Koʻpchilik ayollar uchun koʻkrak sohasidagi oʻzgarishlar, sut bezlaridagi ogʻriq bedavo dard vahimasiga tushiradi. Ammo oʻz vaqtida kerakli maʼlumotga ega boʻlish turli hil oʻy-fikrlardan xoli boʻlishga yordam berib, muammolardan muhofaza etadi. Mushtariylarning tahririyatimizga yoʻllagan murojaatlari asosida ayollarni qiziqtirgan va eng koʻp soʻralgan savollarga tibbiyot fanlari nomzodi, Nigora Mahmudova javob beradi.
Koʻkrakdan ajralma kelsa…
– Bolamni emizishdan chiqarganimga yarim yildan oshsa ham koʻkragimdan oz-moz suyuqlik (ajralma) kelib turadi. Dugonalarim bunday vaqtda gormonal preparatlar ichish kerak deyishayapti. Siz nimani maslahat berasiz?
– Koʻkrakdan ajralmalar kelishida albatta endokrinolog koʻrigidan oʻtib, gormonlarga qon tahlili topshirishingiz zarur. Shuningdek gipofiz funsiyasining holati ham tekshirilib, natijasiga koʻra kerakli muolaja buyuriladi. Endokrinolog muolajasidan keyingi oʻzgarishga qarab mammolog koʻrigidan oʻtishingiz mumkin. Agar bu gormonlar faoliyati bilan bogʻliq holat boʻlmasa, mammografiya orqali koʻkraklar funksiyasi tekshirilib, zarur muolaja turi tayinlanadi.
Koʻkrak uchining ogʻrishiga sabab nima?
– Bir necha xaftadan beri chap koʻkragimning uchi (soʻrgʻichi) kechga borib, achishib bezovta qiladi. Ogʻriqni qoldiruvchi surtmalardan foydalansam oʻtib ketadi. Ammo ertasiga yana qaytanalanadi? Bu biror kasallikning belgisimikan?
– Koʻkrak uchining achishib ogʻrishi koʻp hollarda nevrolgiya yaʼni nerv chigallari, umurtqa pogʻonasi kasalliklari yoki nervga yaqin joylashgan toʻqimalar va aʼzolardagi patalogik jarayonlar, shamollash, shikastlanish holatlari bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Baʼzida umurtqa pogʻonasiga ogʻirlik tushib, sut bezlarida ogʻriq yuzaga keladi va oʻz navbatida soʻrgʻichlarga taʼsir etadi. Yoki sintetik matodan ishlangan ich kiyimlar ham shunga oʻxshash holatlarni keltirib chiqaradi. Agar ogʻriq zoʻrayib, davomiy tusga kirsa, shifokor terapevtga uchrab, zarur muoalajalarni oling.
Koʻkraklardagi oʻsma belgilari
– Koʻkraklarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavfsiz shish biror bir belgilarsiz boshlanishi ham mumkinmi?
– Yaxshi sifatli oʻsmalarda belgilar kuzatiladi. Masalan, koʻkrakda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oʻsma shakliga koʻra yongʻoqday, tuxum yoki noʻxotday boʻlib, elastik va qoʻzgʻaluvchan boʻladi. Uni koʻkrakni paypaslash bilan ham bilish mumkin. Kistalar esa suyuqlik yigʻilishi bilan farqlanadi. Baʼzi vaqtlarda onkologik turdagi oʻsmalar belgilarsiz rivojlanishi mumkin. Kasallikning yashirin davrini oʻtkazib yubormaslik uchun shifokor koʻriklaridan oʻtib turish kerak.
Gormonal preparatlar sut bezlari faoliyatiga taʼsir qiladimi?
– Davolovchi shifokorim tuxumdonlardagi yalligʻlanishga qarshi gormonal kontratseptik preparatlarni tavsiya qilgandi. Mana ikki yildirki ularni qoldirmay qabul qilaman. Bu gormonal preparatlar sut bezlari faoliyatiga taʼsir qilishi mumkinmi?
– Ha, gormonal preparatlar sut bezlari faoliyatiga taʼsir qilishi mumkin. Organizmning tabiiy muhitida ishlab chiqilayotgan gormonlarni doim nazoratda ushlaolmaysiz-ku. Shu sabab ortiqcha muammolar boʻlmasligi uchun hozirda qabul qilayotgan preparatingizni oxiriga yetkazib, shifokoringiz bilan boshqa kontratseptik vositalardan foydalanish haqida maslahatlashing. Gormonal preparatni istagan vaqt tashlab boʻlmaydi.Shu sabab muolajani oxiriga yetkazing.
Bu xolmi yoki oʻsimtami?
– Qizimning ikki koʻkragining oʻrtasida kichik qora xolchasi bor edi. Balogʻat yoshiga yetganidan soʻng xol kattalashishni boshladi. Bu xavfli emasmikan deya havotirdaman. Keyinchalik sut bezlariga taʼsir qilmasmikan?
– Yoʻq, bunday hollar koʻkraklar bilan bogʻliq emas. Buning uchun xollar boʻyicha xirurg shifokoriga koʻrinib, koʻrikdan oʻtishingiz kerak. Xolning koʻrinishi va holatiga koʻra zarur tekshiruvlar oʻtkazilib, muolaja turi tanlanadi.
Koʻkrak qismidagi qizil xollar xavflimi?
– Qizligimdan beri chap koʻkrakgimning tagida xolga oʻxshash qizil rangli oʻsimta bor. Turmushga chiqib, farzandli boʻlganimdan soʻng ikkinchi koʻkragimda ham shunga oʻxshash qizil xolcha paydo boʻldi. Ammo bezovta qilmaydi. Bunday qizil xollar koʻkraklar faoliyatidagi buzilishlardan yuzaga kelishi mumkinmi?
– Qizil xolga oʻxshash oʻsmalar koʻpchilikda uchraydigan holat. Ammo ular koʻkrak yoki sut bezlari bilan bogʻliq emas. Agar qizil holning shakli kattalashsa, rangi oʻzgarsa, koʻpaysa yoki yuzasi qonasa shifokorga uchrash shart. Koʻkrak qismidagi xollar hususida mammolog bilan maslahatlashish mumkin. Biroq ularga teginish , yulish yoki ustini tirnash aslo mumkin emas. Nojoʻya taʼsiri yuzaga kelganda onkologik turdagi kasallikka aylanish xavfi yoʻq emas.
Koʻkrak bezi saratoni va farzand koʻrish
– Koʻkrak saratoni bilan ogʻrigan ayol kelgusida farzand koʻrishi mumkinmi?
– Kasallikning darajasi, muoalaja natijalari ham asoratlarini toʻliq baxolagachgina aniq xulosani aytish mumkin. Bunday holatlarda albatta davolovchi shifokor bilan maslahatlashib ish koʻrish kerak. Agar ayolning organizmida kasallikning asoratlari qolmasa, nasl qoldirish masalasini koʻrib chiqish mumkin. Ammo oldindan aniq xulosani aytib boʻlmaydi.
Ogʻriq berayapti…
– Koʻkrakning qoʻltiq osti sohasi bilan bogʻlangan qismidagi limfa tugunlarida shish boʻlsa, nima qilish kerak?
– Ehtimol limfa tugunlaridagi yalligʻlanish (Limfoadenit) yuzaga kelgan boʻlishi mumkin. Bu kasallik limfa tugunlari yoki koʻkrakdagi yalligʻlanish bilan bogʻliq holatda boʻlishi ham mumkin. Baʼzi vaqtlarda koʻkrakdagi yalligʻlanish limfa tugunlariga ham taʼsir etadi. Mammolog koʻrigidan oʻtib, limfa tugunlarining holatini tekshirtiring. Agar bu yalligʻlanish boʻlsa,unga qarshi preparatlar tayinlanadi. Ammo oʻzingizcha bilib-bilmay davolamang.
Mammografiya qildirish
– Mammografiya qildirish uchun qaysi kunlarda murojaat qilish kerak? UTT tekshiruvidan tashqari yana qanday tahlillar topshiriladi?
– Hayz sikli yakunlangach, 5-6 kundan soʻng mammolog koʻrigidan oʻtib, mammografiya qildirishingiz mumkin. Zarur hollarda shifokor xulosasiga koʻra tuxumdonlar, qalqonsimon bez faoliyati ham tekshiriladi. Masalan, fibroz tashxisi qoʻyilganida UTT tekshiruvining oʻzi yetarli boʻlsa, koʻkrakdagi qattiqlashish holatida mammografiya, zarur hollarda biopsiya tayinlanishi mumkin.
Fibroadenamatoz qanday kasallik?
– Fibroadenamatoz nima? Bu kasallik homiladorlikka taʼsir qilishi mumkinmi?
– Sut bezlari toʻqimalarining qattiqlashishi boʻlib, homiladorlikdan avval davolanish kerak. Agar kasallik homiladorlik vaqti yuzaga kelsa, tugʻruqdan keyin muolajalarni boshlash mumkin. Homiladorlikka jiddiy taʼsiri boʻlmasa-da, shifokor nazoratida boʻlganingiz maʼqul.
Koʻkrakdagi oʻzgarishlarning sababi nima?
– Homiladorlik va emizikli boʻlgan vaqtim koʻkraklarim shishib qolardi. Ammo emizishdan chiqarishim bilan bu holat oʻzgardi. Gohida koʻkraklarimni paypaslab koʻrsam tugunlar bordek tuyuladi.
– Sut bezlari faol boʻlgan vaqtda koʻkraklar shishi tabiiy hol. Ammo tugunlar hosil boʻlishiga eʼtiborli boʻlish kerak. Sut qotib qolganda koʻkrakda tugunlar bordek tuyuladi. Tugunlar zichlashib, qattiqlashmasligi uchun tez-tez sutni sogʻib turish kerak. Emizishdan chiqargandan keyin ham koʻkrakda sut bezlari qattiqlashib qolmasligiga eʼtiborli boʻling. Agar tugunlar tarqalib, soʻrilib ketmasa shifokorga murojaat etib, bir necha turdagi muolajalardan birini qoʻllash mumkin.
Koʻkraklarning ikki xil boʻlishi xavfli emasmi?
– Yoshim 22 da. Turmushga chiqqanman. Chap koʻkragim oʻnggisidan kichikroq. Farqi shundoqqina koʻzga tashlanadi. Bunday ikki xillik xavfli emasmi? Shifokorga borishdan uyalaman.
– Yoʻq, xavfli emas. Koʻkraklarning bir-biridan farqlanishi koʻpchilikda kuzatiladi. Extimol bu tugʻma anomaliyadir yoki sut bezlarining biri yaxshi rivojlanmagan boʻlishi ham mumkin. Agar jiddiy bezovtalik boʻlmasa, ortiqcha havotirga oʻrin yoʻq.
Mammologiya sohasiga oid foydali maqolalarni saytimizning “MAMMALOGIYA” rukni orqali ham oʻqishingiz mumkin.
Ekspert: Nigora Mahmudova, mammolog.
Manba: “Sugʻdiyona” gazetasi.