Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Husayn ibn Umar Shoshiy Imom al-Kabir Faxr ul-Islom Mustazhiriy


Post Views:
419

Imom, alloma, shofiʼiya shayxi, o‘z asrining faqihi Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy ulug‘ (katta) imom, islom faxri sifatida shuhrat qozongan. Tojuddin Subkiyning yozishicha, “u taqvodor, ibodatgo‘y bo‘lib, nomi el-yurt orasida mashhur bo‘lgan”.

Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy 429/1038-yil muharram oyida Shosh yaqinidagi Mayoforiqin qishlog‘ida tug‘ilgan.U dastlab fiqhilmidan Mayoforiqinda Muhammad ibn Bayon Kazruvniydan, Mayoforiqin qozisi Abu Mansur Tusiy Shayx Abu Muhammad Juvayniylardan taʼlim oladi.

Ustozi va shayxi Kazruvniy vafotidan oldin Abu Bakr Shoshiy Iroqqa safar qilib, Bag‘dodga boradi. Bag‘dodda Shayx Abu Isʼhoq Sheroziy bilan uchrashib, undan dars oladi. Shuningdek, Abu Nasr ibn Sabbog‘dan fiqhni jiddu jahd ila o‘rganib, taniqli imom darajasiga yetadi.

Abu Bakr Shoshiy Bag‘dodda Muhammad ibn Bayon Kazruvniy, Qosim ibn Ahmad Hayot, Abu Bakr Xatib, Abu Isʼhoq Sheroziy, Abu Jaʼfar Muhammad ibn Ahmad ibn Muslim, Abu G‘anoim ibn Maʼmun, Abu Yaʼlo ibn Farrolardan hamda Makkada Xiyaj ibn Muhammad Xittiniylardan hadis ilmini o‘rgangan. Undan Abu Muammar Azjiy, Abulhasan Ali ibn Ahmad Yazdiy, Abu Bakr Naqur, Abu Tohir Salafiy va boshqalar hadis rivoyat qilishgan.

Abu Bakr Shoshiy ustodlari nazdida ham katta obro‘ qozonadi. Shu sabab bo‘lsa kerak, madrasani tugatgach, Bag‘dodsa mudarrislik faoliyati bilan shug‘ullanadi. O‘sha paytlarda Bag‘dodda “Nizomiya” madrasasi qurilgan bo‘lib, Shoshiy shu madrasaga mudarris qilib tayinlanadi.

Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiydan Bag‘dodda shayx, imom, katta faqih, qozi Abulmufazzal Yahyo ibn Ali ibn Abdulaziz ibn Ali ibn Husayn Qurashiy Dimashqiy (vaf. 534) fiqh ilmini o‘rgangan va undan hadislar eshitgan. Shuningdek, shoshlik faqihdan shayx, imom, muftiy Abulhasan Muhammad ibn Abulbaqo Muborak Bag‘dodiy, imom, alloma, muhaddis, hofiz, muftiy, shayxulislom Abu Tohir Ahmad ibn Muhammad ibn Ibrohim Isfahoniy lar fiqh ilmidan taʼlim olgan. O‘z davrining zakiylaridan biri — alloma, muftiy Abulabbos Ahmad ibn Salama ibn Ubaydullo ibn Rutobiy (hij. 527-yil Rajab oyida Bag‘dodda vafot etgan) Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy bilan hamroh bo‘lib, uning xizmatida bo‘lgan.

Yuqorida qayd etganimizdek, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy fuqaholarning mashhurlaridan edi. Ota-bobosi Shosh o‘lkasidan bo‘lib, Abu Bakr Shoshiy Mayoforiqin qishlog‘ida tavallud topgan. Avval o‘zining tug‘ilgan joyida, keyin Bag‘dodga borib, o‘sha zamonning yirik olimi Abu Isʼhoq Sheroziy, Abu Nasr ibn Sabbog‘ va boshqa olimlardan taʼlim olgan. Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy Abu Isʼhoq Sheroziy bilan Nishopurga borib, ilmiy munozaralarda qatnashib, o‘zini tanitgan. Yana Bag‘dodga qaytib, ustozi Abu Isʼhoq Sheroziy vafotidan (476/1083) keyin shofiʼiy mazhabidagi fuqaholarning raisi bo‘lgan. Ustozi Abu Isʼhoq Sheroziy vafot etgach, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy uning o‘rniga mudarris etib tayinlanadi. Manbalarda ko‘rsatilishiga ko‘ra, u dastlab darsga kirgach, ustoz o‘tiradigan joyga o‘tirib arab shoiri Abu Tammom (788—846) sheʼrlaridan ushbu mazmundagi baytlarni yozdiribdi:

“Joylar bo‘sh qolganida hech kim meni katta qilib saylamasa ham, o‘zim katta bo‘lib qolibman. Ammo kattalardan yakka o‘zim qolganim mening uchun og‘ir musibat bo‘ldi”, u bu baytni qayta-qayta o‘qib, shogirdlariga o‘qitib, “Ular ketib, kursiga o‘tirish navbati menga keldimi” deb o‘zini tutolmay ko‘ziga yosh olibdi.

Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy yirik faqih bo‘lib, bu sohaga oid bir qancha asarlar taʼlif etgan. Hoji Xalifa o‘zining “Kashf az-zunun” asarida “Hilyat al-ulamo fi mazohib al-fuqaho” (“Faqihlar mazhabida olimlar ziynati”) asari muallifi Mustazhiriy deb tanilgan Shayx Imom Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Qaffol Shoshiy (vaf. 507), — deb yozadi». Toshkand olimlari bo‘yicha maʼlumotlar to‘plagan sharqshunos A.Nosirov “Kashf az-zunun”dagi ushbu fikrga tayanib, “Mustazhiriy Qaffol Shoshiyning avlodlaridan ekanligi maʼlum bo‘ladi”, — deb qayd etgan. Shuningdek, Yoqut Hamaviy “Muʼjam al-buldon” asarida “Targ‘ib fil-furuʼ” (“Furuʼga qiziqish uyg‘otish”) kitobi muallifi faxr Islom Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Qaffol Shoshiy bo‘lib, 507-yilda vafot etganligi taʼkidlangan. Lekin ko‘p manbalarda u “Faxr al-islom”, “Mustazhiriy”, “Shayx”, “Imom” nomlari ostida zikr etiladi. Ammo ularning birortasida Qaffol Shoshiyning avlodlariga tegishli ekanligi aytilmagan.

Shunday qilib, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiyning yirik asari “Hilyat al-ulamo” (“Hilyat al-ulamo fi mazohib al-fuqaho”) bo‘lib, uni abbosiy xalifalaridan Mustazhir Billohga (vaf. 512/1118) bag‘ishlab yozgan. Bu katta kitob bo‘lib, uni Abbosiy xalifa Mustazhir maʼqullagan. Shuning uchun bu kitob “Mustazhiriy” deb ham nomlangan. Ana shu kitobi tufayli Abu Bakr Shoshiy “Mustazhiriy” degan nom taratgan va tarixiy manbalarda uning taxallusi yonida bir unvon sifatida yozib kelinadi. Hoji Xalifaning xabar berishicha, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy o‘sha davrda har bir masalada imomlar o‘rtasida voqeʼ bo‘lgan ixtiloflarni zikr qilgan. So‘ngra “al-Muʼtamad” (“Ishonchli”)ni yozgan. Ushbu asarning to‘liq nomi — al-Muʼtamad fi furuʼi ash-shofiʼiya (“Shofiʼiya furuʼlari bo‘yicha ishonchli asar”) bo‘lib, u “Hilyat al-ulamo” kitobidek sharhsiz yozilgan.

Maʼlumki, fiqh – islom huquqshunosligini rivojlantirishda Imom Shofiʼiyning (vaf. 820) xizmati katta. U o‘zining “ar-Risola” asarida fikxning asosiy tushuncha va belgilarini birinchi marta aniq taʼriflab berib, “usul al-fiqh” ilmiga asos solgan. Yuridik fanlar doktori, prof. A.Saidovning eʼtirof etishicha, “islom qonunshunosligining mustaqil fan sifatida shakllanishida sunniylik huquq mazhablaridan birining asoschisi Abu Abdulloh Muhammad ibn Idris ibn Abbos ibn Usmon Shofiʼiy Hoshimiy Qurashiy benihoya katta hissa qo‘shgan”.

Shofiʼiyaning keyingi asrlarda nom chiqargan izdoshlari qatoriga Abu Isʼhoq Ibrohim Sheroziy (vaf. 1083) kiradi. Aynan unga atab vazir Nizom al-Mulk Bag‘dodda Nizomiya maktabini (madrasa) qurib bergan. Faylasuf va faqih Abu Homid G‘azzoliy (vaf. 1111) va qomusiy olim Jaloluddin Suyutiy ham uning izdoshlaridir.

Imom Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy Faqih Shofiʼiy “al-Umdatu fi furuʼi al-shofiʼiya” (“Shofiʼiya furuʼlarining asosi”) asarini taʼlif etgan. U o‘zining bu asarini xalifa Mustazhir o‘g‘li talabi bilan yozib, unda din asoslarini qisqacha tasnif qilgan. Ushbu kitobga ko‘p olimlar eʼtibor berishgan. Kitobga Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy (vaf. 741), Tojuddin Umar ibn Ali Fokihoniy Molikiy (vaf. 731), Ibn Mulaqqin deb tanilgan Umar ibn Ali (vaf. 804), Ibn Daqiq Iyd deb tanilgan shayx Taqiyuddin Muhammad ibn Ali (vaf. 702), Shamsuddin Muhammad ibn Abduddoim Barmoviy (vaf. 831) va boshqalar sharhlar yozishgan.

Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiyning yana bir yirik asarlaridan biri “ash-Shofiy” (“Shifo beruvchi”)dir. “Bu asari ham fiqh (qonunshunoslik)ga bag‘ishlangan bo‘lib, arab olimi Abu Ibrohim Ismoil ibn Yahyo Muzaniy(791—878)ning «al-Muxtasar” (“Qisqacha”) degan asariga yozilgan sharhbo‘lib, manbalarda ko‘rsatilishicha, bu sharh yigirma jilddan iborat. Shoshiy buni besh yil davomida yozib tugatgan.

Biroq Ibn Xallikon Abu Bakr Shoshiyning bu kitobini boshqa asarga yozilgan sharh sifatida ko‘rsatadi: “ash-Shomil fi furuʼi ash-shofiʼiya” (“Shofiʼiya furuʼlari bo‘yicha keng qamrovli kitob”) asari muallifi Ibn Sabbog‘ deb tanilgan Abu Nasr Abdussayid ibn Muhammad Shofiʼiydir. Bu asar shofiʼiya mazhabidagi eng yaxshi va to‘g‘ri kitobdir. Uning sharhlari va izohlari mavjud bo‘lib, jumladan, Imom Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Bag‘dodiy Shoshiy (vaf. 507) 20 jildli yozgan sharhini “Shofiy” deb nomlagan.

Aksariyat manbalarda Abu Bakr Shoshiyning “ash-Shofiy” asari shofiʼiya mazhabidagi mashhur besh kitobdan biri “Muxtasar al-Muzaniy fi furuʼi ash-Shofiʼiya” (“Shofiʼiya furuʼlari bo‘yicha al-Muzaniy muxtasari”) asariga yozilgan sharh ekanligi taʼkidlab o‘tilgan.

Jumladan, Imom Navaviy “at-Tahzib” asarida zikr qilishicha, Shayx Imom Ismoil ibn Yahyo Muzaniy Shofiʼiy shofiʼiya mazhabida birinchi asar yozgan kishidir. Ibn Surayjning aytishicha, “al-Muzaniy muxtasari” dunyoga bokira qizdek chiqdi. Boshqalar o‘z asarlarini xuddi shu kitobdek tartiblagan. Bu kitobga ko‘plab olimlar sharxlar yozishgan. Xususan, Imom Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy “ash-Shofiy” nomli sharh yozgan. Undan tashqari uning (Shoshiy) “ash-Shofiya shahobchasining ustuni”, “Taloqqa oid masala” kabi asarlari bo‘lgan.

Shunday qilib, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy o‘z davrida ilm-maʼrifat va islomning madaniy markazlaridan biri Bag‘dodda yuqorida aytganimizdek, “Abu Isʼhoq Sheroziy, Abulqosim Qushayriy, Haririy (sohibi maqomot), Abu Isʼhoq Vohidiy, Abulmahosin Ro‘yoniy, Xatib Tabriziy, Xatib Bag‘dodiy, qozi Bayzoviy kabi yirik olimlar zamonida yashagan edi”. Mustazhiriy nomi bilan tanilgan yurtdoshimiz Abulabbos Ahmad, Abulmuzaffar Samʼoniy, Nasr Muqaddasiy, Ro‘yoniy, Xatib Tabriziy, Imom G‘azzoliy kabi ulug‘ olimlar bilan zamondosh bo‘lgan.

O‘sha davrda Bag‘doddagi “Nizomiya” madrasasida Abu Isʼhoq Sheroziy, Abu Nasr Saboʼ, Abulqosim Dabusiy, Imom G‘azzoliy, Faxr al-islom Shoshiy (Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad), Suhravardiy, Kamoliddin Anboriy va boshqalar saboq berishgan. Mustazhiriy Nizomiyada arab tili, kalom, mantiq, adabiyot, sarf-nahv, qiroat, lug‘at, tafsirdan dars berar edi.

Shoshiy o‘z davrida arab adabiyoti va xususan, sheʼriyatining bilimdonlaridan biri bo‘lgan. Qurʼon, hadis, qonun-qoida yo‘l-yo‘riqlarini juda yaxshi bilgan. Tilshunoslik, xususan, arab adabiyoti va grammatikasining nozik tomonlarigacha egallagan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, uning sintaksisga oid asari o‘rta asr va undan keyingi davrlarda ham ko‘p moʻtabar kitoblarda tilga olinadi.

Fiqhilmidagi bilimi, tutgan mavqei jihatidan barcha qomusiy manbalarda uning nomiga “Faxr al-islom, «al-Imom al-Kabir” sifatlari qo‘shib eʼtirof etilgan.

Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy 507/1114-yil shavvol oyining 15-kuni shanba kuni saharda vafot etgan, U “Bob al-Abroz” (Bob al-Sheroz) maqbarasiga dafn etilgan, uning qabri ustozi Abu Isʼhoq Sheroziy qabri yonida. Faxr al-islom Shoshiy o‘zidan keyin o‘z mazhabida imom bo‘lgan ikki farzandi — Ahmad va Abdullohlarni qoldirgan.

Tojuddin Subkiy uning o‘g‘illari to‘g‘risida quyidagi maʼlumotlarni yozgan: Ahmad ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Husayn ibn Umar Abulmuzaffar Faxr al-Islom Abu Bakr Shoshiyning o‘g‘li bo‘lib, u fiqhni otasidan o‘rgangan. U Abdulloh ibn Tolhadan hadislar eshitgan. Undan Abu Bakr ibn Komil va Hofiz ibn Asokirlar hadis rivoyat qilishgan. Abu Bakr Shoshiyning o‘g‘li Ahmad 529-yili Rajab oyining 10-kuni jumada Bag‘dodda vafot etgan.

Abu Bakr Shoshiyning keyingi farzandi Abdulloh ibn Muhammad ibn Ahmad 481/1088-yilda tug‘ilgan. Fiqhilmini o‘z otasidan o‘rgangan. U mazhab va xilof(bahs-munozara)da mohir bo‘lib, kishilarga vaʼz o‘qirdi. Abdullohibn Muhammad ibn Ahmad Husayn ibn Ahmad ibn Tolha an-Niʼoliy va boshqalardan hadislar eshitgan. U shoir ham bo‘lgan.

Shuningdek, Abu Xafs Umar ibn Ahmad Husayn Shoshiy katta imom, faxr al-islom Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiyning ukasi. U fiqhni Shayx Abu Isʼhoq Sheroziydan o‘rgangan. Abulhusayn ibn Muhtadiy va boshqalardan hadis eshitgan. Olim 550/1155-yilda vafot etgan.

Neʼmatullo MUHAMEDOV,
“SHOSh VOHASI OLIMLARINING ILMIY-MAʼNAVIY MEROSI”

“Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi,
Toshkent – 2007

 

https://shosh.uz/uz/abu-bakr-muhammad-ibn-ahmad-ibn-husayn-ibn-umar-shoshiy-imom-al-kabir-faxr-ul-islom-mustazhiriy/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x