Oʻtgan 2013 yilda Abdusattor Hotamovning “Baland uchgan turnalar”, Muhayyo Toʻlaganovaning “Toza havo” hikoyalar toʻplami, Hamroxon Musurmonovaning “Maxfiy uchlik” fantastik qissasi va Alisher Saʼdullaning “Shiroq” qissasi chop etildi. Bu kitoblarda bolalarning maʼnaviy-axloqiy shakllanish bosqichlari, tabiatni asrash, vatanparvarlik mavzulari aks ettirilgan.
Maʼlumki, bolalar adabiyotida ona-tabiat mavzui doimo oʻziga xos oʻringa ega boʻlib kelgan. Bugungi bolalar adabiyotida, xususan, nasriy asarlarida ham tabiat mavzuiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maʼnoda, Abdusattor Hotamovning izlanishlari alohida diqqatga sazovor. Uning “Moviy osmon”, “Gʻayrat nega qochib ketdi?”, “Qushlar qaytib keldi”, “Oq kabutar” hikoyalarida bu mavzular shaharda, koʻp qavatli uylarda yashaydigan bolalar hayotiga bogʻlab koʻrsatilgan.
Muallifning “Gʻayrat nega qochib ketdi?” hikoyasida bola otasi bilan birga qishloqdan uyga kuchukcha olib kelishadi. Muallif ana shu kuchukcha tufayli bolaning boshidan kechirgan iztiroblarni juda jonli tasvirlaydi. Hikoyaning diqqatga sazovor tomoni shundaki, unda muallif 9 qavatli uyning 3-qavatida yashovchi kichkina Gʻayratning jonli tabiatga boʻlgan munosabatini umumlashtira olgan. Bolani kuchukchaga boʻlgan munosabati nuqtai nazaridan oiladagi kattalar – ota va onaning xatti-harakatlarini kuzatib, bolaning ruhiy iztiroblarini tahlil qilgan. Muallif hikoyasida ona bilan bola oʻrtasidagi vujudga kelgan ichki ziddiyatlarni koʻrsatar ekan, ona obrazini tanqidiy tahlil etadi. Menimcha, bu kabi keskinlikni bolalar haqida kattalar uchun yoziladigan asarlarda berilsa, kattalarni oʻylashga, fikrlashga undashi bilan foydadan xoli boʻlmasdi.
Muallifning “Oq kabutar” hikoyasi qahramoni Jamol ham jonli tabiatga oshno qalbi bilan ajralib turadi. Kabutarlari tufayli koʻp iztiroblar chekkan Jamol hikoya soʻnggida katta boʻlganida muhandis boʻlishni, parrandalar ham yashashi mumkin boʻlgan koʻp qavatli uylar qurishni orzu qiladi.
Muhayyo Toʻlaganova “Toza havo” kitobidagi hikoyalarida qishloq bolalarining hayotini yoritishga harakat qilgan. Hikoyalarda bolalarning oʻziga xos dunyosi har-xil toʻqnashuvlarda, oʻzini anglashga, dunyoni oʻrganishga boʻlgan intilishlarda koʻrinadi.
M. Toʻlaganova hikoyalarining diqqatga sazovor tomoni, oʻgʻil bolalar xarakterida oliyjanoblik, mardlik, masʼuliyat hissini shakllanish bosqichlariga alohida eʼtibor qaratishida koʻrinada. Shu maqsadda muallif bolalarni bir qadar qiyin, mushkul vaziyatlar ichida yolgʻiz qoldiradi. Vaziyatdan chiqish uchun mustaqil qaror qabul qilishni yolgʻiz oʻziga yuklatadi.
Lekin toʻplamdan anchagina boʻsh, badiiy saviyasi pastroq, til masalasiga umuman eʼtibor berilmagan hikoyalar ham oʻrin olgan. Hikoyalarni saralashda nashriyot ham talabchanlikni kuchaytirsa, yomon boʻlmasdi.
Hamroxon Musurmonovaning “Maxfiy uchlik” fantastik qissasida olamni asrash, uni buguni va kelajagiga oid dolzarb mavzular qalamga olinadi. Muallif yosh kitobxon diqqatini bugungi kunda olamlararo tabiiy mutanosiblik buzilib borayotganiga, ulkan yer shari katta chiqindixonaga aylanib qolayotganiga qaratadi.
Muallif ilmiy-fantastik asar yosh kitobxonga tushunarli boʻlishi uchun ortiqcha ilmiy terminlardan foydalanishdan saqlanadi, oʻta mushkul vaziyatlarni oʻyin tarzida, qiziqarli rakurslarda beradi. Qiyosiy tasvir usulidan unumli foydalanadi. Yosh qahramonlar moviy ummonning bir asr ilgarigi koʻrinishiga hozirgi koʻrinishini taqqoslab, oʻrtadagi farq yer bilan osmoncha ekanligidan hayratlanadilar. Hamroxon Musurmonovaning bu kitobi muallifning ilmiy darajasini, tasavvur doirasining nihoyatda kengligini, fantastik asarlar yozishga iqtidori, imkoniyati katta ekanligini koʻrsatadi.
Tarixiy mavzuda yozilgan Alisher Saʼdullaning “Shiroq” qissasi ustoz adib Mirkarim Osimning “Shiroq” hikoyasidan farqli ravishda, janr talabidan kelib chiqib, voqealar sodir boʻlgan davr kengroq tasvirlangan. Gʻ. Karimiy taʼkidlaganidek, Shiroqning jasorati tasodifiy bir voqea boʻlmay, aksincha, u mard va erksevar kishilar orasida tarbiya topganligi, vatanparvar boʻlib ulgʻayganligidadir. Muallif Shiroq obrazida uning tabiatidagi bu fazilatlarni ishonarli ochib bergan.
Oʻtgan yili xalqimizning sevimli adiblari X. Toʻxtaboyevning beshta kitobi, xususan, “Sariq devni minib”, “Jannati odamlar”, “Besh bolali yigitcha”, “Shirin qovunlar mamlakati”, Anvar Obidjonning “Meshpolvonning janglari” dostoni, “0099 nomli yolgʻonchi” ertak-qissani qayta nashr etilganini ham taʼkidlab oʻtishni istardim. Donishmandlar aytganidek, yaxshi kitoblarning yashiligi shundaki, uni har bir avlod oʻzi uchun qayta kashf etadi. Bu kitoblar bolalarning milliy-maʼnaviy tarbiyasiyaga hamma davrlarda katta hissa qoʻshadi.
2013 yilda bolalarning sevimli shoiri Miraziz Aʼzam tomonidan turk yozuvchilari Mustafo Ruhi Shirinning “Kechalari musiqa chalgan mushuk” va Gultan Doyyogʻlining”Laylak qorda qoldi” hikoyalar toʻplamining tarjimalari va isteʼdodli shoira Oygul Suyundiqova tarjimasida Lev Tolstoy, Leonardo da Vinchi, Mixail Prishvinlarning rangin tabiat haqidagi goʻzal ertak va hikoyalari jamlangan “Zumrad tomchilar” kitobi nashr etildi. Mazkur tarjima asarlari ham ulgʻayib kelayotgan yosh avlod qalbida tabiatga mehr uygʻotishda, ona-tabiatni asrab avaylashga oʻrgatishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Oʻtgan yili “Tong yulduzi” gazetasi sahifalarida eʼlon qilingan Erkin Malikning “Bolaligim ertaklari” qissadan parchalari, Yusuf Abdullayevning “Qaviqchi xola”, Luqmon Boʻrixonning “Yoʻlini topib oldi” hikolari, “Gʻuncha” jurnali sahifalarida chop etilgan Zahro Hasanovaning “Navroʻz tuhfasi”, Muhabbat Hamidovaning “Buvimning ish quroli”, Shahnoza Karimovaning “Nihol”,”Gulxan” jurnalidagi Iroda Aliyevaning “Lolaqizgʻaldoq” kabi hikoya va ertaklarida ajdodlar va avlodlarni bogʻlab turuvchi mehr-muhabbatni his qilasiz.
“Gʻuncha” jurnali sahifalarida chop etilgan Feruza Jalilovaning “Kimning ishi toʻgʻri”, Ulugʻbek Mustafoning “Orasta qizaloq”, Halima Ahmadovaning”Chiroqvoy”, Shahobiddin Ortiqovning “Besh” baho”; “Tong yulduzi”dagi Muhabbat Hamidovaning “Jazo” hikoyalarida orastalik, tabiatni muhofaza qilish, ekologik holatni yaxshilash, tevarak muhitni sofligi, musaffoligi uchun kurash gʻoyasi oʻquvchi bolalar obrazi orqali yorqin koʻrsatilgan.
Oʻtgan yili barakali ijod qilgan isteʼdodli shoira, oʻtkir topishmoq va tez aytishlarni doʻndirib yozadigan Zahro Hasanovaning nasrdagi izlanishlari ham eʼtiborga loyiq. Uning hikoya va ertaklari oʻzbekona lutfi, nafosati bilan ajralib turadi.
Yoshlarimizdan Abdulla Chimirzayevning izlanishlari ham diqqatga sazovor. Uning “Gʻijjakchi chigirtka”, “Qaldirgʻochning vatani”, “Noshud zagʻizgʻon” ertaklari kichkintoylar dunyosiga yaqinligi, yengil ruhda, sodda va, ayni paytda, obrazli tili bilan kichik jurnalxonlarimiz tomonidan iliq kutib olinayapti.
Shu oʻrinda 2013 yilda barakali ijod qilgan Hidoyat Olimova haqida alohida toʻxtalib oʻtishni istardim. Hidoyatxonning yil davomida oʻndan ortiq ertaklari, jumladan, “Tulki va Boʻri”, “Sarishta va Farishta”, “Haqiqiy doʻstlar”, “Muchallar bazmi”, “Maqtanchoq quyon”, “Podshoh va oltin baliq”, “Ochkoʻzlikning oxiri voy”, “Xoʻjayin va uning xizmatkori”, “Sehrli oltin taroq” ertaklari eʼlon qilindi. Uning asarlariga xos xususiyat bu – kutilmagan voqealarni, mushkul vaziyatlarni yumshoqlik va, ayni paytda, qatʼiy ishonch bilan tasvirlashida. Muallif oʻz ertaklarida turli sehrgarlar, ramziy va majoziy obrazlar vositasida bolalarni sof insoniy xislatlarga oshno etadi.
Gazeta va jurnal sahifalarini kuzatar ekansiz, oʻquvchilarning maktabda, sportda erishgan muvaffaqiyatlari aks ettirilgan ocherklar, publitsistik maqolalarni koʻrib, bu janrlarning rivojlanayotganligidan quvonasiz.
Bolalar orasida kitobxonlikka boʻlgan qiziqishni oshirish maqsadida berilayotgan “Gulxan” jurnali sahifalarida “Kitobxonlik”, “Gʻuncha”da “Kitob javoningizga”, “Tong yulduzi” gazetasida “Bu kitobni oʻqing” ruknlarida ancha jonlanish bor. Lekin kitob targʻibotini yanada kuchaytirish kerak. Toki nashr etilayotgan kitoblar, ayniqsa, bolalar adabiyotiga, taʼlim tarbiyaga oid kitoblar har bir oilaga kirib borsin.
Oʻtgan yilgi bolalar uchun nashr etilgan asarlar orasida mavzu torligi, bir qolipga tushib qolish, toʻqnashuvlarning nihoyatda boʻshligi, ziddiyatlarning naridan beri hal etilishi, nutqning oʻta gʻalizligi kabi kamchiliklar ham koʻplab topiladi.
Bugungi bolalar nasriga kichkintoylar va oʻsmirlar ruhiy olami, kattalar va bolalar, ota-onalar va bolalar, bola va muhit, bogʻcha tarbiyachisi va bola, oʻqituvchi va oʻquvchi munosabatlari keng tadqiq etilgan qiziqarli asarlar kerak. Yosh kitobxonga namuna boʻladigan zamonaviy qahramonlar obrazi nihoyatda zarurligi haqida gapirib oʻtirishning hojati yoʻq.
Bugun jangari kinolar, multfilmlar, telefon, internet, plesteyshn oʻyinlari koʻpayib ketgan bir paytda ezgulik yuksak sanʼatkorlik bilan ulugʻlangan asarlarga ehtiyoj katta.
Zamira IBROHIMOVA
“Sharq yulduzi”, 2014–3
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/2013-yil-bolalar-nasri-haqida/