7 aprel — Butunjahon salomatlik kuni sifatida 1950 yildan beri har yili dunyo hamjamiyati tomonidan keng nishonlanib kelinadi.
1948 yil 7 aprel sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha assambleyaning birinchi yig‘ilishida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ga asos solingan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti – Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning sog‘liqni saqlash sohasiga ixtisoslashgan nufuzli muassasasi bo‘lib, uning tarkibiga hozirda 194 ta a’zo davlat kiradi.
Bosh qarorgohi Shveysariyaning Jeneva shahrida joylashgan JSST 6 ta mintaqaviy va 150 ta mamlakatda o‘z vakolatxonalariga ega. JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashkilotning Yevropa mintaqasidagi vakolatxonasi tizimiga kiradi. O‘zbekiston 1992 yil 25 may kuni JSSTga a’zo bo‘lgan. JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi 1993 yilda Toshkentda o‘z faoliyatini boshlagan.
JSST va O‘zbekiston sog‘liqni saqlashning ko‘plab muhim masalalarida yaqindan hamkorlik qilib qilib kelmoqda. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga BMTning yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhi (YUNIATF) mukofoti topshirilgan.
Butunjahon salomatlik kuni – bu insonlarning salomatligi va farovonligi muhofazasi yo‘lida birgalikda chora-tadbirlar o‘tkazish maqsadida sayyoramizda istiqomat qiluvchi har bir aholining e’tiborini salomatlik va sog‘liqni saqlash muammolariga jalb qilishga qaratilgan global kampaniyadir.
Butunjahon salomatlik kunini nishonlash bilan bog‘liq bo‘lgan tadbirlar JSSTning boshchiligida tashkillashtiriladi. Ushbu kunni nishonlash munosabati bilan har yili sog‘liqni saqlash sohasida dolzarb bo‘lgan masalalarga xalqaro jamoatchilikning e’tiborini qaratish maqsadida muayyan bir mavzu belgilab olinadi.
Jumladan, 2020 yil «Xalqaro hamshiralik va akusherlik xizmati xodimlari» yili deb e’lon qilingan edi. Koronavirus infeksiyasi dunyoga tahdid solib turgan bir paytda, tibbiyot xodimlari, xususan hamshiralar zimmasidagi mas’uliyat yanada oshdi.
Ular tomonidan koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni sog‘ayib ketishi uchun JSST tavsiyalari asosida va xalqaro standartlar bo‘yicha tezkor va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.