Post Views:
21
Vaqf xayriyalari musulmon jamiyatining ham madaniy-maʼnaviy ham iqtisodiy taraqqqiyotining muhim omillaridan biri bo‘lgani maʼlum. Darhaqiqat o‘rta asrlardagi bunyodkorlik, savdo va hunarmandchilik, taʼlim, ijtimoiy himoya sohalari bevosita umumxalq foydasiga berilgan vaqf xayriyalarining (xayriy vaqflar) mavjudligi bog‘liq bo‘lgan. Vaqf taʼsischilarining ko‘pchiligini erkaklar tashkil qilgan. Biroq, bu ishda ayollar ham faol ishtirok etgan. Ayniqsa, zodagon ayollar o‘zlari taʼsis qilgan yirik vaqf xayriyalari bilan tarixda qolgan. Keyingi asrlarda hatto o‘rtahol ayollar ham o‘z vaqflari orqali obodonchilik va taʼlim rivojiga hissa qo‘shganlar. Hech bo‘lmaganda yaqinlari va farzandlari hayotini iqtisodiy taʼminlash maqsadida o‘zlarining xususiy mulklarini oilaviy vaqfga (avlodiy vaqf) aylantirganlar. Maqolada O‘rta Osiyoda vaqf mulklari taʼsis etishda ayollar ishtirokining ayrim xususiyatlarini tahlil etishga harakat qilamiz.
O‘rta Osiyodagi ilk vaqflardan biri Ismoil Somoniy (h.y. 892-902) vaqfiyasi nomi bilan mashhur bo‘lib, u ayrim o‘zgarishlar bilan XIX asrda ham faoliyat yuritgan. Lekin mintaqaning XIII asrgacha bo‘lgan davrdagi ayollar taʼsis etgan vaqflar haqida hozircha aniq maʼlumot uchratilmagan. Temuriylar davrida Movarounnahrda ayollar taʼsis etgan bir necha vaqf muassasalari hujjatlari asl yoki ko‘chirma nusxa holida yetib kelgan. Ulardan biri Buxorodagi Oybibi inoq jomeʼ masjidi vaqfidir. Uning 1205/1790 yilda Buxoro qozixonasida yangilangan vaqfnomasiga qaraganda, bu ayolning ismi Oyxonim, otasi esa hukmdor (Sulton al-aʼzam va hoqon al-akram) bo‘lgan. Jomeʼ nomining Xoja Muhammad Porso (vaf. 1420) xonaqohi vaqf hujjatida ham uchrashi uning ancha oldingi davrga oidligiga ishora qiladi [2: 111; 8]. Samarqand hokimi, temuriy Sulton Ahmad mirzoning (h.y. 1469-1494) xotini Habiba Sulton begim vaqfi esa o‘z davrining muhtasham bir inshooti foydasiga ajratilgan. Bu ayol Samarqandda, Xoja Abdidarun mozori yonida erining singlisi yaʼni, temuriy Abu Said mirzoning (h.y. 1451-1469) qizi Xovand Sultonbeka qabri ustiga Ishratxona (Ashratxona – o‘nta xona) nomli inshoot qurdirgan. 868/1464 yilda binoga ekin yerlar hamda bu yerlarda ishlash uchun 33 ta qul, 20 juft ho‘kiz, 12 ta tuya vaqf qilgan [1: 124-128; 5: 265; 19]. Shariat ahkomlariga ko‘ra ko‘chmas mulk vaqf qilinishi lozim bo‘lgan. Shu sababli bu holat mintaqada qullar va ishchi hayvonlar vaqf qilingan kamyob vaqf xayriyasi sifatida muhim.
XVI asrning 20-yillarida shayboniy Temur Sultonning (vaf. 1514) xotini Mehr Sulton xonim taʼsis qilgan vaqfni mintaqada ayollar tomonidan amalga oshirilgan eng yirik vaqf xayriyasi deyish mumkin. Bu saxovatpesha ayol qayinotasi Muhammad Shayboniyxon (o‘ld.y. 1510) Samarqandda qurishni boshlagan Madrasai Oliyai Xoniya nomli madrasa majmuasining donatori sifatida tarixda qoldi. Chunki Madrasai Janubiya va Madrasai Shimoliya kabi ikki qismdan iborat bo‘lgan bu majmua qurilishi Muhammad Shayboniyxon hamda uning o‘g‘li Temur Sultonning harbiy yurishlari davrida tugallanmay qolgandi. Mehr Sulton xonim vaqfi bilan majmuadagi Madrasai Shimoliya binosi, o‘ttizdan ortiq Shayboniylar xonadoni vakillari dafn etilgan sufa qurilishi hamda boshqa obodonchilik ishlarini ham amalga oshirgan edi. Bu majmua uchun Mehr Sulton xonim tarafidan Samarqand va Qashqadaryoda o‘nga yaqin mavzelar, bog‘lar hamda 40 ga yaqin savdo-hunarmandchilik obyektlari (do‘kon, timcha, korxonai kog‘azgari), ko‘chmas mulklar (hammom, tegirmon) vaqf qilingan. Vaqf daromadlari ikki madrasa, ularning tarkibidagi kutubxona, masjid va majmuadagi boshqa obyektlar ehtiyoji uchun sarflangan [3: 21].
Yana bir yirik vaqf mulki muassisi shayboniy hukmdor Ubaydullaxonning (h.y. 1533-1539) xotini Qozoq xonim nomi bilan tanilgan Qutluq Sulton xonim edi [2: 108-109]. Ubaydullaxon Buxoroni poytaxt qilgan ilk shayboniy edi. Shu sababli uning xotini Qozoq Sulton xonimning yangi poytaxtdagi bunyodkorlik faoliyati o‘sha vaqtda siyosiymafkuraviy ahamiyatga ham ega edi. Hukmdorlarning xotinlari yoki qizlari taʼsis etgan vaqflar baʼzan juda ham yirik, baʼzan kichik bo‘lishi ham mumkin. Masalan, ashtarxoniy Abulfayzxonning (h.y. 1711-1747) qizi Shamiyabonuning Bahouddin Naqshband mozoridagi madrasaga (1232/1816 y.), boshqa bir qizi Shayxzodabonuning Childuxtaron masjidiga (1239/1823 y.) ajratgan vaqf yerlar ancha kichikligi (taxm. 40-50 tanob) bilan ajralib turgan. Amir Haydarning xotini Bibi Podshohning Bolo Hovuz madrasasiga (XX asr boshi) hamda ushbu hukmdorning qizi Anbar oyimning o‘z maqbarasiga (1239/1824 y.) ajratgan vaqflari esa juda yirik (1300 dan 10000 tanobgacha) bo‘lgan.
Keyingi asrlarda hukmdorlar xonadoni, dunyoviy va diniy zodagonlar oilasiga mansub ayollarning xayriy va avlodiy vaqf mulklarini tashkil etishdagi ishtiroki ancha ortdi. Masalan, ashtarxoniylar vaziri Nodir devonbegi ibn Sadrbiyning Juybor xojalaridan biri bilan nikohlangan qizi Og‘ajonbegim 1058-1071/1648-1660 yillar davomida bir necha bor Juyboriylarning Chorbakrdagi oilaviy mozori hamda o‘z farzandlari foydasiga umumiy hajmi 1000 tanobdan ortiq ekin yerlar, bog‘lar, do‘konlar va boshqa ko‘chmas mulklar vaqf qilgan [9; 16].
Jo‘ybor xojalaridan Abdurahimxojaning qizi Oyposhsha bibi esa 1081/1671 yilda o‘zining Buxoro va Balxdagi mulklarining katta qismini Sumiton mavzeidagi Chorbakr (Juybori kalon) madrasasi va bobosi Xoja Saʼd mozoriga vaqf qilgan. O‘sha vaqtda uning Xayrabod va Qorako‘l tumanlaridagi xayriya qilingan yerlarning o‘zi 450 tanobni tashkil etgan edi [6; 7]. XIX asrdan boshlab bunday miqdorda yer vaqf qilish kam uchraydi. Ulardan biri Ulug‘ oyim binti To‘raxoja tomonidan 400 tanob yer 1264/1848 yilda Toshkentdagi qorixonaga vaqf qilingan [18]. Lekin keyinroq ayollarning bunday yirik vaqflari deyarli uchramaydi. Buning o‘rniga Buxoro, Xiva, Qo‘qon poytaxt shaharlarda ayollarning madrasa va masjidlarga hamda taniqli mutasavviflarning mozorlari foydasiga qilgan o‘rta va kichik hajmdagi vaqflari ortgan. Bunday vaqflar oz bo‘lsa-da, Toshkentda ham uchrab turadi. Masalan, mashhur Shahrisabz begi Bobobek Hakimbek o‘g‘lining Toshkent shahri Shatak mahallasida qurdirgan masjidiga 1913 yilda singlisi Humoroybeka bir hovlini, 1919 yilda esa qizi bir do‘konni vaqf qilgan.
Zodagon ayollar avlodiy vaqflar tashkil etishda ham faol qatnashgan. Jumladan, yuqorida tilga olingan Og‘ajonbegimning 1071/1660 yildagi vaqflarining katta qismi uning o‘g‘illari uchun ajratilgandi [9; 16]. XVIII asrga kelib o‘rtahol tabaqaga mansub ayollarning ham o‘z farzandlari uchun 5 tanobdan 100 tanobgacha bo‘lgan yerlarni vaqf qilish holati ancha ortdi.
XVIII-XIX asrlarda vaqf taʼsischilari bo‘lgan ayollarning katta qismi o‘z mulklarini vafotidan so‘ng dafn etiladigan joydagi Qurʼoni karim o‘quvchi – maqsuraxon uchun oldindan vaqf qilishi urf bo‘ldi. XVII asrda bunday vaqflar juda kam bo‘lib, ular asosan yuqori tabaqa ayollariga tegishli edi. Masalan, 1106/1695 yilda Falakiy begim binti Barotbiy 40 tanob yerni mashhur mutasavvif ayol Og‘oyi Buzruk mozoridagi o‘zining bo‘lajak qabri yonida o‘tiradigan maqsuraxon uchun vaqf qilgan [10]. XIX asrda, ayniqsa Buxoroda bunday vaqflarni erkagu ayol vafotidan oldinroq amalga oshirish ommalashdi va bu anʼana jamiyatning o‘rtahol qatlami orasida ham yoyilgan. Ayrim ayollarning o‘z maqsuraxonlariga qilgan vaqflari juda yirik edi. Xususan, amir Shohmurodning (h.y. 1785-1800) qizi Anbaroyimning Xoja Habibulloh mozoridagi o‘z uchun atalgan maqsuraxonga xayriya qilgan 1500 tanob yer (1239/1824 y.), buxorolik Oyposhsha bibining o‘z qizi Gavharxonim maqbarasi uchun xayriya qilgan 700 tanob yer (1233/1817 y.) ular orasida eng yiriklaridir [11; 17].
XIX asr oxirida Buxoroda “Haramayn vaqflari”, yaʼni Payg‘amarimiz Muhammad alayhissalomning (sollallohu alayhi vasallam) Madinada qabri uchun ko‘chmas mulklar (do‘kon, uy yoki kichik yer maydonlari) va pullar vaqf qilish nisbatan ortgan [20: 213-233]. Bu jarayonda ayollar ham faol ishtirok etgan. Jumladan, Muqaddas begim binti Hoji Abdurauf karvonboshi 1326/1908 yilda Payg‘ambar alayhissalom (sollallohu alayhi vasallam)ning Madinadagi qabri uchun 50000 Buxoro mis tangasini vaqf qilgan [13]. Lekin ayollarga tegishli bunday vaqflarning moliyaviy hajmi erkaklarnikiga qaraganda ancha kam [12; 14; 15].
Ayollarning vaqf xayriyalari 1928 yilda O‘zbekistonda vaqf mulkchiligi tugatilgunga qadar davom etdi. Lekin vaqf qilish ko‘lami TASR (1918-1924 yy.), BXSR (1920-1924 yy.), XXSR (1920-1924 yy.) hukumati yillarida sekin asta kamayib bordi. Tahlillar ayollarning vaqf xayriyasidagi ishtirokida hududlar bo‘yicha ham katta katta farq mavjud. Masalan, XIX asrda Buxoro va Xiva shaharlarida ayollarning vaqf xayriyasida faollashgani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Yirik shaharlardan bo‘lgan Toshkentda esa 1800-1900 yillar davomida qayd qilingan ayollar vaqflari qo‘shni hududlarga nisbatan juda past, yaʼni 5% tashkil qiladi [4: 20]. Demak, vaqf taʼsis etuvchi ayollarning ijtimoiy tarkibini asosan o‘z xususiy mulkiga ega zodagon va qisman o‘rtahol ayollar tashkil etgan. Ayollar meros, mahr yoki hadya shaklida ko‘rinishida to‘plangan mulklar, o‘z mulklaridan keladigan daromad hisobiga ham boyib borgan. Baʼzi ayollar taʼsis etgan vaqf xayriyasiga o‘zini mutavalli etib tayinlash orqali uni o‘z nazoratida ushlab turgan. Umuman olganda, saqlanib qolgan yuzlab vaqfnomalar O‘rta osiyolik ayollarning bunyodkorlik, xayriya ishlaridagi faoliyatini, o‘sha davr ayollarining xohish-istaklarini ochib beradi.
Katta boylikka ega bo‘lgan zodagon ayollar o‘zlarining vaqf xayriyalari bilan yirik inshootlar bunyod qilish bilan tarixda qoldi. Ular orasida Ishratxona, Madrasai Oliya, Oybibi inoq, Bibi Xalfa nomidagi maqbara, madrasa va jomeʼlar Samarqand va Buxorodagi hashamatli inshootlardan edi. Bu inshootlar bir necha asrlar davomida faoliyat ko‘rsatdi. Natijada shaharning bu qismlari o‘sha ayollarning nomlarini oldi. Ayollar tomonidan bunyod etilgan bu inshootlarning bir qismi bugungi kunda ham saqlanib qolgan.
O‘ktam SULTONOV
O‘zR FA Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, t.f.d.
Maqolada XV-XX asr boshlarida O‘rta Osiyoda ayollar vaqf xayriyalarining ayrim xususiyatlari tahlil qilingan. Xususan, ayollarning o‘z vaqflari orqali bunyodkorlik va obodonchilik, avlodlari ehtiyoji hamda o‘zlari va yaqinlarining maqbaralaridagi qorilar uchun ajratilgan vaqflar haqida fikr yuritilgan.
Tayanch so‘zlar: vaqf xayriyalari, zodagon ayollar, o‘rtahol ayollar, vaqf taʼsischilari, sufa qurilishi, donator, mahr, hadya, vaqfnomalar.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Vyatkin V.L. Vakufniy dokument Ishratxana / Mavzoley Ishratxana. Tashkent, 1958. S.111-136
2. Djurayeva G.A. Imenitiye jenщini pozdnesrednevekovoy Buxari // Uzbekistan v sredniye veka: istoriya i kultura. Tashkent, 2003.
S.106-114.
3. Mukminova R.G. K istorii agrarnix otnosheniy v Uzbekistane XVI v. Po materialam “Vakf-name”. Tashkent, 1966. 354 s.
4. Sultonov O‘.A. Toshkent vaqf xo‘jaligida anʼanalar, islohotlar va muammolar (XVI-XX asr boshlariga oid tarixiy hujjatlar asosida). Tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya avtoreferati. Toshkent, 2016. 92 b.
5. Chexovich O.D. Novaya kolleksiya dokumentov po istorii Uzbekistana // Istoricheskiye zapiski. №36. 1951.
6. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivi (O‘zRMDA). I-323-fond, 1-ro‘yxat, 96-hujjat.
7. O‘zRMDA. I-323-fond, 1-ro‘yxat, 115/4-hujjat.
8. O‘zRMDA. I-323-fond, 1-ro‘yxat, 129/10-hujjat.
9. O‘zRMDA. I-323-fond, 1-ro‘yxat, 568-hujjat.
10. O‘zRMDA. I-323-fond, 1-ro‘yxat, 718-hujjat.
11. O‘zRMDA. I-323-fond, 1-ro‘yxat, 849-hujjat.
12. O‘zRMDA. I-323-fond, 1-ro‘yxat, 892-hujjat.
13. O‘zRMDA. I-323-fond, 1-ro‘yxat, 1030-hujjat.
14. O‘zRMDA. I-323-fond, 1-ro‘yxat, 1031-hujjat.
15. O‘zRMDA. I-323-fond, 1-ro‘yxat, 1041-hujjat.
16. O‘zRMDA. I-323-fond, 1-ro‘yxat, 1181/4-hujjat.
17. O‘zRMDA. I-323-fond, 1-ro‘yxat, 1295/48-hujjat.
18. O‘zRMDA. I-323-fond, 2-ro‘yxat, 1428-hujjat.
19. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondi. 72 yig‘ma jild, 515-hujjat.
20. Reichmuth Ph. Semantic Modeling of Islamic Legal Documents: A Study on Central Asian Endowment Deeds. PhD thesis manuscript. Martin-Luther-Universität. Halle (Saale), 2010. 310 r
https://shosh.uz/uz/orta-osiyoda-ayollar-vaqflari/