Icciqxona
Tashqarida qor, ayoz
Ich-ichidan gʻuvlaydi.
Ichkarida xuddi yoz
Pomidorlar gullaydi.
Tashqarida bolalar
Otar shodon yaxmalak.
Bu yerda tugib yotar
Bodringlar otib palak.
Tashqarida oqqan suv
Kechga borib muzlaydi.
Ichkarida kapalak
Gul aro vizillaydi.
Tashqarida qahraton
Qish hukmini oʻtkazar.
Ichkarida parcha yer
Elga neʼmat tutqazar.
Yurtimiz koʻp ajoyib,
Toʻrt faslga egadir.
Dehqon bobo qishda ham
Bekor yotmas negadir.
Tashqarida qor, ayoz,
Ichkari issiqxona.
Yam-yashildir parcha yer,
Judayam qiziq xona.
Tipratikon
Oʻt-oʻlan maydonida
Pildiraysan, chopasan.
Namuncha oshiqmasang,
Aytgin, kimdan xafasan?
Uychang qayerda, aytgin,
Kim yaraydi kuningga?
Nega oʻranib olding
Tikanakli toʻningga?
Boshqa koʻylaging yoʻqmi,
Bu ishing boʻlmas oqlab?
Onang seni erkalar
Qanday oʻpib, quchoqlab?
Soʻqmoq
Yoʻlni burdim togʻ tomon,
Yoʻlamay deb yomonga.
Buralgancha ey soʻqmoq
Boshlading qay tomonga?
Qiya chiqdi oldimdan,
Qandayin tegingayman?
Otimdan tushib sekin
Ortimga chekingayman.
Yoʻlni burdim soy tomon,
Yoʻlamay deb yomonga.
Buralgancha ey soʻqmoq
Boshlading qay tomonga?
Jarlik chiqdi oldimdan,
Men qanday tegingayman?
Tushib sekin otimdan,
Ortimga chekingayman.
Yoʻlni burdim vodiyga,
Yoʻlamay deb yomonga.
Qayga yoʻqolding, soʻqmoq,
Javob bergin savolga?
Nido keldi samodan:
– Netding zahmatdan qochib?
Axir, sen ham yashab koʻr,
Yangi soʻqmoq – yoʻl ochib.
Hayot – abadiy soʻqmoq,
Sinar bizni soʻqmoqlar.
Yomgʻirdan qochib doʻlga
Tutilarkan ahmoqlar.
Qushlar tili
“Chirq-chirq” etadi chumchuq,
“Ku-ku”laydi musicha.
Shaqillab olashaqshaq
Kuylardi bilganicha.
Hoʻv, terakning uchiga
Qoʻnib olgancha mayna,
Qaysi qushning tilida
Uni qilmoqda mayna.
Qora toʻnli qargʻavoy
Shudgor uzra “qagʻ-qagʻ”, der.
Ayni koʻklam chogʻida
Qaydam, qorni yogʻ-yogʻ, der.
Qushlar koʻz-koʻz qilishar
Ovozini, husnini.
Qoyil qoladir kakku
Takrorlab oʻz ismini.
Toʻrqovoqda bedana,
Zorlanadi:
“ – Pitpildiq.
Yayrardik bedazorda,
Endi toʻrga tutildik!”
Chamanni etib oshyon
Rozin aytgancha gulga,
Shoʻx-shodon sayrar ekan,
Maftun boʻldik bulbulga.
Biri mahzun, biri shod
Sayrashadi qushchalar.
Oʻz tilida chugʻurlab
Yayrashadi qushchalar.
Sayrashadi, sayramoq
Ixtiyori qoʻlida.
Oʻz fikrin aytishmoqda
Ular oʻzin tilida.
Neʼmat DUSHAYEV
“Sharq yulduzi”, 2017–1
https://saviya.uz/ijod/nazm/yolni-burdim-tog-tomon/