni bajarish davomida bir tekis nafas olishni nazorat qiling.

Yodingizda bo‘lsin: hech narsaga mehnatsiz erishib bo‘lmaydi.

Ko‘kragingiz tarang va chiroyli bo‘lishini istasangiz, mashqlarni bajaring va doimiy ravishda ko‘kragingizni parvarish qiling va yelkalaringizni ko‘tarib, tik yurishni odat qiling.

Manba: “Sug‘diyona” gazetasi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x