SHOH VA SHOIR BOBOMIZ
Sahna chiroyli qilib did bilan bezatilgan. To’rida Bobur Mirzoning portreti, uning ruboiylaridan namunalar yozilgan plakatlar osilgan.
Mayin musiqa sadosi ostida sahnaga boshlovchilar kirib keladi va salomlashadilar.
1 – boshlovchi: – Bugun biz sizlar bilan bu yerda temuriylar avlodining iste`dodli vakili, atoqli shoir, buyuk sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlarining tavallud ayyomini nishonlashga yig’ilganmiz.
2 – boshlovchi: – Shoh va shoirning suronli hayot yo’li, uning Hind tuprog’ida amalgam oshirgan buyuk ishlari, jahon adabiyotiga qo’shgan ulkan hissasi birin – ketin gavdalanadi.
1 – boshlovchi: – Hurmatli mehmonlar, aziz ustozlar hamda o’quvchilar. Bugun biz sizlarga “Shoh va shoir bobomiz” nomli tadbirimizni e`tiboringizga havola etamiz.
Raqs ijro etiladi.
2 – boshlovchi: – Z. M. Bobur 1483 yil 14 fevralda o’zining “Boburnoma” asarida mahorat bilan tasvirlagan go’zal Farg’ona viloyatining poytaxti Andijonda tug’iladi. Otasi – temuriylar avlodidan bo’lgan Umarshayx Mirzo o’sha davrda Farg’ona viloyati hokimi edi.
1 – boshlovchi: – 1495 yil Umarshayx Mirzo fojeali ravishda vafot etadi. Viloyatni boshqarish 12 yoshli Bobur zimmasiga tushadi.
2 – boshlovchi: – Toju taxt,, saltanat ishlari, jangu jadallar – bularning bari uning murakkab hayotidan dalolat beradi.
1 – boshlovchi: – Bobur Shayboniyxon qo’shinlari qamal qilgan Samarqandni tashlab, Afg’oniston orqali Hindistonni egallaydi va umrining oxirigacha Hindistonda yashab, ijod qiladi, saltanatni boshqaradi.
2 – boshlovchi: – O’g’li Humoyun, nabirasi Akbarlar uning faoliyatini davom ettiradi.
1 – boshlovchi: – Boburiylar sulolasi bir necha yuz yillar davomida Hindistonda hukmronlik qilishadi.
O’quvchilar shoir ijodidan namunalar keltirishadi.
1 – o’quvchi: Davlatga yetib mehnat elin unutma,
Bu besh kun uchun o’zingni asru tutma.
Borg’onni kel emdi, yod qilma, ey do’st,
Boorish – kelishingni lutf etib o’ksutma.
2 – o’quvchi: Eshitsa kishi bu sho’ru shevan ne degay,
Doim bu tariq ichguni ko’rgan nedegay,
Dushman so’ziga kirma, eshit do’st so’zin,
Eshitmasa so’zni do’st, dushman ne degay.
1 – o’quvchi: – O’zbek adabiyotining atoqli namoyondalaridan biri Zahiriddin Muhammad Bobur o’zining qisqa va murakkab hayoti davomida sermahsul ijod qila olgan buyuk iste`dod sohibi edi.
Uning barcha asarlari bizgacha to’liq yetib kelgan emas.
2 – o’quvchi: – Shoirning to’liq bo’lmagan devoni, “Mubayyin” nomli she`riy risolasi, “Volidiya” deb atalguchi kitobchasi, Bobur tuzgan “Xatti Boburiy” nomi bilan mashhur bo’lgan alifbo hamda yirik me`muar asar “Boburnoma” ana shular jumlasidandir.
3 – o’quvchi: – “Boburnoma” asarining mazmuni rang – barang bo’lib, O’rta Osiyo, Afg’oniston, Hindiston, Eron xalqlari tarixi, geografiyasi va etnografiyasiga oid muhim ma`lumotlarni o’z ichiga olgandir.
4 – o’quvchi: Tili va uslubi ravon hamda go’zal asarning asl nomi “Boburiya” bo’lsada, u “Voqenoma”, “Voqeati Boburiy”, keyinchalik “Boburnoma” deya atala boshlagan.
5 – o’quvchi: – Asarni o’qir ekanmiz, o’sha davr Afg’oniston va Hindistonga taluqli bo’lgan geografik atamalar, o’simlik va hayvonot olami, tarixiy shaxslar bilan tanishamiz.
6 – o’quvchi: – Farg’ona viloyati poytaxti bo’lmish Andijon haqida “Boburnoma”da juda keng ma`lumotlar berilganini guvohi bo’lamiz.
7 – o’quvchi: – “Oshlig’I mo’l, mevasi farovon. Qovun va uzumi yaxshi bo’lur. Pishiqchilik mashali poliz boshida qovun sotish rasm emas” kabi go’zal vodiy tabiati va qadriyatlari haqida ham bilib olamiz.
1 – boshlovchi: – XX asr o’zbek romanchiligida adibimiz Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” (“Bobur”), “Humoyun va Akbar” (“Avlodlar dovoni”) kabi tarixiy asarlari muhim rol o’ynaydi.
2 – boshlovchi: – Yozuvchi Bobur hayoti, uning Hindistondagi faoliyatini, buyuk sarkarda tuzgan ulkan saltanat Boburiylar saltanati davomchilarini romanlarida g’oyat mahorat bilan tasvirlab bergan.
1 – boshlovchi: – Asarni o’qir ekanmiz, buyuk siymo Zahiriddin Muhammad Boburning dastlab Andijondagi hayoti va ijodi bilan mukammal tanishamiz.
O’quvchilar ijrosida Vatan haqida qo’shiq ijro etiladi.
1 – boshlovchi: – Bobur o’zbek adabiyotida lirik janrlar rivojiga katta hissa qo’shgan xassos shoirdir. Uning lirikasini g’azal, ruboiy, qit`a, tuyuq, masnaviy va muammolar tashkil etadi. Bobur she`riyatida ona yurtga muhabbat, vatanni qo’msash, motivlari katta o’rin egallaydi. U ushbu kechinmalarini, ayniqsa ruboiylarida keng ko’lamda ifoda etadi. O’quvchilar Z. M. Bobur ruboiylaridan namunalar o’qishadi.
Davron meni o’tkardi sar-u, somondin,
Ayirdi meni bir yo’lda xon-u mondin.
Gah boshima toj gah baloyi ta`na,
Nelarki boshimg’a kelmadi davrondin.
Tole yo’qe jonimg’a balolig’ bo’ldi,
Har ishniki ayladim xatolig’ bo’ldi.
O’z yerni qo’yib Hind sori yuzlandim,
Yorab netayin ne yuz qarolig’ bo’ldi.
Hijron qafasida jon qushi dam qiladur,
G’urbat bu aziz umrni kam qiladur.
Ne nav`bitay firoqu g’urbat shahrin,
Kim ko’z yoshi nomaning yuzini nam qiladur.
Ko’pdin berikim yoru diyorim yoqtur,
Bir lahza – yu bir nafas qarorim yo’qtur.
Keldim bu sori o’z ixtiyorim birla,
Lekin borurimda ixtiyorim yo’qtur.
2 – boshlovchi: – Shoir buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ananalarini davom ettirib vatanga muhabbat, insonparvarlik, ma`rifatparvarlik, yorga muhabbat g’oyalari bilan sug’orilgan ajoyib asarlar bitdi.
1 – boshlovchi: – U axloq – odob mavzusiga e`tiborni qaratdi. Yaxshilikni ulug’ladi, xalq manfaatlarini o’yladi. Inson qadr – qimmatini yuqori tutdi. Odamlarni kamtarin, ko’rkam fazilatlar egasi bo’lishga da`vat etdi.
O’quvchilar shoir ijodidan namunalar o’qishadi:
Bu zamonni naf`y qilsam, ayb qilma, ey rafiq,
Ko’rmadim hargiz netayin, bu zamondin yaxshilig’.
Dilrabolardin yomonliq keldi mahzun ko’ngluma,
Kelmadi jonimg’a hech oromijondin yaxshilig’.
Ey ko’ngul, chun yaxshidin ko’rdung yomonlig’ asru
Emdi ko’z tutmoq ne ya`ni har yomondin yaxshilig’.
Bori elga yaxshilig’ qilg’ilki, mundin yaxshi yo’q,
Kim degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig’.
Yaxshilig’ ahli jahonda istama Bobur kibi
Kim ko’ribdur, ey ko’ngul, ahli jahondin yaxshilig’.
1 – boshlovchi: – O’zining qisqa – 47 yillik umri davomida naqadar buyuk ishlarni amalgam oshirgan qudratli davlat barpo etgan, ajoyib asarlari bilan dunyo ahliga tanilgan bobomiz bilan qancha faxrlansak arziydi.
2 – boshlovchi: – O’zbeklarning bir yaxshi odati bor, qayerga borsa bog’ yaratadi, go’zallik bunyod etadi. 1504 yili Bobur Qobulni egalladi. Bu yerda ham u bog’u rog’lar yaratishga kirishdi. Aytishlaricha Bobur Qobulda o’rta bog’ barpo qilgan. 1508 – 1509 yillarda esa Odinapur qal`asi yaqinida “Bog’I Vafo” nomli bog’ bunyod qildirdi.
1 – boshlovchi: – Aytishlaricha xushbo’y atirgulni Hindistonga birinchi bo’lib Bobur keltirgan ekan. Bobur Mirzo tabiat go’zalligini nihoyatda chuqur xis qiladigan inson bo’lgan. U o’zining “Boburnoma” asarida Dashti Shayx qirlari etagida o’sadigan lolaning 33 xilini aniqlab, yozib qoldirgan.
2 – boshlovchi: – Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiyotiga har qancha xavas qilsa, undan har qancha saboq olsa arziydi. Bobur hayotida qanday bo’lgan bo’lsa, yozgan aarlarida ham shunday: mard, rostgo’y, tabiiylikni nihoyatda qadrlovchi, samimiy tavakkal va zavq sohibidir.
1 – boshlovchi: – Bobur xalqimizning har jihatdan yetuk iste`dodli farzandi. U (1521) “Zakot bayoni” asari, (1525) “Muxmasar” nomli risola “Xarb ishi”, “Musiqa ilmi” nomli asarlari nafaqat o’zbek adabiyoti balki jahon adabiyotining nodir namunasi sanaladi. Bobur asarlari orqali, ham shoh, ham shoir, ham olim, ham oshiq, ayni paytda g’urbat o’tida bag’ri yongan bir g’arib bo’lib so’zlashadi biz bilan.
2 – boshlovchi: – Zahiriddin Muhammad Bobur bor yo’g’I 47 yil umr ko’rgan bo’lsa, shundan 36 yilini uch mamlakatda: Movarounnahrda, 22 yili Qobulda va 5 yili Hindistonda o’tdi.
1 – boshlovchi: – Zahiriddin Muhammad Bobur biz uchun mahobatli bir yulduz. Uning zavq baxsh umri hech qachon so’nmaydi. Ana shu musaffo nur sizu bizning ong va idrokimiz yorishuviga hizmat qiladi. Bundan qarib 5 asr muqaddam shunday bo’lgan. Hozir ham shunday, keyin ham shunday qolajak.
2 – boshlovchi: – Uning asarlari dunyoning ko’plab tillariga tarjima qilingan. Vatanimizning eng diqqatga sazovor joylari shoir nomi bilan ataladi. Bu kun uning haykali poyida anvoyi gullar yashnab turibdi.
Boshlovchilar: – Mana azizlar! Shu bilan ulug’ sarkarda iste`dodli shoir Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga bag’ishlangan kechamiz o’z nihoyasiga yetdi. Xayr, omon bo’ling!