Yusuf Qorabogʻiy (1563–1647)

Markaziy Osiyoning XVII asrdagi ijtimoiy va ilmiy tafakkurining yirik namoyandasi Ibn Muhammadjon Yusuf al-Qorabogʻiy al-Muhammad Shohiy aslida ozarbayjonlik boʻlib, oʻzining buyuk salaflari asarlaridagi baʼzi ilgʻor anʼanalarni davom ettira olgan ijodkordir. Sharq manbalarida olimning hayoti va ijodiga oid maʼlumotlar uchraydi. Ammo ular yetarli emas. Mualliflar uning vafot etgan yilini va baʼzi asarlarini sanab oʻtish bilan cheklanadilar, xolos. Gʻarbiy Ovroʻpo adabiyotida esa Qorabogʻiy va uning ijodi haqida hech qanday maʼlumot yoʻq.

Yusuf Qorabogʻiyning barcha asarlari Samarqand va Buxoroda yozilgan. U haqdagi dastlabki maʼlumot rus olimi, professor A A Semenov tadqiqotlarida uchraydi.

Ozarbayjonlik A A. Aminzoda oʻzining monografiyasida Qorabogʻiyga maxsus bob ajratgan. A. A Semenovning kichikroq asarida Qorabogʻiy tarjimai holiga oid maʼlumotlar keltiriladi va uning “Risolai botiniyyasi”ning muxtasar tarjimasi berilgan. “Ozarbayjon falsafasi tarixidan ocherklar”da Yusuf Qorabogʻiyga butun bir bob bagʻishlangan. Bu yerda u ozarbaijon faylasufi va fiqhshunosi sifatida talqin etiladi. Faylasuf 1563 yilda Qorabogʻ qishlogʻida tugʻilgan. Ustozi Mirzajon Sheroziy bilan Markaziy Osiyoga kelganda (1585) u 23 yoshda boʻlgan. 1579 yili 16 yoshlik Yusuf Shirvonga keladi. Bu vaqtlarda Shirvondagi siyosiy vaziyat ogʻir edi. U yerdagi siyosiy notinchliklar tufayli boʻlsa kerak, Qorabogʻiy Sherozga joʻnaydi va Habibulla Mirzajon al-Sheroziy al-Bogʻnaviydan taʼlim ola boshlaydi. Oʻsha vaqtdagi ijtimoiy ilmlarni, xususan, fiqh, falsafa, tasavvufni chuqur oʻrganadi. Bu fanlar yuzasidan tadqiqotlar olib boradi. Qorabogʻiy ustozi Sheroziy vafotidan soʻng (1587) Samarqandning taniqli siymolaridan “Kubraviyya” tariqatining faol targʻibotchilaridan boʻlgan Xalilullo Badaxshiy bilan aloqa bogʻladi. Keyinchalik Qorabogʻiy Badaxshiyning sodiq shogirdiga aylanadi. Bu davrda tasavvuf adabiyoti rivojlandi, uning yangi namoyandalari paydo boʻldi, bu yangi avlod oʻz salaflarining anʼanalarini davom ettirib, boyita bordilar.

Xalq orasida Qorabogʻiyning obroʻ-eʼtibori oshib ketdi. Bu narsa olimning gʻoyaviy siyosiy, ijodiy raqiblarining hasadini qoʻzgʻatdi. Ular igʻvo qilib Qorabogʻiyni Buxorodan ikki chaqirim masofada joylashgan Sepulon degan yerga badargʻa qildirdilar. Qorabogʻiy umrining soʻnggi yillarini shu yerda oʻtkazadi.

Qorabogʻiy asarlarini oʻrganish va tahlil qilish uning gʻoyat keng maʼnodagi alloma va chuqur bilimli faylasuf ekanligini koʻrsatadi. U aniq fanlardan xabardor, tibbiyotni bilgan, boshqa koʻpgina fanlardan risolalar yozgan. Olimning asarlarida mashhur mutafakkirlar va tabiatshunoslardan Arastu, Platon, Pifagor, Suqrat, Anaksagorlarning nomlarini tez-tez uchratamiz. Sharq olimlaridan Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Baxmanyor, Gʻazzoliy, Tusiy, Taftazoniy kabilar qatorida as-Sullamiy, Ibn Ammuna, Abul Hasan al-Koshiylarning ismlarini oʻqiymiz.

Olimning “Risolai botiniyya” risolasida insondagi nafsoniy kuchlar, odamdagi ruhiy olam haqida hikoya qilingan. Bu asar “Yetti jannat” nomi bilan ham mashhurdir.

“Risolai hilvatiyya” asari arab tilida yozilgan boʻlib, olti qismdan iborat. Hilvatlar esa oʻz navbatida “toʻxtalish”larga boʻlingan. Bu asarda muallif borliq bilan bogʻliq boʻlgan juda koʻp falsafiy muammolar haqida soʻz yuritgan. Asar davomida oʻzidan oldin yashab oʻtgan mashhur allomalar bilan u yoki bu masala haqida munozaralar qilgan.

“Fi taʼrifil ilm” asarida ilmning hikmati haqida fikr yuritgan. Qorabogʻiyning “Risolai fi bayonil juz la yatajazza” asari olimlar oʻrtasidagi falsafiy munozaralarni yoritishga bagʻishlangan.

Qorabogʻiyning “Mafatix” asarida esa diniy urf-odatlar, huquqiy qoidalar va ularni bajarish masalalari xususida bahs yuritilgan. Shuningdek, Qorabogʻiy Davoniy, Qazviniy, Taftazoniy, Shahobiddin Suxravardiy kabi olimlarning asarlariga sharhlar yozgan, mantiq, arab tili, riyoziyot, lugʻatshunoslik, diniy masalalarga oid qator risolalar ijod etgan.

Qorabogʻiy ilmiy faoliyatdan tashqari sheʼriyat bilan ham qiziqqan, uning nomi oʻsha davr shoirlari orasida tez-tez yodga olib turiladi. Qorabogʻiy asarlarining koʻpchiligi, aniqrogʻi, 24 ta risolasining qoʻlyozmasi Oʻzbekiston Respublikasi FAning Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining fondida saqlanadi.

Keyingi yillarda Markaziy Osiyoning XVI–XVII asrlardagi falsafa tarixini tadqiq etish, xususan, Qorabogʻiy merosini oʻrganish sohasida ancha ish qilindi.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/yusuf-qorabogiy-1563-1647/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x