Post Views:
448

Ahmad Yassaviyga aloqador muhr
Ahmad Yassaviyga aloqador muhr

Ma’lumki, viloyatimizning (Chimkent, Qozog‘ison Respublikasi) turli shaharlarida, hatto, chet ellarda ham Ahmad Yassaviy shajarasi va muhri bor. Ayniqsa keyingi paytlarda o‘sha mashhur muhr haqida xilma xil fikrlar bayon qilinayapti. Ayrim mualliflar: bu – Xoja Ahmad Yassaviyning muhri, unda ismlari bitilgan 11 nafar shayx Ahmadlar – Xoja Ahmad Yassaviyning turli taxalluslari, deya dalillamoqchi bo‘layotirlar.

Ulug‘ yurtdoshimiz, shayxul-mashoyix Xoja Ahmadga taalluqli ushbu mavzuga andak aniqlik kiritishni, chalkashliklarga chek qo‘yishni lozim topdik va quyidagilarni sizlarga ham ilindik, azizlar!

Bizning aniqlashimizcha, o‘sha mashhur muhr maqbaraga tegishli bo‘lib, unda nomlari zikr etilgan shayx Ahmadlar – ulug‘ yurtdoshimizdan avval va keyin yashagan zoti poklardir.

Istiqlol tufayli ulug‘ Xoja Ahmad Yassaviy haqida yurtdoshlarimiz ancha kitoblar yozdilar. Biroq bu hali oz. Vaholanki, Turkiyada Sulton ul-Orifin to‘g‘risida yuzlarcha kitoblar nashr etilgan. O‘tgan asrdagi qatag‘onlik va dinga qarshi kurash kasofati tufayli anchagina tariximiz o‘zgarib ketgan. Tarixga yuzaki qarashlar hamon uchrab turibdi. Ancha vaqtdan beri ayrim adabiyotchilar hamda tarixchilar Hazrat avlodlari qo‘lida saqlanib qolgan ko‘hna muhrni: «Xoja Ahmad Yassaviy muhri» – deya yozishmoqda va bu yanglish fikr hamon davom etib kelyapti.

Biz aniqlaganimiz bo‘yicha ushbu muhr Hazrati Sulton olamdan o‘tganidan so‘ng, Sohibqiron Amir Temur tomonidan maqbara tiklanganidan keyinroq tayyorlangan. Xo‘sh, nega muhrdagi o‘n bir shayx Ahmadni yuqorida biz tilga olgan tarixchilar va adabiyotchilar Xoja Ahmad Yassaviyning turli taxalluslari, deb ham yozishayapti. Aslida esa, Sulton ul-Orifin o‘z asarlarida Miskin Ahmad, Ahmad Yassaviy, Xo‘ja Ahmad, Turkistoniy, G‘arib Ahmad singari nomlarni ishlatgan. Shoirning «Devoni hikmat» kitobidagi ko‘pchilik hikmatlarida ushbu ism-taxalluslar uchraydi.

Shunday ekan, muhrdagi o‘n bir nafar shayx Ahmadlar kimlar? Ayni savolga, avvalo, bundan ikki asr muqaddam yozilgan «Chor kitob»ning sahifalaridan javob topamiz. «Yazdah Ahmad» haqida berilgan ma’lumotlarda ushbu muhrda zikr etilgan o‘n bir Ahmadning nomlari yozilgan va bu azizlarni yodlarida saqlagan kishilarga ko‘p yaxshiliklar bo‘ladi, deya xabar berilgan. O‘sha arabiy bitikdagi kitobda ham mazkur muhrdagi o‘n bir shayx Ahmad nomlari, deyarli, aynan birma-bir zikr etilgan.

Shunisi ham muhim-ki, tarixning guvohlik berishi-cha, Xoja Ahmad Yassaviydan oldin va keyin yashagan, o‘z zamonasida mashhur bo‘lgan, ilm-u ma’rifat fidoyilari – alloma, vali, shayx Ahmadlar ekanligini tarixiy kitoblarda, jumladan, Hasan Xo‘ja Nisoriyning «Muzakkirul ahbob» va Homidjon Homidiyning «Tasavvuf allomalari», shuningdek, «Tazkiratul avliyo» , «Siroj ul-muslimin» (“Muslimlar chirog‘i”) kitoblaridan o‘qib, aniqlab olishimiz mumkin bo‘ldi.

O‘n bir Ahmad ro‘yxatining boshida AHMAD MURSAL – Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) bitig‘lik. Hammamizga ma’lumki, Sarvari olam Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) (570-632 yillar) Makkada tug‘ilgan, otasi Abdulloh, bobolari – Abdumutalib, Abduhoshim, Abdumannop, onalari Omina ekanligidan xabardormiz. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqori otalari Ibrohim Xaliyullohga borib taqaladi.

Allomalar demishlar-kim, har bir ummatman, degan odam payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomni o‘z ota-onasini taniganday bilishi lozim. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) o‘zlari arab naslining quraysh qabilasi, bani hoshim urug‘idan bo‘lib, ismi shariflari Muhammad Mustafo (sollallohu alayhi vasallam).

Ulug‘ kitoblarda ta’kidlanishi-cha, payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ni, uning avlodlarini, sahobalari va allomalarini bilib qo‘yish, hurmatlash katta savobdir.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ning biz – ummatlariga qilgan mehribonchiliklari, nozil bo‘lgan Qur’oni Karimni yetkazishi, ummatlari to‘g‘risida qayg‘urib, Olloh taolodan rahmat, ofiyatlar so‘raganligi va o‘zining go‘zal odobi, faoliyati to qiyomatgacha unutilmaydi, biz muslimlarga dasturilamal bo‘lib qoladi, inshoolloh.

Ma’lumki, Mursal Ahmad (sollallohu alayhi vasallam)ning siyrati va surati to‘g‘risida katta-katta kitoblar yozilgan-ki, shu bois, biz bu yerda bitigimizni muxtasar qildik.

SHAYX AHMAD XANBAL – (vafoti 855 yil). Sunniylikdagi xanbaliylik mazhabining asoschisi, ilohiyot olimi. Bag‘dodda tahsil olgan. Ahmad Xanbal Qur’oni Karim, hadis va ijmo’aga asoslanmagan din va hayotga oid yangiliklarni qoralagan. U zot payg‘ambar so‘zlarini saqlovchi edi. O‘z davrining peshqadam imomi, faqih, olim edi. O‘ttiz ming hadisni to‘plab, «Al-musnad» nomli olti jildlik kitob yozgan.

SHAYX AHMAD XAYR NASSOJ – o‘sha muhrda ismlari bitilgan mashhur Ahmadlardan biri. U kishi bag‘dodlik, shayxi zamon, «yaxshilarning yaxshisi», axloq masalalarini naql va rivoyatlarda yorqin talqin etgan zotdir. Bu inson to‘quvchilik qilib kun kechirgan. 127 yil umr ko‘rgan. 946 yili vafot etgan.

SHAYX AHMAD ARQAM – o‘tkir kashf va karomat egasi bo‘lgan. U kishi O‘sh shahrining bino bo‘lishida karomat ko‘rsatgan, shu yerda vafot etgan. Muhrda ismi bitilgan.

SHAYX AHMAD ROVANDA – Bag‘dodda yashagan, ilohiyot olimi. U kishi ilohiyotga oid qirqdan ortiq asarlar yozgan, mu’taziliylarning aqidalarini rad etgan. X asr boshida, 80 yoshida vafot etgan.

SHAYX AHMAD MUXTOR – (vafoti 899 yil). Qutb ul-mashoyix, tariqat va haqiqat bilimdoni ekanlar, qabri Hirotda. Aytishlari-cha, u zot Olloh ishqida hosil bo‘lgan shavq tufayli tunlarini bedor o‘tkazgan.

SHAYX AHMAD KABIR – sohibkaromat avliyo, fiqhshunos, olim-u fuzalo. Buxoroda yashagan, shayx-ush-shuyux, valiyulloh (832 yili vafot etgan).

SHAYX AHMAD SAG‘ORIYA – (877 yilda vafot etgan). Shayx Ahmad Kabirning farzandi – Ahmad Sag‘oriya karomati haq, valiyulloh, faqihi siddiq, obid-u olim bo‘lgan. Buxoroda katta faoliyat yuritgan, tinchlik o‘rnatgan.

Shuni ham alohida ta’kidlamoqchimiz-ki, mazkur mashhur o‘n bir shayx Ahmadlarning har biri haqida katta kitoblar yozilgan, hali ko‘plab yoziladi. Ularning insoniyat uchun o‘rnak bo‘larli fazilatli hayotlarini o‘rganaveramiz. Inshooloh!

XOJA AHMAD YASSAVIY – Turkiston mulkining shayx ul-mashoyixi, sulton-ul-orifiyn, kutb ul-aqtob. Yassaviy hikmatlarida Qur’oni Karim ma’nolari, islom ahkomlari va tariqat asoslari targ‘ibi, ilohiy ishq mavzusi, ezgu axloq, nafs tarbiyasi singari komil muslim fazilatlari talqin etilgan. Ulug‘ yurtdoshimizning jahonga mashhur «Devoni hikmat» kitobi hayotimizda dasturilamallardan bo‘lib qolajak.

Muhrda naqshlangan shayx Ahmadlardan biri AHMAD XUZRAVIYA hazratlaridir. Ahmad Xuzraviya VIII asrning oxiri va IX asrning birinchi choragida Balxda yashagan shayxlardandir. U Abuturob Naxshabiy, Ibrohim Adham, YAhyo Maoz hamda Hotam Asimlar bilan hamsuhbat bo‘lgan va ulardan ta’lim olgan.

Ahmad Xuzraviya bir necha marta Makka va Madinada bo‘lgan. Haj safarlaridan birida Nishopur va Bistom shaharlarida bo‘lib, mashhur donishmandlar Abu Xafs Xaddod, Boyazid Bistomiylarning muborak nafaslaridan fayz topgan. Ahmad muruvvat va futuvvat bobida mislsiz martabaga erishgan.

Fariduddin Attorning «Tazkirat ul-avliyo»sida yozilishi-cha, shayx doim askariy libosda yurarkan. Muhammad Siddiq Rushdiy aytadi: Ahmad Xuzraviyaning mingta muridi bor edi, «har biri suv uzra yurmoq, havo uzra uchmoq darajasiga yetib erdi», Hotam Asimning muridi Abuturob Naxshabiy bilan ko‘p suhbat qurgandi, deya yozib qoldirgan. Shayx Abulhafz: «Ahmad Xuzraviya hammadin baland martabalik erdi» – degan ekan.

Ahmad Xuzraviya Balx hokimining qizi Fotimaga uylangan va u ham tariqatga kirib, Olloh ishqida javlon urgan.

YUqorida keltirilgan ma’lumotlardan shu narsa ma’lum bo‘ldi-ki, mashhur muhrdagi o‘n bir Ahmad ayrim o‘zbek, qozoq, rus va boshqa olimlar yozganlaridek, Ahmad Yassaviyning taxalluslari yoxud laqablari emas, balki hazratdan avval va keyin yashagan, islom diniga katta xizmat qilgan ilm-u ma’rifat fidoyilari, zabardast, buyuk zotlar ekan. Mazkur muhr Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi qurilganidan so‘ng tayyorlangan.

Ushbu yakuniy xulosani olimlar ham, yozuvchilar ham, tarjimonlar ham kelgusida e’tiborga oladilar, deya o‘ylaymiz.

Mirahmad MIRXOLDOR o‘g‘li,
“Turon” FA akademigi.

Manba

https://shosh.uz/uz/ahmad-yassaviyga-aloqador-muhr/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x