Post Views:
30 429

Buxoro amirligi bayrog‘i
Buxoro amirligi bayrog‘i

Siyosiy tarix. So‘nggi ashtarxoniylardan bo‘lgan Abdulfayzxon hukmronligi davrida markaziy hokimiyat zaiflashganligidan foydalangan o‘zbek urug‘lari turli viloyatlarda hokimiyatga qarshi isyon va g‘alayonlar ko‘tarishib, o‘zlarini mustaqil deb e’lon qila boshladilar. Ular orasida ashtarxoniylar saroyida katta nufuzga ega bo‘lgan, mang‘it urug‘i boshliqlardan biri Muhammad Hakimbiy otaliq (vafoti 1743y) hamda uning o‘g‘li Muhammad Rahimbiyning harakatlari ayniqsa keskin edi.

Buxoroda bo‘lib o‘tayotgan tartibsizliklardan foydalangan Eron shohi Nodirshoh 1745 yilda Muhammad Rahimbiy rahbarligida Buxoroga katta qo‘shin jo‘natdi. Muhammad Rahimbiy Buxoroda viziyatni yumshatish borasida katta ishlarni amalga oshirdi. Miyonqol va Shahrisabzdagi qo‘zg‘olonlar bostirildi. Muhammad Rahimbiy davlat apparati tizimi ishlari va hukumat amaldorlarini almashtirish ishlariga jiddiy kirishdi.

U deyarli barcha yirik davlat mansablariga o‘zining yaqin qarindoshlari va maslakdoshlarini qo‘yib, ularning yordamiga tayanib poytaxtda o‘z mavqyeni mustahkamlab oldi. 1746 yilda Nodirshoh o‘ldirilgach, oradan ko‘p o‘tmay Abdulfayzxon ham o‘ldirildi. Taxtga o‘tirgan Abdulmo‘min ham 1748 yilda o‘ldirildi. Uning o‘rniga nihoyatda yosh bo‘lgan Ubaydulla Sulton nomigagina taxtga o‘tqazildi. 1753 yilga kelib yirik amaldorlar, ruhoniylar va urug‘ oqsoqollarining roziligi bilan Muhammad Rahimxon (1753-1758yy) taxtga o‘tirdi va mang‘itlar sulolasi hukmronligini boshlab berdi.

Muhammad Rahimxon markazlashgan davlat tizimi tuzish siyosatini olib bordi. U yirik mulkdorlarni davlatni boshqaruv ishlariga aralashtirmay, mustaqil siyosat yurgizdi. Bu hukmdor Miyonqol, Nurota, Urgut, Kobadiyon, Boysun kabi markaziy hokimiyatni tan olmagan viloyatlarga yurishlar qilib, ularni bo‘ysundirishga erishdi. Uning davrida Zarafshonning yuqori oqimi, Jizzax, Zomin yana Buxoroga qo‘shib olindi. Muhammad Rahimxon qisqa muddat ichida juda katta hududni birlashtirgan mang‘itlarning markaziy davlat tizimini barpo etdi. 1758 yilga kelib Toshkent, Qo‘qon, Marv, Balx, Qunduzdan elchilar kelib uning hokimiyatini tan olganliklarini bildiradilar.

Buxoro amirligi
Buxoro amirligi

Muhammad Rahimxon vafotidan so‘ng uning balog‘atga yetmagan kabirasi Fozilto‘ra taxtga o‘tqazilib, hokimiyat aslida Muhammad Rahimxonning tog‘asi Doniyolbiy otaliq (1750-1785 yy) qo‘liga o‘tdi. Doniyolbiyning hukmronligi davri markaziy hokimiyatning zaiflashuvi bilan izohlanadi. U taxtga o‘tirgan dastabki paytdayoq markazlashagan davlat siyosatiga qarshi g‘alayonlar va qo‘zg‘olonlar ko‘tarildi. Miyonqol vohasi, Shahrisabz va Kitob, Sherobod va Boysun, Hisor viloyatlarida katta-katta xalq g‘alayonlari va chiqishlar boshlanib ketdi. Dastavval,  Hisorga badarg‘a qilingan yuz, kenagas, burkut, bahrin, saroy kabi o‘zbek urug‘larining amirlari bosh ko‘tardilar. Ular mang‘itlar sulolasini taxtdan ag‘darishni rejalashtirgan edilar. Doniyolbiyning amirlarni tinchlashtirish uchun qilgan harakatlari zoye ketdi. Shundan so‘ng Doniyolbiy qo‘zg‘olonlarga qarshi qo‘shin jo‘natdi va Buxoro shahri aholisining yordami bilan qo‘zg‘olon bostirildi. Isyonchi amirlarning ko‘pchiligi qatl etildi.

Oradan ko‘p o‘tmasdan yuz urug‘larining boshlig‘i Fozilbiy bosh ko‘tardi. Doniyolbiy qiyinchilik bilan bo‘lsa-da bu qo‘zg‘olonni ham bostirdi. Ayniqsa, 1771 yilda Shahrisabz va Xuzorda ko‘tarilgan qo‘zg‘olon davlat asoslarini jiddiy larzaga sodi. Bu qo‘zg‘olonni ham katta kuch sarflab bostirishga erishgan Doniyolbiy qo‘zg‘olonchilar rahabarlarini qatl ettirdi. Mamlakatda g‘alayonlarning deyarli to‘xtovsiz ko‘tarilib turishi  markaziy hokimiyatning obro‘sini, qudratini tushirib yubordi. Mamlkatning iqtisodiy ahvol ham nochor holatga tushib qoldi. Natijada 1784 yilda poytaxt Buxoroda ham qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Qo‘zg‘olon bostirilgan bo‘lsa-da, Doniyolbiy 1785 yilda taxtni o‘g‘li Shohmurodga topshirishga majbur bo‘ldi.

Ark
Ark

Shohmurod taxtga o‘tirganidan so‘ng “amir” unvoni bilan hokimiyatni boshqaradi(1785-1800 yy.).  U o‘z hukmronligi davrida shaharlar taraqqiyoti va obodonchiligiga, irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi rivojiga alohida e’tibor berdi. Tarixda “Amiri ma’sum” (“Gunohsiz amir” ) nomi bilan qolgan Shohmurod o‘z davrida markaziy hokimiyatni nisbatan mustahkamlashga erishdi. Uning hukumronligi  davrida mamlakatni rivojlantirishga yo‘naltirilgan to‘rtta muhim islohot- moliya, sud, ma’muriy va harbiy islohotlar o‘tkazildi. Avvalo,1758 yildan boshlab, amirlikda to‘la holatda (aralashmalarsiz) kumushdan iborat bo‘lgan kumush tangalar,oldingilaridan o‘zining qiymati, sifati va tashqi ko‘rinishi bilan farq qiladigan sof tilla tangalar zarb etila boshlandi. U davlat zarbxonalarida aholining o‘z shaxsiy jamg‘armalaridan olib kelgan kumish va oltindan bir xil o‘lchamdagi kumush va tilla tangalarni zarb qilishga keng ruxsat berdi.

Amir Shohmurod adliya sohasida o‘tkazgan islohoti bilan mamlkatda sud ishlarini olib borishni birmuncha erkinlashtirdi. Manbalarga ko‘ra, amirlikdagi sud hay’ati ishlarini Shohmurodning bevosita o‘zi boshqargan. Sud ishlarini olib borish uchun maxsus sudlov qonunlari majmuasi ishlab chiqilgan bo‘lib, barcha viloyat, tuman, beklik qozilari aynan mana shu qonunlar majmuasi asosida ish olib borganlar. Umuman olganda, amir Shohmurod tomonidan o‘tkazilgan islohotlar mamlakatdagi markaziy hokmiyatni mustahkamlab, iqtisodiy yuksalishni ta’minlagan edi. Shuningdek, soliqlarning taribga solinishi, sud ishlaridagi nohaqliklarga chek qo‘yilishi, mahalliy amaldorlar ustidan nazorat o‘rnatilishi – savdo-sotiq   va hunarmandchilikning, qishloq xo‘jaligining yuksalishiga sharoit yaratib bergan edi.

Shohmurod o‘zi idora etib turgan markazlashgan davlat tizimini yanada mustahkamlash sohasida ham ma’lum ishlarni amalga oshirdi. Uning davrida ham amirlikda bir nechta urug‘lar va ayrim viloyatlarning noroziliklari sodir bo‘lib turgan edi. Xususan, 1786 yilda Karmana sarhadi aholisi Buxoro amiriga bo‘ysunishdan bosh tortdi. Shohmurod Karmana aholisini bo‘ysundirish uchun bir necha marta yurish qilishga majbur bo‘ldi. Karmanadan so‘ng itoat etmay qo‘ygan Shahrisabz va Xo‘jandga qilingan yurishlar muvaffaqiyat bilan yakunlandi.

Mamlakatda amalga oshirilgan islohotlar va muvaffaqiyatli harbiy harakatlar natijasida ancha mustahkamlanib olgan Shohmurod qo‘shni Afg‘onistonga ham harbiy yurishlar uyushtiradi. Xususan, Shohmurod Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘idagi ilgarigi Buxoro yerlarini qaytarib olish uchun Afg‘on amiri Temurshohga qarshi urushlar olib boradi. Bu urushlardan so‘ng Shohmurod va Timurshoh o‘rtasida sulh tuzilib, Amudaryo har ikkala davlat o‘rtasidagi chegara deb belgilandi. Amir Shohmurod 1800 yilda vafot etganidan so‘ng uning o‘g‘li amir Haydar (1800-1876 yy.) valiahd sifatida taxtga o‘tirdi. Otasi davrida Qarshining hokimi bo‘lgan amir Haydar oq kigizga o‘tqaizilib xon etib ko‘tariladi.  Ammo, Haydar xon unvonini emas, balki “amir al-mo‘minin” unvonini oldi. Manbalarga ko‘ra, xutba amir Haydar nomiga o‘qilgan bo‘lsa-da, tangalar amir Haydar, amir Shohmurod va Doniyolbiy nomlaridan zarb etilgan.

Buxoro ordeni
Buxoro ordeni

Otasining siyosatini davom ettirishga harakat qilgan amir Haydar o‘z hukmronligining dastlabki yillarida Buxoro hududining butunligini saqlash, Zarafshonning yuqori oqimi hududlari, Shahrisabz, Miyonqol yerlarini qo‘lda saqlab qolish uchun kurashlar olib bordi. O‘ratepani vaqtincha o‘ziga bo‘sundirishga erishdi.

Amir Haydar davrida Xiva xonlari amirlik hududlariga tez-tez talonchilik urushlari qilib turdilar. 1806 yilda   amir Haydar butun Buxoro ahlini qurollanishga va Xiva xoni Eltuzarga qarshi kurashishga chaqirdi hamda ularni mag‘lubiyatga uchratib, amirlik hududlaridan haydab chiqarishga erishdi.  Bu urushlardan so‘ng Buxoro bilan Qo‘qon o‘rtasida urushlar boshlanib ketdi. Qo‘qon xoni Olimxon 1807, 1810 yillarda O‘ratepaga hujumlar qilib, katta o‘ljalarni Qo‘qonga olib ketdi. Bunday hujumlar Qo‘qon xoni tomonidan Jizzax va Zominga ham uyushtirilib turildi.

Doimiy ravishda olib borilgan urush harakatlari katta xarajatlarni talab etganligi bois, amir Haydar qo‘shimcha soliqlar yig‘ish haqida farmon berdi. Bu esa mehnatkash aholi ahvolini yanada og‘irlashishga va amir Haydar hamda u olib borayotgan siyosatga qarshi chiqishlarga olib keldi. Mana shunday qo‘zg‘olonlar 1821-1825 yillarda Miyonqol, Samarqand va Urgutda bo‘lib o‘tdi. Amir Hayodar bu qo‘zg‘olonlarni katta qiyinchiliklar bilan, qo‘zg‘olonchilarga katta va’dalar berish evaziga  bostirishga erishdi. Shahrisabz va Marv vohasi uchun ham Amir Haydar urushlar olib borishga majbur bo‘ldi.

O‘z davrida Amir Haydar qo‘shni Afg‘on davlati hukmdori Shujo’ al-mulk  Durroniy bilan do‘stlik aloqalarini o‘rnatgan bo‘lsa-da, Qo‘qon va Xiva davlatlari bilan Buxoro davlati o‘rtasidagi munosabatlar keskin edi. Manbalarga ko‘ra, shunday sharoitda amir Haydar hatto Turkiya sultoni Mahmud II ga yordam so‘rab murojaat etgan va uning itoatiga o‘tishga tayyor ekanligini ham ma’lum qilgan.

Buxoro amirligi ordenlari
Buxoro amirligi ordenlari

Amir Haydar 1826 yilda vafot etganidan so‘ng uning ikkita katta o‘g‘illari amir Husayn(ikki yarim oy) va amir Umar (to‘rt oy) qisqa muddat taxtga o‘tirib, o‘z ukalari Nasrullo tomonidan o‘ldiriladilar. Shundan so‘ng taxtga amir Haydarning uchinchi o‘g‘li  Nasrullo o‘tirdi. Amir Nasrulloning hukmronlik davri (1826-1860 yy.) avvalo, Buxoro amirligidagi siyosiy tarqoqlik, zodagonlarning boshboshdoqliklariga barham berish bilan izohlanadi. Amir Nasrullo hokimiyatni boshqarishda nihoyatda qattiq qo‘llik siyosatini olib bordi. O‘zining berahmlik siyosati tufayli amir Nasrullo “qassob amir” degan nomga sazovor bo‘lgan edi.

Amir Nasrullo markaziy hokimiyatni tan olmaydigan bo‘ysunmas mahalliy hokimlarga qarshi qattiq kurash olib bordi. Bu borada Shahrisabz Buxoroga bo‘ysunmay qo‘ygan eng yirik mustaqil viloyat hisoblanardi. Shuning uchun ham amirning siyosatidan anrozi bo‘lgan ko‘plab amaldorlar Shahrisabzga qochib panoh topganlar. Amir Nasrullo 1832 yilda Shahrisabzga qarshi urush boshlab, 32 marta yurishdan so‘ng 1552 yilda Shahrisabz va Kitobni bo‘ysundirishga erishadi.

Amir Nasrullo Qo‘qon va Xiva xonlari bilan ham urushlar olib bordi. U 1842 yilda Qo‘qonga yurish qilib uni egalladi. Ammo, bu paytda Xiva xoni Olloqulixon Buxoro chegaralariga hujum qilganligini eshitgach, Qo‘qonga o‘z noibini qoldirib orqaga qaytishga majbur bo‘ldi. Amir Nasrullo o‘z qo‘shinlari bilan Xivaga yurish qilib, Xazoraspni qamal qildi. Ammo, mag‘lubiyatga uchrab qaytib ketishga majbur bo‘ldi.

Amir Nasrullo o‘z hukumronligi davrida O‘ratepa va Xo‘jand uchun Qo‘qon xoni bilan to‘xtovsiz urushlar olib bordi. Buning natijasida shaharlar qo‘lda-qo‘lga o‘tib ko‘pgina vayronagarchiliklar kelib chiqdi, talon-talojlik avj oldi.

Manbalarga ko‘ra, Qo‘qondan Keshgacha bo‘lgan barcha mamlakatlarni bo‘ysundirgan amir Nasrullo Buxoroning amaldagi oxirgi mustaqil hukmdori bo‘lib qoldi. Amir Nasrullodan so‘ng taxtga uning o‘g‘li amir Muzaffar(1860-1885 yy.)o‘tirdi. U mang‘itlar sulolasidan bo‘lgan to‘rtinchi amir bo‘lib, uning 25 yillik hukumronlik davrida juda ko‘p voqyealar sodir bo‘ldiki, ulardan eng ayanchlisi – Buxoro amirligining Rossiya imperatori vassaliga aylanishidir.

Buxoro amirligi pul birligi
Buxoro amirligi pul birligi

Amir Muzaffar o‘z hukmronligining dastlabki yillarida ulamolarga deyarli e’tibor bermadi, ular bilan biror-bir masala yuzasidan maslahat ham qilmadi. Ammo, 1868 yilda amir ruslardan mag‘lubiyatga uchragach, ulamolarga yon berishga majbur bo‘ldi. Chunki ulamolar mahalliy aholini ruslarga qarshi kurashishga da’vat etgan edilar. Lekin fursat qo‘ldan boy berilgan edi. Ulamolarning xalqni ko‘tarishi ham, amirning o‘g‘li Katta To‘ra (Abdumalik), Kitob va Shahrisabz beklarining sa’y-harkatlari ham besamar ketdi. Zirabuloq yaqinidagi jangda mag‘lubiyatga uchragan amir Muzaffar ruslar tomonidan tuzilgan shartnomaga imzo chekishga majbur bo‘ldi. Unga ko‘ra amir O‘ratepa, Jizzax, Zarafshon vohasi hududlaridan mahrum bo‘ldi, rus hukumatiga 125 ming tillo miqdorda tovon to‘laydigan bo‘ldi hamda Buxoroning Rossiyaga vassalligini tan oldi.

Amir Muzaffar hukmronligi davrida amirlik hududlari ancha qisqardi. Bunga avvalo rus bosqini sabab bo‘lgan bo‘lsa, katta qiyinchilik bilan buyso‘ndiriligan Shahrisabz va Kitob bekliklari yana Buxoroga buysunishdan bosh tortdilar. Undan tashqari,  ruslarga to‘langan katta tovon evaziga amirlik xazinasi bo‘shab qoldi. Amir o‘z xazinasini to‘ldirish uchun qozilar va raislarga aholidan turli xil yig‘imlar yig‘ishga ruxsat berdi. Chunki bu yig‘imlarning katta qismi turli xil sovg‘alar va in’omlar tariqasida xazinaga kelib tushardi.

Amir Muzaffar o‘g‘li Abdulahadni taxt merosxo‘ri deb e’lon qildi va o‘sha yili uni Rossiya imperatori Aleksand Aleksandorovichning taxtga o‘tirish marosimi tantanasiga qatnashish uchun Moskvaga jo‘natdi. Podsho Aleksandr III ga Buxoro yulduzi ordeni topshirildi va Abdulahad haqiqiy taxt vorisi sifatida Rossiya tomonidan tasdiqlandi. 1883 yilda esa amir Muzaffar Rossiya imperiyasining I-darajali Muqaddas Anna ordeni bilan taqdirlandi. Arxiv ma’lumotlariga qaraganda, bu mukofotni Buxoroga imperiyaning nufuzli amaldorlaridan biri – general-mayor, knyaz Vitgenshteyn boshchiligidagi maxsus elchilar guruhi olib kelgan.

Buxoro amirining Qrimdagi saroyi
Buxoro amirining Qrimdagi saroyi
Buxoro amirining Sankt-Peterburgdagi uyi
Buxoro amirining Sankt-Peterburgdagi uyi

Amir Muzaffar 1885 yil 31 oktyabrda kasallik tufayli vafot etadi. Uning o‘g‘li amir Sayyid Abdullahad 1885-1910 yillar Buxoro amirligi taxtini boshqardi. Abdulahad 14 yoshidan boshlab Karmana beki etib tayinlangan. Rus sayyohlarining ma’lumotlariga ko‘ra u Karmanada juda oddiy kun kechirgan. 1885 yil 4 noyabrda amir Muzaffarni Buxoro arkida oq kigizga o‘tirg‘izib, taxtga o‘tqazish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Amir Abdulahad sayohat qilishni yaxshi ko‘rgan. U turli yillarda Moskva, Sankt-Peterburug, Kiyev, Odessa, Yekaterinaslov, Boku, Tiflis, Botumi, Sevastopol, Bog‘chasaroy kabi shaharlarda bo‘lgan. Amir har yili Kavkazda, Qrim yoki Yaltada dam olgan. Uning hukmronligi davrida qiynoqlar, o‘lim hukmi va eng dahshatli jazo, Buxorodagi Minorai Kalondan tashlab yuborish man etilgan. Amir Abdulahad davrida amirlikda mis, temir, oltin qazib chiqarish, telefon liniyalari va temir yo‘llari qurilishi,savdo faol rivojlantiriladi.

Abdulahad amirlikdagi harbiy kuchlarga alohida e’tibor bergan. Yoshlik chog‘idayoq bo‘lajak amir o‘z garnizonida harbiy mashqlar o‘tkazib, Karmana qal’asini yaxshi harbiy holatda tutgan.1895 yildan boshlab Buxoro amirligida militsiya xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Keyinchalik ham amir Abdulahad o‘z qo‘shinini harbiy tayyorgarligini oshirish va zamonaviy qurollantirish uchun ko‘pgina ishlarni amalga oshirgan.

Amir Muzaffar 1910 yil 22 dekabrda buyrak kasalidan vafot etgach 1911 yil yanvarda uning ikkinchi o‘g‘li Sayyid Mir Olim taxtga o‘tiradi. Olimxon 1893-1896 yillarda Peterburgda ta’lim olgan. Undan so‘ng avval Nasaf viloyatiga, keyin esa Karmanaga hokimlik qilgan. 1911-1920 yillar Buxoro taxtini boshqargan amir Olimxon Buxoroda sovet hukumati o‘rnatilgach Afg‘onistonga chiqib ketdi va 1944 yil Qobulda vafot etdi.

Amirlikning hududi, ma’muriy tuzilishi va aholisi. O‘rta Osiyo xonliklari ichida Buxoro amirligi alohida mavqyeiga ega bo‘lgan, katta hududlarni egallagan davlat edi. Manbalarga ko‘ra, XVIII asrning o‘rtalariga kelib Buxoro amirligi hududlarida birmuncha o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Bu davrda Buxoro hukmdorlari o‘z tasarruflarida Buxoro shahri va uning atrofidagi Vobkent, G‘ijduvon, Qorako‘l, Vag‘oza tumanlari, Qashqadaryo va Miyonqol vohalarini saqlab qololgan edilar. Xo‘jand, Toshkent, Hisor vaqti-vaqti bilan esa G‘uzor, Shahrisabz, Nurota, shuningdek Amudaryoning o‘ng sohilidagi Balx, Andxay, Maymana, Badaxshon va Shibirg‘onlar ham Buxoroga vassal bo‘lishiga qaramay unga itoat etmay qo‘yganlar.Siyosiy parokandalikning asosiy sababi – so‘nggi ashtarxoniylar davridagi o‘zaro kurshalar, markazdan qochuvchi kuchlar mavqyeining o‘sishi edi.

XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab, ya’ni mang‘itlar sulolasi hukmronligi o‘rnatilgach, Buxoro amirligi yana asta-sekin mustahkamlana boshlaydi. Shu asrning 70-80 yillariga kelib Buxoro amirligining markaziy hududini Samarqand va Buxoro shaharlarini o‘z ichiga olgan Zarafshon vohasi tashkil qilar edi. XIX asrning boshlariga kelib Buxoro amirligi hududiga Zarafshon hamda Qashqadaryo vohalaridan tashqari Surhon vohasi, Hisor, Xo‘jand, O‘ratepa, Panjikent kabi aholi zich joylashgan tumanlar, Janubiy Turkmanistonning katta qismi, jumladan Chorjo‘ydan to Murg‘ob daryosigacha bo‘lgan hududlar kirar edi. Bu davrda Buxoro amirligi hududlarining kengayishiga asosiy sabab – mang‘itlar  sulolasining markazlashgan davlat barpo etishga intilishi edi. XIX asr boshlarida Buxoro amirligi bir tomondan Eron va Afg‘oniston,ikkichi tomondan Xiva xonligi, uchinchi tomondan qozoq juzlari va to‘rtinchi tomondan Qo‘qon xonligi hududlari bilan chegaradosh edi.

Buxoroning so‘nggi amiri Sayyid Amir Olimxonning 1927 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, XX asr boshiga kelib “Buxoro mamlakati Amudaryoning sharqiy sohillaridan, ya’ni, Rossiya Pomiridan to Xivaning keng davlatlarigacha cho‘zilib boradi. Buxoro shimol tarafdan Qizilqum sahrosi bilan, g‘arb tarafdan Sirdaryo hamda Xo‘qand  xonligi bilan, janubda esa Afg‘oniston, Sharqda turkman o‘lkasi hamda Xiva dashti bilan chegaradosh ”

XIX asrning 50-yillarida Buxoro amirligi bir necha viloyatlardan tashkil topgan bo‘lib,ulardan Buxoro va Samarqand o‘z navbatida tumanlarga bo‘lingan edi. Viloyat hukumdorlari hokim deb atalgan. Keyinchalik viloyat o‘rniga bekliklar paydo bo‘lgach ularning hukmdorlari bek deb atalgan. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, bu davrda Buxoro amirligida 44 ta beklik mavjud bo‘lgan.

Mirzo Badi Devonning “Majma’ ul-arqom” asaridagi ma’lumotlarga ko‘ra,amirlik quyidagi ma’muriy-hududiy bo‘laklarga: 100 ming tanobdan iborat sug‘oriladigan yer  tumanga, 50 ming tanobdan iborat sug‘oriladigan yer hazoraga, 25ming tanob sug‘oriladigan yer nimhazoraga, 10-15 ming tanob sug‘oriladigan yer obxo‘riga, 400 tanob sug‘oriladigan yer qariyaga, 300 tanob sug‘oriladigan yer ma’razaga (ekinzor) bo‘lingan. Bunday tartibda bo‘linish bo‘yicha xiroj,zakot va  boshqa turdagi soliqlarni yig‘ish va olish qulay bo‘lgan.

Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, mahalliy ma’muriyat  namoyondalari mavzeni qishloq va masjidlardan kattaroq hududiy bo‘linma deb ta’riflanganlar. Misol uchun, Karki viloyati mavzelarga bo‘linsa ham ular o‘z navbatida bekchalarga bo‘lingan, bekcha qishloqlardan iborat bo‘lgan. Pomir viloyatlaridagi Ro‘shon va Shug‘non ma’muriy tumanlari oqsoqollik deyilgan. Aholi yashaydigan punktlar manbalarda uchta atama- qishloq, mavze, daha nomlari orqali qayd etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra,Buxoro amirligi aholisi XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab tez ko‘paya boshlaydi. XIX asrning boshlariga kelib amirlik aholisi taxminan 2 mln.dan oshiq, 50-yillariga kelib taxminan 2,5mlndan ortiq kishini tashkil etgan. Buxoro shahrida taxminan 60 mingdan  ziyodroq, Samarqanda shahrida esa taxminan 50 mingdan ortiq aholi istiqomat qilgan.

Amirlik aholisning katta qismini o‘zbeklar tashkil qilgan bo‘lib,juda ko‘plab o‘zbek urug‘lari vakillari amirlikning deyarli barcha hududlarida yashaganlar. Aholi tarkibidagi tojiklar Samarqand,Buxoro, Nurota, Urgut, Kitob kabi shaharlarda, tog‘li tumanlarda, jumladan, Panjikent, Vaxsh, Hisor, Qorategin, Ko‘lob, Shahrisabz, Qobadiyon, Yakkabog‘ bekliklarida, Zarafshonning yuqori qismida istiqomat qilganlar.

Turkmanlar ham Buxoro amirligi aholisining son jihatdan katta qismini tashkil etganlar. Ular amirlikka qarashli bo‘lgan Amudaryoning ikki qirg‘og‘ida joylashgan yerlarda, ya’ni, amirlikning janubiy va g‘arbiy hududlarida istiqomat qilishgan. Buxoro amirligi hududida aholining kichik qismini arablar tashil etgan bo‘lib,ular asoan Qarshi va Sherobod bekliklarida yashaganlar.

Buxoro amirligi aholisining hududiy joylashuvi (Xoliqova R.E. XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Rossiya-Buxoro munosabatlari.tarix fan.dokt.diss. Toshkent. 2006. 67-70 bb.)

Hududlar (vodiy va vohalar)Istiqomat qiluvchi aholi soni (taxminan)Foiz hisobida
Zarafshon vohasida700.00031.8
Qashqadaryo vohasida500.00022.2
Qizilqum va Yaksuv bo‘yidagi vohalarda225.00012.0
Amudaryo bo‘yidagi vohalarda (Surxonning quyilishidan to Chorjo‘ygacha)300.00014.0
Qolgan hududlarda430.00020.0
Butun amirlik bo‘yicha2.155.000100.0

Buxoro amirligi aholisining yashash tarzi bo‘yicha taqsimoti

Aholining yashash tarziAholi soniFoizda
O‘troq aholi1.399.60665.0
Yarim ko‘chmanchi aholi322.98615.0
Ko‘chmanchi aholi430.64820.0
Jami2.153.240100.0

Buxoro amirligi aholisning xo‘jalik yuritish bo‘yicha taqsimoti

Aholining xo‘jalik yuritish tarziAholi soniFoizda
Dehqonchilik va chorvachilik1.830.25485.0
Hunarmandchilik va savdo215.32410.0
Doimiy xo‘jalik ish yuritishga ega bo‘lmaganlar107.6625.0
Jami2.153.240100.0

Buxoro amirligi aholisining etnik tarkibi

Etnik guruhlarJami aholiga nisbatan foiz hisobidaAholi soni
Turkiy xalqlar85.01.830.254
Eroniy xalqlar12.0258.389
Boshqa elatlar3.064.597
Jami100.02.153.240

Shuningdek amirlik hududida hindlar, eroniylar, yahudiylar, lo‘lilar, afg‘onlar, qoraqalpoqlar, qozoqlar va qalmiqlar ham istiqomat qilganlar.

Buxoro amirligida istiqomat qilgan nomahalliy xalqlar,jumladan hindlar va yahudiylar ijtimoiy qatlam sifatida to‘la huquqga ega emas edilar va ular alohida mavzelarda yashaganlar. Amirlikda o‘troq aholidan tashqari tog‘ oldi va dasht hududlarda ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi aholi ham yashagan.

Davlat boshqaruvi tizimi. Buxoro amirligida XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab mang‘itlar sulolasining vakillari hukmronlik qiladilar. Sulola hukmronligining asoschisi Rahimbiy ibn Hakimbiy biroz muddat (1747 yildan keyin) Abdulfayzxonning o‘g‘illariga otaliq bo‘lgan bo‘lib, 1756 yilda sayidlar, xo‘jalar va ruhoniylar tomonidan Buxoro taxtiga o‘tqaziladi. Rahimbiy xon unvonini olmasdan o‘zini “noib ul-hukumat” (“hokim o‘rinbosari”) deb bilgan. Doniyolbiy otaliq ham xonlikka da’vo qilmay avval Fozilto‘rani, keyin esa Abdulg‘oziyni(1758-1784 yy.) xon deb e’lon qilib, o‘zi ularga noib hisoblangan. Shohmurod 1785 yilda Buxoroda “amir” unvoni bilan taxtga o‘tiradi.

Buxoro amirligining siyosiy tizimi, idora etish tartib-qoidalari, davlat ramzlari, unvon va mansablar haqida ko‘pgina olimlar tadqiqot ishlari olib borganlar. Ushbu tadqiqotlarning tahlillari shuni ko‘rsatadiki, mang‘itlar hukumronligi davrida davlat tizmida jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirilmagan. Bu davrda oliy hukumdor garchi amir unvoni bilan hokimiyatni boshqargan bo‘lsa-da, Buxoro amirligi ham o‘z tizimi, qonun-qoidalari, boshqaruv tartiblari va butun mohiyati bilan, o‘rta asrlar Movarounnahrdagi musulmon davlatlari, xususan, shayboniylar va ashtarxoniylar davlat tizmidan deyarli farq qilmagan.

Buxoro amiri Sayyid Olimxon o‘zining “Buxoro xalqining hasrati tarixi” asarida Buxoro amirligining siyosiy va idoraviy tashkilotlari hamda davlat boshqaruvi haqida ma’lumotlar berib, jumladan quyidagilarni yozadi: “Buxoro amirlari hukm yuritishlarida – shariat usul va odatlariga rioya qilar edilar. Buxoroning islom ulamolari amirni payg‘ambar xalifasi-o‘rinbosari, usul va shariat himoyachisi deb bilar edi. Amirning tirikchiligi butunlay shariatga mos bo‘lardi, uni buzish mumkin emas edi. Buxoro xonlari butunlay mang‘itlarning o‘zbek toifasidan bo‘lgan. Buxoro podshohlarini o‘zbek odatlariga ko‘ra, to‘shakcha ustiga tabarrukona o‘tqazib, sayyidlar, xo‘jalar va mullolar uni yerdan ko‘taradilar.

Buxoro mamlakati 28 ta viloyat (bog‘ot)ga bo‘linar edi. Eng katta viloyatlarga amirning o‘zi hokimlarni tayinlar edi. Bu viloyatlarga Nurota, Qorako‘l, Boysun, Hisor, Dehnov, Qo‘rg‘on, Boljuvon, Ko‘lob, Qubodiyon, Darvoz, Ro‘shon, Samarqand, Miyonqol, Farob, Urmeton va Maschohlar kirar edi. Valiahdga qarashli mulk Qarshi hisoblanar edi.”

Buxoro amirligida davlat mutlaq qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatga ega bo‘lgan amir tomonidan boshqarilar edi. Davlat ahmiyatiga molik bo‘lgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy,diniy va boshqa masalalar Buxorodagi bosh qarorgoh – Arkda ko‘rib chiqilgan hamda hal etilgan. Bosh qarorgoh hisoblangan Arkda amir va uning oilasidan tashqari qo‘shbegi, shig‘ovul, to‘pchiboshi, mirzaboshi kabi saroy amaldorlari o‘z oilalari va xizmatkorlari bilan yashagan.

Zaruratga qarab mamlakat poytaxtida amir boshchiligida Davlat Kengashi chaqirilib turilgan. An’anaga ko‘ra, lavozimlariga qarab 5 tadan 20 tagacha amaldorlar a’zo bo‘lgan ushbu kengashda mamlakat hayotiga doir eng muhim masalalar ko‘rib chiqilgan.

Ilgarigi davrlarda bo‘lagani kabi mang‘itlar davrida ham davlat boshqaruvi tizimi ikki bo‘g‘in – markaziy va mahalliy boshqaruv tizimidan iborat bo‘lgan. Bu tizimlar musulmon davlatlariga xos bo‘lgan murakkab boshqaruv tarmoqlariga ega bo‘lgan hamda asosan amir, saroy amladorlari, o‘zbek urug‘lari va qabila boshliqlari, ulamolar, harbiy boshliqlardan tashkil topgan. Amirlikdagi markaziy hokmiyat amir boshchiligidagi saroy a’yonlari qo‘lida bo‘lsa, mahalliy boshqaruv viloyat noiblari qo‘lida edi. Viloyat beklari amir tomonidan asosan mang‘it urug‘i vakillaridan tayinlangan.

Amirlikning poytaxti Buxoro va uning atrofidagi tumanlar amir tomonidan boshqarilgan. Viloyat beklari nisbatan kichik hududiy bo‘linmalar amlok mulklar hisoblanib, ularning boshqaruvchilari amaldor deb atalgan. Amirlikning ma’muriy tuzilishidagi eng quyi bo‘g‘in qishloq jamoalari bo‘lib, ularni oqsoqollar boshqargan. Xullas, Buxoro amirligi rus istilosiga qadar hozirgi O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston respublikalarining katta qismini o‘z ichiga olgan O‘rta Osiyodagi yirik davlat edi.

Mansablar, unvonlar va amallar. Avvalo, ta’kidlash lozimki, manbalar va adabiyotlarda Buxoro amirligida mavjud bo‘lgan unvon, mansab hamda amallarga oid ma’lumotlar juda chalkash, ko‘p hollarda bir-birini inkor etadi. So‘nggi yillarda Sh.Vohidov va R. Xoliqovalar o‘z tadqiqotlarida ushbu masalalarga aniqlik kiritishga harakat qilganlar. Quyida ularning tadqiqotlariga asoslanib amirlikdagi mansablar va unvonlar haqida so‘z yuritamiz.

Buxoro amirligidagi eng yuqori unvon va mansablar, avvalo mang‘it urug‘i vakillariga,sayyidlarga, xo‘jalarga hamda ulamolarga berilgan bo‘lib, davlatdagi eng yuqori unvon amir ul-umaro, otaliq, hokim(valiy, bek), qo‘shbegi va devonbegilar bo‘lgan. Davlat amir, amir ul-umaro tomonidan boshqarilib, u amalda va rasman cheklanmagan huquqlarga ega bo‘lgan. Oltin O‘rda davlatida joriy etilgan otaliq unvoni mang‘itlar davriga kelib otaliqqa olingan shaxsning maslahatchisi va ishonchli vakili, harbiy va ma’muriy ishlarda asosiy vakiliga aylandi. Amir Shohmurod davrida otaliqning vakolatlari cheklanib, unga Zarafshon daryosi suvining tasimotini nazorat qilish, Buxoro kanali(rud-i shahr) va dorug‘alik vazifasi yuklanadi.

Budavrda qo‘shbegi yoki qo‘shbegiyi bolo eng oliy saroy mansabi hisoblanib uning mavqyei juda baland bo‘lgan. Amalda bosh vazir vazifasini bajargan bu mansab egasi iqtisodiy,siyosiy va harbiy masalalar bo‘yicha amirning eng yaqin odami bo‘lgan. Saroydagi oliy mansablardan yana biri devonbegi bo‘lib,bu mansabdor vazir vakolatlariga ega bo‘lgan. Devonbegi moliya ishlari, daromad va xarajatlar hamda soliq yig‘ish ustidan to‘la nazorat qilish ishlariga javob bergan.

Amirlikdagi markaziy davlat boshqaruvida Buxoro shahri alohida o‘rin egallagan. Jumladan, Buxoro shahri hokimi amirning birinchi vaziri va boshqa viloyatlar boshqaruvchisi hisoblangan. Shahardagi jamoat tartibini saqlash mirshablarga topshirilgan bo‘lib, ular shahar mirshabboshisiga bo‘ysunishgan. Buxoro shahri mirshabboshisiga boshqa barcha shaharlar mirshabboshilari bo‘ysungan. Mang‘itlar davrida Buxoroda qo‘shbegi, qozikalon, bosh rais va mirshabboshi birgalikda  “chor hokim”, ya’ni, “to‘rt hokim” deb yuritilgan.

Amirlikning boshqaruv tizimida bosh rais alohida ahamiyatga ega bo‘lgan. Ushbu amal yarim diniy, yarim targ‘ibotchi usulida edi. Amirlikda bosh rais odatda eshon rais yoki rais-ush shariat deb atalgan bo‘lib unga barcha mahalliy raislar bo‘ysungan. Bosh rais ularni vaqti-vaqti bilan amir oldida tekshiruvdan o‘tkazib turgan. Eshon rais qozikalondan keyin turadigan amaldor bo‘lib, uning mahkamasiga vaqtincha o‘rinbosarlik qiluvchi xalifa, noib, mulozimlar, mirzalar, miroxo‘rboshi, tergovchi, shahar mirobi kabilar kirgan.

Amir saroyida ijro hokimiyatini amalga oshiruvchi lavozimlar qatoriga shahar xavfsizligiga javobgar bo‘lgan mirshab va uning qo‘l ostidagilar, suv ta’minotiga javobgar bo‘lgan mirob va uning qo‘l ostida ishlaydiganlar kirgan. Mirshab qo‘l ostida yasovulboshi, devonbegi, mahramboshi, mirzalar, dahboshi,shabgard(kechki qorovul), farroshboshi kabilar bo‘lgan. Mirob tasarrufida esa mahram,mirzalar, bakovullar, miroxo‘rlar, suv tarmoqlari nazoratchilari,mahalla, mavze va qishloq oqsoqollari faoliyat yuritganlar.

Amirning ikkinchi vaziri qo‘shbegi poyon, ba’zi manbalarda mir poyon deb atalgan bo‘lib, unga yasovulboshi, miroxo‘rboshi, xazinachi, mirzalar,bakovulboshi, zakotchilar bo‘ysungan. Miri poyon ularni bevosita o‘z nazoratiga olib turgan.

Buxoro amiri huzurida yuqori lavozimdagi mansabdorlar bilan birga quyi amaldagi mansabdorlar ham mavjud bo‘lgan. Amir farmonlarini yetkazuvchi parvonachi, amirga doimo hamroh bo‘lib yuruvchi hidoyachi, amir maslahatchisi va xorijiy mehmonlarni ko‘tib oluvchi shig‘ovul, amir osoyishtaligi va tinchligini muhofaza qiluvchi tongotar(tunqator), amirga qaratilgan salom va ta’zimlarni qabul qiluvchi javobgar salom og‘asi, amir dasturxoniga javobgar dasturxonchi, amir safari chog‘ida nomozga chorlovchi imomi jilov, amir safari chog‘ida qonun bilan shug‘ullanuvchi mufti jilov, amir maslahatchilari guruhi jam’og‘a kabilar shular jumlasidan. Amirga bo‘lgan sadoqati va xizmati uchun alohida shaxslar dodhoh, inoq, to‘qsabo, otaliq, eshikog‘asi kabi unvonlarga ega bo‘lganlar.

XVIII-XIX asrning birinchi yarmida amirlikda eng oliy diniy mansab shayxulislom hisoblangan. Ammo,bu davrda uning vazifalari ancha toraygan edi. XIX asr o‘rtalaridan boshlab shayxulislom o‘rnini qozikalon egallaydi. YUqorida eslatilgan amir huzuridagi kengashda din vakillaridan qozikalon, shayxulislom, naqib va rais qatnashgan.

Amir Muzaffar davridan boshlab amirlikdagi barcha huquqiy normalar qozilar tomonidan hal qilingan. Barcha fuqarolik,xo‘jalik va jinoiy ishlar Qur’on asosida ko‘rib  chiqilgan hamda jazolar tayinlangan. Qozilar amir irodasiga ko‘ra qozikalon tomonidan tayinlangan. Shariat bo‘yicha boshqaruv qozilar qo‘lida bo‘lgan. Qozikalon amirlik poytaxtining bosh qozisi bo‘lishi bilan birga, davlatdagi boshqa qozilar boshlig‘i hisoblangan.

Amirlikda rasman uchta diniy unvon – o‘roq, sudur va sadr mavjud bo‘lgan. Manbalarga ko‘ra, madrasani tugutgan shaxs mulla, qozi, rais amallarini egallashi mumkin bo‘lgan. YUqoridagi amallarda bir necha yil ishlagnidan so‘ng shariat huquqlari sohasida to‘plagan bilim va tajribalari asosida bunday shaxslarga dastlab o‘roq, keyin sudr va so‘ngra sadr unvonlari  berilgan. Eng oxirgi diniy unvoni bo‘lgan shaxslar qozikalon, muftiy, a’lam, oxun kabi diniy amallarni egallashi mumkin bo‘lgan.

Amirlikda harbiylar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar va ularning shikoyatlarini shu masalalar bilan shug‘ullanuvchi maxsus amaldor-qozi askar ko‘rib chiqqan. Harbiy jinoyatlar bo‘yicha fatvo tayyorlash muftiy askar zimmasida bo‘lgan. Demak, amirlikdagi harbiylar va fuqarolik ishlari alohida-alohida mahkamalar tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Amir Nasrullo davrida amirlikda muntazam qo‘shin – sarbozlar  qo‘shini tashkil etilgan. Eng yuqori harbiy unvonlar sarkarda, amiri lashkar, dodxoh(qo‘shin boshlig‘i) kabilar bo‘lib, qo‘ronbegi, to‘qsabo, mingboshi kabi oliy toifali harbiy amaldorlar ham faoliyat yuritgan. Bekliklar hududidagi qo‘shinga beklarning o‘zlari rahbarlik qilganlar. Bekning eng yaqin yordamchilari yasovulboshi boshchiligidagi yasovullar bo‘lgan. Qo‘shinda  ponsadboshi, yuzboshi, ellikboshi, o‘nboshi, miroxo‘r kabi bo‘linma boshliqlari ham bo‘lgan. Ming boshi bayroq(tug‘) ko‘tarib yurish huquqiga ega edi.

Yer egaligi munosabatlari. Dehqonchilik va chorvachilik. O‘rta Osiyoning barcha hududlarida bo‘lgan kabi Buxoro amirligida ham agrar munosabatlar, ya’ni, yerga egalik munosabatlari iqtisodiy hayotning asosini tashkil etgan. Manbalarga ko‘ra amirlikda yer egaligining quyidagi to‘rtta turi: davlatga tegishli yerlar(mulki sultoniy); xususiy yerlar(mulk); diniy muassasalar ixtiyoridagi yerlar (vaqf) va qishloq jamoalariga tegishli yerlar mavjud bo‘lgan, Arxiv manbalarida amlok yerlar, amloki sultoniy, podshoh yerlari kabi atamalar bilan atalagan davlat yerlari bilan bir qatorda mulki xirojiy, xiroj yerlari atamasi ham tilga olinadi.

Amir eng katta yer egasi hisoblangan. Davlat yerlarini rasman sotish, hadya etish hamda vaqfga berish taqiqlangan bo‘lsa-da, bunga doimo ham amal qilinmagan. Davlat yerlari bo‘sh yotgan yerlar (qamishzorlar, toshloq, to‘qayzor, tog‘oldi)ni o‘zlashtirish hisobiga ko‘paytirib turilgan. Bunday yerlarni o‘zlashtirgan shaxslar bir necha yil soliqlardan ozod etilib, keyin belgilangan tartibda soliq to‘laganlar.

Undan tashqari davlat (amlok) yerlari hukumdor oldida katta gunoh qilgan yirik yer egallaridan musodara qilingan yerlar hisobiga hamda merosxo‘ri bo‘lmasdan vafot etgan shaxslarning yerlari davlat ixtiyoriga o‘tishi hisobidan ham ko‘paygan. Ayrim manbalarga ko‘ra, davlat yerlaridan doimiy mavjud bo‘lgan yer solig‘i – xiroj olingan bo‘lsa, boshqa manbalarda davlat yerlaridan hosilning katta qismi, ya’ni 40-50 foizi olinganligi qayd etiladi.

Amirlikda mavjud bo‘lgan yana bir yer egalligi shakli mulk(xususiy) yerlar bo‘lib,bu yer egaligi shakli qo‘zg‘almas mulk hisoblangan hamda hech qanday cheklanishlarsiz meros qilib qoldirish mumkin bo‘lgan. Mulk yerlaridan olinadigan soliqlar haqida tadqiqotchilarning turli fikrlari mavjud. Yangi tadqiqotlar (R.Xoliqova) tahlili shuni ko‘rsatadiki, mulki xurr yoki mulki xolis ayrim yirik yer egalariga tegishli bo‘lgan yer egaligi shakli hisoblangan. Mulki xurr egasi doimo amaldagi hukmdor tomonidan berilgan yorliqqa ega bo‘lishi shart bo‘lgan va aynan shu yorliq tufayli u yer solig‘idan ozod qilingan.

Amirlikda dehqon ahli foydalanayotgan yerlarga nisbatan mulki xiroj  atamasi ishlatilgan. Bunday yerlarga ega bo‘lgan yer egalari o‘z yerlarini erkin sotish, meros qoldirish va hadya qilish huquqiga ega bo‘lganlar. Bunday yerlardan rasman hosilning uchdan biri miqdorida soliq belgilangan bo‘lsada, amirlikning har biri hududida o‘rnatilgan va belgilangan tartib hamda urf-odatlarga ko‘ra, soliq miqdori hosilning uchdan biridan to beshdan birigacha bo‘lgan.

A’anaga ko‘ra, vaqf yerlari asosan diniy muassasalar – machitlar,     mozorlar,xonaqo, madrasalarga yer maydonlarini meros qoldirish hamda xayr-ehson qilish natijasida vujudga kelgan bo‘lib, u yer egaligining alohida shaklini tashkil etgan. Ushbu yerlardan tushgan foyda mutavalli ixtiyoriga kelib tushgan. Mutavalli asosan vaqf egalari avlodlaridan tayinlangan bo‘lib, u vaqf hujjatlariga asoslanib foydani taqsimlab chiqqan. Amirlikda vaqf yerlarini sotish, bunday yerlardan soliq olish taqiqlangan bo‘lsada, manbalar va hujjatlar bunga amal qilinmaganligini ko‘rsatadi.

Amir Nasrullo davridan boshlab yer egaligining tanho shakli tarqaladi. Nasrullo o‘ziga bo‘ysunmagan amaldorlar va urug‘ oqsoqollarining yerlarini musodara qilib, bunday yerlarni vaqtincha egalik qilish huquqi bilan o‘z tarafdorlariga hadya(tanho) qilgan. Amir Muzaffar davridan boshlab tanho tog‘li hududlarga ham yoyiladi. Tanho turli hajmda(bir necha tanobdan bir necha yuz tanbogacha) berilgan bo‘lib, tanhoning berilish miqdori eng avvalo, yerning sug‘orilishi, yerning unumdorligi, qolaversa, amaldorning egallagan mavqyei va ta’siriga ham bog‘liq bo‘lgan.

Dehqonchilik va chorvachilik Buxoro amirligi iqtisodining asosiy tarmoqlari hisoblangan. Aholining sakson besh foizi dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanganligi ham fikrimiz dalilidir. Amirlikda XVIII asrning oxirlaridan boshlangan iqtisodiy yuksalish,avvalo dehqonchilikning tiklanishi bilan izohlanadi. An’anaga ko‘ra, sug‘oriladigan hamda lalmikor yerlarda dehqonchilik sohasida bug‘doy, arpa, jo‘xori, poliz va sabzavot ekinlari yetishtirishga katta e’tibor qaratilgan. uzumchilik va bog‘dorchilik ham yaxshi rivojlangan. Manbalarga ko‘ra, amirlikda uzumning 10 dan ortiq navlari yetishtirilgan.

Amirlikda sholikorlik ham yaxshi taraqqiy etgan. Nisbatan sifatli sholi Shahrisabz, Kattaqo‘rg‘on va Hisor vohalarida yetishtirilgan. Shahrisabz va Hisor sholikorlari amirlikning poytaxti Buxoroni doimiy ravishda sifatli guruch bilan ta’minlab turganlar.

Amirlikda XIX asrning boshidan boshlab Rossiyaga ko‘p miqdorda paxta sotilishi natijasida paxtachilikka e’tibor kuchaytirilgan. Rus manbalariga ko‘ra, Buxoro amirligining “Qashqadaryo vohasi, Surxondaryo vohasida, Yakkabog‘, Kitob, Chiroqchi, Qarshi, Shahrisabz, G‘uzor, Termiz, Sherobod, Hisor tumanlarida paxta katta miqdorda yetishtiriladi. O‘rta Osiyo xonliklari ichida Buxoro paxtasi alohida diqqatga sazovor bo‘lib, u ancha qimmat turadi”.

Shariatda chekish ta’qiqlanganligiga qaramasdan, Qarshi va Miyonqol vohalarida tamaki yetishtirish rivojlangan. Qarshi tamakisi eng sifatli tamaki hisoblangan. Undan tashqari amirlikda ipakchilikning rivojlanishiga ham katta e’tibor qaratilgan. Buxoro vohasi, Zarafshon vodiysi, Karamana, Shahrisabz, Kitob, Miyonqol, umuman, suv ko‘p bo‘lgan barcha hududlarda tut daraxtlari nihoyatda ko‘p o‘stirilgan. Buxoroda va boshqa yirik shaharlarda toza ipak va yarim ipakdan turli xil matolar tayyorlangan.

Amirlikdagi dehqonchilik va bog‘dorchilik oddiy va an’anaviy holatda bo‘lgan. Yerlar ot, ho‘kiz kam hollarda tuyalarga omoch qo‘shilib haydalgan hamda mola, ketmon va bel orqali ishlov berilgan.

Amirlikda mavjud bo‘lgan cho‘l va dasht hududlari,tog‘ va tog‘ oldi adirlari mahsuldor chorvachilik uchun qulay imkoniyatlar yaratgan. Amirlikning cho‘l hududlarida, jumladan Buxoro va Qarshi hududlarida qorako‘l teri yetishtirishga ixtisoslashgan qo‘ychilik taraqqiy etgan. Bunga asosiy sabab, tashqi  bozorda (ayniqsa Rossiya bozorida) qorako‘l terisiga, undan ishlangan mahsulotlarga talab nihoyatda katta edi. Chorvachilikning yetakchi tarmog‘i sifatida yilqichilik nafaqt dasht hududlarda,balki vohalarda ham rivojlangan. Shahrisabzning qorabayir va Qarshining arabi otlari o‘z chidamliligi, tezligi va kuchi bilan butun amirlik va undan tashqarida ham mashhur bo‘lgan.

Chorvachilikda tuyachilikka ham alohida e’tibor berilgan. Og‘ir va olis yo‘llar hamda suvsizlikka chidamli bo‘lgan og‘ir yuk ko‘taruvchi tuyalardan karvon savdosida,tegirmonlarda, yog‘ chiqarishda kam hollarda yer haydashda foydalanilgan. Shuningdek tuyaning suti va juni qadrlangan. Amirlikda chorvachilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarning ichki va tashqi bozorga tuyoqli mollar, sifatli teri, jun va boshqa turli mahsulotlar(shol,namat,arqon va boshq) hamda oziq-ovqat (go‘sht va sut mahsulotlari) yetkazib berishdagi ahamiyati nihoyatda katta edi.

Hunarmandchilik va savdo-sotiq. Buxoro amirligida asosiy hunarmandchilik markazlari sifatida shaharlar katta ahammiyatga ega bo‘lgan bo‘lsa-da,ko‘pgina yirik qishloqlarda ham hunarmandchilikning kundalik ehtiyoj uchun zarur sohalari rivojlangan edi. Butun o‘rta asrlarda mavjud bo‘lganidek,amirlik davrida ham hunarmandlar uyushmalari (kasaba, sexga ega bo‘lganlar).Uning tashkil topishi mahsulot ishlab chiqarish ustidan nazorat o‘rnatishga,mahsulot ishlab chiqarish huquqini saqlash va raqobatbardoshlikka intilish bilan bog‘liq edi. Amirlikdagi hunarmandchilikning barcha sohalarida bunday uyushmalar mavjud bo‘lib,uni saylab qo‘yiladigan shaxs-rais yoki oqsoqol boshqargan. Hunarmandlar ishlab chiqargan mahsulotlar narxini belgilashda, turli soliq va to‘lovlar yig‘imida, usta va shogird munosabatlarida, xo‘jalik ishlarini yuritishda uyushma raisining xizmati katta bo‘lgan.

Ilgarigi davrlarda bo‘lganidek, amirlikning hunarmandchiligi sohasida to‘qimachilik uning asosiy tarmog‘i hisoblangan. Ushbu tarmoqning rivojlanishiga asosiy sabab, birinchidan soha uchun mahalliy xom ashyo manbalari – paxta, jun, ipak yetarli darajada bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchidan, ichki va tashqi bozorda, kundalik hayotda to‘qimachilik mahsulotlariga talab katta edi. Amirlikda ayniqsa bo‘z, chit,olacha ko‘p miqdorda tayyorlangan. Qarshi, Hissor, Baljuvon, Dehnov, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz va ularning atroflarida ipak matolar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilgan. Boshqa shahar va qishloqlarda ham ip yigirish, mato to‘qish, tayyor kiyim tikish, gilam to‘qish va boshqa to‘qimachilik sohalari ancha rivojlangan. Manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, Buxoroning zarbof to‘nlari, Shahrisabzning iroqi do‘ppilari,Termizning harir matolari, Samarqand va Boysun hunarmandlarining ipak matolari amirlikdan tashqarida ham juda mashhur bo‘lgan

Amirlik hunarmandchiligidagi muhim tarmoqlardan yana biri bu – kulolchilik    edi. Xo‘jlik tarqqiyotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan kulolchilik amirlikning deyarli barcha hududlarida rivojlangan edi. Kulolchilik eng taraqqiy etgan markazlar Buxoro, Samarqand, Qarshi, Shahrisab, Urgut, Dehnov, G‘ijduvon kabilar bo‘lib, ularning mahsulotlariga ichki va tashqi bozorda talab katta bo‘lgan. Amirlik kulolchiligida O‘rta Osiyoning ko‘pgina kulolchilik maktablariga xos bo‘lgan manzaralar(turli gullar va o‘simliklar tasviri), turli hayvonlar,qushlar, hashoratlar yoki ular tanasining bir qismini shartli ravishda tasvirlash kulol ustalar tomonidan keng qo‘llanilgan.

Amirlik iqtisodiyotining metallga ishlov berish sohasi ham yaxshi rivojlangan. Shahrisabz, Urgut, Nurota, Bosun, Sherobod kabi tog‘li tumanlardan ma’danlar qazib olingan bo‘lib, ulardagi konlardan foydalanish ba’zi tanaffuslar bilan XX asr boshlariga qadar davom etgan edi.

Bu davrda amirlikdagi metallga ishlov berish taraqqiy etgan quyidagi to‘rtta asosiy tarmog‘i-temirchilik, misgarlik, cho‘yan quyish va rixtagarlikni alohida ko‘rsatish mumkin. Temirchilik sohasida ustalar qishloq xo‘jaligida va kundalik turmushda ishlatadigan mehnat qurollari, harbiylar uchun jangovar qurollar yasaganlar. Amirlikning ko‘pgina shaharlarida Temirchi, Guzari, Chilangaron kami chilnagar-temirchilarning maxsus mahalla guzarlarining mavjudligi ushbu hunarmandchilik turining ancha tarqqiy etganligini ko‘rsatadi. Amirlikning asosan yirik shaharlarida misgarlik ham rivojlangan. Mis xos ashyosi asosan Rossiyadan keltirilgan bo‘lib undan chilim idishlari, barkash, lagan, ko‘zacha, tog‘oracha kabi ko‘plab idishlar yasalgan hamda ular turli naqshlar bilan mohirona bezatilgan.

Buxoro amirligining metallga ishlov berish sanoatida degrezlik-cho‘yan quyishning alohida o‘rni bor edi. Bu soha ustalari asosan shaharlardagi maxsus guzarlarda yashaganlar. Ular cho‘yandan qozon, chiroq, manqaldon kabi buyumlar yasaganlar. Bronzadan buyumlar yasash –rixtagarlik ham amirlikning ko‘pgina shaharlarida taraqqiy etgan edi. Ushbu kasb sohiblari turli buyumlar va taqinchoqlar yasaganlar.

Undan tashqari amirlikda hunarmandchilikning boshqa ko‘pgina turlari ham rivojlangan. Xusuan  Buxoro, Qarshi va Shahrisabz shaharlaridagi zargar ustalar tomonidan tayyorlangan zargarlik buyumlari, qimmatbaho toshlar, metal va turli xil shishalardan yasalgan taqinchoqlar amirlik va undan tashqari hududlarda ham mashhur bo‘lgan. Ko‘nchilik ham yaxshi rivojlangan tarmoq hisoblangan. Charmgar ustalar tomonidan yaxshi ishlov berilgan terilardan turli xil oyoq kiyimlari, bosh kiyimlar, po‘stin va nim po‘stin, turli xil meshlar (sut,suv, qimiz va b. uchun) tayyorlangan.

Amirlikning deyarli barcha hududlarida yog‘och o‘ymakorligi yaxshi rivojlangan. Shaharlarda mohir duradgorlar ko‘p bo‘lgan. Amirlikning shahar va qishloqlarida tayyorlangan hunarmandchilik mahsulotlari ichki bozor extiyojlarini ta’inlabgina qolmasdan ko‘p hollarda tashqi  bozorga ham chiqarilgan.

Buxoro amirligi hukumdorlari va aholisi savdo-sotiq ishlariga katta e’tibor qaratishgan. Amirlikda hunarmandchilik va undagi ishlab chiqarishning tarqqiy etishi doimiy savdo-sotiq munosabatlarining yanada kengayishiga asos bo‘lgan edi. XVIII asrning ikkinchi yarmida Buxoro amirligining ko‘pgina shaharlarida karvonsaroylar qurilishiga katta e’tibor qaratilib, bu holat savdo munosabatlari rivojini yanada mustahkamlashga xizmat qilgan edi.

Amirlikning yirik shaharlari – Buxoro, Samarqand, Termiz, Shahrisab, Qarshi, Kattaqo‘rg‘on, Dehnov, Nurota va boshqalar asosiy savdo markazlari edi. Manbalarga ko‘ra, XIX asr boshlariga kelib yirik karvon yo‘llari chorrahasida joylashgan Qarshi shahrining ahamiyati oshib ketadi. Ichki bozorlarda avvalo kundalik ehtiyoj mollari, oziq-ovqat mahsulotlari, hunarmandlar ishlab chiqargan mahsulotlar, paxta matolari, jun va ipak matolariga talab katta bo‘lgan. Ichki savdoning taraqqiyotida yirik shaharlarning atroflardagi qishloqlar bilan iqtisodiy munosabatlari hamda shaharlararo savdo-sotiq aloqalarining rivojlanganligi muhim o‘rin tutgan. Chunonchi, amirlikdagi bozorlar nafaqat shaharlar, balki ularning atrofidagi qishloqlar aholisining talablarini qondirishda ham alohida  ahamiyatga ega bo‘lgan. Amirlikdagi barcha shaharlarda, yirik qishloqlarda ixtisoslashgan bozorlarning mavjudligi ichki savdoning davlat iqtisodiyotidagi muhim  ahamiyatidan dalolat beradi.

Ichki savdoning taraqqiy etishida amirlikda mavjud bo‘lgan pul muomalasining o‘rni katta edi. Xususan, mang‘itlar hukmronligi davrida bu sohada birmuncha barqarorlik o‘rnatilgan bo‘lib, muomalada asosan uch turdagi – tillo, tanga (kumush) va pul (mis) mavjud edi. Shahar hamda qishloqlardagi savdo-sotiq va to‘lovlarda asosan tanga va pul ishlatilgan.

Buxoro amirligida qo‘shni davlatlar va xalqaro savdo aloqalarini rivojlantirishga katta e’tibor berilgan. Tashqi savdo aloqalarida Xiva va Qo‘qon xonlari, qozoq va turkman dashtlari, Afg‘oniston, Eron, Hindiston, Qashg‘ar va ayniqsa Rossiya bilan bo‘lgan savdo munosabatlari ayniqsa muhim o‘rin tutgan edi.

Ko‘chmanchi qozoqlar amirlik bozorlariga palaslar, namatlar, jun, teri, go‘sht va sut mahsulotlari keltirgan bo‘lsalar, dehqonlar va hunarmandlar qozoq dashtarini oziq-ovqat mahsulotlari, sabzavotlar, kundalik ehtiyoj mollari, kiyim-kechaklar, paxta matoolari bilan ta’minlaganlar. Amirlikda turkman gilamlari  va otlariga talab katta bo‘lgan. Turkmanlar amirlik bozorlaridan boshqa mahsulotlar bilan birga ko‘proq har xil matolar xarid qilganlar.

XVIII asr oxiri- XIX asr boshlaridan boshlab Buxoro amirligining tashqi savdo aloqalarida Rossiyaning savdo shaharlari (asosan Orenburg va Astraxon) muhim o‘rin tuta boshladi. Rossiyaga qishloq xo‘jalik mahsulotlari – teri, qorako‘l teri, jun, paxta, ipak tolalar, turli matolar olib chiqilgan. Rossiyadan esa turli fabrika mahsulotlari,cho‘yan,mis, qo‘rg‘oshin keltrilgan.

Buxoro savdogarlari Balx va Badaxshonga savdo karvonlari bilan qatnab turganlar. Bu hududlarga amirlikdan qozonlar Buxoro matolari, Rossiyadan keltirilgan igna, oyna, qaychi kabilar olib kelingan hamda Buxoroga kumush, oltin olib qaytilgan.

Savdo karvonlari Qobul va Hindistonga ham borib savdo-sotiq ishlarini amalga oshirgan. Hindistondan qimmatbaho toshlar,dori-darmonlar, xushbo‘y giyohlar, kashmir matolari  keltirilgan. O‘z navbatida hind savdogarlari Buxoro bozorlaridan Rossiyadan keltirilgan mahsulotlar, mahalliy matolar,zarbof to‘nlar, qorabayir otlarni xarid qilganlar. Amirlik savdogarlari Xitoy, Sharqiy Turkiston bilan ham savdo-sotiq aloqalari olib borgan. Xitoy bilan savdo aloqalari Qo‘qon xonligi orqali olib borilgan bo‘lib, Xitoyga paxta, qorako‘l teri, turli xil hunarmandchilik mahsulotlari yetkazib berilgan. O‘z navbatida Xitoydan ko‘plab ipak matolari va chinni buyumlar keltirilgan.

XIX asr boshlarida boshlangan va uning 40-50 yillaridan boshlab jiddiy ravishda kuchaygan Rossiya va Angliyaning O‘rta Osiyo, jumladan, Buxoroga nisbatan qiziqishi, amirlik iqtisodiy hayotiga ularning kirib kelishi, o‘z navbatida Buxoro amirligida ishlab chiqarish munosabatlarining jadal sur’atlar bilan o‘sishi hamda ishlab chiqarishning rivojlanishiga olib keldi. Mahalliy hunarmandlar, savdogarlar, umuman ishlab chiqarish bilan bog‘liq barcha tarmoq egalari ishlab  chiqarishga bo‘lgan munosabatlarini o‘zgartirdilar. Manbalar tili bilan aytganda, “O‘rta Osiyo xom ashyosi va uning ba’zi bir mahsulotlariga talab kuchaya boshladi. Bundan rag‘batlangan mahalliy ishlab chiqarish tarmoqlari imkoniyatlari boricha o‘z jamoalarida ishlab chiqarish munosabatlarini qayta qurishga harakat qildilar”.

Buning natijasi o‘laroq, XIX asr o‘rtalariga kelib, talabdan ortiqcha mahsulot ishlab chiqarishi tufayli buxorlik savdogarlar tashqi savdo aloqalarini kuchaytirdilar. Xususan, buxorolik savdogarlar Rossiyaga ko‘proq paxta va ipak gazlama mahsulotlarini olib borib, Rossiyadan temir va mis keltira boshladilar. Hunarmandchilik mahsulotlari ko‘plab Hindiston, Eron va Xitoyga chiqarilib, bu hududlardan asosan qimmatbaho metallar keltirilgan.

Soliqlar.Buxoro amirligida eng asosiy soliq bu yerdan olinadigan xiroj solig‘i edi. Bu soliq amlokdor va oqsoqollar ishtirokida hosil pishib yetilgan paytda hosilga qarab belgilangan.  Hajmi esa hosilning uchdan, to‘rtdan ayrim hollarda beshdan bir qismi ko‘rinishida bo‘lgan. Dehqonlar amlokdor uchun o‘n botmon yerdan yarim pud kafsan solig‘ini, dorug‘alar uchun kafsani dorug‘a(hosilning kam hajmdagi ma’lum qismi) ham to‘laganlar. Undan tashqari amir dalalarni aylanganda, harbiy harajatlar paytida ham qo‘shimcha soliq va to‘lovlar olingan.

Qonuniy yer solig‘idan tashqari yer egalari har bir tanob bog‘ yoki tomorqadan maxsus tanob puli va yem-xashak yetishtiradigan yerlardan alaf puli olingan. Ular umumiy nomda tanobona deb ham yuritilgan. Bu soliqlar yerlarning bozor joylashgan joyga uzoq yaqinligiga qarab hajm jithatdan farq qilgan. Amir Nasrullo davrida amirlikning soliq tizimiga biroz o‘zgartirishlar kiritiladi. Ya’ni, poliz ekinlari ekiladigan yerlar uchun qo‘sh puli joriy etilgan. Keyinchalik bu soliq poliz ekinlari ekmaydigan boshqa yerlaridan ham olinadigan bo‘lgan.

Amirlikdagi yana muhim soliqlardan biri – zakot edi. Zakot davlatning mol-mulkidan oladigan solig‘i bo‘lib, mol-mulk narxining qirkdan bir hajmida undirilgan. Bu soliqning eng daromadli tomoni mahsulotlarga soliq solish, shuningdek, savdogarlarning mahsulot uchun olib kelgan pullariga soliq solish bo‘lgan. Zakot mahsulotlardan bir necha marta undirib olingan. Chorvachilik tumanlarida zakot mahsulot ko‘rinishida (beshta tuyadan bitta quy yoki echiki, qirqta quydan bitta quy yoki echki kabi) undirilgan.

Urushlar davrida favqulodda soliq – jul  undirilgan. Undan tashqari savdo-sotiqdan dalloli, boshqa viloyatlar va davlatlardan olib o‘tilayotgan mahsulotlar uchun boj, daryodan mahsulotni qayiqda olib o‘tgani uchun suv puli, bozordagi savdo joyi uchun puli taxtajoy, bir juft omoch tortadigan ot yoki ho‘kiz uchun yaksara (bir botmon g‘alla), omoch tortadigan bitta ot yoki ho‘kiz uchun nimsara (yarim botmon g‘alla) kabi soliqlar olingan. Yangi ariqlar va kanallar qazish eskilarini tozalash uchun mahalliy aholi hasharlarga jalb etilgan. Ommaviy jamoat ishlariga ishtirok etmaganlardan shariatga ko‘ra, boqipuli deb atalauvchi jarima olingan. Soliqlar, to‘lovlar va jarimalar pul va mahsulot ko‘rinishida, mahalliy soliq yig‘uvchilar hamda amir tayinlagan kishilar tomonidan yig‘ib olingan.

Amirlikdagi madaniy hayot. XVIII asrning oxirlariga kelib amirlikda iqtisodiy hayotning birmuncha yuksalishi madaniy hayotga ham ta’sir etmasdan qolmadi. Ayniqsa,ilgarigi davrlarda shakllangan maktab va oliy ta’lim beruvchi madrasalar faoliyati bu davrda ancha yuksaladi. Boshlang‘ich ta’lim beruvchi maktablar amirlikning barcha yirik qishloqlarida, shaharlarining barcha mahallalarida iavjud bo‘lib, bu maktablarda bolalarning dastlabki savodi chiqarilgan. Maktablarda arab alifbosida savod chiqarilib, qur’onning dastlabki oyatlari yodlatilgan. Shariatga oid dastlabki saboqlar berilgan.

Madrasalar amirlikning barcha shaharlarida mavjud edi. Madrasalarda o‘qitish igarigi davrlarda bo‘lganidek uch boqichda, 1) past qadam, 2) miyona (o‘rta) qadam va 3) peshqadamda amalga oshirilib, yetti yil davom etgan. Madrasa o‘qituvchilari-mudarrislar va boshqa xizmatchilar maoshlari, talabalar nafaqalari, kutubxona xarajatlari, ta’mirlash ishlari va boshqalarga ketadigan mablag‘lar vaqf yerlaridan keladigan foyda hisobidan qoplangan. Madrasalar odatda hukmdorlar, amaldorlar, nufuzli shaxslar, yirik din peshvolari va savdogarlar tomonidan ko‘p hollarda pishiq g‘ishtdan ikki qavatli qilib qurilgan. Ularning birinchi qavatida machit,qiroatxona va kutubonalar, ikkinchi qavatida esa talabalar yashaydigan hujralar joylagan.

Madrasa talabalari diniy bilim bo‘lgan Qur’oni Karim, fiqh, shariat asoslari, diniy-axloqiy adabiyotlar bilan birga til, adabiyot tarix, falakiyot, mantiq, falsafa, xandasa(matematika) kabi dunyoviy va aniq fanlardan ham ta’lim olganlar. Shunga qaramasdan, bu davrda madrasalarda diniy-axloqiy ta’limga asosiy e’tibor qaratilib, dunyoviy ta’lim berish nisbatan orqada qolgan edi.

Bizning kunlarimizgacha saqlanib qolgan  me’morchilik yodgorliklari hamda  yozma manbalar amirlikda adabiyot, tarix, xattotlik va musiqa san’ati, me’morchilik rivojlanganligidan dalolat beradi.Demak, Amir Haydar saroyida munshi (amir kotibi) lavozimida xizmat qilgan Mirzo Sodiq Munshiy XIX asr boshlaridagi adabiy muhitning ko‘zga ko‘rigan namoyondalaridan biri edi. Undan meros qolgan she’riy Devon – “Devoni     Sodiq Munshiy” hamda she’riy usulda bitilgan tarixiy asari uning adabiyot rivojiga qo‘shgan hissasini ko‘rsatadi.Bu davrda amirlikning turli shaharlarida yashab ijod ilgan ko‘plab shoirlar (shoir Hoziq, shoir Mujrim va bosh.) ijodida xalqparvarlik, jabr-zulmga qarshi isyonkorlik kayfiyati kuchli bo‘lib, ular ko‘p hollarda hukmdorlar va amaldorlar tomonidan quvg‘inga olingan. XIX asr adabaiyotida Shavqiy taxallusi bilan she’rlar yozgan kattaqo‘rg‘onlik Muhammad  Sharif, “Chor darvish”, “Mafiloro”, “To‘tinoma” kabi asarlar muallifi Mulla Qurbon Xiromiy va boshqalar katta rol o‘ynaganlar. Shuningdek, bu davrda Ahmad Donish, Ochili Murod Miriy Katta Qo‘rg‘oniylar ham adabiyotga xos bo‘lgan asarlar yaratganlar.

Bu davrda yaratilgan tarixiy asarlarning ko‘pchiligi hukmron mang‘itlar sulolasi tarixiga bag‘ishlangan bo‘lib, ularda  o‘rta asrlar tarixnavisligidagi an’analar davom ettirilgani kuzatiladi. Amirlikda yashab o‘tgan ilm-fan namoyondalarining faoliyati ko‘p qirrali bo‘lib, ularning aksariyati tarixiy asarlar ham yaratganlar. Xususan, Mullo Ibodullaning “Tarixi amir Haydar”, Muhammad Sharifning “Dostoni amironi  mang‘it”, Mir Olim Buxoriyning “Fathnomai sultoniy”, Mirzo Abdulazim Somiyning “Tarixi salotini mang‘itiya”, “Dahmai shohon”, Muhammad Sharif ibn Muhammad Naqining “Toju tavorih”, Ahmad Donishning “Mang‘itlar xonadoni hukumdorlari tarixidan qisqacha risola”, Mirzo Sodiq Munshiyning “Mang‘it hukmdorlari tarixi” kabilar shular jumlasidandir.

Amirlikning madaniy hayotida hattotlik ham muhim o‘rin egallagan edi. Bu davrda Samarqand, Buxoro, Shahrisabz kabi shaharlarda hattotlik matablari mavjud edi. O‘z kasbining ustasi bo‘lgan mohir hattotlar davlat va xo‘jalik  hujjatlari tayyorlashda, ilmiy-badiiy asarlar yozish va ko‘chirishda me’moriy inshootlarga turli yozuvlar (Qur’oni karim oyatlari, hadislar, hikmatlar)ni chiroyli naqshlar tarzida bitishda mashhur bo‘lganlar.

Bu davrda amirlikning Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Qarshi, G‘uzor, Katta qo‘rg‘on, Dehnov kabi ko‘plab shaharlarida masjid va madrasalar bunyod etilgan. Buxorodagi Domullo Tursunjon madrasasi, Xudoydod me’moriy(masjid,madrasa va sardoba) majmuasi,Ernazar elchi madrasasi, Qarshidagi Ali va Mir Muhammad madrasalari shular jumlasidandir. Undan tashqari bu davrda shaharlarda ko‘plab ixtisoslashgan yopiq bozorlar, karvonsaroylar, hammomlar, yo‘llar bo‘ylarida sardobalar bunyod etilgan.

Xullas, O‘zbekiston davlatchiligi tarixida Buxoro amirligi davlatining ham o‘z o‘rni va mavqyei bo‘lib, mang‘itlar hukmronligi davrida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotda qator yuksalishlar bo‘lib o‘tdi. Ammo, mamlakat iqtisodiy jihatdan qudratli va siyosiy jihatdan mustahkam emas edi. Ko‘p hollardagi iqtisodiy tanglik, siyosiy beqarorlik, o‘zaro nizolar XIX asrning ikkinchi yarmida davlatning katta hududlarini Rossiya tomonidan bosib olinishiga sabab bo‘ldi. Buxoro amirlari 1920 yilga qadar Rossiyaga vassal holatda taxtni egallab turdilar.

Buxoro amirligidagi mang‘itlar sulolasi hukmdorlari (1747-1920 yy.)

  1. Muhammad Rahimbiy – 1747-1758 yy.
  2. Doniyolbiy – 1758-1785 yy.
  3. Amir Shohmurod – 1785-1800 yy.
  4. Amir Haydar – 1800-1826 yy.
  5. Amir Husay – 1826 y. Ikki yarim oy.
  6. Amir Umar – 1826 y. To‘rt oy.
  7. Amir Nasrullo – 1826-1860 yy.
  8. Amir Muzaffar – 1860-1885 yy.
  9. Amir Abdullahad – 1885-1910 yy.
  10. Amir Olimxon – 1911-1920 yy.
Buxoroda yong‘in. Qizil armiya hujumi oqibati (aeroplanda olingan surat)
Buxoroda yong‘in. Qizil armiya hujumi oqibati (aeroplanda olingan surat)

Bohodir Eshov,
«O‘zbekiston davlatchiligi va boshqaruvi tarixi»,
Toshkent-2012

Suratlar “Tadjikistan v kartinkax” saytidan olindi.

https://shosh.uz/uz/buxoro-amirligi-avvali-va-oxiri/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x