ILHOM — odamning ruhiy holati; undagi barcha ijodiy kuchlarning kuyilib kelishi, ruhiy jarayonlarning faollashuvi. Bunday holatda butun ruhiyat ayni bir vaqtda ishga solinadi. Ilhom paytida ong tiniqlashishi kuzatiladi, fikrlash va ijodiy hayolot sermahsul boʻladi, his-tuygʻular toʻlib toshadi, eʼtibor butkul ijod obyektiga qaratilgan boʻladi. Ilhomning fiziologik asosi dominanta (vaqtincha hukmronlik qiluvchi reflektor tizimi) hisoblanadi.
Ilhomni «ilohiy ruxlanish» bilan bogʻlovchilar uni faqat badiiy ijodda namoyon boʻladi, deb hisoblaydilar. Ilhomga moddiyunchilik nuqtayi nazaridan yondoshuvchilar uni qattiq mehnat qilish natijasi deb biladilar. Ilhomni ijodiyotning ijtimoiy va individual omillari, atrof muhit va shaxsning ijtimoiy shartsharoitlari bilan bogʻlaydilar. Mehnat faoliyatining har qanday koʻrinishi ilhombaxsh va ijodiy boʻlishi mumkin. Ilhomning paydo boʻlish sabablari, namoyon boʻlish shakllari xil-maxil. Barcha fan sohiblarida Ilhom boʻladi. Ilhom ijodning qudratli omili, u ijodkorlarning hamma kuchlarini ishga soladi, ijodiy samaradorlikka yordam beradi (yana q. Ijod).