Post Views:
91
Farg‘ona vodiysidagi qadimiy shaharlardan bo‘lgan Qo‘qonda vodiydagi boshqa shaharlarga nisbatan meʼmoriy yodgorliklar ko‘p saqlanib qolgan. Dahmai shohon, Jome masjidi, Komolqozi (Xo‘ja dodxoh), Norbo‘tabiy, Miyon hazrat, Dasturxonchi madrasalari, Madarixon dahmasi, Xudoyorxon saroyi va boshqa ko‘plab yodgorliklar shaharning tarixiy qiyofasini belgilab, uning husniga husn bag‘ishlab turibdi.
Ko‘hna shahar markazidagi tepalikda o‘rnashgan ulkan saroy, Qo‘qon o‘rdasi XIX asr meʼmorchilik yodgorliklari ichida tashqi ko‘rinishi va meʼmoriy tarhi jihatidan eng ko‘rkam va ulug‘voridir.
1822 yili Qo‘qon xoni Umarxon vafot etgach, uning o‘n to‘rt yoshli o‘g‘li Alixon (Maʼdalixon) taxtga o‘tiradi. Xon yosh bo‘lganligi sababli, davlat ishlari uning onasi-taniqli o‘zbek shoirasi Nodira (Mohlar oyim) zimmasiga tushadi. Nodira madaniyat va sanʼatni rivojlantiradi, bozor va rastalar, masjid va madrasalar, xonaqoh va maqbaralar, hammom va karvonsaroylar qurilishiga katta eʼtibor beradi. Chunonchi, Chalpak, Mohlaroyim madrasalari, Dahmai shohon hazirasini va Madarixon maqbarasini bunyod ettirdi. O‘sha ikki madrasa shu kunga qadar saqlanib qolmagan. Xon ayollarining daxmasi bo‘lmish Madarixon maqbarasi va Daxmai shohon hazirasi esa O‘rta Osiyoning eng ko‘rkam meʼmorchilik obidalaridan hisoblanadi.
Buxoro amiri Nasrullo 1842 yili shaharni zabt etib, uni talon-taroj qildi. Nodirani, o‘g‘li Maʼdalixonni qatl etdi. Qurilishi tugallanmagan xon saroyi va boshqa ko‘plab mahobatli binolarni buzdirib tashladi.
Saroy qurilishi Qo‘qonning oxirgi xoni Xudoyorxon tomonidan 1863 yildan bosqichma-bosqich bir necha yil davom etdi va u Xudoyorxon saroyi degan nom oldi.
Saroy qurilishida Farg‘ona ustalari bilan birga Buxoro, Samarqand va O‘rta Osiyodagi boshqa shaharlarning quruvchi-ustalari faol qatnashdilar. Qurilish ishlarini tezlashtirish maqsadida xon qora xalqni hasharga jalb etadi. Jami qurilish ishlarida 16 ming aholi, 80 nafar usta ishladi, mingdan ortiq arava va zambilg‘altakdan foydalanildi.
Saroy qurilishi eamonasining ko‘zga ko‘ringan meʼmori Mir Ubaydullo muhandis loyihasi asosida amalga oshiriladi. U bosh meʼmor sifatida saroy qurilishiga rahbarlik qildi. Binodagi bezak, koshin ishlarini rishtonlik kulol Usta Abdullo bajargan. Bino old tarafining janubiy qismidagi «Naqshlar bilan bezaganning sanʼati go‘yo Behzod sanʼatidek» deb bitilgan lavhacha ehtimol uning mehnatiga ishoradir. Usta Abdullaning otasi Rishtonda kulol sifatida dovrug‘ taratgan edi. Uning farzandi Abdulla esa ota yo‘lidan bordi, bu kasbni puxta egalladi. So‘ngra butun Farg‘ona vodiysida shuhrat qozondi. Kulol yasagan ajoyib sopol buyumlarni ayrim farg‘onaliklar shu kunlarga qadar avaylab asrab kelishmoqda. El eʼtiboriga tushgan mashhur usta Abdulla saroy sirtini rangli koshinlar bilan bezab yana-da dovrug‘ taratdi. Koshinkorlik ishlarida yana rishtondan usto Jamol va usto Jamillar ham qatnashdilar. Pskentlik usta Zokir esa arkning asosiy peshtoqini koshinlashdek masʼuliyatli vazifani bajarishga musharraf bo‘lgan.
Qo‘qonlik ustalardan mulla Suyarqul, usta Solixo‘ja va buxorolik usta Fozilxo‘jalar saroy qurilishida o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishdi. Xona ichini turli naqsh hamda ganch o‘ymakorligi bilan bezashda usta Hakimboy, usta So‘fi Yo‘ldosh, usta Marasullar o‘z mahoratlarini namoyish etganlar. Bulardan tashqari, darvozaxona tepasiga bitilgan «Muhammad Olam sirchi usto Muhammad Kamol o‘g‘li. 1287 sana hijriy» yozuvi naqsh ishlarini bajargan usta haqida maʼlumot beradi.
Saroyning o‘ymakor eshigini ishlagan usta Maqsumxo‘ja, G‘oziyon madrasasidagi katta eshik va Toshkentdagi Shayxontohur eshigini ham qo‘ldan chiqargan. O‘rdaning bezak ishlarida xalq memorchilik sanʼatining badiiy kulolchilik, naqqoshlik, yog‘och, ganch o‘ymakorligi va boshqa ko‘p turlaridan foydalanilgai. Mohirlik bilan terilgan turli rang va har xil shakldagi koshinlar uyg‘unligi hamda nafisligi Farg‘ona kulollik sanʼati XIX asrda yuksak darajaga yetganligidan dalolat beradi.
O‘rdaning umumiy sathi sakkiz gektardan oshiq tekis maydon bo‘lib, uning tevarak-atrofi mustahkam qalʼa devori bilan o‘ralgan, sharqiy tomoniga peshtoqli darvozaxona ishlangan. Devor ichkarisida bog‘, uzumzor, hovuz, sarbozlar mashq o‘tkazadigan maydon, aslahaxona, askarxona va boshqa binolar bo‘lgan. Devor tashqarisida chuqur xandaq qazilib, u suv bilan to‘ldirilgan.
Yuzdan ortiq xonadon, bir necha hovlidan tashkil topgan saroy xizmat vazifasiga ko‘ra asosan uch qismga — Mahkama, Shohnishin va haramga bo‘linadi. Mahkama va Shohnishin qismlari bir qavatli, haram ikki qavatli qilib qurilgan.
Xudoyorxon saroyi to‘g‘ri burchak shaklidagi tarh bo‘yicha (68×143 metr) qurilgan bo‘lib, uni balandligi (4,3×5,6 metr) tagqavat ko‘tarib turadi. Saroyning bosh binosi sharqqa qaratib, bir qavatli qilib tushirilgan. Uning tagqavati ganch qorishma bilan pishiq g‘ishtdan terilgan. Uning koshin va naqshlari saqlanib qolmagan.
Yerdan peshtoq tomon uzunligi 40, eni 6 metrli qiya g‘ishtko‘prik ko‘tarilgan. Bosh binoning o‘rta qismida hashamatli qilib, saroy devori sathidan bir oz bo‘rttirib peshtoq solingan. Uning kitobasiga arab imlosida «Arki oliy Said Muhammad Xudoyorxon, sana 1387 hijriy» deb bitilgan. Bosh binoning ikki burchagida ikkitadan to‘rtta minora — guldasta ishlangan, ularning tepa qismi gumbazli mezanalar bilan yakunlangan.
Guldastalardan biri, janub qismidagisi olti qirrali qilib, qolgan uchtasi esa g‘o‘lasimon shaklda. Peshtoqning ikki chekkasidagisi va bosh binoning shimoliy tomonidagisini buxorolik usta Iso Mahzum, janubiy burchagidagisini esa Azamat domla qurgan. Guldastalar deb atalgan burchak minoralari ko‘k, sariq oqzangori ranglarga boy, shakli va rangi turlicha bo‘lgan koshinlar bilan bezatilgan. Ular xilma-xil geometrik naqshlar hosil qilib turibdi.
Peshtoq orqali kiraverishdan keng to‘g‘riburchak shaklidagi darvozaxona va uning yonlarida hovli bilan bog‘langan shifti naqshli xonalar bor. Darvozaxona tomi — gumbazli o‘zaro kesishgan ravoqlar ustida o‘rnashgan bo‘lib, sirtiga gumbazli hashtak ishlangan. Darvozaxona ichiga hashtak panjaralari orqali yorug‘ tushib turadi. Ilgari qiya g‘ishtko‘prik ostida zindon va yer osti yo‘li bo‘pgan. Hozir ular ko‘milib ketgan.
Bosh binoning yoysimon ravoqlari, timpanlari, kitobalari hamda devorlari, o‘simliksimon shakldagi koshinlar, naqshlar, girihlar hamda diniy va falsafiy mazmundagi yozuvlari xilma-xil shakldagi, har xil rangdagi sirkor parchinlar asosida, xattotlik qoidalariga ko‘ra bezatilgan. Bu yozuvlar ajoyib xattot Mirzo Mirmahmud Xo‘qandiyning xatlari asosida bajarilgan. Masalan, chiqish eshigida «Chiroyli yuzidan saxovat sezilib turgan dono meʼmor qulog‘imga dedi: Ishtiyoq bilan qilingan ijod xayrli natija beradi, 1258-hijriy» degan so‘zlar bitilgan.
Bosh binoning tepa qismida bor-yo‘g‘i uch dona lola shaklli madoxil saqlanib qolgan. Devorlar tagiga qattiq archa yog‘ochlari yotqizilgan bo‘lib u zax ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Hozir hovlidagi xonalarning juda oz qismi saqlanib qolgan xolos.
Oktyabr inqilobidan keyin O‘rdaga qizil armiya garnizoni joylashtirilib, 1918—1919 yillarda shaharda o‘z hokimiyatini o‘rnatdi. 1924 yili bu yerda qishloq xo‘jalik yutuqlari ko‘rgazmasi o‘tkazildi. 1925 yildan boshlab saroy o‘lkani o‘rganish muzeyiga aypantirildi. Muzey jihozlari Qo‘qon shahar tarixi, Farg‘ona vodiysining tabiati, hayvonot olami, o‘simliklar dunyosi va sanʼati bilan tanishtiradi.
Saroy binolarida taʼmirlash, tuzatish ishlari ham amalga oshirildi. 1938 yili ilk bor meʼmor Obid Zayniddinov sobiq xon saroyining saqlanib qolgan qismi bo‘yicha o‘lchash va bosh bino qismini taʼmirlash ishlarini olib bordi. Bu ishda Qo‘qonning mohir taʼmirchi ustalari qatnashdilar.
Peshtoq ortidagi gumbazli darvozaxonaga kirishdagi o‘ymakor eshikni yog‘och ustasi Qodirjon Haydarov taʼmirlab o‘z nomini yozib qo‘ygan. Xona hamda ayvon shiftlaridagi naqsh ishlarini Saidmahmud Norqo‘ziyev, Saidahmad Mahmudov, Shukurxon Mahmudov va boshqa naqqosh ustalar taʼmir qilishdi.
1971 yildan institutimiz xodimlari yodgorlikni har tomonlama chuqur o‘rganib, taʼmir-loyiha ishlari olib borishmoqda. Atroflicha ilmiy izlanishlardan keyin saroyning to‘kis loyihasi yaratildi. Loyihani yaratishda arxiv materiallari, tarixiy adabiyotlar va harbiy chizmalar keng o‘rganildi. Ayniqsa, 1876 yili harbiy iijener shtabs-kapitan N. Vorones ishlagan Qo‘qon O‘rdasi va mudofaa uchun moslashtirilgan inshootlar bosh tarhi, 1878 yili topograf A. Borisovskiy tuzgan Qo‘qon O‘rdasi va unga yondosh yerlar bosh tarhi, 1882 yili Konik tuzgan Qo‘qon O‘rdasi va qalandarxonaning bosh tarhidan keng foydalanildi.
Shuningdek, A. Fedchenkoning «Turkistonga sayohat», fransuz sayyohi M. Burdoning «Parijdan Samarqandgacha», M. Alibekovning «Xudoyorxonning uy hayoti», mashhur o‘zbek yozuvchisi Abdullo Qodiriyning «Mehrobdan chayon» tarixiy asaridan va yana qator tarixiy adabiyotlardan olingan maʼlumotlar bizga juda katta yordam berdi. Yuqorida keltirilgan maʼlumotlarning qanchalik to‘g‘ri ekanligini aniqlash maqsadida arxeologik qazishma ishlari ham olib borildi.
Hozir yangi loyiha asosida saroyni to‘la tiklash ishlari boshlab yuborildi. Bu masʼuliyatli vazifa Qo‘qondagi maxsus ilmiy-taʼmirlash ishlab chiqarish ustaxonasining xodimlari zimmasiga tushdi. Taʼmir ishlarini naqqosh Shukurxon Mahmudov va ganchkor g‘isht teruvchi usta Samig‘jon Mo‘ydinovlar o‘z shogirdlari bilan birga amalga oshirmoqdalar.
XIX asrning noyob tarixiy-meʼmoriy yodgorligi bo‘lmish Qo‘qon O‘rdasida O‘rta Osiyo meʼmorchiligidagi saroylar qurilishiga xos anʼanaviy uslub va muxtasarlik o‘z ifodasini topgan, undagi bino xonalarining ichki manzarasi betakror bir badiiy asar bo‘lib qoladi.
Abdujabbor Yahyoyev,
O‘zbekiston madaniy yodgorliklarni taʼmirlash ilmiy-tadqiqot va loyihalash institutining loyiha bosh meʼmori
“Fan va turmush” jurnali, 1990 yil, 10-son
https://shosh.uz/uz/qoqon-ordasi/