Toshkentning ma’naviy-ma’rifiy hayoti tarixidan (“Tarixi jadidayi Toshkand” asari asosida)


Post Views:
101

XIX asrda Toshkentdagi madaniy muhitning shakllanishida maktab va madrasalarning o‘rni katta bo‘lgan. Mazkur davrda Turkiston o‘lkasida, jumladan, Toshkentda maktablar asosan masjidlar qoshida ochilgan va unda masjid imomi yoki maxsus tayinlangan shaxs muallimlik qilgan. 1868 yilda Toshkentda bo‘lgan A.P. Xoroshxinning yozishicha, shaharda o‘g‘il va qiz bolalarning maktablari alohida bo‘lgan. O‘kuv tizimida esa, Madrasalarning o‘rni katta bo‘lib, ularda dars beruvchi mudarrislar alohida obro‘-e’tiborga ega bo‘lganlar.

1890-1893 yillarda Turkiston general-gubernatorligida jami 214 ta madrasa bo‘lib, shundan 21 tasi Toshkentda joylashgan edi. Chorizm istilosining dastlabki yillarida madrasalardagi ta’lim va o‘qitish ishlari an’anaviy tartibda belgilangan qoidalar asosida olib borilgan bo‘lsa, keyinchalik ularning faoliyatini nazorat qilish va o‘quv ishlarini tartibga solishni Turkiston general gubernatorligi o‘lka maorif boshqarmasi o‘z qo‘liga olgan. Bu paytda Toshkent madrasalaridan Abulqosimxon madrasasida 120ta, Xoja Ahror madrasasida 80ta, Beglarbegi madrasasida 150ta, Ko‘kaldosh madrasasida 80ta, Sharafiboy madrasasida 20ta, Shukurxon madrasasida 20ta talaba o‘qigan.

XIX asr muarrixi Muxammad Solihxo‘janing «Tarixi jadidayi Toshkand» asarida o‘sha davrdagi Toshkent madrasalarida dars bergan mudarrislarning hayoti va faoliyati to‘g‘risida ba’zi-bir ma’lumotlar keltirilgan bo‘lib, ular o‘sha davrdagi ushbu toifa vakillarining faoliyati hamda turmush tarzini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. Tilga olingan shaxslar bir paytning o‘zida ham mudarris, ham diniy mansab egalari yoki shahardagi taqvodor mutasavviflardir. Taniqli shaxslar orasida muallifga zamondosh bo‘lgan toshkentlik diniy ilmlardagi yirik ulamolar jumladan, qozi Maxdum Balandmasjidiy, qozi Shodmonxo‘ja eshon Orqako‘chagiy, Eshonxonxo‘ja qozi Merganchagiy, domullo Mir Inoyatilloh Qatorterakiy kabi, muallif tili bilan aytganda, fiqhiy ilmlar bilimdonlari, mufassir va muhddislarni ham uchratish mumkin. Ularning deyarli barchasi bu sohadagi faoliyat bilan birga Toshkent madrasalarida mudarrislik ham qilganlar. Shuni xam e’tiborga olish lozimki, Muhammad Solihxo‘ja taniqli shaxslar haqida so‘z yuritganda, ko‘prok o‘ziga yaqin muhit – o‘quv tizimi kishilari, ya’ni madrasa mudarrislari biografiyalariga ko‘prok o‘rin bergan. Jumladan ular orasida Eshonquli dodxoh madrasasi mudarrislari – qozi al-quzzot Buzrukxo‘ja Zanjirliqiy, Muzrob Xorazmiy, Eshon Abdurasulxo‘ja, Eshon Sulaymonxo‘ja, Domulla Esonbek oxund, Mulla A’zamatxo‘ja a’lam; Mahmud dasturxonchi madrasasi mudarrislari – Eshon Shox Mansurxo‘ja, Domullo Mir Muhammad Rahim oxund; Beglarbegi madrasasi mudarrislari – muallifning ustozlari Mir Sharofiddin maxdum, Domullo Mir Inoyatulloh; Mo‘yi Muborak madrasasi mudarrisi – xalifa Abdumajidxon eshon; Yunusxon madrasasi mudarrisi Abdulazizxo‘ja eshon Qiyotiy, Eshonxo‘ja qozi, Eshon Abdusami’xo‘ja xatib; Xoja Ahror madrasasi mudarrisi – Domulla Umarbek oxund Chig‘atoiy va boshqa mudarrislar haqida ma’lumotlar uchraydi.

Keltirilgan ma’lumotlardan ko‘rinadiki, shaharda taniqli mudarrislar oilalari shakllangan. Xususan, Mir Inoyatulloh, Qatorteragiy (vaf. 1859 y.) Toshkent va Buxoro madrasalarida o‘qib, mudarris bo‘lish bilan birga tafsir ilmini xam puxta egallagan. Yuqorida ta’kidlanganidek, u bir necha asarlar muallifi bo‘lib, xattotlikdan xam boxabar bo‘lgan. U dastlab Muhammad Alixon tomonidan Registonda qurilgan Azimota madrasasiga, Toshkent hokimi So‘fibek tomonidan esa, Mir Inoyatulloni Yunusxon madrasasiga mudarris qilib tayinlangan. Keyinchalik, Beglarbegi va Ko‘kaldosh madrasalarida xam talabalarga saboq bergan. Mir Inoyatulloh, Toshkentda qozikalon bo‘lgan Hakimxo‘ja qozikalonga xam arab tili garammatikasidan dars bergan. Keyinchalik uning ukasi Mir Iso oxund va o‘g‘li Mir Sharofiddinlar ham Beglarbegi madrasasida mudarrislik qilganlar. Eshonquli dodxoh madrasasidada darsguylik qilgan qozi ul-quzzot Buzrukxo‘ja Zanjirliqiyning (vaf.1838 y.) ukasi «eshoni mudarris» laqabi bilan tanilgan Sulaymonxo‘ja va o‘g‘li Sayid Axmadxo‘jalar Toshkentdagi ko‘zga ko‘ringan mudarrislar hisoblangan.

O. Bo‘ruyev,
tarix fanlari nomzodi,
U. Sultonov,
O‘zR FA Sharqshunoslik institut

“O‘zbekistonning Islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi” (tezislar to‘plami)
Toshkent-Samarqand, 2007

https://shosh.uz/uz/toshkentning-manaviy-marifiy-hayoti-tarihidan-tarihi-jadidayi-toshkand-asari-asosida/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x