Post Views:
21 547
Xiva xonligining tashkil topishi va siyosiy tarixi. 1510 yilda Shayboniyxon vafotidan so‘ng Xorazm hududi Eron shohi Ismoil tomonidan bo‘ysundirildi. 1510-1512 yillarda Xorazmni Eron shohining noiblari idora qildilar. Ammo, 1512 yilda Xorazm hududlarida eroniylarga qarshi halq xarakatlari boshlandi. Ushbu harakatga Vazir shahrining (Ustyurtda, Ko‘xna Urganchdan 60 km uzoqlikda joylashgan bu shaharni XVasrda o‘zbek xonlardan bo‘lgan Mustafoxon barpo etgan) qozisi Umar Shayx boshchilik qildi. Qo‘zg‘olonchilar Xorazmning Vazir, Urganch, Xiva, Xazorasp shaharlaridagi eroniy noiblar va ularning qo‘shinlarini qirib tashladilar. 1512 yilada Xorazmning obro‘li shayxlaridan bo‘lgan Shayx Ota avlodlari ko‘chmanchi o‘zbeklarning Berka sulton avlodidan bo‘lgan Elbarsxonga maktub yo‘llab, uni Xorazm taxtiga taklif qildilar. Elbarsxon taxtga o‘tirgach, eroniylarni mamlakat hududidlaridan butunlay haydab chiqarib, amalda mustaqil xonlikka asos soldi. U mamlakat hududlarini hozirgi Turkmanistonning janubiy qismi, Eronning shimolidagi Seraxs viloyati, Mang‘ishloq, Abulxon, Durun hisobiga ancha kengaytirdi. Ammo, o‘zbek sultonlari va shahzodalar o‘rtasida siyosiy birlik yo‘q edi. Tez orada ular o‘rtasida hokimiyat uchun o‘zaro kurashlar avj olib ketdi. Ushbu kurashlardan foydalangan Buxoro hukumdori shayboniy Ubaydullaxon 1537 – 1538 yillarda, qisqa muddat Xorazmni egallashga muvaffaq bo‘ldi. Mag‘lubiyatga uchragan Avanishxon oilasi bilan shayboniylar tomonidan qatl etildi.
Ubaydullaxonning hukumronligi uzoqqa cho‘zilmadi. Ubaydullaxon zulmiga chiday olmagan xorazmliklar Anushaxonning vorislari boshchiligida buxoroliklarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tardilar. Ubaydullaxon 1538 yilda yana Xorazmga qo‘shin tortdi. Xazorasp bilan Xiva shaharlari oralig‘idagi Kardaronxos degan joyda Buxoro qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchradi. Shayboniylardan ozod bo‘lgan Xorazmda endi ichki kurashlar avj olib ketdi. Shuningdek, Urganch, Kat, Yangi shahar, Xiva, Xazorasp kabi shaharlar va viloyatlar hukmdorlarining markazdan qochuvchi harakatlari kuchayib, ular amalda o‘zlarini mustaqil hisoblar edilar. Ayrim shaharlar bir vaqtning o‘zida ikkta hukmdor tomonidan (mas., Xivada Po‘lat Sulton va Temir Sulton) boshqarildi. O‘zaro kurashlar ayniqsa Elbarsxon va Anushaxon avlodlari o‘rtasida kuchayib ketdi. XVI asrda Abdulg‘oziy ma’lumotlariga ko‘ra, bunday kurashlar natijasida qisqa muddatga hokimiyatdan o‘nlab xonlar almashganlar. Natijada markaziy hokimiyat deyarli inqirozga uchragan edi. O‘zaro kurashlar va siyosiy tanglik, o‘z navbatida iqtisodiy hayotning ham izdan chiqishiga sabab bo‘lgan edi.
XVI asrning ikkinchi yarmida Xojimxon (Xoji Muhammadxon, 1558-1593, 1598-1602 yy.) hukmronligi davrida Xorazmdagi o‘zaro urushlarga biroz barham berilib tinchlik va osoyishtalik o‘rnatildi. Sug‘orish va dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo sodiq ishlariga jiddiy e’tibor qaratilib, tashqi savdo hamda munosabatlar rivoj topdi. Xojimxon hukmronligi davrida poytaxt Urganchdan Xivaga [Xivaning poytaxtga aylanganligi sanasi to‘g‘risida – 1556 y, 1598 y, 1602-1621 yy., 1611-1611 yy.,1610-1612 yy., 1557-1603 yy. kabi fikrlar mavjud] ko‘chiriladi (ayrim manbalarda XVI asrning 70-yillarida, ayrimlarda esa 90-yillarda). Bunga asosiy sabab Amudaryo o‘zanining o‘zgarib Kasbiy dengizga oqmay qo‘yishi natijasida Urganch va uning atroflaridagi suv tanqisligi bo‘lsa, ikkinchidan, Xivaning bu davrda siyosiy va iqtisodiy mavqyei ancha kuchayib, asosiy savdo markaziga aylanishi yana bir sabab edi. Poytaxt Xivaga ko‘chirilganidan so‘ng davlat ham Xiva xonligi deb atala boshlandi.
Bu orada Buxoro hukmdori Abdullaxon II Shayboniylar davlatini qayta tiklashga muvaffaq bo‘lib Xorazm hududlarini yana Shayboniylar tasarrufiga olish uchun harakat boshladi. Chunonchi, bir necha yurishlardan so‘ng 1593 yilda Xorazm yana Shayboniylar qo‘liga o‘tdi. Abdullaxondan mag‘lubiyatga uchragan Xojimxon Xivani tashlab bir guruh navkarlari bilan Eronga qochdi va shoh Abbos saroyidan panoh topdi. 1598 yilda Abdullaxon II vafot etganidan so‘ng Hojimxon shoh Abbosdan ruhsat olib Xorazmga qaytdi. Yangi sharoitda u Urganch bilan Vazirni boshqarishni o‘ziga olib Xiva bilan Katni Arab Muhammadxonga, Hazoraspni Isfandiyor Sultonga berdi. 1600 yilda Hojimxon Urganch va Vazir qal’alari boshqarishini Turkiyadan kelgan o‘g‘illariga topshirib, o‘zi Xiva kichik o‘g‘li Arab Muhammadxon bilan qoladi. 1601 yilda Hojimxon 83 yoshida vafot etgach, taxtga uning o‘g‘li Arab Muhammadxon (1602-1623 yy.) o‘tirdi.
Arab Muhammadxonning dastlabki hukmronligi yillarida toju-taxt uchun kurashlar davom etdi. Xususan, 1605 yilda nayman urug‘i vakillari Elbarsxon avlodiga mansub Xusrav Sultonni taxtga o‘tkazishni rejalashtiradilar. Ammo, bu fitna oshkor bo‘lib, Xusrav Sulton qatl ettiriladi. Oradan ikki yil o‘tgach, uyg‘ur oqsoqollarining maslahati bilan Solih Sulton degan kimsa taxtga davogar bo‘ladi, bu isyon ham bostirilib, Solih Sulton o‘ldirildi.
1616 yilga kelib taxt va mansab talashish mojarolariga Arab Muhammadxonning o‘g‘illari ham qo‘shildilar. Uning Isfandiyorxon, Habash, Elbars, Abdulg‘ozi, Sharif Muxammad, Xorazmshoh va AFg‘on Sulton ismli 7 nafar o‘g‘li bor edi. Isfandiyor Hazoraspda, Abdulg‘oziy Sulton Katda, Habash bilan Elbasr sultonlar Vazir va Urganch hokimlari etib tayinlangan edilar. Xon farzandlarining har biri taxtga davogar edi. Ayniqsa Habash sulton bilan Elbars sultonlarning harakatlari keskin edi. Ota – bolalar o‘rtasidagi ziddiyatlar kuchayib ohir – oqibatda qonli urushga aylandi. 1621 yilda Toshli Yorilish arig‘i (Xiva yaqinida) yonida Arab Muhammadxon va uning o‘g‘illari Habash hamda Elbars sulton qo‘shinlari o‘rtasida jang bo‘ldi. Isfandiyor va Abdulg‘oziy sultonlar otasi tomondan turib kurashgan bo‘lsalarda, bu jangda Arab Muhammadxon yengildi. Arab Muhammadxon avval ko‘zlari ko‘r qilinib Xivaga jo‘natildi. 1623 yilda esa Qum qa’lasi yaqinida Arab Muxammadxon xotinlari, yosh o‘g‘illari va ikkita nabirasi bilan o‘g‘illari Xabash va Elbars sulton tomonidan o‘ldirildi. Isfandiyor Eronga (garchi unga Makkaga borishga ruhsat bergan bo‘lsada), Abdulg‘oziy esa Buxoroga qochib, jon saqladilar.
1623 yilda otasining qatl etirilganligini eshitgan Isfandiyorxon Durun shahri, Abdulxon tog‘laridan, turkmanlarning taka, yovmut, sariq urug‘laridan qo‘shin to‘plab Urganchga yurish boshladi. Urganch yaqinida Isfandiyorxon va Habash – Elbars qo‘shinlari o‘rtasida 23 kun davom etgan jangda birlashgan aka – ukalar qo‘shinlari Isfandiyor qo‘shini tomonidan tor – mor etildi. Elbars qo‘lga olinib qatl etildi. Habash Sirdaryo bo‘ylaridagi qoraqalpoqlardan najot so‘radi. Ammo, u bu yerdan boshpana topolmadi va navkarlari bilan qo‘lga olinib, Isfandiyorxonga topshirildi hamda ularning barchasi qatl etildi.
1623-1643 yillar davomida Xiva xonligi taxtini Isfandiyorxon boshqardi. O‘zining yigirma yillik davlat boshqaruvini Isfandiyorxon turkman qabila boshliqlariga tayanib olib bordi. Xonlikning yuqori lavozimlariga turkmanlar tayinlanib, ularga katta imtiyozlar berildi. Natijada o‘zbek urug‘larning Isfandiyorxon siyosatiga qarshi noroziligi kuchayib bordi. Isfandiyorxon taxtga o‘tirgan yiliyoq nayman urug‘larini qirg‘in-barot qildi. Xonlikdagi o‘zbek urug‘lari uch bo‘lakka bo‘linib, biri – Mang‘it, biri – Qozoqlar yurti va yana biri Movarunnahrga ko‘chib ketdi. Oradan ko‘p o‘tmasdan o‘z yurtiga qaytib kelgan o‘zbeklar Isfandiyorxon tomonidan qilichdan o‘tkazildi.
Isfandiyorxon xonligi davrida ham Xorazmda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilmadi. Toju-taxt uchun kurashlar ilgarigi davrlardagidek davom etdi. Xonlikdagi siyosiy hokimiyatni turkmanlar qo‘liga berib qo‘ygan Isfandiyorxondan norozi bo‘lgan kuchlar uni taxtdan chetlatish rejalarini tuzdilar. Bu kuchlarga xoning ukasi Abulg‘ozi boshchilik qildi. Shuningdek, Amudaryoning Orolga qo‘yilish joyida (Orol bo‘yi)da istiqomat qilgan o‘zbeklar (bu yerda o‘zbek qo‘ng‘irotlari katta siyosiy mavqyega ega edilar) ning xonlikning siyosiy hayotiga ta’siri kuchayib bordi.
Manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, 1643 yilda Orol bo‘yi o‘zbeklari Abulg‘ozi sultonni (1643-1663yy.) xon qilib ko‘tardilar. Xorazm davlatchiligi tarixida yirik davlat arbobi va tarixnavis ijodkor sifatida mashhur bo‘lgan Abulg‘ozixonning hayot yo‘li og‘ir kechgan. Abdulg‘ozixon otasi Arab Muhammad taxtdan ketgach o‘zi taxtga o‘tirgunga qadar uzoq yillar (yigirma yildan ko‘proq) muhojirlikda yashashga majbur bo‘lgan edi. U dastlab Buxoro xukumdori Imomqulixon himoyasida, keyinroq esa, ikki yilga yaqin qozoq sultoni Eshimxon saroyida yashagan. Shundan so‘ng Toshkentga kelib bu yerda ikki yil yashadi. Toshkentdan Buxoro orqali Xivaga qaytgan Abulg‘oziyni Isfandiyorxon bosqinchilikda ayblab hibsga oladi va Isfaxon shahriga Eron shohi huzuriga badarg‘a qiladi. Isfaxon yaqinidagi Taborak qal’asida o‘n yil asirlikda yashagan Abulg‘ozi 1639 yilda o‘z nazoratchilari yordamida bandilikdan qochishga muvaffaq bo‘ldi. Shundan so‘ng u bir yilga yaqin Xurosonning Mohin qishlog‘ida, ikki yilga yaqin Mang‘ishloq turkmanlari orasida yashaydi. Keyin uni qalmiq xoni o‘z o‘rdasiga taklif etadi. Bu yerda Abulg‘ozi bir yilga yaqin yashagach qalmiq xoni to‘plab bergan katta kuch bilan 1643 yilda Urganchga qaytib, Orol bo‘yi o‘zbeklari yordamida Xiva taxtiga o‘tiradi.
Akademik B.Ahmedovning yozishicha, “Abulg‘ozi hammasi bo‘lib yigirma yil atrofida xonlik masnadida o‘tirdi. Lekin boshqa hukmdorlarga o‘xshab huzur-halovat ko‘rmadi. Umri ko‘proq urush – talashlarda o‘tdi.” Manbalarga ko‘ra, Abulg‘ozixon haqiqatan ham butun umrini taxt uchun kurash va jangu – jadallarga bag‘ishlagan hukmdor bo‘lgan. Ammo, u davlat arbobi sifatida ham qobiliyatli shaxs bo‘lgan. Abulg‘ozixon dastavval xonlikda markazlashgan boshqaruv tizimini mustahkamlashga e’tibor qaratdi. Bu jarayonda u avvalo, turkman yo‘lboshchilarini boshqaruv ishlaridan chetlashtirdi. Ularning yer – suvlari, mol – mulklari musodara qiinib, o‘zlari mamlakat ichkarisiga surgun qilindi.
Xonlikdagi barcha lavozimlarga o‘zbek urg‘ularining boshliqlari qo‘yildi. Xiva tarixchisi Munisning ma’lumot berishicha, Abulg‘ozixon ma’muriy islohot o‘tkazib, xonlikning boshqaruv tizimini batamom yangitdan tashkil etdi. Xonlikning boshqaruv tizimida o‘zbek urug‘larining mavqyei ortib bordi hamda ularning 360 nafar vakili xon saroyida turli lavozimlarga ko‘tarildi. Xon yangi amaldorlar orasidan eng obro‘li 32 nafarini o‘z yoniga oldi. Munis ta’biri bilan aytganda, “andoqkim ikki shayx ul-islom, ikki qozi, bir rais Said ota avlodidan, bir mutavalli, bir naqib, to‘rt otaliq, to‘rt inoq, to‘rt mirob, to‘rt parvonachi, ikki oqo, ikki arbob, to‘rt chig‘atoyi inoqi va bir vazirkim, holo mehtar derlar va bir qushbegi, bu ikkovi o‘rinsiz xon huzurida oyoq ustida turadilar”.
Abulg‘ozixon o‘zbek qabilalarini o‘troqlashtirish siyosatini olib borish bilan birga, ularni to‘rta guruhga bo‘lib, Buxoro bilan chegaradosh bo‘lgan Doyaxotun (Darg‘onota yaqinida) dan tortib, to Orolgacha bo‘lgan hududlarga joylashtirdi. Shuningdek, Abulg‘ozixon 1645-1650 yillarda Xuroson, Janubiy Turkmaniston, Tajan, Murg‘ob, Artek, Gurlan, Abulxon va Mang‘ishloq atrofidagi turkmanlar ustiga yurishlar uyushtirdi. Xonlik sarhadlarini kengaytirishga harakat qildi. Xonning topshirig‘i bilan Vazir qal’asi aholisi Gurlan qal’asi yaqinida tiklangan Kichik Vazir qishlog‘iga ko‘chirildi. 1646 yilda Abulg‘ozixonning buyrug‘iga binoan Urgancharna arig‘i qaziladi va uning yaqinida yangi qal’a bunyod etilib, bu qal’aga Yangi Urganch deb nom beriladi. Bu yerga Ko‘hna Urganch aholisining bir qismi ko‘chirib keltiriladi. 1648 yilda G‘oziobod kanali qazilib, uning yaqinda chegara istehkomi quriladi.
Davlat boshqaruvi va bunyodkorlik ishlari bilan shug‘ullangan Abulg‘ozixon tarixchi tabib sifatida ham bebaho meros qoldirgan. Taxminan 1657 yilda Abdulg‘ozi tabobatga oid “Manafi’ ul-inson” (“Insonga foydali narsalar”) nomli asarini yozgan bo‘lsa, 1658-1664 yillarda “Shajarai turk” nomli tarixiy asarlarini yaratdi.
Abulg‘ozixon hali o‘zi hayotlik davrida Xiva xonligi taxtini o‘g‘li Anushaxon (1663-1687yy)ga topshirdi va oradan olti oy o‘tib vafot etdi. Anushaxon Xiva xonligi mavqyei va qudratini oshirish maqsadida otasining ishlarini davom ettirdi. U Buxoro, Samarqand va Xurosonga bir necha marta harbiy yurishlar uyushtirib xonlik chegaralarini mustahkamlash hamda kengaytirish harakatida bo‘ldi. Anushaxonning harbiy yurishlarida jasorat ko‘rsatgan turkmanlarga bo‘lgan munosabat o‘zgardi. Xon turkmanlarga Xorazm vohasi hamda uning atroflariga ko‘chib kelishiga ruhsat berdi.
1687 yilda saroy a’yonlari tomonidan fitna uyushtirilib, Anushaxon o‘ldiriladi. Taxtga esa uning o‘g‘li Xudoydod (1687-1688yy) o‘tkaziladi. Afsuski yangi hukumdorning xonlik faoliyati uzoq davom etmadi. Ogahiy habarlariga ko‘ra, siyosatda bilimdon va xalqa adolatli xon sifatida obro‘ orttira boshlagan Xudoydodni inisi Arangxon [ayrim adabiyotlarda Ernakxon yoki Erangxon deb ham beriladi] shahid edi. Ammo, Arangxonning (1689-1690yy.) hukmronligi uzoq davom etmadi. 1690 yilda u Orol o‘zbeklari bilan bo‘lgan janga halok bo‘ldi.
Arangxon vafotidan so‘ng Buxoro xoni Subhonqulixon Xiva taxtiga o‘z odami Shohniyozni (1690-1707yy.) o‘tkazib, amalda Xiva xonligini Buxoroga vassal davlatga aylantirdi. Shuning uchun ham Shohniyoz garchi o‘zini xon deb e’lon qilgan bo‘lsada, o‘z faoliyati davomida Buxoro ta’siridan qutula olmadi. XVII asrning oxiri – XVIII asrning boshlariga kelib, Xiva xonligida siyosiy tarqoqlik, taxt uchun kurashlar va mahalliy hukmdorlarning mustaqillikka intilish harakatlari avj olib ketadi. Viloyatlar hokimlari xonga itoat etmay qo‘yganliklari bois Xiva xoni saroy amaldorlari va mahalliy hukmdorlar qo‘lidagi qo‘g‘irchoqqa aylanib qolgan edi. Shuning uchun ham XVIII asrga oid ayrim yozma manbalarda Xiva xonligi “Besh qal’a” deb atalgan bo‘lsa kerak. Uning tarkibidagi Xazorasp, Xonqa, Urganch, Kat va Shovot qal’alarining markaziy hokimiyatga tobeligi yuzaki xususiyatga ega edi.
Shohniyoz Buxoro ta’siridan qutulish hamda markaziy hokimiyatni mustahkamlash maqsadida 1703 yilda Rossiya hukumdori Pyotr I ga maktub yo‘llaydi. Bu maktubda Xiva xonligini Rossiyaga qo‘shib olish so‘ralgan edi. Pyotr I ning Xivani Rossiya tarkibiga qo‘shilganligi haqidagi yorlig‘i 1707 yilda Xivaning yangi hukmdori Arab Muhammadga (1707-1715yy.) topshiriladi. Ammo, Xivada siyosiy kurashlar avj olib turgan sharoitda ushbu yorliq hech kimning e’tiborini tortmadi. Umuman, Ogahiy ma’lumotlariga ko‘ra, Arangxon davridan to Sherg‘ozixon davriga qadar Xivada o‘nlab hukmdorlar almashganlar.
Sherg‘ozixon (1715-1728yy)ning hukumronligi davri siyosiy voqyealarga boy bo‘ldi. Uning hukmronligi davri o‘zbek, turkman, qoraqalpoq zodagonlarining o‘zboshimchalik harakatlariga qarshi kurash bilan o‘tdi. Bu paytga kelib, Orol bo‘yi o‘zbeklari orasida ham siyosiy vaziyat keskinlashib ketgan edi. Buning asosiy sababi – Orol bo‘yida yashayotgan o‘zbeklarning Qo‘ng‘irot, Mang‘it, Xo‘jayli va Qipchoq urug‘iga mansub aholisining mustaqillik uchun kurashlari edi. Bu kurashlarga boshchilik qilgan, Mang‘it biylaridan bo‘lgan Sheralibiy Xiva xonligiga itoat etishdan bosh tortib, Orol bo‘yini mustaqil hokimlik deb e’lon qildi. Sherg‘ozixon bu yerdagi harakatlarni bostirishga harakat qilgan bo‘lsa-da, bu ishning butunlay uddasidan chiqa olmadi.
XVIII asrning boshlariga kelib Rossiya hukumatining Xiva xonligining ichki ishlariga aralashuvi kuchaydi. Rossiya hukumron doiralari O‘rta Osiyo, jumladan Xiva xonligini ham bosib olishni rejalashtira boshlagan edilar. Rossiya hukumdori Pyotr I ning 1717 yilda Xivaga uyushtirgan Bekovich-Cherkasskiy boshchiligidagi ekspeditsiyasi ham aynan shu maqsadda tashkil etilgan edi. Ammo, Sherg‘ozixonning hiyla ishlatishi natijasida 6 ming kishidan iborat bu ekspeditsiya bir kechada qirib tashlandi. Shunga qaramasdan to O‘rta Osiyo bosib olinmagunicha Chor Rossiyasi hukumatining bunday harakatlari davom etdi.
O‘zaro ichki kurashlar, shahzodalarning o‘zaro mojoralari, ko‘plab yig‘iladigan soliqlar xonlikdagi iqtisodiy ahvolni og‘irlashtirib yubordi. Natijada 1728 yil Xivada hokimiyatga qarshi qo‘zg‘alon ko‘tarildi. Bu yerda xonning zulmiga qarshi qullar bosh ko‘targan edilar. Oqibatda Sherg‘ozixon va uning yaqin mulozimlari o‘ldirildi.
Sherg‘ozixon o‘limidan keyin taxtga o‘tirgan qozoq sultoni Elbarsxon (1728-1740yy.) davrida ichki kurashlar davom etib, qo‘shni hududlarga ko‘plab talonchilik yurishlari uyushtirilib turishi natijasida Xiva xonligining harbiy qudrati zaiflashib bordi. Bu vaziyatdan unumli foydalangan Eron shohi Nodirshoh 1740 yilda Xiva xonligiga hujum boshladi. Dastavval Xazorasp yonida Xiva qo‘shinlari bilan eroniylar o‘rtasida qattiq jang bo‘ldi. Bu jangda Xiva qo‘shinlari yengilib, Xazorasp qal’asiga chekindi. Eroniylar Xazorasp qal’asini uzoq muddat qamal qilib uni egallay olmagach, Xonqa qal’asiga hujum qildilar. Bu paytda vaziyat o‘zgarib, Elbarsxonga madad berib turgan mang‘it beklari Nodirshoh tomonga o‘tib ketdilar. Oqibatda Elbarsxon yengildi va qo‘lga olinib, Nodirshoh tomonidan qatl etildi.
Elbarsxonning mag‘lubiyatidan so‘ng qozoqlarning kichik juz qabilasi boshlig‘i, rus fuqaroligini qabul qilgan Abulxayrxonni Xiva taxtiga o‘tqazdilar. Abulxayrxon sulh tuzish uchun Nodirshohga noma yuborib rad javobini oldi. Oradan qisqa vaqt o‘tib, Nodirshoh Xivaga ikkinchi marta yurish qildi va uni egalladi. Abulxayrxon esa qozoq dashtlarga qochib ketdi. Bu yerga Nodirshoh Mang‘it beklaridan bo‘lgan Ortiqbek va Xo‘rzodbeklarni noib etib tayinladi. Ammo, Orol bo‘yi o‘zbeklari Nodirshohga itoat etishdan bosh tortib, Abulxayrxonning o‘g‘li Nuralini o‘zlariga xon qilib ko‘tardilar. 1741 yilda Xivada eroniylarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarilib, Nodirshohning noiblari o‘ldirildi, askarlari ham qirib tashlandi. Xivaga Nuralixon xon qilib o‘tqazdirildi. Ammo, Nurallixonning xon sifatida siyosiy ta’siri deyarli yo‘q edi.
1741 yilda Nodirshoh o‘g‘li Nasrullo boshchiligida yana Xivaga yurish qilib Nuralixon va uning tarafdorlarini Xivadan haydab yubordi.Taxtga esa Elbarsxonning o‘g‘li Abdulg‘ozi II xon qilib o‘tqazildi. Ammo, uning hukumronligi ham uzoq cho‘zilmadi. 1746 yida Xivada Mang‘it inoqlari tomonidan uyutirilgan fitnada Abdulg‘ozi II o‘ldirildi. Shundan so‘ng Nodirshohning roziligi bilan 1747 yilda qozoq sultoni Abdulxayrning ukasi Taibxon (Kaipxon) (1747-1757yy) taxtga o‘tqazildi. Manbalarda Taibxonning nihoyatda zolim hukmdor bo‘lganligi eslatiladi. U Xiva taxtiga o‘tirgach avvalo, hokimiyatini inoqlar ta’siridan xalos qilish maqsadida Mang‘it inoqlaridan bo‘lgan Huzurbekni tarafdorlari bilan qatl ettirdi. Davlatdagi yirik mansablar esa qozoq beklariga bo‘lib berildi. Taibxon aholiga nisbatan jabr-zulmini kuchaytirib, 1756 yilda Xiva aholisidan 40 ming tanga qo‘shimcha soliq yig‘ib oldi. Bu esa Xivada xalq qo‘zg‘oloniga sabab bo‘ldi. Taibxon taxtni tashlab qozoq dashtlarga qochib ketdi. Hokimiyatni esa qisqa muddat uning ukasi Abdullaxon egalladi.
Xivadagi ichki nizolardan foydalangan Buxoro hukumdori Muhammad Rahimbiy Xivani o‘z ta’siriga o‘tkazish harakatini boshladi. Shu maqsadda o‘z odami Temur G‘ozixon (1757-1763yy)ni Xiva taxtiga o‘tqazdi. Temur G‘ozixon ham Xivada yetarli darajada siyosiy barqarorlik o‘rnata olmagan bo‘lsada, uning hukmronligi davridan boshlab xonlikda o‘zbeklarning qo‘ng‘irot urug‘idan bo‘lgan inoqlarning mavqyei ortib bordi. Temur G‘ozixon bir necha yil hukmronlik qilib, saroy fitnasi natijasida o‘ldirildi. Uning o‘limidan so‘ng Xiva hokimiyati qozoq sultoni Tavkaxon (1763y.) qo‘liga o‘tdi. Biroq, oradan ko‘p o‘tmasdan u ham taxtdan mahrum bo‘ldi. 1763 yilda inoq Muhammad Amin amalda Xivadagi oliy darajadagi hukumdorga aylandi.
Xiva qo‘ng‘irotlari sulolasining siyosiy tarixi.
1763 yildan boshlab Xivada amalda qo‘ng‘irot urug‘i inoqlari hokimiyat tepasiga kelgan bo‘lsa-da, 1804 yilgacha Xiva xonlari hukmdor sifatida boshqa shaxsni xon qilib e’lon qilganlar. Qo‘ng‘irotlar sulolasi hukmdorlaridan Muhammad Amin inoq (1763-1790yy.) Xivada hokimiyatni qo‘lga olgach saroydagi bir qancha lavozim va amallarga o‘ziga sodiq va ishonchli odamlarni tayinladi. Yangi xon shu yo‘l bilan xonlikdagi muhim siyosiy-ma’muriy, moliyaviy va harbiy hokimiyatni o‘z qo‘liga olib, ayrim mustaqil beklarni o‘ziga itoat ettirdi.
Manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, shaharlik savdogarlar, hunarmandlar va din peshvolari yordamida o‘z hokimiyatini ancha mustahkamlagan Muhammad Amin inoq 1770 yilda turkmanlar hujumini, 1782 yilda Buxoroliklar tajovuzini muvaffaqiyatli qaytardi. Uning hukumronligi davrida Xiva xonligida dehqonchilik, savdo – sotiq va hunarmandchilikni rivojlantirish maqsadida ma’lum chora – tadbirlar amalga oshirildi. Mahalliy hukumdorlarning o‘zaro nizomlari va kurashlariga chek qo‘yilishi natijasida xonlikdagi iqtisodiy hayot yaxshilanib bordi.
Muhammad Aminning o‘g‘li Avaz inoq (1790-1804 yy.) otasining ishlarini davom ettirgan bo‘lsa, Avazning o‘g‘li Elto‘zar inoq 1804 yilda Xiva taxtiga o‘tirib, sohta xon Abdulg‘ozi V ni haydab yubordi va o‘zini rasmiy xon (1804-1806 yy.) deb e’lon qildi. Shu tariqa Xivada qo‘ng‘irotlar sulolasi hukumronligi rasmiy qaror topdi. Eltuzarxon xonlikdagi mustaqil hokimlarni birlashtirish siyosatini davom ettirdi. Ammo, uning hukmronligi uzoq davom etmadi. 1806 yilda Eltuzarxon buxoroliklar bilan bo‘lgan jangda halok bo‘ldi. Taxtga uning ukasi Muhammad Rahimxon I o‘tirdi.
Muhammad Rahimxon I (1806-1825 yy.) markazlashtirish siyosatiga katta e’tibor berib, Xiva xonligini birlashtirishni nihoyasiga yetkazdi. Xiva tarixchilarining ma’lumotlariga ko‘ra, Muhammad Rahimxon I xonlikdagi vaziyatni to‘g‘ri tushunib, shunga yarasha davlat siyosati ishlab chiqdi va ushbu siyosatni qat’iyatlik bilan amalga oshirdi. Xususan, uning bevosita tashabbusi bilan xonlikda ma’muriy – siyosiy, iqtisodiy va harbiy islohotlar o‘tkazildi.
Dushmanlariga, markazdan qochuvchi kuchlarga nihoyatda beshafqat bo‘lgan Muhammad Rahimxon I o‘z atrofiga o‘zbek, turkman, qozoq va qoraqalpoqlarning nufuzli vakillarini to‘plab, ularga amallar va unvonlar berdi. Xon saroyi qoshida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi Kengash (Devon) ta’sis etildi. Ruhoniylarga ham alohida e’tibor berilib, Shayxulislom Kengashning a’zosi va xonning eng yaqin masahatchisiga aylandi. Muhammad Rahimxon I ning musulmon ruhoniylarining halq orasidagi mavqyeini hisobga olib sayidlardan bo‘lgan Sayid Pirmuhammad Xo‘janing qiziga uylangani ham ma’lum.
Bu xon davrida mamlakatning iqtisodiy hayoti jonlanganligi haqida ham ma’lumotlar talaygina. Uning davrida mahsus islohotlar o‘tkazilib, soliqlar tarkibiga solindi. Bojxona tashkil etilib, ichki va tashqi savdodan keladigan daromadlar ko‘payib bordi.
Muhammad Rahimxon I mamlakat sarhadlarini kengaytirish hamda bo‘ysunmas qabilalarni itoat ettirish maqsadida qator harbiy harakatlar olib bordi. Juda qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, 1811 yilda Orol-Qo‘ng‘irot tobe ettirildi. 1812-1813 yillarda Sirdaryo bo‘yidagi qozoq va qoraqalpoq ovullariga ketma-ket qo‘shin yuborilib, ular Xiva xoniga bo‘ysundirildi. Shundan so‘ng xonlik hududlarini Janubiy Turkmaniston va Xuroson viloyatlari hisobiga kengaytirish harakati boshlandi. Ammo, bu masalada Xiva bilan Buxoro o‘rtasida kurash boshlanib ketdi. 1817 yilgi Chorjuy qal’asi yaqinidagi birinchi to‘qnashuvda Xiva qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchradi. Shunga qaramasdan Muhammad Rahimxon I Buxoro hududlariga 1820, 1823, 1824 yillarda talonchilik urushlari qilib turdi.
Janubiy Turkmaniston va Xuroson viloyatlariga harbiy yurishlar Muhammadrahimxondan keyin taxtga o‘tirgan o‘g‘li Olloqulixon (1825-1842 yy.) va nabirasi Rahimqulixon (1842-1845 yy.) davrida ham davom etdi. Olloqulixon Janubiy Turkmaniston va Xuroson viloyatlarida o‘z hukmronligini mustahkamlash uchun ular ustiga besh marotaba yurish qildi. 1826 yilda Xiva qo‘shinlari Shimoliy Xurosondagi Oqdarband qal’asini zabt etdilar. 1828-1829 yillarda bu hududdagi Jalqon qal’asi egallandi. Olloqulixon zamonida Buxoro va Xiva o‘rtasida Marv viloyati uchun to‘qnashuvlar bo‘lib turdi.
Olloqulixon 1842 yilda vafot etgach taxtga uning o‘g‘li Rahmonqulixon (1842-1845 yy.) o‘tirdi. Taxtni egallagan yangi xon ham Janubiy Turkmaniston yerlariga hujum boshladi. Bu yurishlarga hujum qilib, Xazoraspni qamal qildi. Ammo, mag‘lubiyatga uchrab orqaga chekinishga majbur bo‘ldi. Bu orada Rahmonqulixon Chorjo‘yni qamal qilib, uning atrofidagi qishloqlarni taladi. Rahimqulixon Xuroson uchun bo‘lgan janglarning birida halok bo‘lgach taxtga uning ukasi Muhammad Aminxon (1845-1855 yy.) o‘tirdi.
Muhammad Aminxon hukmronligi davrida ham Janubiy Turkmaniston va Xurosonda tinchlik hukm surmay, xonga qarshi isyonlar davom etdi. Ayniqsa, Marv va Seraxs shaharlarida ko‘tarilgan qo‘zg‘olonlar hokimiyatni larzaga keltirdi. Qo‘zg‘olonchilar Xiva xoniga bo‘ysunishdan bosh tortib, xon amaldorlari va soliq yig‘uvchilarni tutib qatl qildilar. Ogahiy ma’lumotlariga ko‘ra, Muhammad Aminxon Marv va Seraxs uchun o‘n marotaba yurish qilgan, faqatgina 1854 yilda Marv qo‘zg‘oloni qiyinchilik bilan bostiriladi. 1855 yil Seraxs ostonasida turkmanlar bilan Xiva lashkarlari o‘rtasida bo‘lgan jangda Xiva qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchrab, Muhammad Aminxon, uning o‘n to‘rt nafar shahzodalari va saroy amaldorlari fojeali halok bo‘ldilar.
1855 yil Said Abdullaxon (besh yarim oy – 1855 yil 20 mart – 27 avgust) Xiva taxtiga o‘tirdi. Ammo, bir guruh saroy amaldorlari Said Abdullaxonni tan olmasdan unga qarshi fitna uyushtirib, yovmut turkmanlari bilan aloqa o‘rnatdilar hamda ularni isyonga chorladilar. Yovmutlar isyon ko‘tarib G‘ozovot va Ilonli atroflarida qishloqlarni talay boshladilar. Said Abdullaxon Xivadagi fitnachilarni fosh qilib, uning ishtiroqchilarini qatl ettirgach, isyonchilarga qarshi kurash boshladi. Dastavval, Xiva qo‘shinlari bilan bo‘lgan jangda yovmutlar mag‘lubiyatga uchrab dasht ichkarisiga chekingan bo‘lsalar-da, avgustning oxirida yovmutlar Xiva navkarlari qarorgohiga (Ilonli yaqinida) to‘satdan tunda hujum qildilar. Bu hujumda Xiva navkarlari mag‘lubiyatga uchrab, Said Abdullaxon o‘ldirildi.
Bu voqyeadan keyin saroydagi vazir Muhammad YOqub mehtar boshchiligidagi bir guruh amaldorlar Sayid Abdullaxonning o‘n yetti yashar ukasi Qutlug‘ Murodni xon qilib ko‘tardilar, YOqub mehtar va Ibrohim qo‘shbegi davlat boshqaruvida xonning eng yaqin kishilari edilar. Bu orada xonlikdagi siyosiy vaziyat yana keskinlashib ketdi. Qutlug‘ Murodxonga bo‘ysunmagan turkman yovmutlari Ota Murodni, qozoq va qoraqalpoqlar Jorliq To‘rani o‘zlariga xon deb e’lon qildilar. Qutlug‘ Murodxon ularning isyonlarini qiyinchilik bilan bostirdi. Ammo, uning hukmronligi ham uzoq cho‘zilmadi (to‘rt yarim oy). Qutlug‘ Murodxon o‘z ukasi Niyozbek Muhammad tomonidan hiyla ishlatilib uyushtirilgan fitna (yovmut turkmanlari yordamida) natijasida o‘ldirildi.
Qutlug‘ Murodxon o‘limidan so‘ng Xiva taxtiga Sayid Muhammadxon (1856-1864 yy.) xon qilib ko‘tarildi. U hokimiyatga kelgan paytda xonlikda siyosiy vaziyat keskinlashgan, iqtisodiy ahvol nihoyatda og‘ir bo‘lib, ko‘pchilik viloyatlarda ocharchilik hukm surgan, yuqumli kasalliklar tarqalgan edi. Vaziyatni to‘g‘ri baholay olgan Sayid Muhammadxon yuz berayotgan isyonlarni tinch yo‘l bilan hal qilish, tinchlikni qaror toptirish, iqtisodiyotni tiklash choralarini ko‘rdi. U avvalambor Buxoro va Rossiya bilan savdo aloqalarini yaxshiladi. Dehqonchilik, obodonlashtirish va qurilish ishlarida qator tadbirlar o‘tkazildi. Ammo, xonlikdagi ichki notinchlik to‘xtamadi. Xonlikda faqat o‘zbek urug‘larigina emas balki, yarim ko‘chmanchi va chorvador aholi bo‘lgan turkman, qozoq, qoraqalpoq va boshqa xalqlar og‘ir soliqlar va turli to‘lov hamda majburiyatlarga tortilganligi bois xonlikning turli shahar va viloyatlarida noroziliklar, isyonlar bo‘lib turdi.
Sayid Muhammadxon 1864 yil 10 sentyabrda kasallanib vafot etgach taxtga uning o‘g‘li Sayid Muhammadxon Rahimxon II (1864-1910 yy.) o‘tirdi. Soniy va Feruz nomlari bilan ham ma’lum bo‘lgan bu hukmdor Xiva xonlari orasida eng adolatparvar va ma’rifatparvar hukmdor bo‘lganligi bois ham 47 yil davomida mamlakatni idora qilgan.
Uning zamondoshlari bo‘lgan Ogahiy va Bayoniylar asarlarida Sayid Muhammadxon Rahimxon II (Feruz) faoliyatida adolatparvarlik va haqgo‘ylik, qattiqqo‘llik va talabchanlik bilan, ma’rifatparvarlik esa tashabbuskorlik bilan uyg‘unlashib ketganligi haqida ma’lumotlar beradilar. Bu xon o‘zining butun hukmronligi davrida el-yurt farovonligi, tinchlik-osiyishtaligi uchun kurashdi. Xonlikda dehqonchilik, sug‘orish ishlari, savdo-sotiq va hunarmandchilik taraqqiy etdi. Bu davrda Xorazmda ayniqsa ilm-fan, adabiyot va san’at, me’morchilik yuksaldi. Xonning o‘zi “Feruz” taxallusi bilan ijod qilib o‘zbek mumtoz adabiyoti rivojiga katta hissa qo‘shdi.
Zamonaviy Xorazm tarixchilari Sayid Muhammadxon Rahimxon II hukmronligini ikki bosqichga ajratadilar. Birinchi bosqich – 1864 – 1873 yillar, xon hukmronligining dastlabki o‘n yilligi bo‘lib, bu davrda Muhammadxon Rahimxon II davlatni mustaqil boshqarib, mamlakatda tinchlik va farovonlikni qaror toptirish, qishloq xo‘jaligi, savdo-sotiq va hunarmandchilik, fan va madaniyatni yuksaltirish yo‘lida ulkan ishlarni amalga oshirdi. Ikkinchi bosqich – 1873 yil avgustdan 1910 yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. 1873 yilda Xiva general Kaufman boshchiligidagi rus qo‘shinlari tomonidan bosib olingach, tuzilgan sulhga binoan Xiva xonligi Rossiyaga qaram davlatga aylandi. Bu davrda Muhammadxon Rahimxon II ning faoliyati Rossiya hukumati tomonidan qat’iy cheklandi va nazorat ostiga olindi. Shunga qaramasdan xon o‘zining adolatparvarlik va bunyodkorlik faoliyatini davom ettirdi.
Muhammadxon Rahimxon II vafotidan so‘ng taxtga uning o‘g‘li Sayid Isfandiyor (1910-1918 yy.) o‘tirdi. Isfandiyorxon xonlik davrini yangiliklardan boshladi. Uning farmoni bilan xonlik aholisi qadimdan to‘lab kelayotgan soliqlarning bir necha turi qisqartirildi. General-mayor unvoniga ega bo‘lgan Isfandiyorxon ham otasi kabi rus hukumatiga tobe edi. Uning davrida xonlikda bir qancha qo‘zg‘olon bo‘lib o‘tdi. Xon bu qo‘zg‘olonlarni ruslar yordamida bostirdi. 1918 yil 1 oktyabrda turkman Qurbon Muhammad Sardor (Junaidxon)ning buyrug‘i bilan Isfandiyorxon o‘ldirildi. Hokimiyatni Junaidxon o‘z qo‘liga oldi. Ammo, u Xiva taxtiga o‘tira olmas edi. Shu bois ham Isfandiyorxonning ukasi Said Abdullaxon (1918-1920 yy.) nomigagina xon qilib ko‘tarildi. 1920 yil 2 fevralda Xivaga kirib kelgan qizil armiya qo‘shinlari Junaidxon lashkarlarini tor-mor etib, hokimiyatni sovetlarga topshirdi.
Xiva xonligining xududi, ma’muriy tuzilishi va aholisi. Xonlikning aniq chegaralari haqida ma’lumotlar saqlanmagan. Chunki xonlik paydo bo‘lgan dastlabki davrlardan boshlab siyosiy vaziyat va harbiy harakatlarga qarab davlat chegaralari doimiy ravishda o‘zgarib turgan. XIX asrga kelib xonlik tarkibiga turkman, qozoq, qoraqalpoq va boshqa xalqlarning qo‘shilishi natijasida davlat sarhadlari ancha kengaydi. Manbalarga ko‘ra, Eltuzarxon (1804-1806 yy.) davrida xonlikning xududi uncha katta bo‘lmasdan, shimoliy chegarasi Orol-Qo‘ng‘irot hokimligi, janubiy chegarasi esa Darg‘onota bilan chegaradosh bo‘lgan. XIX asr o‘rtalariga oid rus manbalarida xonlikning g‘arbiy chegarasi Kaspiy dengizigacha, janubda esa Marv vodiysi orqali Eronga tutashib ketganligi, shimolda esa Ural daryosigacha cho‘zilganligi qayd etilgan.
Xiva xonligi ma’muriy jihatdan XVI-XVIII asrlarda viloyatlarga bo‘lingan bo‘lsa, XVIII asr oxiri – XIX asr boshlaridan boshlab davlatdagi asosiy ma’muriy hududlar beklik deb atalgan. Manbalarga ko‘ra, bu davrda xonlikda 16ta beklik va 2ta noiblik mavjud edi. Ular Xazorasp, Gurlan, Xonqa, Kuhna Urganch, Qo‘shko‘prik, Pitnak, Qiyot, Shobboz (Shohabboz), Shovot, Toshhovuz, Ambarmanak, Urganch, Xo‘jayli, Shumanay va Qo‘ng‘irot bekliklari hamda Beshariq va Qiyot-Qo‘ng‘irot noibliklaridir. Ularni xon tomonidan tayinlangan beklar va noiblar boshqarganlar. Xiva shahri boshqaruvi xon va bosh vazir ixtiyorida bo‘lgan. Xonlikning poytaxti turli davrlarda Vazir, Kat, Ko‘hna Urganch, Xiva shaharlari bo‘lgan.
Muhammadxon Rahimxon I (1806-1825 yy.) xonlikning ma’muriy boshqaruv tizimini tubdan o‘zgartirdi. Bekliklarning markaziy hokimiyatga bo‘ysunmasligini hisobga olib, Muhammadxon Rahimxon I xonlik hududida kentlarga ajralishni bekor qildi va manbalarga ko‘ra, xonlikda avval 15ta hamda keyinroq yana 11ta hokimlik tashkil etdi. Bular quyidagilar edi: Xazorasp, Ostona, Urganch, Kat, Toshhovuz, Qo‘shko‘prik, Oqdarband, Gurlan, Ko‘k qashqa, Qo‘ng‘irot, Ko‘hna Urganch, Ilonli, Taxta, Xonqa, Shobboz, Manoq, G‘oziobod, Shayx, Mang‘it, Xo‘jayli, Shumanay, To‘rchi, Oqtepa, Qorag‘on, Xitoy. Hokimliklar o‘z navbatida masjid-qavmlarga bo‘lingan. Manbalar xonlikda jami 1537ta masjid-qavmlar bo‘lganligi haqida ma’lumot beradi. Viloyat hokimlari xon tomonidan, masjid-qavmlarning qozi va oqsoqollari esa viloyat hokimlari tomonidan tayinlangan.
Shunday qilib, Xiva xonligi ma’muriy jihatdan hozirgi Xorazm viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qozog‘iston va Turkmaniston Respublikalarining bir qismini o‘z ichiga olgan davlat edi.
Xiva xonligining o‘troq dehqonchilik vohalarida asosan o‘zbeklar yashab, ular davlatdagi aholining katta ko‘pchiligini tashkil etganlar. Xonlikda shuningdek, turkmanlar, qozoqlar, qoraqalpoqlar, kam miqdorda tojiklar, yahudiylar, hindlar, eroniylar, ruslar, armanlar, nemislar ham yashaganlar. Xiva xonligidagi aholining umumiy soni haqida ma’lumotlar deyarli yo‘q. Arxiv hujjatlari va rus sayyohlarining ma’lumotlari bu masalaga qisman aniqlik kiritadi. Xususan, XIX asrning birinchi choragiga oid ma’lumotlarda xonlik aholisi 300 ming, shu asrning 40-yillariga oid ma’lumotlarda 300 mingga yaqin, so‘nggi choragiga oid manbalarda 700 mingga yaqin deb berilsa, arxiv manbalarini chuqur o‘rgangan olim M. Yo‘ldoshev XIX asr o‘rtalarida xonlikda 800 mingga yaqin odam istoqomat qilganligi qilganligi haqida ma’lumot beradi.
XIX asrning o‘rtalariga kelib xonlikda shahar hayotining rivojlanishi natijasida shahar aholisining soni ko‘payib bordi. Xiva, Xazorasp, Xonqa, Urganch, Qo‘ng‘irot, Ko‘hna Urganch kabi shaharlarda rus sayyohlari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2 mingdan 5 minggacha xonadon yashagan. Xonlik poytaxti Xiva shahrida 21 mingdan ortiq aholi yashagan.
Davlat tizimi. Mansablar va unvonlar. XVII asrda Xivada muayyan bir sulola hukmdor emas edi. Chingiziylar sulolasiga mansub ba’zi shaxslar Xivaga chaqirilib xonlik taxtiga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, amalda hokimiyat qo‘ng‘irot sulolasidan bo‘lgan inoq qo‘lida bo‘lgan. 1804 yildan boshlab faqat Qo‘ng‘irotlar sulolasi vakillari Xivada xon bo‘lganlar.
Xiva xonligida unvon va mansablarni saroy, harbiy va diniy unvon hamda va amallarga bo‘lish mumkin. Tadqiqotchilarning fikricha (Sh. Vohidov) bu tasnif sof nazariy bo‘lib, aslida xonlik davrida muayyan unvon va mansablar sohalar bo‘yicha berilmagan. O‘sha vaqtda amaldor va unvon egasi ko‘pincha xonga nisbatan shaxsiy sadoqati, qavmi yaqinligidan bir mansabdan boshqa mansabga o‘tib, unvonlar sohibiga aylangan. Xonlikda eng oliy unvon xon bo‘lib, u ma’muriy, siyosiy va harbiy vakolatlarga ega bo‘lgan.
Xiva xonligi davlat tizimida Buxoro amirligi va Qo‘qon xonligidan farqli o‘laroq, xon huzurida Oliy Kengash amal qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu Oliy Kengashni Muhammad Rahimxon I “o‘z hokimiyatini mustahkamlash uchun ilgari inoq va otaliqlar boshliq bo‘lgan urug‘ oqsoqollari kengashi o‘rniga ta’sis etgan edi. Bu Oliy Kengashga turli da’vo va jinoiy ishlarni ko‘rish va qaror chiqarish huquqini berdi.” Bu Kengashning vakolati chegaralangan bo‘lib, maslahat beruvchi organga o‘xshar, uning a’zolari eng yuqori mansab va unvondagi amaldorlar bo‘lgan. Kengash majlisida boshqa amaldorlarga qaraganda qo‘proq inoq, shayx ul-islom, devonbegi va yasuvulboshi hal etuvchi ovozga ega bo‘lganlar. Kengash majlislari masalaning muhimligiga qarab, xon tomonidan chaqirilar edi. Oliy Kengash oqsoqollardan, ya’ni, ma’lum mansab va unvon egalaridan, chunonchi, naqib, shayx ul-islom, mutavvalli, mirob, qozi, farmonchi, darg‘a, shig‘ovul, dasturxonchi, arbob, miroxo‘r kabilardan iborat edi. Shuningdek, xonning qarindosh urug‘laridan bo‘lgan beklar, otaliq, inoq va biylar ham bu kengashga kirganlar.
Bu tor doiradagi Kengash garchi davlat tashkiloti sifatida rasmiylashtirilmagan bo‘lsa-da, uning qarori xonning qaroridek ko‘rsatilsa-da, amalda yuqori qonun chiqaruvchi ma’muriy va sud hokimiyati edi. Kengash xonlikning ichki ishlariga doir hamma masalalar bo‘yicha qaror qabul qilar va xonlikning boshqa davlatlar bilan bo‘lgan tashqi munosabalariga doir muammolarni hal etar edi. Garchi Kengash davlatning turli-tuman ichki va tashqi ishlarini muhokama qila olsa-da, muhokama qilingan masalalar bo‘yicha qaror chiqarish avvalo xonning xohish – irodasiga bog‘liq bo‘lgan.
Xon saroyidagi unvon va mansablar. Unvonlar orasida eng kattasi inoq edi. Odatda inoqlar eng qudratli o‘zbek urug‘laridan tayinlangan hamda hamda ular xonning eng yaqin maslahatchilari bo‘lgan. Inoqlar yirik amaldor, ya’ni urug‘ boshlig‘i hisoblangan. Abulg‘ozixon tantanali marosimlarda o‘tirish uchun inoqlarga o‘z yonidan to‘rtta joy ajratgan. Inoqlar biy, sulton, mingboshi kabi unvonlarni ham olganlar. XX asr boshlariga kelib inoqlar bek martabasiga tushib, oliy saroy amaldorlaridan ma’muriy mansab egalariga aylanadilar.
Otaliq – urug‘ oqsoqoli. Inoq boshliq to‘pa (guruh) ga birlashgan urug‘ boshlig‘i. Xonning eng yaqin maslahatchilaridan biri bo‘lgan. Otaliq qilich va pichoq taqib yurgan.
Biy – saroy unvoni. Inoq va otaliqdan keyingi martaba. Biy qabila va urug‘ning boshlig‘i hisoblanib, ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi turkiy xalqlarning, jumladan o‘zbeklarning urug‘ oqsoqollariga beriladigan unvon edi. XVII-XIX asrlarda biylar yirik o‘zbek qabila va urug‘lariga boshchilik qilib, faqat markaziy hokimiyatga itoat etganlar. Biy unvoni avloddan avlodga meros qilib qoldirilgan.
Amir ul-umaro – Amirlarning amiri, Xiva xonligida XIX asrning o‘rtalarida ta’sis etilgan. Sayid Muhammadxon bu unvonni birinchi marta o‘zining akasi Sayid Mahmud to‘raga bergan edi. Muhammad Amin inoq hukmronligi davrida amir ul-umaro uning akasi Fozilbiy edi. O‘shandan keyin amir ul-umaro unvoni hech kimga berilmagan.
Qo‘shbegi – Xiva xonligida saroyning oliy mansablaridan biri bo‘lib, moliya va soliq yig‘ish ishlarini bajargan. Qo‘shbegining maxsus devoni hamda unga tobe etuvchi amaldorlari bo‘lgan.
Mehtar – katta, ulug‘ degan ma’noni beradi. Mehtar saroy xizmatkorlarining boshlig‘i vazifasini bajarib, xonga yaqin kishilardan va xon urug‘iga mansub a’yonlardan tayinlangan. Mehtarning ham o‘z devoni bo‘lib, yer solig‘i “solg‘ut” to‘plash ham uning xizmatiga kirgan.
Beklarbegi – Qoraqalpoq va ko‘chmanchi xalqlarning oqsoqollariga beriladigan faxriy unvon. Beklarbegining vazifasi ularning o‘z urug‘laridan yig‘iladigan xarajatlarning to‘g‘riligini tekshirib turish va ularni to‘la ravishda xazinaga topshirish ustidan nazorat qilishdan iborat bo‘lgan. Bu lavozimga amaldorlar odatda xonning qarindosh-urug‘laridan tayinlangan.
Bek – XIX asrda Xiva xonligining ijtimoiy-siyosiy hayotida beklar ancha katta rol o‘ynaganlar. Bek – xon va davlat arboblarining qarindoshlariga, farzandlariga beriladigan faxriy unvondir.
Parvonachi – xon saroyidagi oliy vazirlardan biri. Parvonachi saroyning ichki va tashqi ishlarida ham faol qatnashishi mumkin bo‘lgan. U arzu-shikoyatlarni xonning huzuriga olib kirib, javobini qaytargan. Shuningdek, parvonachi xonning formonlarini saroy a’yonlariga yetkazib turgan.
Eshikoqosi – saroy darvozalarini qo‘riqlash ishlarini boshqargan. Oybolta uning mansab alomati bo‘lgan. Hukmdor saroyda bo‘lgan vaqtda eshikoqosi uni qo‘riqlash bilan shug‘ullangan. Eshikoqosi arzgo‘ylarning nima xususda kelganlarini surishtirib, ularni saroydagi tegishli amaldorlar tomoniga jo‘natar edi. Faqat juda muhim xabarlar bilan kelgan kishilargina xon huzuriga kiritilgan.
Saroyda darvoza ortida turadigan qorovullar va maxsus darvoza qo‘riqchilaridan tashqari xonni qo‘riqlaydigan tunqator yoki tunotarlar, ya’ni, kechasi bilan xonni qo‘riqlab chiqadigan xizmatchilar ham bo‘lgan.
Mahram – ishonchli xizmatkor, sidqidildan xizmat qiluvchi saroy ichkarisidagi xodim ma’nolarini anglatadi. Mahramlar xonga yaqin kishilar hisoblangan. Davlat boshqaruvida ular bevosita xonning maslahatchilari bo‘lishgan. Mahramlar xonning oromxonasiga kirish huquqiga ega bo‘lganlar.
Xiva xoni saroyida yana quyidagi unvon, mansab va vazifalar mavjud bo‘lgan: oftobachi, buxchabardor, soatbardor, kitobdor, mo‘zabardor (xon poyabzalini beruvchi), sharbatdor, mahram boshi (yuqori lavozim hisoblangan), to‘shakchi, karnaychi, surnaychi, jarchi, oshmehtar (xon va saroy oshxonasi boshlig‘i), sorbon (tuyachilar), kamon xalfa (ovchi, qushchi), merganlar, sayis (ot boquvchi), ko‘mirchi, kuchanchi (egar-jabduqchi), tamakisoz, loykash, kulol, xodimchi, ro‘molchi, selobchi (jom ushlab turuvchi), poyaki (chilimchi), aravachi, noschi, qilichkor (qilich va shamshir yasovchi), oshpaz, tovoqchi, darakchi (otchopar), jirchi (ashulachi), yo‘nuvchi (duradgor), devon (mirza), mushrif (ozuqa yig‘uvchi), bojbon (zakotchi) va boshq. Ularning barchasi saroy xazinasidan maosh olganliklari haqida ma’lumotlar bor. Saroydagi umumiy tartibni arbob nazorat qilgan.
Xonlikdagi harbiy unvonlar va mansablar. Davlatdagi eng oliy harbiy amaldor xonning o‘zi edi. Ko‘p hollarda shaxsan xon boshchiligida, ayrim hollarda taniqli sarkardalar boshchiligida boshqa hududarga yurishlar uyushtirilgan. Eng yuqori harbiy-ma’muriy lavozim amir ul-umaro edi. Undan keyingi rasmiy ravishda yuqori sarkarda yasovulboshilik mansabi edi. Xonlikda ular ikki kishi bo‘lib, biri yovmud turkmanlariga, ikkinchisi esa chovdirlarga qo‘mondonlik qilar edi. Xon huzuridagi rasmiy qabul marosimlarida yasovulboshilarning doimiy o‘rinlari bo‘lmas edi. Lekin ular xon huzurida bo‘ladigan tor kengashda mehtar, qo‘shbegi va devonbegi bilan bir qatorda qatnashar edilar. Yasovulboshiga yasovullar, mirshablar, shotirlar, eshikolari itoat etganlar.
Yasovulboshidan keyingi harbiy unvon mingboshi edi. Harbiy yurishlar paytida mingboshilarga katta ma’suliyat yuklangan. Ya’ni, ular qo‘shinni aytilgan yerga to‘plashi, ularning tayyorgarlik darajasini nazorat qilishi, jang paytida qo‘shinning ma’lum guruhiga yo‘lboshchilik qilishi lozim bo‘lgan. Shuning uchun ham arxiv hujjatlariga ko‘ra mingboshilar yaxshi in’omlar olganlar.
Xiva xonligida harbiy istehkomlar-qal’alar alohida ahamiyatga ega bo‘lib, ular ma’muriy-mudofaviy vazifani bajargan. Bunday qal’alar kutvol (qal’abon) qo‘lida edi.
Xiva qo‘shinlarida sarkardalar muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Sarkardalar bir necha yuzdan bir necha minggacha bo‘lgan navkarga boshchilik qilganlar. Yurishlar paytida sarkarda boshchiligida tug‘ (bayroq) qo‘tarib borilgan. Bayroq ko‘tarib boruvchilarga tug‘begi boshchilik qilgan. Qo‘shinda yuzboshi, panjshohboshi (ellikboshi), dahboshi (o‘nboshi), qorovul, mahram, navkar kabi vazifalar bo‘lgan.
Navkarlar soliqlar va turli majburiyatlardan ozod qilinganliklari bois katta yer egalarini qattiq himoya qilganlar. Xiva qo‘shinida dehqonlardan olinadigan navkarlardan tashqari, turkmanlar, qoraqalpoqlar, qozoqlar va boshqa ko‘chmanchi xalqlar askarlari ham bo‘lib, ular xonga majburiy ravishda ma’lum miqdorda askarlar berganlar.
Xonlikdagi diniy hamda qozixona unvonlari. Xivada davlatni boshqarish bo‘yicha islom dini mafkuraviy asosni tashkil etgan. Qonunlar shariat tartib va yo‘riqlari asosida amal qilgan. Shayx ul-islom – xonlikdagi eng yuqori martabali kishi edi. U diniy marosimlarning aniq bajarilishi ustidan nazorat qilgan. Marosimlar paytida shayx ul-islom xonning o‘ng tomonida o‘tirish huquqiga ega bo‘lgan.
Qozi ul-quzot (qozi kalon) – musulmon huquqi va qonunlar bajarilishini shariat asosida nazorat qilgan. Qozi kalon poytaxtda o‘z devoni va mahkamasiga ega bo‘lgan. Viloyat markazlarida ham viloyat qozisi bo‘lgan. Ular mahkamalarining nomi Dor ul-qazo deb atalgan. Lashkarlardagi qonun-qoidalar ketidan qozii askar (askar qozisi) nazorat qilib, sha’riy masalalarni hal etib turgan.
Mufti – qozilarning huquqshunoslari hisoblangan. Ular biror ish ko‘rilayotgan paytda ishtirok etishlari, hukmona tuzishlari va hukmlarning to‘g‘riligini tasdiqlash uchun hujjatlarga muhrlarini bosishlari lozim edi. Xivada bosh mufti yettita bo‘lib, barcha muftilarning xon yonida o‘rni bor edi. Lashkarda o‘zining mufti lashkari xizmat qilgan.
A’lam – muftilarning boshlig‘i hisiblangan. Uning vazifasi fatvolarda keltiriladigan shariat rivoyatlarini tekshirishdan iborat bo‘lib, ayrim rivoyatlarning asl nusxasiga mosligini aniqlagach, a’lam unga o‘z muhrini bosgan.
Raislar – shariat tartib-qoidalari, diniy marosimlar – ro‘za, besh vaqt namoz, tahorat, xayri-ehson ishlarining aniq bajarilishi ustidan nazorat qilgan. Ota-analar bolalarini o‘z vaqtida maktabga yuborishi, bozorlarda sotuvchilar xaridorlarni aldamasligi tarozilarni tekshirib turish ham raisning vazifasi bo‘lgan. Har bir shahar va katta qishloqning o‘z raisi bo‘lib, qozi kalon taqdimiga muvofiq xon tomonidan tayinlangan.
Mutavalli – diniy muassasalarda xayr-ehson mablag‘lari va xo‘jalik ishlari bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik noziri. Mutavallining vazifasi vaqf mulki, undan foydalanish va keladigan daromadni nazorat qilish, uni taqsimlash, ijaraga berish, oxun va mudarrislarga maosh to‘lash kabilardan iborat edi.
Mudarris – madrasa o‘qituvchisi, muayyan ilohiyot fanidan dars bergan. Oxun-oxund – va’zxon, notiq, din targ‘ibotchisi. Mudarris va oxunlar o‘zlari ta’lim bergan madrasaning vaqfidan maosh olib turganlar. Shuningdek, madrasa ularga hujra ham bergan.
Xiva xonligi tarixiga oid manbalar, arxiv hujjatlari va ilmiy adabiyotlarni chuqur tahlil etgan manbashunos olim Sh. Vohidov xonlikda quyidagi amallar, unvon va mansablar, vazifalar bo‘lganligi haqida ma’lumot beradi:
Amir ul-umaro, aravachi, arbob, a’lam, buxchi, buxchabardor, vazir, vakil, bek, beklarbegi, biy, bojbon, botirboshi, bog‘bon, darvozabon, dasturxonchi, dahboshi, devon, devonbegi, dorg‘a, doruchi, dorug‘a, jallod, jallodboshi, jarchi, jirchi, zargar, imom, imomi jilav, inoq, yilqibon, kalontar, karvonboshi, karnaychi, katxudo, kitobdor, kitobbardor, kulol, kutvol, kuchanchi, ko‘mirchi, loykash, mahram, mahramboshi, dahboshi, mahsido‘z, mergan, mehtar, miltiqsoz, mingboshi, mirob, miroho‘r, muazzin, mudarris, mutavalli, mufti, mufti askar, mushrif, muharrir, muhtasib, navkar, naqib, naqibxo‘ja, noib, nonvoy, otaliq, otchopar, oftobachi (qumg‘onchi), oxun, oshpaz, oqo-og‘o, oqsoqol, panjohboshi, panjsadboshi, parvonachi, poyaki, rais, raisi kalon, ro‘molchi, sayis, sandiqchi, sarboz, sarbon, sarroj, sarhang, selobchi, sipohiy, soatsoz, sozanda, suvchi, soqchi, surnaychi, so‘fi, temirchi, tikuvchi, tirnoqchi, tovoqchi, toshchi, tunqator, tug‘chi, tug‘chiboshi, to‘pchi, to‘ra, to‘shakchi, udaychi, farrosh, farrosh yuzboshi, xazinachi, xalifa, xodimchi, xon poyabzalchisi, xo‘jasaro, chitgar, chodiri, cho‘pon, shayx ul-islom, shamchi, shamxolchi, sharbatdor, sharbatchi, shahzoda, shig‘ovul, sholikor, shotir, ellikboshi, eshikoqosi, yuzboshi, yo‘nuvchi, o‘nboshi, o‘tar (sartarosh), qayiqchi, qalandar, qiziqchi, qilichkor, qozi, qozi askar, qozi qalon, qozi ul-qo‘zot, qozi urdu, qorovul, qorovul begi, qushbegi, qo‘shbegi, hokim, yasovul boshi.
Xiva xonligining davlat tuzilishi o‘zining mukammalligi jihatidan o‘z davrining ba’zi bir G‘arbiy Yevropa davlatlari tuzilishi darajasida bo‘lmasa-da, biroq ma’lum idora qilish tizimi mavjud bo‘lib, yetarli darajada tartibli edi. Shunga binoan, yuqorida eslatganimizdek, davlat mansablari saroy-ma’muriy, diniy va harbiy lavozimlarga bo‘linar edi. Bu vazifalarni bajaruvchilarga davlat xazinasidan tegishli maosh va mukofotlar berilgan. Sanab o‘tilgan turli-tuman amaldorlar va xizmatkorlarning mavjudligi Xiva xonligida juda katta boshqaruv apparati bo‘lganligi, mukammal boshqaruv siyosati yuritilganligini tasdiqlaydi.
Yer egaligi. Dehqonchilik va chorvachilik. Butun O‘rta Osiyo hududida bo‘lgani kabi Xiva xonligida ham yer egaligining quyidagi shakllari hukmronlik qilgan: davlatga qarashli yerlar yoki podsholik yerlari; xususiy shaxslarga qarashli yerlar; diniy muassasalarga qarashli yerlar, yoki vaqf yerlari.
Podsholik yerlari bevosita davlatga, xonga tegishli bo‘lib, avloddan avlodga meros bo‘lib o‘tgan. Davlat yerlariga doimiy sug‘oriladigan ekinbop yerlardan tashqari tashlandiq yerlar, qumlik, adirlar va yaylovlar, ko‘l va to‘qayzorlar ham kirgan. Davlat yerlari bosib olingan hududlar, xonga qarshi mulkdorlarning musodara qilingan yerlari, yangi yerlarning o‘zlashtirilishi hisobiga ham kengayib borgan. Davlat yerlari xon tomonidan mulkdorlarga va ijarachi dehqonlarga, bevatan (yersizlar)larga foydalanish uchun bo‘lib berilgan.
Bunday yerlardan davlatga olingan hosilning 40-50 foizigacha mahsulot yoki pul ko‘rinishida soliq undirilgan. Davlat yerlari xonlik xazinasining asosiy manbai hisoblangan. Xon o‘ziga xolis xizmat qilgan amaldorlarga, yaqin qarindoshlariga, sodiq xizmat qilgan navkarlarga va dindorlarga davlat yerlaridan in’om qilib bergan. Bunday yerlar soliqlardan ozod etilgan.
Xususiy (mulk) yerlar xonning shaxsan o‘ziga, uning yaqin qarindoshlariga, yirik boylarga, saroy amaldorlariga, harbiylarga va boshqa zodagonlarga tegishli yerlar bo‘lgan. Xonlikning suvga yaqin bo‘lgan o‘troq markaziy tumanlaridagi unumdor va serhosil yerlarning asosiy qismi mulkdorlar qo‘lida edi. XIX asr birinchi yarmiga oid ma’lumotlarga ko‘ra, mulk egalariga tegishli yerlar xonlikdagi barcha sug‘oriladigan yerlarning yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etgan. Manbalarning ma’lumot berishicha, ayrim mulkdorlar ixtiyorida ikki-uch ming tanobdan o‘nlab ming tanobgacha yer bo‘lgan. Misol uchun, Pitnak, Xazorasi va SHo‘roxon shaharlari hamda ularga tutash bo‘lgan qishloqlar amir ul-umaroga tegishli bo‘lgan. Muhammadaminxon o‘g‘li Abdulla to‘raga 20 ming tanobdan ortiq yerni in’om qilgan va hokazo.
Vaqf yerlariga diniy muassasalarga, masjid, madrasa, qabriston, xonaqolarga qarashli yer-mulklar kirgan. Bu mulklar diniy muassasalarga xon, amaldorlar va ayrim shaxslar tomonidan vaqf qilib berilgan. Bunday yerlardan kelgan daromad diniy muassasalar ehtiyoji uchun sarf etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, (A. Boltayev) XIX asr o‘rtalarida xonlikdagi vaqf mulkining umumiy hajmi 170-175 ming tanobni tashkil etgan.
Xiva xonligidagi kam yerli va umuman yersiz, ot-ulovsiz dehqonlar ko‘pchilikni tashkil etgan bo‘lib, ular davlat, mulk hamda vaqf yerlarida ijaraga ishlaganlar. Ijaradorlar ijaraga olgan yer miqdoriga qarab davlatga soliq to‘laganlar. Ular kimning yerida xizmat qilishlariga qarab bevatan, koranda va vaqfkor degan qatlamlarga bo‘lingan. Davlat yerlarini ijaraga olgan yersiz va kamquvvat dehqonlar bevatanlar, mulk yerlaridagi ijarakorlar koranda, vaqf yerlari ijarakorlari esa vaqfkor deb atalgan.
Dehqonchilik va chorvachilik Xiva xonligi iqtisodiy hayotining asoslaridan hisoblangan. Dehqonchilikda Amudaryo quyi oqimidan olingan ko‘plab kanallar va ariqlar muhim o‘rin egallagan. Ta’kidlash lozimki, Xiva xonligida suv manbalarining yetarli bo‘lishiga qaramasdan, dehqonchilik taraqqiyoti qo‘shni Buxoro xonligidagidek yuksak darajada rivoj topmagan edi.
Xonlikda donli ekinlardan bug‘doy yetishtirish nisbatan keng rivojlangan bo‘lib, bug‘doy Pitnakdan Shohabbozgacha bo‘lgan hududlarda ayniqsa ko‘p eqilgan. Sug‘oriladigan yerlarga bug‘doyning saranchi navi ko‘p yetishtirilgan. Bug‘doy yig‘ib olingan dalalarga qovun, tarvuz, mosh, jo‘xori kabi ekinlar ekilgan.
Paxta yetishtirish asosan Gurlan, Yangi Urganch, Xiva, Xonqa, Shohabbozda rivojlangan. Paxta chigitidan yog‘ olinib, tolasi mahalliy hunarmandlar ehtiyoji va tashqi bozorga chiqarilgan. Suv ko‘p talab qilmaydigan (Hazorasp, Qo‘ng‘irot, Toshhovuz, Ilonli, G‘azovat, Mang‘it va Gurlan) kunjut, no‘xat, mosh, arpa va boshqa ekinlar ekilgan. Sabzovot – poliz ekinlari ko‘plab yetishtirilgan. Xorazm qovunlari qo‘shni hududlarda ham mashhur bo‘lgan. Bog‘dorchilik ham ancha taraqqiy etgan. Ammo, ipakchilik kam miqdorda rivojlangan.
Xonlikning o‘troq dehqonchilik tumanlarida chorvachilik yaxshi rivoj topmagan. Vohalarida yirik hayvonlar dehqonchilikda (yer haydash, hosilni yanchish, suv chiqarish va boshq.) foydalanish, go‘sht va sut mahsuloti uchungina boqilgan. Xonlik aholising go‘shtga bo‘lgan talabini ko‘chmanchi turkman va qozoq qabilalari qondirganlar. Ko‘chmanchilar qo‘y, yilqi, tuya yetishtirib aholining go‘sht, sut, teri, jun bilan to‘la ta’minlab turgan.
Soliq siyosati. Xiva xonligida qo‘shni davlatlarda bo‘lgani kabi xiroj, zakot, boj, jiz’ya kabi soliqlar mavjud bo‘lgan. Muhammad Rahimxon I amalga oshirgan iqtisodiy islohot tufayli xonlikdagi soliq siyosatiga o‘zgartirishlar kiritiladi. Xususan, ilgari mahsulot ko‘rinishida yig‘ib olinadigan xiroj o‘rniga pul solig‘i solg‘it (solg‘ut) joriy etildi. Bunga ko‘ra, 10 tanobdan ortiq yeri bo‘lganlar yiliga 3 tillo (54 tanga), 5-10 tanob yeri bo‘lganlar 2 tillo (36 tanga), 5 tanobgacha yeri bo‘lgan dehqonlar 1 tillo (18 tanga) miqdorda soliq to‘laganlar. 15 tanobgacha yerni ijaraga olgan ijarakorlar yiliga davlat xazinasiga 34 tanga, 10 tanobgacha yerni ijaraga olganlar 22.6 tanga, 5 tanobgacha yerni ijaraga olganlar 11.3 tanga miqdorda soliq to‘laganlar. Ijarakor dehqonlar davlat xazinasiga soliq to‘lashdan tashqari, ijaraga yer bergan xo‘jayinga pul yoki mahsulot bilan haq to‘lashi yoxud ishlab berishi lozim bo‘lgan.
Xonlikdagi yarim o‘troq va chorvador aholi ham davlat xazinasiga belgilangan miqdorda xiroj va zakot to‘laganlar. XIX asr boshlaridan boshlab ulardagi xiroj solig‘i soliq kesma deb atala boshlagan. Bunga ko‘ra, qoraqalpoqlar va qo‘ng‘irotlilar ekin maydoni va hosil miqdoridan qat’iy nazar davlat xazinasiga har yili 24.5 ming kichik tillo miqdorida soliq to‘lab turganlar. Qoraqalpoqlar va qozoqlardagi yersiz va ot-ulovsiz dehqonlar, xon, uning qarindoshlari va saroy amaldorlarining shaxsiy yerlarida ijarakor bo‘lsalar hosilning har 4 yoki 5 botmoni hisobidan ikki botmon miqdorida davlat xazinasiga soliq to‘laganlar.
Chorvador aholi xon xazinasiga zakot solig‘i to‘lagan. XIX asr boshlariga qadar bu soliq natura ko‘rinishida, 40 bosh chorva hisobidan bir bosh undirilgan bo‘lsa, keyingi davrlarda zakotni undirishga o‘tilgan. Endilikda chorvadorlar yirik chorva uchun 40 bosh chorvadan 5 tillo, mayda chorvaning har 40 boshiga 10 abbos (10 abbos – 25 kumush tanga) miqdorida soliq to‘laganlar.
YUqoridagilardan tashqari xonlikning barcha o‘troq, yarim o‘troq va ko‘chmanchi aholisi qazuv, begor, qochuv, otlanuv, boj puli, miltiq solig‘i, ulov tutuv, qo‘nalg‘a, chopar puli, tarozi haqi, mirobona, darvozabon, mir tuman haqi, afanak ruli kabi qo‘shimcha to‘lov hamda majburiyatlarni ham bajarganlar. Ular orasida eng og‘iri qazuv, qochuv va begor bo‘lib, bu davlat qurilishi, ariqlarni va daryodagi dambalarni ta’mirlash, qal’a, saroy, shahar devorlari, yo‘l va ko‘priklar qurilishi hamda ta’mirlanishi uchun har yili 12 kun bepul ishlab berish majburiyati bo‘lgan.
Hunarmandchilik va savdo-sotiq. Shaharlar. Xorazm hunarmandchiligi ixtisoslashgan bo‘lishiga qaramay, yarim ko‘chmanchi xo‘jaliklarda uy hunarmandchiligi ustunlik qilgan. Hunarmandchilikning asosiy sohalaridan biri to‘qimachilik edi. Ko‘chmanchi aholining turli matolarga bo‘lgan talabi va qisman tashqi bozor uchun mahsulot yetkazib beruvchi to‘qimachilik sanoati rivojini taqozo etgan. Xonlikda ipak, yarim ipak va paxta matolar ishlab chiqarilgan. Matolar asosan qo‘lda tayyorlangan.
Undan tashqari xonlikda kulolchilik, misgarlik, degrezlik, temirchilik duradgorlik kabi an’anaviy hunarmandchilik turlari ham rivojlangan. Manbalar shahar va qishloqlarda yer haydaydigan moslama tayyorlovchilar (pazachi), ot abzali tayyorlovchilar (kuchanchi), misgarlar, zargarlar, pichoqchilar, qinchilar, bo‘yoqchilar, telpakdo‘zlar, qulfgarlar, juvozchilar, shamchilar, sovunchilar, novvoylar, oshpazlar kabilar maxsus kasb-hunarga ixtisoslashganliklari haqida ma’lumotlar beradi.
Xivada gilam to‘qish o‘zining qadimiy ahamiyatini xonlik davrida ham saqlab qoldi. Ilgarigidek, gilam to‘qish bilan turkmanlar ham shug‘ullanganlar. Xiva gilamlari ichki va tashqi bozorda mashhur bo‘lgan. Umuman olganda, mahalliy hunarmandlarning mahsulotlari ichki va tashqi bozor uchun ishlab chiqarilgan.
XVI asrning oxiriga kelib Amudaryo asosiy o‘zaning o‘zgarishi Xorazmning tashqi savdo aloqalariga ham ta’sir etdi. Xorazmning ilgarigi savdo markazlari o‘z ahamiyatini yo‘qota borib, Rossiya bilan savdo aloqalarida Volganing qo‘yi oqimlari orqali yo‘llar katta ahamiyat kasb eta boshladi. Astraxanda xivalik savdogarlarga imtiyozlar berilgan bo‘lib, ular rus sado yarmarkalarida ishtirok etib turganlar. XVIII asrning o‘rtalaridan boshlab, Orenburg shahriga asos solingach Xiva savdogarlari Uralbo‘yi orqali savdo-sotiqni yanada jonlantirdilar. Xivadan Rossiyaga paxta matolar, mevalar, qimmatbaho toshlar, qog‘oz mahsulotlari, parcha va buyum shaklidagi ipak va yarim ipak matolar, gilamlar, tuya junidan matolar, qisman qorako‘l, guruch, sayg‘oq (kiyik) shohi, kashmir matosi kabi mahsulotlar olib borilgan. Rossiyadan esa Xivaga oltin va kumush tangalar, mis, cho‘yan, temir va boshqa metallar, paxta, ipak va yung matolar, bo‘yoqlar, shakar, choy, billur idishlar, oshlangan teri kabi mahsulotlar keltirilgan.
Xiva xonligi savdogarlari qo‘shni Buxoro va Qo‘qon xonliklari bilan, shuningdek, Xitoy, Eron, Afg‘oniston, Hindiston bilan ham savdo aloqalari olib borganlar. Bu davlatlarga Rossiyadan keltirilgan mahsulotlar bilan birga mahalliy mahsulotlar (zargarlik buyumlari, gilamlar, otlar) ham olib borilgan. Chet davlatlardan asosan turli matolar, metall, ziravorlar, bo‘yoqlar, fil suyagi, shakar (qand) kabi mahsulotlar keltirilgan.
Xiva xonligining Yangi Urganch, Kichik Vazir, Qiyot, Xonqa, Tirsak, Gurlan, Xazorasp, Qo‘ng‘irot, Shohabboz kabi shaharlari hunarmandchilik va savdo-sotiq markazlari edi. Manbalarning ma’lumotlariga ko‘ra, XIX asrning birinchi yarmida Yangi Urganch himoya devorlari bilan o‘rab olingan savdo markazi bo‘lib, unda bir yarim mingta xonadon bo‘lgan. Urganchilik savdogarlarni nafaqat Buxoro, Qo‘qon va Turkiston bozorlarida, balki Astraxan, Orenburg, Nijniy Novgorod, Moskva, Qashg‘ar, Mashhad, Qobul bozorlarida ham ko‘plab uchratish mumkin bo‘lgan. Urganch bozorlari asosan ichki savdo mahsulotlariga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, tashqi savdo uchun mahsulotlar yirik savdogarlarning uylaridagi ustaxonalarda tayyorlangan. Shaharda 300 ga yaqin savdo do‘konlari bo‘lgan.
XVII- XVIII asrlarda Qiyot shahri saroylari, machit va madrasalari bilan shuhrat qozongan bo‘lib, XIX asrning birinchi yarmidan o‘z ahamiyatini yo‘qota boshlaydi va 50-60 xonadondan iborat qal’aga aylanadi. Bu yerda 30 ga yaqin do‘konlar bo‘lib, seshanba va shanba kunlari bozor bo‘lgan.
Juvarxas kanalining Amudaryodan suv oladigan joyida joylashgan Xazorasp shahri barcha qo‘layliklarga ega edi. Shaharda sakkizta machit va shuncha madrasa bo‘lib, 450-500 ta xonadon istiqomat qilgan hamda 400 ga yaqin savdo do‘konlari mavjud bo‘lgan. Hunarmandchilik mahsulotlari asosan do‘konlarda va qisman uylarda tayyorlangan. Hazoraspda katta bozor dushanba va juma kunlari bo‘lgan.
Xonlikdagi yirik savdo-hunarmandchilik markazlaridan biri Gurlan edi. Manbalarga ko‘ra, XIX asrning o‘rtalarida shaharda, atrof hududlar bilan qo‘shib hisoblaganda uch mingtagacha xonadon istiqomat qilgan. Shaharda ko‘plab machit va madrasalar, bog‘lar tutzorlar bo‘lib, dalalardagi sholi, paxta va bug‘doydan yaxshi hosil olingan.
Ma’lmuki, XVII asrning boshlariga kelib Xiva butun xonlikning poytaxtiga aylangan edi. Arabmuhammadxon davrida Xivada yirik madrasa bunyod etilgan bo‘lsa, Abulg‘ozixon davridan boshlab shaharning siyosiy – ma’muriy va iqtisodiy mavqyei yanada ko‘tarildi. Poytaxt shahar sifatida shaharning mavqyeini mustahkamlash maqsadida XIX asrning oxirlariga qadar Xivada ko‘plab machit va madrasalar, bozorlar va karvonsaroylar, saroy va minoralar, hammomlar bunyod etildi. Manbalarga ko‘ra, Xiva bozorlari haftaning deyarli barcha kunlari ishlab, raislar tomonidan boshqarilgan. Rus sayyohlari Xiva bozorlarini gavjumligi va mahsulotlarga boyligi, ajnabiy savdogarlarning ko‘pligi bilan Buxoro va Qo‘qon bozorlaridan qolishmasligi haqida ma’lumotlar qoldirganlar.
Madaniy hayot. Me’morchilik. Xiva xonligining siyosiy va iqtisodiy hayotida bo‘lib o‘tgan voqyealar madaniy hayotga ta’sir etmasdan qolmadi. Shunga qaramasdan xonlikdagi madaniyat o‘ziga xos yo‘nalishlarda davom etdi. Madaniy hayot ravnaqi ta’lim-tarbiya, adabiyot, tarixnavislik, me’morchilik va amaliy san’at kabilarda kuzatiladi.
Butun O‘rta Osiyoda bo‘lgani kabi, Xiva xonligida ham asosiy ilm o‘chog‘lari boshlang‘ich maktablar va madrasalar edi. Boshlang‘ich maktab, ya’ni, quyi ta’limda o‘qish-yozishni o‘rganib, xat-savod chiqargan o‘smirlar poytaxt Xivadagi hamda Buxorodagi madrasalarda o‘qib ta’lim olganlar. Manbalarga ko‘ra, XIX asrda Xiva xonligida 1500 ga yaqin boshlang‘ich maktab va 130 ta madrasa bo‘lgan. Faqat Xivaning o‘zida 22 ta madrasa bo‘lib, ular ichida Muhammad Rahimxon, Sherg‘ozixon, Rahmonberdibiy, Olloqulixon, Xoja Mahram, Fozilbek, Davlat Qorako‘z, Bekniyoz devonbegi madrasalari alohida nufuzga ega edi.
Xorazm adabiy muhitida ilg‘or g‘oyalarni targ‘ib etgan shoirlardan biri Nurmuhammad G‘arib Andalib (1710-1770 yy.) edi. Klassik poeziyaning turli janrlarida ijod qilgan Andalibning “Said Vaqqos”, “Zaynul arab”, “Yusuf va Zulayho”, “Layli va Majnun” kabi dostonlari mashhurdir.
Xivada ijod etgan shoirlar ichida Muhammad Rizo Ogahiy (1809-1874 yy.) alohida o‘ringa ega. Tarixchi, tarjimon va shoir bo‘lgan Ogahiyning 1832 yilda tuzilgan “Ta’vizul oshiqon” (“Oshiqlar tumori”) devonidagi g‘azallari ayniqsa mashhurdir. Bu davrda shuningdek, Pahlavon Ravnaq, Muhammad Niyoz Nishotiy, Muhammad Xokisor, Tabibiy, Munis, Komil Xorazmiy, Komdon, Murodiy kabi shoirlarning ijodi rivoj topdi. XVII- XVIII asrlarda “Go‘r o‘g‘li” majmuasi dostonlari rivojlantirildi, “Tohir va Zuhra”, “Oshiq G‘arib va Shohsanam”, “Sayyod va Hamro”, “Sanobar”, “Yusufbek va Ahmadbek”, “Bahrom va Dilorom” kabi dostonlarning folklor va xalq og‘zaki ijodidagi ko‘rinishlari taraqqiy etdi.
Bu davrda tarixnavislikdagi ilgargi an’analar saqlanib qoldi. Tarixiy asarlar orasida Abulg‘ozining “Shajarai turk” va “Shajarai tarokima” (“Turkmanlar shajarasi”) o‘zbek tilida bitilgan muhim tarixiy asarlar hisoblanadi. Tarixnavislik an’analarini keyinchalik Munis, Ogahiy, Muhammad Yusuf Bayoniy kabi tarixnavislar davom ettirdilar.
XIX asr boshlarida Muhammad Rahimxonnning buyrug‘i bilan Shermuhammad Munis (1778-1829 yy.) “Firdavs ul-iqbol” (“Baxtu saodat jannati”) asarini yaratdi. Xiva xonligining XVIII- XIX asrlar tarix haqida qimmatli ma’lumotlar beruvchi bu asarni keyinroq Olloqulixon topshirig‘i bilan Munisning jiyani Ogahiy davom ettirdi va 1872 yilgacha bo‘lgan voqyealar bilan boyitdi. Shuningdek, Xiva xonligi tarixiga bag‘ishlangan asarlar orasida Bayoniy (1859-1923 yy.) ning “Shajarai Xorazmshohiy” asari ham qimmatli hisoblanadi.
Xorazm O‘rta Osiyoda o‘ziga xos uslublarga boy bo‘lgan me’morchilik maktabiga ega voha hisoblanadi. Bu hududda paydo bo‘lgan me’moriy inshootlar nafis bezaklari, jimjimador naqshlari bilan Xorazm me’morchilik maktabining o‘ziga hosligini ko‘rsatib turadi. XVIII- XIX asrlarda Xiva xonligida ko‘plab inshootlar bunyod etildi. Ayniqsa xonlikning poytaxtlari Urganch va Xiva shaharlarida ko‘plab saroylar, masjid va madrasalar, xonaqolar, karvonsaroylar, yopiq bozorlar qurilgan. Xivadagi me’moriy yodgorliklar asosan Ichan (ichki) qal’ada bunyod etilgan. Xonning yozgi qarorgohi bo‘lgan Dishan (tashqi) qal’a ham nodir me’morchilik namunasi hisoblanadi.
Xonlikdagi boshqa shaharlar – Yangi Urganch, Hazorasp, Toshhovuz, Yangi Vazir, Shohabboz, Gurlan, Xo‘jayli, Qo‘ng‘irot kabilar mudofaa devorlari bilan o‘rab olinib, ularda ham ko‘plab me’moriy inshootlar bunyod etilgan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, XVI – XX asrning boshlarida mavjud bo‘lgan Xiva xonligi – O‘zbekiston davlatchiligi va boshqaruvi tarixida, iqtisodiy va madaniy hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lib, jamiyat taraqqiyotining mintaqa hududlaridagi o‘ziga xos tomonlari o‘rganishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan davlat hisoblanadi. Uning tarixi O‘zbekiston tarixining ajralmas qismidir.
Xiva xonlari [Sagdullayev A. S. va boshq. O‘zbekiston tarixi…, 253 b. Qisman o‘zgartirishlar kiritildi]
- Eron shohining noiblari – 1510-1512 yy.
- Elbarsxon – 1512-1537 yy.
- Avanishxon – 1537 y (bir necha oy).
- Shayboniy Ubaydullaxon – 1537-1538 yy. (bir necha oy).
- Hojimxon (Hoji Muhammadxon) – 1558-1593 yy.
- Shayboniy Abdullaxon II – 1593-1598 yy.
- Hojimxon – 1598-1602 yy.
- Arab Muhammadxon – 1602-1623 yy.
- Isfandiyorxon – 1623-1643 yy.
- Abulg‘ozixon – 1643-1663 yy.
- Anushaxon – 1663-1687 yy.
- Arangxon (Erang, Ernak) – 1688-1690 yy.
- Shohniyozxon – 1690-1707 yy.
- Arab Muhammad – 1707-1715 yy.
- Sherg‘ozixon – 1715-1728 yy.
- Elbarsxon – 1728-1740 yy.
- Nodirshoh (Eron shohi) – 1740 y.
- Abulg‘ozixon II – 1741-1747 yy.
- Taibxon (Kaipxon) – 1747-1757 yy.
- Temur G‘ozixon – 1757-1763 yy.
- Tavkaxon – 1763 y. (bir necha oy)
Xiva qo‘ng‘irotlari sulolasi
- Muhammad Amin inoq – 1763-1790 yy.
- Avaz inoq – 1790-1804 yy.
- Elto‘zarxon – 1804-1806 yy.
- Muhammad Rahimxon I – 1806-1825 yy.
- Olloqulixon – 1825-1842 yy.
- Rahimqulixon – 1842-1845 yy.
- Muhammad Aminxon – 1845-1855 yy.
- Abdullaxon – 1845 y. (besh yarim oy – 20 mart-27 avgust)
- Qutlug‘ Murodxon – 1855 y. (to‘rt yarim oy).
- Sayid Muhammadxon – 1856 -1864 yy.
- Muhammad Rahimxon II (Fero‘z) – 1864-1910 yy.
- Sayid Isfandiyorxon – 1910-1918 yy.
- Sayid Abdullaxon – 1918-1920 yy. (amalda Junaidxon)
Bohodir Eshov,
«O‘zbekiston davlatchiligi va boshqaruvi tarixi»,
Toshkent-2012
https://shosh.uz/uz/xiva-xonligi-shayboniylar-eroniylar-qozoqlar-va-qo-ng-irot-ulusi/