Post Views:
39
Shoxo‘ja Hakim ibn Shofayzxo‘ja (taxallusi Shohiy) asli Toshkentning Oq masjid mahallasidan bo‘lib, ma’rifatparvar olimlardan edi. Bu kishi o‘qimishli, shoir, tabib va ma’rifatparvar bo‘lgan edi. Dastlab Yunusxon madrasasida mudarrislik qilgan, keyin ko‘p mamlakatlarga sayohat ham qilgan. U O‘rta Osiyo, Kavkaz, Turkiya, Suriya, Misr, Iroq, Saudiya Arabistoni kabi o‘lkalarni kezgan, u yerlardagi ta’lim-tarbiya ishlari Bilan qiziqqan.
Shohiy tabobatdan dars bergan. Shogirdlarning iltimosiga ko‘ra u Mahmud ibn Umar Chag‘miniyning (tug‘ilgan yili 1344) «Qonuncha» asarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Kitob muqaddimasida tarjimon yozadi: «Muhammad Shoho‘ja Toshkandiy valadi Shofayzxo‘ja Shayx Xovand Tohuriy so‘zlayurki, Mahmud ibn Umar Chag‘miniy tasniflari «Risolayi qonunchayi» mashhurni ba’zi talabalarga ta’lim berur erdim va alar arab lisoniga va forsiy zaboniga nooshnolik sababli ko‘p mashaqqat chekar erdilar va ba’zilari iltimos qilur erdilarkim, ushbu «Qonuncha»ni o‘z tilimizkim, turkiy chig‘atoyidur, ushbu tilda sharh aylasangiz, bu viloyat ahl-talabalari ommatan bahramand bo‘lur edilar va ham sizdin nishona bo‘lur erdi, deb alar iltimosincha, osoyishtalik bo‘lsa, inshoolloh, qilurman deb va’da berar erdim».
Tarjimon bundam keyin osoyishtalik bo‘lgach, uni tarjima qilganini yozadi. Tarjima 125 varaq. Qo‘lyozmada varaqning avvali va orqasi bittaga hisoblanishini nazarga olsak, tarjima 250 betdan iborat bo‘lib chiqadi.
Ma’lumki, Chag‘miniyning «Qonuncha» asari arab va o‘zbek tabiblari o‘rtasida keng ishlatib kelinar edi.
Chag‘miniyning «Qonuncha» asari haqida domla Sodiq Mirzayev shunday deb yozadi:
«Tabib va muxandis Chag‘miniyning bu asari o‘zbek, turkman va tojiklar orasida «Qonuncha» deb mashhur bo‘lgan. Buni ba’zilar, masalan, «Kashf az-3unun»ning muallifi Kotib Chalabiy «Qonun»dan olingan deb yozadi. Muallifning o‘zi bu muxtasar kitobini mutaqaddimiy (ilgarigilar) kitoblaridan saylab oldim, deydi. Ibn Sino mutaaxxirin (keyingilar)dandir. So‘ng «Qonuncha»ning tuzilish tartibi Ibn Sino «Qonun»ning tuzilish tartibidan butunlay boshqacha bo‘lgan…
Ammo «Qonun»dan olingan boshqa bir muxtasar tibbiyot kitobi bor. U Toshkentning Oxangaron vodiysidan uninchi asr olimi, hakim va Ibn Sinoning shogirdlaridan bo‘lgan Sharafuddin Abu Abdulloh Muhammad Yusuf Iloqiyning asaridir.
Undan tashqari, Shohiy va hirotlik Yusuf Tabibning (vafoti 1544), «Jome al-Favoid» («Foydali majmua») asarini ham o‘zbekchaga tarjima qilgan edi. Bu kitobni 1882 yilda Xorazmda shoir Muhammad Amin Xodim ham o‘zbekchaga tarjima qilgan edi. 1898 yilga kelib Shohiy uni o‘zbekchaga tarjima qildi va uni «Tarjimai Shohiy» deb atab nashr ettirdi. Bu tarjimaning bir nusxasi yuqorida zikr etilgan O‘zbekiston Respublikasi FA Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi.
Shohiy arab grammatikasiga oid qo‘llanmalar, o‘qish kitoblari ham yozgan tarjimalar qilgan, bir qancha kitoblarga noshirlik qilgan.
Toshkent allomalari va tarixiy shaxslari (ikkinchi kitob)
Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/shohiy-2/