100 mingdan ziyod qoʻlyozma asar. Nega ular oʻrganilmayapti?

Yaqinda internet tarmogʻida “Hindistonda Bobur davri oʻzbek adabiy muhiti” nomli maqolani oʻqib qoldim. Unda 1975 va 1977 yillarda adabiyotshunos, matnshunos olim Hamid Sulaymon boshchiligida Hindistonga qilingan ekspeditsiyalarda oʻzbek adabiyoti tarixining hanuzgacha nomaʼlum tarhlari borligi bayon qilinadi.

Jumladan, Hofiz Xorazmiy, Said Qosimiy, Forigʻiy, Diyda, Azfariy kabi turkigoʻy shoirlarning qoʻlyozmalari Hindiston fondlarida mavjud ekanligi aytilgan.

Maqolada Bobur ijodi haqida ham toʻxalib oʻtilgan. Jumladan, ekspeditsiya davomida Bobur hayoti va ijodiga oid qoʻlyozmalar izlanib, diqqat bilan oʻrganiladi. Hindiston qoʻlyozma fondlarida Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari qoʻlyozmalarining yangi nusxalari ham saqlanayotganligi, mazkur qoʻlyozma nusxalardagi Bobur sheʼrlari hanuzcha toʻliq chop etilmaganligi bayon qilinadi.

Shu maqolani oʻqib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasidagi “Hozirgi kunda Oʻzbekistonimizning kitob fondlarida 100 mingdan ziyod qoʻlyozma asarlar saqlanmoqda. Afsuski, bu nodir kitoblar hali toʻliq oʻrganilmagan, ular olimlar va oʻz oʻquvchilarini kutib turibdi”, – degan gapi yodimga tushdi.

Haqiqatan ham oʻtmishdagi buyuk allomalarimizning tibbiyot, astranomiya, matematikaga oid asarlari oʻrganilib, amaliyotga tatbiq etilishi kerak. Tabiiyki, bugungi tibbiyotchi, astronom, matematik olimlarimiz asar yozilgan davr tili va yozuvini bilishmaydi. Ular oʻz sohasining yetuk mutaxassisi boʻlishi mumkin, ammo tilshunos, matnshunos yoki qadim yozuvlarni oʻrganuvchi manbashunos emas. Koʻplab qoʻlyozma asarlarning bugungacha oʻrganilmay kelinayotgani boisi ham shundadir.

Buni bartaraf etish uchun qadimiy qoʻlyozmalar bilan ishlovchi muassasalar faoliyatini kengaytirish lozim. Agar mutaxassislar asarlarning bugungi oʻzbek tilidagi matnini yaratib, ilmiy tahlil qilish, uning mazmun-mohiyati va ahamiyatini oʻrganish uchun soha mutaxassislariga, tegishli taʼlim yoʻnalishlarida tahsil olayotgan oʻquvchi va talabalarga batafsil maʼlumot berib borishsa, buyuk alloma va mutafakkirlarimiz asarlarini dunyo hamjamiyati oʻrtasida keng targʻib etgan, zamonaviy ilm-fan, maʼnaviyat va amaliyot rivojida undan samarali foydalangan va kelgusi avlodlarga yetkazgan boʻlardik.

 

Olim SONNIBOYEV

 

zarnews.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/100-mingdan-ziyod-qolyozma-asar-nega-ular-organilmayapti/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x