Post Views:
4 422
Buyuk faqih Ali ibn Abu Bakr ibn Abduljalil Farg‘oniy Rishtoniy Marg‘inoniy 1123 yil 23 sentyabrda tug‘ildi va 1197 yilda Samarqandda vafot etgan. U Qur’on, hadis ilmlarini mukammal egallab, fiqh – islom huquqshunosligi borasida benihoya chuqur ilmga ega bo‘lgani va bu sohada beqiyos asarlar yaratgani tufayli Burhonuddin (Islom dinining dalili) va Burhonuddin Marg‘inoniy (Marg‘inon – Marg‘ilon shahrini o‘rta asrlarda arablar Marg‘inon deb atashgan.) nomlari bilan mashhurdir.
Burhonuddin Marg‘inoniy dastlabki ta’limni Marg‘ilonda olib, keyinchalik Movarounnahrning o‘sha davrdagi diniy va ma’rifiy markazi bo‘lgan Samarqandga ko‘chib borgan va umrining oxirigacha o‘sha yerda yashagan. Mavlono Burhonuddin Marg‘inoniy yoshlik chog‘laridanoq Qur’oni Karimni yod olib, hadislarni chuqur o‘rgangan.
U balog‘at yoshiga yetganida mukammal ilmga ega bo‘lganiga qaramay ustozlardan ta’lim olishni davom ettirdi. 1149 yili Burhonuddin Marg‘inoniy haj safariga bordi. “Kitob ul-mashoyix” (“Shayxlar haqidagi kitob”) asarida u o‘zi ta’lim olgan 40 dan ortiq shayx va allomani sanab o‘tgan. Bu ro‘yxatda Najmuddin Umar ibn Muhammad Nasafiy, Abul-Asir Bayzoviy, Abu YOqub Sayariy, Abu Ishoq Navqadiy, Ja’far Hinduvoniylarning nomlari bor.
Burhonuddin Marg‘inoniy islom dinidagi to‘rt mazhab olimlarining asarlarini o‘rganish bilan birga o‘zi ham fiqhga oid bir qator asarlar yaratgan. Bizgacha yetib kelgan asarlaridan “Bidoyat ul-mubtadiy” (“Boshlovchilar uchun dastlabki ta’lim”), “Kifoyat ul-muntahiy” (“Yakunlovchilar uchun tugal ta’lim”), “Nashr ul-mazhab” (“Mazhabning yoyilishi”), “Kitob ul-mazid” (“Ilmni ziyoda qiluvchi kitob”), “Manosik ul-haj” (“Haj marosimlari”), “Majmaul-navozil” (“Nozil bo‘lgan narsalar to‘plami”), “Kitobulfaroiz” (“Farzlar kitobi”) va boshqalar ma’lum.
Xanafiya mazhabining fiqh masalalarida asosiy qo‘llanma-siga aylangan Marg‘inoniyning “Hidoya” asari 1178 yili Samarqandda yaratildi. Bu asar butun musulmon olamida mashhur bo‘lib ketdi, musulmon huquqi – fiqh bo‘yicha eng aniq, izchil, mukammal asar sifatida tan olindi.
“Hidoya”ning asosini fiqh ilmi asoschilaridan bo‘lgan Abu Hanifa No‘’mon ibn Sobit fatvolari hamda uning shogird va safdoshlaridan Imom Abu Yusuf, Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy (Imom Muhammad), Imom Zufar ibn Huzayllarning asarlari, sahobalarning rivoyatlari va ular xabar qilgan hadislar tashkil qiladi. Bundan tashqari, “Hidoya”da asosiy fiqhiy masalalarning sharhi va yechimida Muhammad Bazdaviyning “Mabsut”, Termiziyning “Jome’ ul-kabir” (“Katta to‘plam”), Quduriyning “Muxtasari Quduriy” kabi asarlariga ishora qilinadi.
“Hidoya”da huquqiy masalalarning yechimi dastlab yirik fiqh olimlari fikrlarining bayoni va unga boshqa mualliflar z’tirozlari yoki qo‘shilishlarini izhor etish yo‘li bilan berilgan. Ana shu obro‘li mualliflar fikrlaridan kelib chiqib, muayyan masalada eng ma’qul yechimni tanlab olish yo‘liga amal qilingan. Shu tariqa unda qonunning aynan ifodasigina emas, balki uning mukammal sharhi ham asoslab keltiriladi.
“Hidoya” to‘rt juzdan iborat bo‘lib, birinchi juzga ibodat masalalari kiritilgan, bular: tahorat, namoz, ro‘za, zakot va haj kitoblaridir. Ikkinchi juzga nikoh, emizish, taloq, qullarni ozod qilish, topib olingan bolaning nasabini aniqlash, topib olingan narsa, qochib ketgan qullar, bedarak yo‘qolganlar, sherikchilik va vaqf mulki kabi masalalar kiritilgan.
Uchinchi juzda esa oldi-sotdi, pul muammolari, kafolat, pulni birovga o‘tkazish, qozilarning vazifalari, guvohlik, berilgan guvohliqdan qaytish, vakolat, da’vo, iqror bo‘lish, sulh, bir ishda pul bilan sherik bo‘lish, pulni saqlashga berish, qarz berish, sovg‘a, ijara, muayyan shart asosida cheklangan ozodlik berilgan qullar, voliylik (otaliqqa olish), majbur qilish, homiylik, qisman ozod bo‘lgan qullar va bosqinchilik xususidagi masalalar o‘rin olgan.
To‘rtinchi juzda esa shafoat, meros taqsimlash, dehqonchilik hamda bog‘dorchilik xususida shartnoma, qurbonlikka so‘yiladigan jonzot haqida, umuman qurbonlik qilish haqida, shariatga zid yomon narsalar haqida, tashlandiq yerlarni o‘zlashtirish xususida, taqiqlangan ichimliklar haqida, ovchilik, garovga berish, jinoyatlar xususida, xun haqi to‘lash, vasiyat kabi masalalar yoritilgan.
“Hidoya” bir necha asrlar davomida ko‘p musulmon mamlakatlarida, jumladan, Markaziy Osiyoda ham huquqshunoslik bo‘yicha eng asosiy qo‘llanma hisoblanib, sovet sud tizimi joriy qilinguncha, amalda bo‘lib keldi. Hozirgi kunda ham islom shariati asosida ish yuritadigan musulmon mamlakatlar huquqshunosligida bu asardan keng foydalaniladi.
2000 yilda Burhoniddin Marg‘inoniy tavalludining 910 yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Marg‘ilon shahrida Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmuasi bunyod etildi.
100 MARKAZIY OSIYO MUTAFAKKIRLARI
© O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi
© Toshkent islom universiteti
© «YANGI NASHR», 2011
https://shosh.uz/uz/mutafakkirlar-burhonuddin-marg-inoniy-1123-1197/