Chingizxonning nabirasini musulmon qilgan shayxni bilasizmi?


Post Views:
1 252

2020 yilda “Buxoro – Islom madaniyati poytaxti”

Milodning IX asri boshlaridayoq “Qubbat ul-islom” – “Islom dinining gumbazi” nomi bilan mashhur bo‘lgan Buxoro, tarixchi Narshaxiyning guvohlik berishicha, mashhur fiqhshunos olim Abu Xafsi Kabir Buxoriy (767–832) tufayli shu nomga sazovor bo‘lgan. Buxoroning shonli tarixida shayx Sayfiddin Boharziy (1190–1261) faoliyati tufayli shaharning shuhrati islom olamida yanada yuksaldi. Shu sababli oradan to‘rt asr o‘tgach, XIII asrdan boshlab unga yangi sifat – “sharif” so‘zi qo‘yilib, u Buxoroyi sharif, ya’ni Sharofatli Buxoro nomi bilan yuritiladigan bo‘ldi. Xo‘sh, Buxoroning bunday nom qozonishiga sabab bo‘lgan shayx Sayfiddin Boharziy aslida kim?

Shahidlar shohining shogirdi

Damashqlik mashhur tarixchi va muhaddis Shamsuddin Zahabiy (1274–1348) o‘zining “Mashhur daholar siyrati” asarida Sayfiddin Boharziy haqida qimmatli ma’lumotlar keltiradi. Alloma haqida so‘z boshlagan Zahabiy uni: “Nomlari to‘rt iqlimga mashhur. Qalblardan o‘rin olgan benazir olim”, deb ta’riflaydi. Shu so‘zlardanoq shayxning shavkatiga baho berish mumkin.Kubroviylik tariqatining yirik namoyondasi, mutasavvuf va shayx Sayfiddin Boharziy 1190 yilda Xurosonning Boharz qishlog‘ida tavallud topgan. U Hirot va Nishopur shaharlaridagi madrasalarda tahsil olgan. Yoshligida Makka va Madina shaharlariga safar qilgan. So‘ngra, rivoyatlarga ko‘ra, o‘n bir yoshida Arab xalifaligi poytaxti Bag‘dod shahriga kelgan.

Keyinchalik yana Xurosonda ilm olgan. Hattoki, buyuk faqih, shayxulislom Burhoniddin Marg‘inoniyning (1123–1197) “Al-Hidoya” kitobi yuzasidan u kishining o‘g‘li Jamoliddindan dars olgan. So‘ngra Xorazmga kelgan. Umrining oxirigacha Xorazm va Buxoroda muqim yashagan.

Sayfiddin Boharziy Xorazmshohlar davlatining poytaxti Ko‘hna Urganchda Najmiddin Kubro taxallusi bilan tanilgan ulug‘ shayx, kubroviylik tariqatining asoschisi Ahmad ibn Umar Xivaqiydan tasavvuf ta’limotini o‘rgangandi. Oradan yillar o‘tgach, uning shogirdi sifatida kubroviylik tariqatini rivojlantirgan. Undan kubroviylikning hind shohobchasi – Firdavsiya boshlanadi. U Movarounnahr va Turkistonda hadis ilmini yoygan va uni rivojlantirgan.

Abdurahmon Jomiyning qayd etishicha, Najmiddin Kubro shogirdlariga: “Endi yurtingizga boring. Sharqdan fitna olovi kelmoqda, ko‘p o‘tmay u hamma yoqni kuydirib kul qiladi”, deydi. Shogirdlari: “Ustod, duo qiling, bu ofat musulmon olamidan daf bo‘lsin, axir Sizning duoyingiz har doim ijobat bo‘lg‘ayku”, deyishadi. Bunga javoban hazrat: “Bu qazoyi mubram (o‘zgarmas)dir. Uni duo bilan qaytarib bo‘lmaydi”. “Unday bo‘lsa sizni ham olib ketaylik”, deya iltijo qilgan shogirdlarga hazrat qat’iy qilib: “Men bu jangda shahid bo‘laman, menga kindik qonim to‘kilgan tuproqni, Xorazmni tark etishga ruxsat yo‘q”, deydi.

Buyuk shayx Buxoroda

Bashorat qilingan ofat mashriqdan mo‘g‘ul bosqinchilari qiyofasida bostirib kelib, gullagan o‘lkani vayronaga aylantirdi. Najmiddin Kubro o‘z shogirdlarini bu yerlardan Xuroson tomonlarga yubordi. Boharziyni Movarounnahr tomon yo‘lladi. O‘sha kunlarda hatto xorazmshoh Alovuddin Muhammad (1200–1220 yillari hukmronlik qilgan) ham mamlakatni tashlab qochib ketgandi.

Chingizxon 1220 yilning fevralida Buxoroni egallab, uning amri bilan shahar yoqib yuborilgan edi. Sayfiddin Boharziy Buxoroga yetib kelganida shahar batamom yonib bo‘lgan, istiqomat qiladigan joy ham qolmagandi. Boharziy odamlarni yig‘ib, ularga “Sahihi Buxoriy”ni o‘qib beradi. Jomiyning yozishicha, Kubro tomonidan Buxoroga yuborilgan Boharziy bu yerda qirq yildan ortiq yashaydi. Hattoki, Sayfiddin Boharziyning xalq o‘rtasidagi kuchli nufuzidan cho‘chigan mo‘g‘ul hukmdorlari u bilan hisoblashishga majbur bo‘lishadi.

Chingizxon nomidan Movarounnahrni idora qilgan Mahmud Yalavoch Buxoroga “qilon” to‘lovini yig‘ish uchun keladi. Qilon – har bir odam boshiga solinadigan bir dirhamlik xiroj (yer solig‘i), savdogarlarga esa ushr (idora ishlari uchun olinadigan soliq) qo‘yish edi. Zahabiyning qayd etishicha, asli xorazmlik bo‘lgan Mahmud Yalavoch Sayfiddin Boharziy huzuriga kiradi. Boharziyning yuzlari to‘lin oy kabi yorishib turgan edi. Boharziyga Yalavochning mehri tushib, unga ming dirham hadya qiladi. Boharziy bunga qiyo ham boqmaydi.

Shayxning panohida omon qolganlar

1238 yilda Buxorodan 20 kilometr g‘arbdagi Torob qishlog‘idan bo‘lgan g‘alvirchi Mahmud Torobiy Buxoroda mo‘g‘ullar zulmiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘taradi. Manbalarda qayd etilishicha, u odamlarni to‘plab ularga: “Men jangda jinlarni chaqiraman. Ular bizga yordam berishadi”, – deb aytadi. Torobiyning odamlarida yetarlicha qurol-aslaha yo‘q edi. Oqibatda mo‘g‘ullar bir hujumning o‘zidayoq yetti ming kishini, shu jumladan, Torobiyning o‘zini ham o‘ldiradi.

Torobiyga yaqin kishilar uni uchib ketdi, deb o‘ylashadi. Mo‘g‘ullar qolgan isyonchilarning ham ko‘pini qirg‘in qiladilar. Faqat Boharziyning panohiga kirganlargina omon qoladi. Biroq omon qolganlar peshonasiga mo‘g‘ullar qizigan temir bilan tamg‘a bosishadi. Mo‘g‘ullar Boharziydan qo‘rqib qolgan edilar. Hyech kim unga qarshi chiqishga jur’at etolmasdi.

Boharziyning bashorati

Ulug‘ xon (qoon)ning akasi Boyqu nihoyatda zolim, qonxo‘r va yolg‘onchi kishi edi. U Termiz ahlini qirg‘in qildi. Bu bilan cheklanmasdan bu yerdagi boshqa jonzotlarni ham qirib tashladi.

Shayxning dushmanlari “Boharziy xalifa, podshoh bo‘lishni istaydi”, degan so‘zlar bilan Boyquni Boharziyga qarshi qayrashadi. Natijada, Boyqu Boharziyni zanjirband qilib Samarqandga olib kelishni buyuradi. Ulug‘ shayxni Buxorodan Samarqand tomon eltadilar.Boharziy Samarqandga borayotib: “Men bu xorlikdan keyin bir izzat kelishini ko‘rmoqdaman”, – deya bashorat qiladi. Boharziy shaharga yaqinlashganda Boyqu o‘ladi. Shayxni qo‘yib yuboradilar. Uning qo‘llarida ko‘plar musulmon bo‘la boshlaydi.Qaytib kelayotganida, Sayfiddin Boharziy Samarqand shahri yaqinidagi Xartang qishlog‘ida muhaddislar imomi, hadis ilmining sultoni Imom al-Buxoriy (810–870) ning qabrini ziyorat qiladi. Uning qubbasi (gumbazi)ni yangilaydi, pardalar osadi, qandillarini almashtiradi. Samarqandliklar Boharziyga shu yerda qolishni taklif etishadi. Shayx bir necha kun Samarqandda turadi. Biroq keyin yana Buxoroga qaytadi.

Mo‘g‘ullarni musulmon qilgan shayx

“Tarixi Banokatiy” asarida keltirilishicha, mo‘g‘ul xoqonlari Munke, Xuloku, Xubilaylarning onasi, Chingizxonning kelini, uning to‘ng‘ich o‘g‘li Tuluning bevasi Suyurko‘ktani beka (taxminan 1190–1252) nomi ham Boharziy bilan bog‘liq.

Asli xristian dinida bo‘lgan kerayitlar malikasi Suyurko‘ktani beka Buxoroda Xoniya madrasasi va xonaqoh qurdirib, unga juda ko‘p qishloqlarni vaqf qilgan hamda Sayfiddin Boharziyni mudarris va mutavalli qilib tayinlagan.

Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy hayotda shayxning o‘rni katta bo‘lgan. Chingizxonning nabirasi, Oltin O‘rda xoni Berkaxon (1209–1266) ham unga e’tiqod qilib, XIII asrning 50 yillarida Buxoroga kelgan va pirga murid tushib, islom dinini qabul qilgan. U mo‘g‘ul hukmdorlari orasida birinchilardan bo‘lib islom dinini qabul qildi. Zahabiyning qayd etishicha, Berkaxonning oltmishta xotini bor edi. Shayx unga to‘rttasini qoldirib, qolganlaridan ajralish kerakligini aytdi. Berkaxon bu ishni so‘zsiz bajardi.

Berkaxon musulmon bo‘lgach, o‘ziga Barakaxon nomini olgan va Shimoliy Kavkazdan to Sibirgacha cho‘zilgan ulkan davlati hududida islom dinini joriy qilib, masjid va madrasalar qurdirgan. Uning qo‘lida ko‘pchilik musulmon bo‘lgan. Bu voqyeadan so‘ng Sayfiddin Boharziyga “Shayx ul-olam” (Olam shayxi) unvoni, Buxoro shahriga esa sharif maqomi berilgan.

Tengsiz tuhfalar

Abbosiylar xalifaligining so‘nggi xalifasi Mustasim (1242–1258 yillari hukronlik qilgan) Bag‘doddan Boharziyga tuhfa yuborib turar edi. Shu tuhfalardan biri Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ning amakivachchasi va kuyovi Ali (roziyallohu anhu)ning qo‘llari bilan yozilgan Qur’oni karim edi.

Bundan tashqari, Sheroz voliysi Muzaffariddin Abu Bakr ibn Sa’d har yili ming dinor, Mavsil voliysi ham har yili shayxga hadya jo‘natardi. Boharziyga Ozarbayjon voliysi Malika binti O‘zbek ibn Pahlavon hazrat payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Uhud (Madina shahri yonidagi tepalik)da singan tishlarini hadya sifatida jo‘natgan.

Shayx mo‘g‘ullarning Iroqqa – Abbosiylar xalifaligiga hujumlariga to‘sqinlik qilgan. Xalifani hurmatlab, sha’nini ulug‘lagan. Uning hind sultoni Nosiriddin Mahmudshoh I (1246–1266 yillari hukmronlik qilgan) bilan Sind va Mo‘lton sultoni G‘iyosiddin Balbon (1200–1287)ning elchilik munosabatlari va xat yozishmalari bo‘lgan.

Mo‘g‘ullar imperiyasining to‘rtinchi buyuk qooni Manguqoon – Munke (1251–1259 yillari hukmronlik qilgan) saltanat taxtiga o‘tirganda Boharziyga hadyalar jo‘natgan. Uning vaziri, Mahmud Yalavochning o‘g‘li Ma’sudbek ham xuddi shunday ehsonlar yuborib turgan.

Mas’ud Yalavoch ustozining oldiga kelganda ostonani o‘pib, izn berilguncha kutib turgan va: “Otam ham xuddi shunday qilardilar. Chunki shayxning podshohlar qalblaridan o‘rin olgan katta salobatlari bor edi. Agar ularga mendek yaqin vazirini o‘ldirib yuborishni buyursalar, ikkilanmay o‘ldirib yuborishadi”, – degan edi.

Ulug‘ shayxning so‘nggi vasiyati

Boharziy fiqhiy ixtiloflarning, hadis va oyatlardagi go‘zal so‘z va iboralarning bilimdoni edi. U Buxoro shahri yaqinidagi Kalobodda madrasa qurdirgan. Arab va fors tillarida “Allohning go‘zal ismlari sharhi”, “Ishq haqida risola”, “Xilvatdagi voqyea”, “Ruboiyot”, “Ro‘znoma”, “Vasiyatnoma” va boshqa asarlar hamda to‘rtliklar yozgan. Boharziy bir necha zamondosh olimlarga o‘z nomidan dars berishga ijozat bergan.

Ulug‘ shayx 1261 yilda Buxoroda vafot etdi. Zahabiy bergan ma’lumotlarga ko‘ra, uning janozasida to‘rt yuz ming atrofida odam qatnashgan. U kishi shayxlari Najmiddin Kubroning hirqalari (darvishlar kiyimi)ga kafanlashlarini, tobutlarining oldida hech kim yurmasligini va ovoz chiqarib yig‘lamasliklarini vasiyat qilgan ekanlar.

Amir Temur ixlos qo‘ygan pir

Sayfiddin Boharziy Buxoroning sharqiy qismi – Fathobod mavzeyidagi Qarshi darvozasi ro‘parasida dafn etilgan. Qabri ustiga maqbara qurilgan. Sayfiddin Boharziy maqbarasining kichik go‘rxonasi XIII asrning 2-yarmida, ziyoratxonasi esa XIV asrning 2-yarmida bunyod etilgan. Maqbaraga Sayfiddin Boharziy, uning ikki o‘g‘li, shuningdek, nevarasi va evaralari dafn etilgan.

Sohibqiron Amir Temur Buxoroga tashrif buyurganda shayxning qabrini albatta ziyorat qilgan. Hattoki, uning farmoni bilan maqbara obod qilinib, ziyoratxona va sharqiy peshtoq bunyod etgan. Shayx qabri ustidagi yog‘och sag‘ananing yasalish uslubi, zarhal bezaklari, Amir Temur davri yog‘och o‘ymakorligi san’atining noyob yodgorligi hisoblanadi.

Buxoro ana shunday buyuklarga so‘nggi manzil bo‘lgan joy. Uning har qarichida ulug‘ allomalaru avliyolarning izi bor. Ana shunday buyuklardan biri Boharziy ham Buxoroni o‘ziga makon tutdi. Dunyo kezgan shayx umrining yarmidan ko‘prog‘ini shu muazzam shaharda o‘tkazdi. Uning Buxoroga bo‘lgan muhabbati boqiy shaharni “sharif” nomiga muyassar etdi. U islom dini ravnaqi yo‘lida ulug‘ ishlar qildi. Keksayganda ham karomatgo‘y ustoziga mehri so‘nmagan shogird so‘nggi yo‘lga shayxining darvishona kiyimida ketdi.

Alisher EGAMBERDIYEV,
O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti talabasi

https://shosh.uz/uz/chingizxonning-nabirasini-musulmon-qilgan-shayxni-bilasizmi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x