KOKILDOR XONAQOHI — Termiz (Namuna qishlogʻi)dagi meʼmoriy yodgorlik. Xalq orasida Aloulmulk Xudovandzoda (Termiz hukmdori) koʻshki, «Azizon», «Azlar eshon», «Kokildor» (kokil qirqish udumi) deb nomlangan (13—16a. lar). Kokildor xonaqohi toʻgʻri toʻrtburchak tarxli (27,5×17 m), 5 xonadan iborat. Baland va chuqur ravoqli peshtoq orqali markaziy xona (7,5×7,5 m) ga kiriladi. Markaziy xonaning gumbazi 8 qirrali poygumbaz ustiga oʻrnatilgan, 2 yon tomonidagi xonalar oʻzaro oʻxshash, teng hajmda, dalon orqali bogʻlangan orqa va yon eshiklari boʻlgan. Markaziy xona sahnida bir necha qabr saqlanib qolgan. Ichkaridagi ravoq va namoyonlarga ganchqori usulida pardoz berilgan. Gumbaz osti bagʻallari muqarnaslar bilan bezatilgan. Termiz sh. ning 2500-yilligi munosabati bilan atrofi obodonlashtirilib, taʼmir ishlari amalga oshirildi.
Ad.: Termiz — Buyuk yoʻllar chorrahasidagi koʻhna va yangi shahar, T., 2001.