telegram: Do‘stlik


Post Views:
3 575

{وقوله تعالى: { ٱلأَخِلاَّءُ يَوْمَئِذٍ بَعْضُهُمْ لِبَعْضٍ عَدُوٌّ إِلاَّ ٱلْمُتَّقِينَ

  1. “O‘sha kunda taqvodorlardan boshqa do‘stlar bir-birlariga dushmandir” (Zuxruf)

أي: كل صداقة وصحابة لغير الله، فإنها تنقلب يوم القيامة عداوة، إلا ما كان لله عز وجل؛ فإنه دائم بدوامه.

 عن الأعمش عن أبي صالح عن أبي هريرة رضي الله عنه قال:

 قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:

لو أن رجلين تحابا في الله، أحدهما بالمشرق والآخر بالمغرب، لجمع الله تعالى بينهما يوم القيامة، يقول: هذا الذي أحببته فيَّ!

Alloh taolodan boshqa narsa uchun bo‘lgan har bir do‘stlik, sheriklik hammasi qiyomat kunida bir-biriga dushmanga aylanadi. Magaram Alloh uchun bu dunyoda do‘st bo‘lganlari, oxiratda ham davom etadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Agar ikki kishi Alloh yo‘lida do‘stlashsa, ulardan biri mashriqda, ikkinchisi mag‘ribda bo‘lsa ham Alloh taolo qiyomat kuni ikkalasini jamlab qo‘yadi va: “Mana Mening yo‘limda yaxshi ko‘rgan do‘sting” deb biriga birini aytadi”, dedilar.

Qiyomat kuni hamma o‘z oqibatini bilgach, garchi bu dunyoda o‘zaro yaqin do‘st bo‘lsa ham, bir-biriga dushmanga aylanadi. Chunki, u dunyoda bir-birlarini turli amallarga undagan do‘stlarning do‘zaxga tushib jazo tortishlari aniq (ma’lum) bo‘lib qoladi. Ana o‘shanda, yomon odam bilan do‘st bo‘lganiga afsuslanib, do‘stlar do‘stini yoqtirmay qo‘yadi. Do‘stlar dushmanga aylanadi. Bir-biriga malomat qilib, seni deb shunday bo‘ldi, deyishga o‘tadi.

Faqat taqvodor do‘stlarning oqibati xayrlidir. Chunki, ularning do‘stligi Alloh uchun, taqvo asosiga qurilgan edi. U do‘stlar doimo yaxshi amallarni qilgan bo‘ladilar. Shuning uchun, qiyomat kuni birga jannatga tushadilar va do‘stliklari yana ham ortadi. Hamda ularga quyidagicha nido qilinadi: 

  1. “Ey bandalarim! Bugungi kunda sizga xavf yo‘q va mahzun ham bo‘lmassiz.
  2. “Oyatlarimizga iymon keltirganlar va musulmon bo‘lganlar”.
  3. “Jannatga kiringlar, sizlar va juftlaringiz shod bo‘lursizlar”.

Naqadar katta baxt, naqadar ulug‘ in’om. Bu dunyoda do‘st bo‘lib o‘tgan kofir, munofiq osiylar bir-birlariga dushmanga aylanib, xusumat qilishib turgan bir paytda, taqvodor mo‘min musulmonlarga Alloh taoloning o‘zi: “Ey bandalarim”! deb xitob qilib tursa. Alloh bandam degan insondan ham baxtli odam bormi?!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida marhamat qiladilar: “Alloh taolo Muso alayhissalomga vahiy qilib dedi: “Ey Muso, Men uchun biror amal qildingmi?”, shunda Muso alayhissalom: “Yo Parvardigor, Sen uchun namoz o‘qidim, ro‘za tutdim, sadaqa qildim, Seni zikr qildim”, dedilar. Alloh: “Ey Muso namozing o‘zingning foydangga hujjat, tutgan ro‘zang o‘zingga qalqon, bergan sadoqotlaring senga soya va qilgan zikring o‘zing uchun nur bo‘ladi. Men uchun nima amal qilding?”, dedi. Muso alayhissalom: “Ey Alloh menga bildir! Sen uchun nima qilayin?”, dedilar. Alloh: “Ey Muso, Men uchun biror kimsani do‘st tutdingmi va biror kimsani dushman tutdingmi?”, dedi.

Bu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, Allohga amallarning eng suyuklisi Uning yo‘lida yaxshi ko‘rish va Uning yo‘lida yomon ko‘rishdir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh qiyomat kuni: “Men uchun bir-birlarini yaxshi ko‘rganlar qani? Izzatim va buyukligimga qasamki, bugun Men soyamdan boshqa soya yo‘q kunda ularni o‘z soyam (arshning soyasi) bilan ularni soyalantiraman”, deydi (Tabaroniy rivoyati).

Abu Hurayra roizyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam so‘radilar:Bilasizlarmi, arslon o‘kirgan paytda nima deydi?”, ular: “Alloh va Rasuli eng to‘g‘risini biladi!…

Aytdilar: “Allohim, yaxshilik qilayotganlarning boshiga meni balo qilma, deb o‘kiradi”, dedilar.

Hasanul Basriy rahmatullohi alayh aytibdirlar: “Menga do‘stlarim ahli oilamdan ham azizroqdur, bu birodarlarim menga oxiratni eslatadi va farzandlarim dunyoni eslatadi”.

Hazrati Ali karamallohu vajhahu aytibdilarki: “Do‘stning yomoni shundayki, do‘sti biron narsaga hojati chiqib qolgan vaqtda, sekingina uzr aytib, o‘zini chetga olib, do‘stini qiyinchilikka solib qo‘yadi”.

Junayd Bag‘dodiy rahmatullohi alayh: “Ey Alloh agar sen jahannamni odamlar bilan to‘ldirishni iroda qilsang, qodir bo‘lsang meni tanamni shunchalik katta qilginki, jahannam faqat mening tanam bilan to‘lsinda, qolgan boshqa odamlarni jahannamdan xalos qil, ularni ozod et”, degan ekanlar.

Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy aytadilarki: “Bir insonni qalbida ikkita narsa topilmasa iymoni za’ifdir (behudadir):

  1. Ta’zimun li amrillah, ya’ni Allohning amrlarini ulug‘lash, haromni harom deb bilish.
  2. Ashshaqqotu a’la xolqillah, ya’ni Allohning yaratgan maxluqlariga shafqatli bo‘lish.

Agar inson butun umrini “Alloh, Alloh” deb Allohga bag‘ishlasayu, lekin Allohning yaratgan maxluqlariga shafqat qilmasa, uning “Alloh, Alloh” deyishi bekordir.

Agar inson butun umrini Allohning xalqiga bag‘ishlab “xalq, xalq” desayu, lekin Allohni ulug‘lamasa, uning “xalq, xalq” degani bekordir”, debdilar.

Hazrati Umar roziyallohu anhuning bir gaplari bor: “Kechalari turib namoz o‘qib, kunduzlari bilan ro‘zador bo‘lib, Allohning yo‘lida katta-katta sadoqotlarni qilsamu, lekin toat ibodat ahliga nisbatan qalbimda muhabbat, gunohkorlarga nisbatan nafrat paydo bo‘lmasa, mening bu qilayotgan amallarimdan menga foyda yo‘q”, degan ekanlar.

Shuning uchun ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam “Kishi do‘stining dinida bo‘ladi”, deganlari bejiz emas.

Bir mo‘minning hurmati Allohning nazdida Ka’baning xurmatidan ortiq turishini hammamiz bilamiz. Chunki Ka’bani Ibrohim alayhissalom bino qilganlar, bandani esa Alloh bino qilgan. Shu jihatdan mo‘min banda ortiq turadi. Shunday ekan sizu bizlarni bir birlarimizni yo‘qlab qalbimizga xursanchilik ulashishimiz mana shu latif qalb egasini hurmatini bajo keltirishdir.

Anas Ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Albatta, Alloh taoloning bir bandalari bor, ular uchun qiyomat kuni nurdan minbarlar qo‘yiladi. Ular payg‘ambarlar ham emas, shahidlar ham emas, lekin ularga payg‘ambarlar ham shahidlar ham orzu qiladilar. Shunda: “Ular kimlar Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam?” deb so‘rashdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Ular Alloh uchun bir birlarini yaxshi ko‘rganlar”, deb javob berdilar.

Bir-birlarimizni xursanchilik kunidami, musibat kunidami yo‘qlashligimiz Alloh uchun do‘stlikni alomati. Lekin: “men ham borsam u ham keladi” degan niyatda emas balki “do‘stimni bu kun qalbiga xursanchilik yetgan kun, men bu yetgan xursandchiligiga sherik bo‘lay, muborakbod etib kelay” deyishlik. Yoki biror musibat yetgan bo‘lsa “birodarim bu kun ko‘ngli o‘ksik xolatda, borib ko‘ngliga dardman bo‘lay Allohdan sabr tilay” degan niyat bilan bo‘ladi. Biror dunyoviy va’jdan emas.

Shuning uchun sizu bizlar agarchi boshqa amallarimiz ko‘p bo‘lmasada, lekin o‘zaro ulfatlashish, do‘stona xolis niyat bilan qilinadigan xislatlar bilan Alloh uchun yaxshi ko‘rsak, ya’ni “Bu kishini nega yaxshi ko‘rasan?” desa,  

    – mana bu odam, besh vaqt namozni jamoat bilan o‘qiydi, shuning uchun,

    – mana bu odam, farzandlarini tarbiyasini yaxshi qilgan, shuning uchun,

    – mana bu odam, chorli xulqi bilan muomala qiladi, shuning uchun,

    – mana bu odam, kechirimli odam, shuning uchun yaxshi ko‘raman,

    – mana bu odam, odamlarga muruvvatli odam, shuning uchun,

    – mana bu odam, hech ham boshqalarga yomonlik, ziyon zahmat qilmaydi, shuning uchun yaxshi ko‘raman, degan javob bera olsak, mana shunday qilib yashasak, garchi hayotimizda amallarimiz noqis bo‘lsada, ibodatlarimiz faromish bilan bo‘lsada, ajabmaski Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning aytgan va’dalariga binoan yuqoridagi maqomlarga erishsak.

Alloh uchun do‘stlikning alomati: Alloh uchun yaxshi ko‘rishlikda o‘rtadaga umuman dunyoviy va’jlarning birortasi aralashmasliligi kerak.

“Alloh uchun yaxshi ko‘rishlikning alomati nima bo‘ladi?”, deyilsa, ular bir-birlaridan xabar olmasa do‘stligi kamaymaydi, agar xabar olsa do‘stligi ko‘payib ketmaydi. Xabar olgani sari yaxshi ko‘rib ketaverib, agar xabar olmay qo‘ysa yomon ko‘rib qolaversa u haqiqiy muhabbat emas.

Do‘sti uni ayblaganda ham Xudo uchun ayblasa, yoki maqtaydigan bo‘lsa ham Xudo uchun maqtaganda u do‘stligi bir xilda tursa, ya’ni u ham “nafsoniyatimga tegding” demay do‘stini gapini Xudo uchun qabul qilsa, u haqiqiy do‘stlik.

Bizda bo‘lsa hozir kim bizni maqtasa o‘sha bilan o‘rtoq bo‘lib qolamiz, yuzimizga Xudo uchun biror aybimizni aytib qo‘ysa, o‘sha zahoti u do‘stimizdan kechvoramiz. Do‘stlik bunday bo‘lmaydida axir.

Muhammad Taqiy Usmoniyning mana shu do‘stlik mavzuiga doir bir qiziq gaplari bor, o‘zi aslida ulug‘larni Alloh bekorga ulug‘ qilmas ekanda, har bir gaplari, ishlarini Alloh hikmat qilib, o‘rnak qilib qo‘yar ekan, u zot aytadilarki: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:“Mo‘min mo‘minga oynadir”, degan hadislarini o‘qib men mo‘min mo‘min birodarining aybini, xatosini to‘g‘rilashi kerak deb tushunganman. O‘zimcha fikr qilib oynani qanday xislatlari borikin deb o‘ylab yurib har vaqt uni biror xislatini bilganimda yozib boraverdim.

– oynaning xislatlaridan biri, unga qaragan kishining aybini o‘ziga ko‘rsatib sharmanda qilmay balki pinhona nasihat qilar ekan;

– yana bir xislati, unga qaragan kishini aybini borini aytarkan, bitta dog‘i bo‘lsa bitta qilib, ikkita bo‘lsa ikkita qilib ko‘rsatar ekan;

– yana bir xislati, avval qarab ketgan kimsani aybini keyingi kelib qaragan odamga ko‘rsatmas ekan.

Endi siz ham birortasi bilan mo‘min birodarmisiz uning aybini o‘ziga boricha ayting, kamaytirmang ham ko‘paytirmang ham.

Siz ham u do‘stingiz bilan gaplashib, undagi bir aybini ko‘rsangiz u ketgandan keyin u aybini ko‘rgan gaplashgan kishingizga aytavermang.

Birgina jonsiz oynaga qaraganimda yuzimdagi dog‘ni, mendagi aybni beminnat aytib tursa qanday qilib tashakkur aytmayman albatta tashakkur aytgim keladi.

Shu kabi siz ham Allohdan qo‘rqadigan biror o‘rtoq bilan do‘stlashgan bo‘lsangiz, sizning aybingizni to‘g‘rilash uchun o‘zingizga aytib to‘g‘ri bo‘lishingizni qayg‘urib turgan bo‘lsa, unday do‘stni qadrlang, bunday do‘stni bergan Allohga hamd ayting”.

Odamlar bizni maqtasa ustimizdagi zohiriy fe’l, amallarimizni ko‘rib maqtaydi. Agar botinimiz, ichimizdagi yomon ayblarimizni, xulqlarimizni ko‘rishsaydi hatto biz bilan salom alik ham qilmay qo‘yardi aslida.

Janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytar ekanlar: “Agar Alloh sizlardan birortangizni siringizni oshkor qilsa, hatto bu dunyoda o‘lsa uni dafn ham qilmaysizlar”. Chunki u umr bo‘yi aslida bizga qabr qazib yurgan bo‘ladida. Agar bir kishini biror aybi oshkor bo‘lib qolsinchi, hatto salom ham bergingiz kelmay qoladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh taolo 7 toifa kishini soya yo‘q kunda O‘zining Arshi soyasida soyalantiradi, shulardan biri “Alloh yo‘lida do‘st bo‘lguvchi ikki birodar shaxs, ular Alloh yo‘lida jam bo‘ladilar va Alloh yo‘lida ajraladilar”, dedilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Bir kishi bir qishloqdagi birodarini ziyorat qilmoqchi bo‘ldi. Alloh taolo uning yo‘liga kuzatuvchi qilib bir farishtani yubordi. Farishta uning oldiga kelib: “Qayerga borishni xohlaysan?”, deganida u kishi: “Mana bu qishloqdagi birodarimnikiga”, dedi. Farishta: “U do‘stingda sening biror parvarishlab turgan biror mol-mulking bormi?” dedi, u: “Yo‘q, lekin men uni Alloh yo‘lida yaxshi ko‘raman”, dedi. Shunda farishta: “Men senga yuborilgan Allohning elchisiman. Albatta, Alloh taolo sen xuddi do‘stingni yaxshi ko‘rganingdek seni ham yaxshi ko‘radi”, dedi.

Alloh taolo O‘z fazli bilan ayblarni yopib, yashirib turadi, lekin biz bilmaymiz, tobutini yelkamizga ko‘tarib, orqasidan yig‘lab yaqinimizdan ayrib qoldik deb yuraveramiz.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyurdilarki: “Allohning qavmlaridan bir-birlarining ehtiyojlarini ta’min etgan va bir-birilarining dardlarini aritgan va aritayotgan vaqtlarida bu ne’matlarni ularga berishda davom etadi. Bir-birlarini yaxshi ko‘rmay, bir-birlarini chalib yiqitishga o‘ta boshlagan vaqtlarida ularga berayotgan ne’matlarini to‘xtatib, boshqa ahil qavmlarga beradi”.

Sahih xabarlarda keltirilishicha, qiyomat kuni bir mo‘min kimsa keltirildi va amallari taroziga qo‘yiladi. Gunohlari savoblaridan og‘ir keladi. Natijada do‘zaxga hukm qilinadi. Shunda u: “Yo Parvardigor, menga bir soat muhlat berginki, onamdan savob olayin”, deydi. Unga muhlat beriladi. U onasining oldiga kelib: “Ey onajon, meni dunyoda tarbiya qildingiz va menga qilmagan yaxshiliklaringiz qolmadi. Shular haqqi, menga do‘zaxdan najot topishim uchun savoblaringizdan ozgina bering”, deydi. Onasi: “Ey bolajonim, men o‘z ishimda ojiz bo‘lib, hayratlanib turibmanku, qanday qilib bugun seni qutqara olaman?”, deydi. Onasidan umidini uzgan yigit boshqa qarindoshlarining oldiga boradi, lekin hammasining oldidan noumid qaytadi. Alloh uni do‘zaxga tashlashga buyuradi. Shu payt do‘sti uni do‘zaxga haydab ketayotganlarini ko‘rib qoladi, unga: “Do‘stim ikkalamizdan birimiz do‘zaxdan najot topishimiz uchun senga jamiki savoblarimni beraman. Zero, bu nomni olish ikkalamiz ham do‘zaxga tushishimizdan yengilroq”, deydi. Unga jannatga kirish buyuriladi, jannatga oshiqib ketayotgan paytda unga: “O‘z do‘stingni tashlab, jannatga kirishing mardlik emas”, deb nido qilinadi. U sajdaga yiqilib do‘sti uchun shafoat so‘raydi. Natijada Alloh taolo ikkalasiga ham jannatga kirmoqni buyuradi”.

DO‘ST

  • Do‘stlik karvoni uzoq safari va mashaqqatli sinovlari bilan mashhurdir.
  • Do‘st ko‘ringanlarning ko‘pi yo‘l-yo‘lakay tushib qoladi:

– ba’zilari  xiyonati bilan qalbingdan tushib qolsa;
– ba’zilari  yomon axloqi bilan nazaringdan tushadi;
– ba’zilari og‘ir kuningda yoningda turmasligi bilan esingdan chiqib ketsa;
– yana ayrimlari pul uchun insoniyligini sotib hayotingdan chiqib ketadi.

  • Do‘stlik son bilan emas, balki qiymat bilan o‘lchanadi.
  • Shunday do‘st tanlagin-ki, u senga hatto qiyomat kuni ham do‘st bo‘lib qolsin!
  • U kunda o‘ta yaqin do‘stlar ham bir-birlariga dushmandir faqat (taqvo yo‘lida do‘stlashgan) taqvodorlargina mustasno (Zuxruf surasi, 67-oyat).

Yomon do‘stning zarari haqida Sa’diy shunday deydilar:

To tavoni megirez az yori bad,
Yori bad badtar buvad az mori bad.
Mori bad tanho turo bar jon zanad,
Yori bad bar jon ba’d iymon zanad.

Bu baytning umumiy ma’nosi: “Yomon do‘stdan ehtiyot bo‘lgin, zero yomon do‘st zaharli ilondan ham yomonroqdir. Zaharli ilon sening joningga uradi, ya’ni chaqsa, joning og‘riydi. Yomon do‘st esa joningga ham iymoningga uradi. Ya’ni yomon kishi ham joningni ham iymoningni oladi”.

“Nodon do‘stdan dono dushman yaxshidur”, deb bejizga aytishmaydi ulug‘larimiz va “Dushmanlaringdan ko‘ra do‘stlaringdan ko‘proq ehtiyot bo‘l, odamlar orasida fisqu – fasod ziyoda bo‘lgan paytda, dushmaning do‘stingdan foydalanishi mumkin” (Imomi A’zam rahmatullohi alayh).

Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh aytadilar:

  1. Dunyoga muhabbat qo‘yma, chunki u musulmonning uyi emas.
  2. Shaytonni do‘st tutma, chunki u musulmonning birodari emas.
  3. Hyech kimga aziyat berma, chunki bu musulmonning ishi emas.

(Baa adab baa nasib – Odobi borning baxti bor kitobidan)

QIYOMATLIK DO‘ST (Abdurahmon Meshayan)

Men seni Xudodan yalinib topdim,
So‘ng qayg‘u eshigin manguga yopdim.
Garchi baxt ortidan juda ko‘p chopdim,
Menga gox uchradi xiyonatli do‘st,
Boringga ming shukr qiyomatlik do‘st.

Sendan Malak-ul mavtdek jon so‘ramayman,
Gadodek tilanib non so‘ramayman.
Yetim qolgan qushdek don so‘ramayman,
Men mehr so‘rayman diyonatli do‘st,
Boringga ming shukr qiyomatlik do‘st.

Sendan yashirguvchi sirim yo‘q mening,
Ishongin dilimda kirim yo‘q mening,
Xato qilsang bo‘lay ko‘zguing sening,
Bu dunyo ham ekan sinoatli do‘st,
Boringga ming shukr qiyomatlik do‘st.

Yelkamda gunohim fildanda og‘ir,
Men ham bir quldirman, Xudomas axir!
Menga sovg‘a qilgin bir chimdim mehr,
Kimlargadir kerak daromadli do‘st,
Boringga ming shukr qiyomatlik do‘st.

Sensiz huvillagan ayvonman o‘zim,
Misli yaralangan jayronman o‘zim,
O‘zimning holimga xayronman o‘zim,
Yovga xam tilayman salomatlik do‘st,
Boringga ming shukr qiyomatlik do‘st.

Topilar mol-dunyo, janona va pul
Pulga biz qul emas! Pul bizlarga qul!
Sendan kechmoq jondan kechishdek mushkul
Xaqqa itoatli, ibodatli, do‘st
Boringga ming shukr, qiyomatlik do‘st.

Qiyomat kunida bo‘lmaskan soya,
Shunda Alloh aylab bizni ximoya,
Soya bergay quvon, shudir kifoya,
Duo qilsak bo‘lsin, ijobatli do‘st,
Boringga ming shukr qiyomatlik do‘st.

Shaytonga qug‘irchoq, bo‘lmasang, bo‘ldi,
Hajga bir bormasdan so‘lmasang bo‘ldi,
Faqat mendan oldin o‘lmasang bo‘ldi,
Bu jonim ham axir omonatli do‘st,
Boringga ming shukr qiyomatlik do‘st.

 

“Mo‘yi Muborak” “Ukkosha” jome masjidi imom xatibi Ilhomjon Madaliyev tomonidan manbalar asosida tayyorlandi

https://shosh.uz/uz/telegram-do-stlik/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x