Shoshlik muhaddislar. Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiy


Post Views:
234

Imom Shoshiy nomi bilan tanilgan yurtdoshimiz Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiy hadis ilmiga hissa qo‘shgan olimlardan hisoblanadi. Uning nomi juda ko‘p arab manbalarida ishonchli muhaddis sifatida e’tirof etiladi.

Uning to‘liq ismi – Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb ibn Surayj[1] (ba’zi manbalarda Shurayh[2] deb keltirilgan) ibn Ma’qil Shoshiy Binkasiy[3] Turkiy Ma’qiliy[4] Adib[5] bo‘lib, uning tug‘ilgan yili manbalarda aniq ko‘rsatilmagan. Ammo muhaddisning vafot etgan yili hijriy 335 (mil. 947) deb aniq ko‘rsatilgan.

Ma’lumki, hijriy uchinchi (mil. IX) asrda Movarounnahr va Xurosonda hadis ilmi o‘zining eng yuksak cho‘qqisiga ko‘tarilgan. Ushbu davr barcha manbalarda hadis ilmining oltin davri sifatida e’tirof etiladi.

Haysam ibn Kulayb Shoshiy aynan mana shu oltin davrda faoliyat ko‘rsatdi. Manbalarda keltirilishicha, Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiy ilm-ma’rifat o‘rganish maqsadida Buxoro, Samarqand, Nasaf va Termiz kabi shaharlarda bo‘lib, taniqli muhaddislardan saboq olgan. U o‘z ilmini yanada boyitish maqsadida xorijiy yurtlarga ham safar qilgan. Jumladan, Balx shahrida Zakariyo ibn YAhyo ibn Asad Marvaziy, Iso ibn Ahmad Asqaloniy[6], Bag‘dodda Abbos ibn Muhammad Duriy, YAhyo ibn Ja’far Zabarqon[7] va boshqalardan hadis ilmini o‘rgangan.

Mashhur arab tarixchisi Shamsuddin Zahabiy (1274-1348)ning ta’kidlashicha, Haysam ibn Kulayb Shoshiy Iso ibn Asqaloniy, buyuk muhaddis Abu Iso Muhammad Termiziy[8], Zakariyo ibn Marvaziy, Abu Ja’far Muhammad ibn Ubaydulloh ibn Munodiy, Hamdon ibn Ali Varroq, Ahmad ibn Mulo’ib, Muhammad ibn Iso Mado’iniy, Abu Buxtariy, ibn Shokir, Ali ibn Sahl, Ibrohim ibn Abdulloh Qassor, YAhyo Abu Tolib, Abbos ibn Muhammad Duriy, Muhammad ibn Ishoq Sog‘aniy va boshqalardan hadis eshitgan hamda o‘rgangan[9].

Haysam ibn Kulayb Shoshiyning ilm bobida yetuklikka yetishishiga oiladagi ma’rifat o‘chog‘i muhim ahamiyat kasb etdi. Ma’lumki, muhaddis yashab o‘tgan asr hadis ilmi shakllanishidagi oltin davr bo‘lishi bilan bir qatorda, oltita buyuk muhaddis, shuningdek, Abu Hotam Roziy, Abbos ibn Muhammad Duriy, Solih Jazra, Abu Ya’lo Mavsaliy, Ibn Jarud va boshqa muhaddislar payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ning hadisi shariflarini to‘plab va uni muhofaza qilishda o‘zlarining kuchlarini ayamadilar.

Haysam ibn Kulayb Shoshiy yashagan davrda Samarqand, Buxoro va Termiz ilm-ma’rifat o‘chog‘i sifatida yuksak darajadagi ilmiy muhiti hamda olimlari bilan dong‘i ketgan edi. Imom Shoshiy ilm olishni ilk bolalik chog‘laridanoq boshlagan. Biror narsani iste’foda etish niyatida u kishi olimlarning turli mavzudagi ilmiy majlislarida qatnashardi. Shuningdek, Iso ibn Ahmad Asqaloniydan hadis ilmini o‘rganib, kun sayin uni boyitib borar edi. Asqaloniy Imom Haysam ibn Kulayb Shoshiy vafotidan 67 yil oldin, 268 yili vafot etadi. Kulayb Shoshiy hadis ilmi bilan shug‘ullanishda davom etdi[10].

Ko‘rinib turibdiki, Haysam ibn Kulayb Shoshiy buyuk muhaddis Abu Iso Muhammad Termiziy va boshqa ko‘plab muhaddislardan ham saboqolgan. Tarix fanlari doktori U.Uvatov yozganidek, «Imom Shoshiyning ustozlari juda ko‘p bo‘lib, ellikdan ortiq mashhur olimu mashoyixlardan hadis o‘rgangani haqida aniq ma’lumotlar bor. Uning eng mashhur ustozlaridan termizlik buyuk muhaddis Abu Iso Muhammad Termiziy, makkalik Abul Hasan Bag‘oviylarni ko‘rsatish mumkin»[11]. Shu o‘rinda, Haysam ibn Kulayb Shoshiy ustozlaridan eng mashhurlarini sanab o‘tishni lozim deb topdik:

  1. Ibrohim ibn Abdulloh Qasor Abasiy Kufiy (vaf. 279/892).
  2. Ibrohim ibn Abdulloh ibn Muslim ibn Muo’z Abu Muslim Kajiy Basriy (vaf. 292/905).
  3. Ahmad ibn Xozim ibn Abu G‘arza Abu Amr Kufiy (vaf. 276/890).
  4. Ahmad ibn Zuhayr Abu Haysam ibn Harb Abu Bakr Nasoiy Bag‘dodiy (vaf. 279/892).
  5. Ahmad ibn Ali ibn Fazl Abu Ja’far Xazzoz Muqri’ (vaf. 286/899).
  6. Ahmad ibn Mulo’ib ibn Hayon Abu Fazl Bag‘dodiy (vaf. 275/889).
  7. Xoris ibn Muhammad ibn Abu Asoma Dohir Abu Muhammad Tamimiy Bag‘dodiy (vaf. 282/897).
  8. Muhammad ibn Iso ibn Savra Abu Iso Termiziy (vaf. 279/892).
  9. Muhammad ibn Yunus ibn Muso ibn Sulaymon Kadimiy, Basriy (vaf. 286/899).
  10. YAhyo ibn Abu Tolib Ja’far ibn Zabarqoniy (vaf. 275/889)[12].

Yirik tarixchi Shamsuddin Zahabiy o‘zining «Siyar a’lom an-nubalo» («Olijanob allomalar siyratlari») asarida «Haysam ibn Kulayb Shoshiy movarounnahrlik taniqli va ishonchli muhaddis, sayyoh (u juda ko‘p shaharlarni kezgan), hofiz (o‘sha davrda yigirma ming hadis yodlagan kishi «hofiz» nomi ila ulug‘langan), adib bo‘lgan»[13], deb yozgan.

Mashhur bibliograf YOqut Hamaviy(1179-1229) ning xabar berishicha, Haysam ibn Kulayb Shoshiy imom, hofiz, sayyoh, muhaddis va adib bo‘lgan. Adab ilmini Abu Muhammad Abdulloh ibn Muslim ibn Qutaybadan Bag‘dodda tahsil olgan[14].

Ba’zi manbalarda Imom Shoshiyning adib deb ta’riflanishidan u adabiyotga oid asarlar ham yaratgan bo‘lishi kerak. Kelajakda uning ilmiy-ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish bu masalaga aniqlik kiritadi deb o‘ylaymiz[15].

Muhammad ibn Tohir ibn Qaysaroniy qalamiga mansub «Tazkirat al-xuffoz» («Hofizlar tazkirasi») asarida shunday yozgan: «Shoshiy — al-Hofiz ishonchli muhaddis — Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb ibn Shurayh ibn Ma’qil Ma’qiliy Shoshiy Movarounnahr muhaddisi bo‘lib, «Musnadi kabir» asarining muallifidir»[16].

Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiy ishonchli muhaddis va uning «Musnad» («Musnad al-Kabir») asari to‘g‘risida olimning nomi zikr etilgan deyarli barcha manbalarda e’tirof etilgan. Jumladan, biz foydalangan manbalarda Haysam ibn Kulayb Shoshiy «Imom, hofiz, ishonchli muhaddis va «Musnad al-Kabir» muallifi»[17] sifatida yozilgan. Mashhur tarixchi Shamsuddin Zahabiy o‘zining ko‘p asarlarida Haysam ibn Kulayb Shoshiyni zikr etgan. Shuningdek, «Tabaqot al-muhaddisin» («Muhaddislar tabaqalari») asarida quyidagicha yozgan: «Haysam ibn Kulayb Shoshiy hofiz bo‘lib, «Musnad» asari muallifi(sohibi)dir»[18].

YUqoridagi fikrlar Haysam ibn Kulaybni Movarounnahr muhaddisi Imom Shoshiy sifatida butun dunyoga mashhur bo‘lganini ko‘rsatadi. O‘rta asr arab mualliflari uning nomini «Imom Shoshiy» deya ehtirom bilan tilga olib, uni hadis ilmining buyuk allomalaridan bo‘lganligini alohida ta’kidlab o‘tishgan.

Imom Shoshiy ko‘p shogirdlar yetishtirgan. Ular orasida Abu Abdulloh Muhammad ibn Ishoq ibn Manda Isfahoniy, Abulqosim Ali ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Hasan Xuzo’iy, Abu Nasr Buxoriy Kalaboziy, Mansur ibn Nasr ibn Abdurahim Samarqandiy kabi taniqli olimlar borligi qator manbalarda qayd etilgan.

Imom Shoshiy ilmiy faoliyatining aksar qismi Buxoro va Samarqand shaharlarida kechgan, chunki uning ko‘p shogirdlari mana shu shaharlarda yashaganlar[19]. Xususan, Haysam ibn Kulayb Shoshiydan alloma, shofi’iyaning shayxi Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh ibn Basir[20], imom, hofiz, sayyoh, muhaddis Abu Abdulloh ibn Manda[21], imom, hofiz Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Husayn ibn Hasan ibn Ali ibn Rustam Buxoriy Kalaboziy[22], Abulfazl Mansur ibn Nasr ibn Abdurahim Kog‘aziy[23], Mansur ibn Nasr ibn Abdurahim Samarqandiy[24] lar hadis ilmini o‘rganishgan va undan hadislar rivoyat qilishgan.

Shamsuddin Zahabiy Imom Shoshiyni 335/947 yilda Samarqandda vafot etgan deb xato ko‘rsatgan. Aslida, Imom Shoshiy umrining oxirgi yillarida Buxoroda istiqomat qilib, keyin Shoshga qaytib kelgan va 335/947 yilda Shoshda vafot etganligi qator ishonchli manbalarda qayd qilingan[25].

«Musnad» asari haqida

Imom Shoshiyning «Musnad» («Musnad al-Kabir») nomli asari hadislarga bag‘ishlangan. Bu asarning yagona qo‘lyozma nusxasi yaqin vaqtgacha Suriyaning Damashq shahridagi «Zohiriya» kutubxonasida 277-raqam ostida saqlangan, keyinchalik Damashqdagi nodir qo‘lyozmalar saqlanadigan «Maktabat al-Asad» nomli kutubxonaga o‘tkazilgan. 192 varaqdan iborat ushbu qo‘lyozma 558/1163 yilda xattot Hofiz Ziyouddin Muqaddasiy tomonidan nasx xatida ko‘chirilgan. Ushbu qimmatli asar Dubay shahridagi «Markaz ad-da’vat val-irshod» a’zosi, yirik hadisshunos olim, doktor Mahfuz Rahmon Zaynulloh tomonidan tadqiq etilib, bir necha jildda Madinai munavvarada nashr etilgan[26]. Hozirda bizda uning faqat 1-jildi mavjud. Tarix fanlari doktori U.Uvatov yozganidek, doktor Mahfuz Rahmon Zaynulloh tomonidan har taraflama mukammal ilmiy asosga tayanib bajarilgan ushbu nashr, shubhasiz, bundan ming yillar muqaddam buyuk vatandoshimiz Imom Shoshiy hazratlari yaratgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosni o‘rganishda katta ahamiyatga molikdir[27]. Doktor Mahfuz Rahmon Zaynulloh Imom Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiyning «Musnad» asarini tadqiq etish natijasida ushbu kitob aynan Haysam ibn Kulayb Shoshiy qalamiga mansub ekanligini quyidagicha asoslab bergan:

  1. Bu kitobda mavjud har bir hadisning isnodi Haysam ibn Kulaybning shayx(ustoz)laridan boshlanishi, ya’ni Abbos ibn Muhammad Duriy, Abu Iso Termiziy, Abu Hotam Roziy, Iso ibn Ahmad Balxiy, Abdullohibn Muhammad ibn Shokir va boshqalar.
  2. Kitobdagi hadislar isnodida Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiy shogirdlarining bo‘lishi, masalan, Abulqosim Ali ibn Ahmad Xuzo’iy va Abulqosim Ahmad ibn Abu Mansur Xaliliy[28]. Shuningdek, doktor Mahfuz Rahmon Zaynullohning ta’kidlashicha, bu asar asli 15 jilddan iborat bo‘lib, biz foydalanayotgan «Musnad» kitobi 7-jilddan boshlangan. Lekin beshinchi-oltinchi jildlarning oxirgi sahifalari topilgan. Undagi hadislarning hammasi Hazrati Ali (roziyallohu anhu)ga tegishlidir. Asarning qolgan topilgan qismlarini o‘qib bo‘lmaydigan darajaga yetib qolganligi uchun ularni tadqiq qilish mushkul[29].

Islom olamida hadis ilmiga doir «Sahih», «Musnad» va boshqa turdagi ko‘plab asarlar yozilgan. Ularni yozishda mualliflar turli uslublarni qo‘llashgan. Haysam ibn Kulayb Shoshiy ham «Musnad» asarini yozishda o‘ziga xos yo‘lni tutdi. Muallif hadisni to‘g‘ri yoki to‘qimaligiga qarab emas, balki sahobalarga qarab joylashtirgan. Sahobalardan har birining hadisini alohida-alohida qilib keltirgan.

Mazkur kitobning mavzusi uning «Musnad» nomidan ma’lum bo‘lib, Haysam ibn Kulayb Shoshiy uni sahoba musnadlari bo‘yicha tartiblagan va har bir sahoba rivoyat qiltan hadislarni jamlagan. «Musnad» kitobida hadislar quyidagi uslubda berilgan:

— Avval to‘rt (chohoryor) xalifaning musnadlari, keyin jannat bashorati kelgan o‘nta sahoba hamda boshqa sahobalarning hadislarini alifbo tartibida keltirgan;

— muallif ba’zi hollarda sahobaning qisqacha tarjimai holini aytib o‘tadi. Ba’zida esa uning faqat ismi, kunyasi va nisbasi bilan cheklanadi;

— sahobalarning isnodlarini ulardan rivoyat qilingan tartibga ko‘ra joylashtirgan;

— hadislarni rivoyat qilishda ularning isnodlari, matnlari to‘g‘risida so‘z yuritilmagan. Ayrim hollarda hadisning isnodi, matni to‘g‘risida to‘xtalib o‘tilgan;

— muallif hadislarni sahih yoki hasanga ajratmay, ularni aralash holda bergan. Barcha hadislarni aniq bayon etgan;

— ayrim hadislarning isnodi bir xil bo‘lsa, hadis matnini keltirib, «mislahu» yoki «nahvahu», ya’ni «unga uxshash», «unga tegishli» kabi so‘zlarni keltirish bilan cheklangan.

Muhimi, Haysam ibn Kulayb Shoshiy “Musnadi Shoshiy” asarida hadislarni aniq bayon etgan. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Musulmonni so‘kish fosiqlik, o‘ldirish esa kofirlikdir”, — dedilar. Demak, biror kishini haqorat va mazax qilish, ayniqsa, so‘kish fosiqlik alomati ekani ushbu hadisdan yaqqol ko‘rinib turibdi. Aynan shu mazmundagi hadislarni asardan keltirish mumkin. Jumladan, 602-hadisda shunday yozilgan: “Ahmad ibn Xozim, Avn ibn Solim, Abu Bakr Naqshaliy, Amashdai, u Shaqiqdan, Shaqiq Abdullohdai Abdurahmon Safoga yuzlanib, “Ey til, yaxshi narsalarni ayt, mukofot olasan. Pushaymon qilishingdan oldin jim tur, tinch bo‘lasan”. Shaqiq dedi: “Bu sen eshitgan narsami?!” U dedi: “Rasulullohdan odam bolalarining aksar gunohi tilidan bo‘ladi” deganlarini eshitganman[30].

Haysam ibn Kulayb Shoshiy Imom Buxoriy, Termiziy, Asqaloniy va Ibn Hibbon kabi muhaddislar qatori o‘zining “Musnad”ida ijtimoiy himoya masalalariga katta e’tibor qaratgani va bu borada naql qilingan sahih hadislarni jamlab keltirganligini kuzatish mumkin. Ijtimoiy himoya masalalariga doir hadislar beva-bechoralarga har tomonlama ko‘maklashish, qarindosh-urug‘lar bir-biriga yordam qo‘lini cho‘zishga undaydi. Jumladan, Savod ibn Ali ibn Jobir Kufiy Namirning nabirasi Abu Bakr Ayn Osim ibn Alidan, u Qaysdan, u Abu Husayndan, u YAhyo ibn Visobdan, u Masruqdan, u Abdullohdan rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: “(Ey) Bilol Alloh taolo (rizqni) ozaytirib qo‘yishidan qo‘rqmay xayri ehson qiling”[31]. Ushbu hadisni Abu Bakr Ahmad ibn Amr ibn Abdulxoliq Bazzor Hofiz[32] (vaf. 292/905) o‘zining “Musnad” asarida Ibrohim ibn Ziyod Osim ibn Alidan kelgan rivoyat bilan keltirgan. Abulqosim Sulaymon ibn Ahmad Tabaroniy[33] (vaf. 360/971) o‘zining “Mu’jam” asarida Ja’far ibn Muhammad Firyobiydan kelgan sanad bilan naql qilgan. Tabaroniy naql qilgan hadisda, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ga Bilol bir savat xurmo berayotganida: “Ey, Bilol, bu Savatdagi nima?” dedilar. Bilol: “Men buni sizga atab terdim” deb javob beradi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Bilol jahannam olovining tutunidan qo‘rqmaysanmi? Alloh rizqni kamaytirishidan qo‘rqmay xayri ehson qilgin” dedilar[34]. Bu hadisning garchi lafzi boshqa bo‘lgani bilan Shoshiyning “Musnad”ida keltirilgan hadis mazmuni bilan bir xildir. Bulardan tashqari, ushbu hadisni Ahmad ibn Hajar Makkiy, Haysamiy, Shofi’iy[35] (vaf. 973/1565) “Majma’ az-zavoid” asarida, Jalolidsin Abdurahmon ibn Abu Bakr as-Suyutiy[36] (vaf. 911/1505) “Jomi’ al-masonid va al-marosil” asarida, Ahmad ibn Ali al-Mavsaliy[37] (vaf. 307/919) “Musnad”asarida, Valiaddin Muhammad ibn AbdullohXatib Tabriziy “Mushkot al-masobih” asarida keltirganligi Haysam ibn Kulayb Shoshiyning “Musnad” asari qanchalar ishonchli ekanligidan darak beradi.

Ushbu hadisda beva-bechoralarga xayri-ehson qilish g‘oyasi ilgari surilmoqda. Bu g‘oya zamirida muhtoj insonlar va kam ta’minlangan oilalarga moddiy va ma’naviy jihatdan yordam qo‘lini cho‘zish, eng muhimi, jamiyatda o‘zaro qadr-qimmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash kabi olijanob maqsadlar yotadi.

Iso ibn Ahmad Asqaloniy Yazid ibn Horundan, u Hajjoj ibn Artotdan, u Sulaymon ibn Sahimdan, u Talha ibn Ubaydullohdan rivoyat qiladi: “Rasululloh (s.a.v.) dedilar: “Alloh saxiylikni va husni-xulqni suyadi. Yomon xulqni esa, yomon ko‘radi. Alloh taoloni e’zozlash uch narsani hurmat qilish bilan amalga oshadi: islom xizmatida sochi oqarganlarni, qorilarni va adolatli podshohlarni”[38]. Ushbu hadis Hofiz Abu Bakr Abdulloh ibn Muhammad ibn Abu Shayba Abasiy (vaf. 235/849)ning[39] “Musannaf Abu Shayba” nomli asarida, Shahobiddin Ahmad ibn Ali ibn Hajar al-Asqaloniy(vaf. 852/1448)ning[40] “Fathal-boriy” asarida keltirilgan. Lekin ikkala asarda ham ushbu jumla “Alloh taoloni e’zozlash uch narsani hurmat qilish bilan amalga oshadi: islom xizmatida sochi oqarganlarni; qorilarni va adolatli podshohlarni” shaklida keltirilmagan. Bundan ko‘rinib turibdiki, Haysam ibn Kulayb Shoshiy doimo har tomonlama ishonchli hadislarni rivoyat qilgan.

Abdulkarim ibn Haysam Abulyamandan, u Shuaybdan, u Abdulloh ibn Abu Husayndan, u Navfal ibn Musohiqdan, u Sa’id ibn Zayddan rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: “Rahim Rahmondan bir bo‘lakdir. Kimki qarindosh-urug‘lariga silai rahm qilsa, Alloh u banda bilan O‘zining o‘rtasini bog‘laydi, kimki uni uzsa, Alloh u bandani O‘zidan uzoqlashtiradi” dedilar[41]. Ushbu hadisni Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy, Ahmad ibn Hanbal, Muhammad ibn Iso Termiziy, Abu Hotam Muhammad ibn Hibbon Bustiy (vaf. 354/965)[42] kabi muhaddislar o‘zlarining shoh asarlarida keltirishgan. Ushbu hadis “Jomi’ as-Sahih”da 585-raqam ostida rivoyat qilingan bo‘lib, Haysam ibn Kulayb Shoshiy keltirgan rivoyat bilan bir xildir. Boshqa muhaddislar keltirgan rivoyatlarning matnlarida turlicha qo‘shimchalar bo‘lishiga qaramay Shoshiyning “Musnadi”da keltirilgan hadis ma’nosiga mos keladi.

Umuman olganda, Imom Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiy qalamiga mansub «Musnad» kitobida insonlarni odob-axloq, mehr-oqibat, halollik, poklik, adolat, imon-e’tiqodga da’vat etuvchi hadislar bilan bir qatorda kishilarni qotillik, razolat, fitna-fasod, zulm kabi illatlardan qaytaruvchi hadislar ham o‘z ifodasini topgan.

Ne’matullo MUHAMEDOV

SHOSH VOHASI OLIMLARINING ILMIY-MA’NAVIY MEROSI

«Toshkent islom universiteti» nashriyot-matbaa birlashmasi,
Toshkent — 2007

[1] Abu Fazl Iyoz ibn Muso ibn Iyoz YAhsabiy. al-Ikmol. Dor at-Vafo, 1998. 4-j. -B. 276; 50-sP5k: Al-Maktabat adfiya li sunnati nabaviya. Abu Bakr Muhammad ibn Abdulgani Bagdodiy. Taqyid. -Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1408 h. 1-jild. -B. 479; Shamsuddin Zahabiy. Siyar a’lom an-nubalo. -Bayrut: Muassasa ar-risola, 1413 h. 15-jild. -B. 359; Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiy. Musnad. -Madinai munavvara. Maktabat al-ulum val-hikam. 1990. 1-jild. -B. II

[2] 50-(I5k: Al-Maktabat alfiya li sunnati nabaviya. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad Maqdisiy. al-Ahodis al-muxtor. -Makkai mukarrama: Maktabat an-nahdat al-hadis. 1-jild. -B. 120; Muhammad ibn Tohir ibn Qaysaroniy. Tazkirat al-xuffoz. -ar-Riyod: Dor as-sami’iy, 1415 h. 3-jild. -B. 827

[3] YOqut Hamaviy. Mu’jam al-buldon. -Bayrug: Dor al-fikr. 1-jild. -B. 58

[4] Abu Sa’d Abdulkarim ibn Muhammad Sam’oniy. al-Ansob. -Bayrut, 1988. 8-jild. -B. 12; Shamsuddin Muhammad Zahabiy. Siyar a’lom an-nubalo. -Bayrut, 1997. 15-jild. -B. 359

[5] Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiy. al-Musnad. -Madinai munavvara: Maktabat al-ulum val-hikam, 1990. 1-jild. -B. 11 —12

[6] Qarang: Sam’oniy. al-Ansob. -Bayrut, 1980. 2-jild. -B. 317; Yana qarang: ZB-sPzk: Al-Maktabat alfiya li sunnati nabavpya. Abu Bakr Muhammad ibn Abdulgani Bagdodiy. at-Taqyid. -Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1408 h. 1-jild. -B. 479; Muhammad ibn Tohir ibn Qaysaroniy. Tazkirat al-xuffoz. -ar-Riyod: Dor as-sami’iy, 1415 h. -jild. -B. 827

[7] at-Taqyid. 1-jild. -B. 479; Tazkirat al-xuffoz. 2-jild. -B. 634; Siyar a’lom an-nubalo. 15-jild. -B. 359

[8] Sam’oniy. al-Ansob. 2-jild. -B. 312; at-Taqyid. 1-jild. -B. 479; Tazkirat al-xuffoz. 3-jild. -B. 827; Yana qarang: Abu Bakr Muhammad ibn Abdulg‘ani Bagdodiy. Takmilat al-ikmol. -Makkai mukarrama: Jomi’at umma al-qura, 1410 h. 3-jild. -B. 487

[9] Shamsuddin Zahabiy. Snyar a’lom an-nubalo. 15-jild. -B. 359

[10] Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiy. al-Musnad. -Madinai munavvara: Maktabat al-ulum val-hikam, 1410 h. 1-jild. -B. 13

[11] Uvatov U. Imom Shoshiy hayoti va ijodiga oid ba’zi ma’lumotlar //Tarixiy manbashunoslik muammolari. -T.: Universitet. 2003. -B. 48

[12] Qarang: Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiy. Musnad. -Madinai munavvara: Maktabat al-ulum val-hikam, 1990. 1-jild. -B. 14—17; Yana qarang: Shamsuddin Zahabiy. Siyar a’lom an-nubalo. 15-jild. -B. 359; YOqutHamaviy. Mu’jam al-buldon. 1-jild. -B. 500; at-Taqyid. 2-jild. -B. 298; at-Tazkirat. 3-jild. -B. 848; Shazarat az-zahab 2-jild. -B. 342

[13] Shamsuddin Zahabiy. Siyar a’lom an-nubalo. 15-jild. -B. 359

[14] YOqut Hamaviy. Mu’jam al-buldon. 1-jild. -B. 500

[15] Uvatov U. Imom Shoshiy hayoti va ijodiga oid ba’zi ma’lumotlar // Tarixiy manbashunoslik muammolari. -T.: Universitet, 2003. -B. 49

[16] Muhammad ibn Tohir ibn Qaysaroniy. Tazkirat al-xuffoz. 3-jild. -B. 848

[17] Sam’oniy. al-Ansob. 2-jild. -B. 317; Shamsuddin Zahabiy. Siyar a’lom an-nubalo. 15-jild. -B. 359; YOqut Hamaviy. Mu’jam al-buldon. 1-jild. -B. 500; Xoja Xalifa. Kashf az-zunun. 2-jild. -B. 1684; Abu Bakr Muhammad al-Bagdodiy. Takmilat al-ikmol. 1-jild. -B. 504; Abu Bakr Muhammad Bag‘dodiy. at-Taqyid, 1-jild. -B. 173, 396, 403, 425, 479; Yana qarang: Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiy. al-Musnad. -B. 5-18

[18] Shamsuddin Zahabiy. Tabaqotal-muhaddisin. -Ammon: Dor al-Furqon. 1404 h. 1-jild.-B. 111

[19] Uvatov U. Imom Shoshiy hayoti va ijodiga oid ba’zi ma’lumotlar // Tarixiy manbashunoslik muammolari. -T.: Universitet, 2003. -B 48

[20] Shamsuddin Zahabii. Siyar a’lom an-nubalo. 16-jild. -B. 466

[21] O‘sha manba. 17-jild. -B. 30

[22] O‘sha manba. 17-jild. -B. 94

[23] Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh Bagdodpy. Takmilat al-ikmol. Makkai mukarrama: Jomi’at umma al-qura, 1410 h. 1-jild. -B. 232

[24] Muhammad ibn Tohir ibn Qaysaroniy. Tazkirat al-xuffoz. 3-jild. -B. 848

[25] Qarang: Abu Bakr Muhammad ibn Abdulgani Bagdodiy. at-Taqyid. -Bayrut: Dor at-kutub al-ilmiya. 1408 h. 1-jild. -B. 479; Abu Bakr Muhammad ibn Abdulgani Bagdodiy. Takmilat al-ikmol. -Makkai mukarrama: Jomi’at umma al-qura, 1410 h. 3-jild. -B. 487; Abu Sa’d Sam’oniy. al-Ansob. -Bayrut, 1980. 7-jild. -B. 246

[26] Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiy. Musnad. -Madinai munavvara. Maktabat al-ulum val-hikam, 1990

[27] Uvatov U. Imom Shoshiy hayoti va ijodiga oid ba’zi ma’lumotlar // Tarixiy manbashunoslik muammolari. -T.: Universitet, 2003. -B. 49

[28] Qarang: Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiy. al-Musnad. Madinai munavvara: Maktabat al-ulum val-hikam, 1990. -B. 7—10

[29] Qarang: Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiy. al-Musnad. -Madinai munavvara: Maktab al-ulum val-hikam, 1990. 1-jild. -B. 29

[30] Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiy. al-Musnad. -Madinai munavvara: Maktab al-ulum val-hikam, 1990. 2-jild. -B. 78

[31] Abu Sa’idHaysam ibn Kulayb Shoshiy. Musnad. Madinai munavvara. Maktab al-ulum val-hikam. 1990. 1-jild. – B. 388, 389, 390, 391

[32] Xoja Xalifa. Kashf az-zunun.. -Makkai munavvara: Maktabat al-Faysaliy, 1981. 1-jild.-B. 1160

[33] O‘sha manba. -B. 1198

[34] O‘sha manba. -B. 342

[35] O‘sha manba. -B. 1041

[36] O‘sha manba. -B. 4042

[37] O‘sha manba. -B. 1159

[38] Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiy. Musnad. -Madinai munavvara. Maktab al-ulum val-hikam. 1990. 1-jild. B. 80-81

[39] Xoja Xalifa. Kashf az-zunun. -Makkai mukarrama: Maktabat al-Faysaliy, 1981. 1-jild. -B. 1158

[40] O‘sha manba. -B. 55

[41] Abu Sa’id Haysam ibn Kulayb Shoshiy. Musnad. -Madinai munavvara. Maktab al-ulum val-hikam. 1990. 1-jild. -B. 273

[42] Xoja Xalifa. Kashf az-zunun. -Makkai mukarrama: Maktabat al-Faysaliy, 1981. 1-jild. -B. 7343

https://shosh.uz/uz/shoshlik-muhaddislar-abu-sa-id-haysam-ibn-kulayb-shoshiy/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x