QOCHOQLAR VA KOʻCHIRILGAN SHAXSLAR — biron-bir ijtimoiy holat (mas, urush, milliy ozodlik harakati) oqibatida oʻzining doimiy yashash joyini tashlab chiqishga majbur boʻlgan shaxslar. «Qochoqlar» atamasi xalqaro huquqda 1-marta 1914—18 y. lardagi 1-jahon urushidan keyin paydo boʻlib, urush davrida dushman bosib olishi xavfi boʻlgan yoki egallab olgan hududlarni tashlab chiqqan, yo boʻlmasa bu hududlardan harbiy, fuqaroviy hukumat farmoyishi asosida joʻna-tib yuborilgan shaxslarni anglatish uchun ishlatilgan. 1939—45 y. lardagi 2-jahon urushi davrida gitlerchilar tomonidan bosib olingan hududlardan turli ishlarda foydalanish uchun millionlab kishilarning boshqa mamlakatlarga majburlab olib ketilishi natijasida koʻchirilgan shaxslar deb atalgan odamlar toifasi vujudga keldi. Urushdan keyin Qochoqlar va koʻchirilgan shaxslar va k. sh. muammosi keskin boʻlib qoldi, chunki ularni tezlik bilan vataniga qaytarish kerak edi. Oʻtgan asrning 50 — 70 – y. larida Afrikada ham qochoqlar bilan bogʻliq masalalar kelib chiqdi. Isroilning arab mamlakatlariga qarshi agressiyasi (1948—49, 1956, 1967-y. lardagi urushlar) tufayli paydo boʻlgan falastinlik qochoqlar masalasi gʻoyat keskin tus olib, Yaqin Sharqdagi vaziyatni bir necha bor chigallashtirdi. Qochoqlar va koʻchirilgan shaxslar va k. sh. muammolari manfaatdor davlatlar oʻrtasida maxsus bitimlar tuzish yoki xalqaro hamkorlik natijasida hal etiladi. Qochoqlar masalalari bilan Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim oy harakati, BMT doirasida — Qochoqlar ishlari boʻyicha Oliy komissar shugʻullanadi.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые