QIRGʻIZ TILI — turkiy tillarning qirgʻiz-qipchoq guruhiga mansub tillardan, Qirgʻiziston Respublikasining davlat tili. Asosan, Qirgʻi-zistonda, shuningdek. Oʻzbekiston, Tojikiston, Qozogʻiston, Xitoy, Afgʻoniston, RF, Pokiston va b. Hududlarda tarqalgan. Qirgʻiz tilida soʻzlashuvchilarning umumiy soni 2,5 mln. kishidan, Qirgʻizistonning oʻzida 2 mln. 330 ming kishidan ortiqroq (oʻtgan asrning 90-y. lari oʻrtalari). Qirgʻiz tili 2 ta: shim. va jan. lahja guruhlariga boʻlinib, bu lahjalar, asosan, fonetika va leksika sohalarida oʻzaro farqlanadi; ayni jihatlari bilan boshqa turkiy tillardan ham ajralib turadi. Jan. lahjaga oʻzbek tilining taʼsiri kuchli.
Ql. ning fonetik xususiyatlari: 8 ta qisqa unli fonemaga qarama-qarshi 8 ta choʻziq unlining mavjudligi, singarmonizmning izchil saqlanishi. soʻz boshida j (jon soʻzidagi) undoshining (boshqa turkiy tillardi y yoki j) qoʻllanishi va b. Morfologik belgilari boshqa turkiy tillardagiga oʻxshash. Singarmonizm mavjudligi tufayli affikslarning fonetik variantlari koʻp. Qirgʻiz adabiy tili shim. lahja asosida shakllangan boʻlib, uning leksikasida sof qirgʻizcha va turkiy soʻzlar qatlamidan tashqari moʻgʻul, rus, arab va eroniy tillardan oʻzlashgan soʻzlar ham mavjud.
Qirgʻiz milliy yozuvi dastlab, 1924-y. da arab alifbosi asosida, 1926-y. dan lotin grafikasi asosida yaratilgan; 1940-y. dan esa rus grafikasi asosidagi qirgʻiz yozuvi joriy etilgan.
Ad. Yunusaliyev B. M., Kirgizskaya leksikologiya, Frunze, 1959; Batmanov I. A., Sovremennыy kirgizskiy yazыk, vыp. 1, Frunze, 1963; Baskakov N. A.. Vvedeniye v izucheniye tyurkskix yazыkov, 2-izd., M., 1969; Kirgizsko-russkiy slovar (sost. K. K. Yudaxin), M„ 1965.