Post Views:
39
TIBBIYOT AKADEMIYASI, Toshkent tibbiyot akademiyasi – Toshkentda dastlab 1920 yil Turkiston (O‘rta Osiyo) universitetida tibbiyot fakulteti tashkil etilgan. 1931 yil O‘rta Osiyo universitetining tibbiyot fakulteti O‘rta Osiyo tibbiyot institutiga aylantirilgan. 1935 yildan Toshkent davlat tibbiyot instituti (ToshMI) deb atalgan. 1990 yilda Toshkent tibbiyot instituti 1- va 2-tibbiyot institutlariga bo‘lindi. 2005 yil 1- va 2-Toshkent davlat tibbiyot institutlari negizida Toshkent tibbiyot akademiyasi tashkil etildi. Akademiya yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashni tashkil etishni takomillashtirish va sifatini oshirish, o‘qish jarayonini tashkil qilishning zamonaviy talablariga mos keladigan zarur o‘quv va moddiy texnika bazasini yaratish, ilg‘or taʼlim texnologiyalarini keng joriy etish asosida yangi mazmun bilan boyitish, bo‘lg‘usi mutaxassislarning taʼlimi ular tomonidan aniq davolash amaliyoti malakalarini egallash bilan chambarchas bog‘lab olib borilishini taʼminlash maqsadida tuzilgan. Akademiyada 5 o‘quv fakulteti (davolash, tibbiy-pedagogika, stomatologiya, tibbiy profilaktika hamda oliy hamshiralik ishi), 58 kafedra, aspirantura, markaziy ilmiy-tekshirish va markaziy klinik laboratoriya va klinika (q. Tibbiyot akademiyasi klinikalari), ilmiy tibbiy axborot bo‘limi, muzey, akadyemik litsey, kutubxona (1 mln dan ziyod asar), nashriyot va bosmaxona bor. 5500 ga yaqin talaba, shuningdek, magistratura yo‘nalishida 40 mutaxassislik bo‘yicha 720 dan ziyod rezident taʼlim oladi (2008). Akademiya Toshkent shahridagi yirik kasalxonalarda qo‘shimcha klinik bazalarga ega. Akademiyada 1100 o‘qituvchi, jumladan, 10 ga yaqini O‘zbekiston FA va xalqaro akademiyalar akadyemiklari, 200 dan ziyod fan doktorlari, profyessorlar, 600 dan ziyod fan nomzodi va dotsentlar faoliyat ko‘rsatadi.
Tibbiyot akademiyasi huzurida nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish bo‘yicha 7 ta ixtisoslashgan kengash ishlaydi. Akademiya ilmiy to‘plam, monografiya va metodik qo‘llanmalar nashr etadi.
“Toshkent” ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/toshkent-tibbiyot-akademiyasi/