Post Views:
4 162
Bronza davrining oxirlarida O‘rta Osiyoning o‘troq aholisi sug‘orma dehqonchilik madaniyatini va hunarmandchilik sirlarini yaxshigina egallagan edilar. Bu davrda asosan shimoliy xududlardan O‘rta Osiyoga kirib kelgan ko‘chmanchi chorvador qabilalar cho‘l va dasht zonalariga joylasha boshladilar. Vaqtlar o‘tishi bilan tubjoy aholining o‘troq hayoti va dehqonchilikka asoslangan xo‘jaligi chorvadorlarning turmush tarziga ham o‘z ta’sirini ko‘rsata boshladi. Chorvador jamoalar ham o‘zlariga dastlab vaqtinchalik bo‘lsada qarorgohlar va makonlar qurganlar. Ular asosan Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshonning quyi havzalarida, tog‘ yon bag‘irlaridagi soy bo‘ylarida istiqomat qilganlar. Chorvador qabilalar madaniy va xo‘jalik taraqqiyoti jihatidan janubning o‘troq jamoalaridan ancha orqada edilar.
Moddiy manfaatdorlik va mahalliy aholi tomonidan biror-bir jiddiy qarshilikka uchramaslik, chorvador qabilalarning dehqonchilik zonalariga kirib kelishlarini tezlashtirgan. Jumladan, mil. av. II ming yillik o‘rtalarida Qozog‘iston cho‘llarida yashagan chorvadorlar (ular fanda «Andronovo madaniyati» aholisi deyiladi) avval O‘rta Osiyoning shimoliy rayonlariga, so‘ng esa uning janubiy chegaralarigacha kirib borganlar.
Tadqiqotlar qadimgi Xorazmning Tozabog‘yob madaniyatini yaratgan chorvador qabilalar qisman qadimgi suv havzalarining pastqam va zaxkash qismlarida ibtidoiy dehqonchilik bilan ham shug‘ullanganliklarini ko‘rsatadi. Tozabog‘yob madaniyatiga xos bo‘lgan yarim yerto‘la turar joylar, qo‘lda yasalgan va turli geometrik naqshlar bilan bezatilgan sopol idishlar Qozog‘iston va Sibirning cho‘l zonalaridagi sopol buyumlarga o‘xshaydi. Shularga asoslanib, S.P.Tolstov tozabog‘yobliklarni Andronova qabilalarining avlodlari deb hisoblagan. Arxeologik manbalarda bu davrlarga oid yodgorliklardan ikki zona aholisi o‘rtasida keskin to‘qnashuvlar sodir bo‘lganligiga guvohlik beruvchi ma’lumotlar uchramagan[1].
Tozabog‘yob madaniyatiga xos bo‘lgan xususiyatlar Zarafshon daryosi etaklarida yashagan chorvador qabilalar o‘rtasida ham mavjudligi aniqlandi. Quyi Zarafshon urug‘ jamoalari yashagan yarim yerto‘la va chaylalar, ular yasagan sopol idishlarning shakli va naqshlari, ishlov berish va pishirish texnologiyasi tozabog‘yobliklarnikidan deyarli farq qilmaydi. Bunday o‘xshashliklar, har ikkala jamoaning o‘zaro yaqin iqtisodiy, madaniy va etnik aloqada bo‘lganliklaridan dalolat beradi.
CHo‘l zonalarida yashagan qabilalarga xos yodgorliklar Farg‘ona vodiysida ham bir qadar keng o‘rganilgan. Bular jumlasiga Vodil va Karamko‘l qishloqlaridan topilgan qadimgi qabristonlarni, Xo‘jand viloyatidagi Qayroqqum makonlari va Dahana qabristonlarini ko‘rsatish mumkin. Qayroqqumda o‘tkazilgan tadqiqotlar jarayonida 60 ga yaqin qadimgi manzilgohlar topilgan. Qayroqqumning g‘arbida joylashgan SHo‘rko‘l atrofidagi Taqir yagona deb atalgan markaziy va sharqiy manzilgohlar ham shular jumlasidandir. Bulardan tashqari, 60 dan ortiq chorvador urug‘ jamoalarining mavsumiy qarorgohlari o‘rganildi. Bu makonlardan minglab chizma naqshli sopol parchalari, bronza va toshdan ishlangan mehnat qurollari, hayvon suyaklari, kullarning qoldiqlari topildi. Sopol parchalarining naqshlari, shakli, qo‘pol va mo‘rtligi jihatdan Toshkent vohasi, Zarafshon vodiysi va Amudaryo etaklarida o‘rganilgan bronza davri chorvador qabilalarinikiga o‘xshashdir.
Bronza davrida Qozog‘iston cho‘llari, Janubiy Ural, Oltoy hamda Janubiy Sibir hududlarida yashab turkiy tillarning turli lahjalarida so‘zlashgan ko‘chmanchi qabilalarning turmush tarzi va ma’naviy hayoti bir-birlaridan deyarli farq qilmagan. Qadimgi xitoychada «bey» so‘zi ilk Xitoy podsholiklari davrida ulardan shimolda yashovchi turkiy tilli chorvador hunnu qabilalariga nisbatan ishlatilgan. Demak, bu davrda Janubiy Ural, Markaziy va Sharqiy Qozog‘iston, Oltoy va Janubiy Sibir mintaqalarida yashagan va arxeologik manbalarda «Andronovo madaniyati» deb nom olgan madaniyatni yaratgan chorvador aholi turkiy tilda so‘zlashgan[2].
Yunon manbalarida Yevrosiyo cho‘l zonalarida yashagan aholi skiflar deb atashgan. Bu haqda Pliniy quyidagi fikrni bildirgan: «forsiylar ularni (skiflarni – N.M.) o‘zlariga yaqin yashovchi qabilalarning nomi bilan saklar deb ataydilar»[3]. Qadimgi Eron manbalarida shak (sak) hamda skif etnik nomlari uchraydi[4]. Qadimgi eronliklar O‘rta Osiyoning cho‘l zonalarida yashagan qabilalarni shunday etnik nomlar bilan atashgan. Eronshunos V.Abayev «Avesto»ning «Yasht» qismida tilga olingan turlarni O‘rta Osiyo saklari bilan, «tez chopar otli turlar» hamda danoy (Sirdaryoning qadimgi nomlaridan biri) turlarini esa Sirdaryo bo‘ylarida yashagan saklar deb hisoblaydi[5].
Tadqiqotlar Sirdaryo va Amudaryo oralig‘ida sak qabilalarining katta guruhlari yashaganligini ko‘rsatmoqda. Sak qabilalarining madaniyatida skiflar bilan umumiylik mavjudligiga qarab, ularning antropologik tuzilishi, tili va turmush tarzi jihatidan Qora dengizning shimoliy qismi, Qozog‘iston cho‘llari va Sibir hududlarida yashagan skiflarga yaqin bo‘lishi kerak degan xulosaga kelish mumkin. Behistun qoyalariga o‘yib ishlangan suratlarda so‘g‘diyonaliklar, baqtriyaliklar va xorazmliklarning ham tasvirlari bo‘lib, ularning tasvirlari saklarga o‘xshatib ishlangan. S.P.Tolstov qadimgi so‘g‘dlar va xorazmliklarning tillari bir-birlariga yaqinligini, shuningdek, Qora dengiz bo‘ylarida yashagan skiflarning tillari ham ularga yaqin bo‘lganligini qayd etgan.
Tadqiqotchilar shaklar asosan to‘rt guruhdan iborat bo‘lganligini ta’kidlashgan. Bularning uch qismi, ya’ni xaumavarqa, tigraxauda va tiaytaradaraya shaklari Persepol yaqinidagi naqshirustam darasidagi qabr toshlarining yozuvlarida uchraydi, to‘rtinchisi esa «so‘g‘diylardan keyin, narigi tomonida» yashovchi shaklar Persepoldagi hamda Ekbatondagi yozuvlarda aks etdirilgan[6]. Antik tarixchilar tigraxauda saklarini massagetlar bilan ham tenglashtiradilar. Mil. avv. VI-IV asrlarda massagetlar yirik qabilalar uyushmasi bo‘lib, jumladan, tarkibiga derbeklar, dahlar, sakarauklar, apasiaklar, assianlar va boshqalar kirgan.
Hindlarning «Mahabxarata» dostonida bayon etilishicha, podsho Yudxishxira o‘tkazgan qurbonlik marosimida turli mamlakatlar va elatlardan kelishgan mehmonlar ishtirok etishgan. Ular orasida Sirdaryoning shimoli-sharqidan kelgan shaklar, toharlar va qanqalar (qang‘arlar) ham bo‘lganligi qayd etilgan[7].
Bu davrda Turon zamin kengliklarida yashagan etnik guruhlar va qabilalar o‘rtasida o‘zaro yaqinlashish, qo‘shilish kabi murakkab jarayonlar kuchaygan. Bu jarayonlar ta’sirida ko‘chmanchi guruhlarning o‘troqlashish jarayonlari yanada tezlashgan. Jumladan, O‘rta Osiyoning Orol dengizi shimoli-g‘arbi va janubi-sharqiy qismlari, Tangritog‘ va Oloyda turkiy tilli guruhlar paydo bo‘la boshlaydi. Bu guruhlarning tub yerli aholi bilan aralashishi natijasida mil.avv. II – milodiy I asrlarda (O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘i) tipiga xos xususiyatlar paydo bo‘lgan. Milodiy eraning birinchi yarmiga oid materiallarda O‘rta Osiyoning markaziy viloyatlarida ham bu tipga xos antropologik guruhlar yashaganligi yaqqolroq ko‘rinadi[8].
Sirdaryoning o‘rta oqimlarida olib borilgan tadqiqot ishlari jarayonida antik davriga oid muhim ma’lumotlar qo‘lga kiritilgan. Jumladan, antropolog T.Xojayovning Toshkent vohasida olib borgan izlanishlari Qovunchi madaniyatini yaratgan o‘troq va chorvador aholining irqiy xususiyatlarini oydinlashtirishga yordam berdi. Tadqiqotchining xulosalariga ko‘ra, yevropoid irqiga mansub bo‘lgan tub yerli xalqning qiyofasi antik davridan boshlab o‘zgara boshlagan.
Shunday qilib, miloddan avvalgi II ming yillikning II yarmida O‘rta Osiyo vohalarida dehqonchilik bilan shug‘ullangan qabilalar bilan bir qatorda, tog‘ oldi rayonlari, cho‘l va dasht zonalarida chorvador qabilalar keng tarqalgan edi. II ming yillikning oxirlarida ularning dehqonchilik jamoalari xududlariga kirib kelishi O‘rta Osiyoda etnik jarayonlarning faollashuviga va o‘zaro tovar almashinuvining kuchayishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Shuni ham ta’kidlash lozimki, o‘troq va chorvador qabilalar o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalar mulkiy tengsizlikni tezlashtirdi. Natijada, ibtidoiy jamoa tuzumiga zarba berilib, uning negizida sinfiy jamiyatning shakllanishiga zamin yaratildi. Ana shunday tub o‘zgarishlar asosida ikki xil xo‘jalik jamoalari orasida etnik aloqalar kuchaydi. O‘rta Osiyo xududida yuz bergan migratsiya va etnik jarayonlar o‘zbek xalqining dastlabki etnik qatlamlarini shakllanishida muhim o‘rin tutgan.
YUqorida keltirilgan ma’lumotlar asosida, dehqonchilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullangan o‘troq aholi hamda ko‘chmanchi sak, massaget qabilalarining o‘zaro yaqinlashuvi va aralashib borishi natijasida O‘rta Osiyo aholisi (jumladan o‘zbek xalqi)ning keyingi asrlardagi etnik taraqqiyotiga zamin yaratilgan degan xulosaga kelish mumkin.
N.U. Musayev (Toshkent Davlat Agrar universiteti)
[1] Asqarov A. O‘zbekiston tarixi (Eng qadimgi davrlardan eramizning V asrigacha). – Toshkent, 1994. 61-b
[2] O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi. 7-jild. – Toshkent, 2004. 667-b
[3] Древние авторы о Средней Азии. -Тошкент, 1940. – С. 126
[4] Дандамаев М.А. Иран при первых Ахеменидах. – М., 1963. -С. 262-269
[5] Абаев В.И. Скифский быт и реформа Зороастра. Аоч. XXIV. 1956, №1
[6] Shoniyozov K. Qang‘ davlati va qang‘lilar. –T.: «Fan», 1990. 8-b
[7] Махабхарата. Книга 1-2. -М-Л., 1956-1962
[8] Ходжайов Т.К. Краткие итоги изучения антропологии Средней Азии в связи с проблемами этногенеза узбекского народа. В кн: Материалы к этнической истории населения Средней Азии. -Т., 1986. -С. 94, 95
https://shosh.uz/uz/so-nggi-bronza-va-ilk-temir-davrlarida-o-rta-osiyoda-sodir-bo-lgan-etnik-jarayonlar/