Yolgʻizlik qurboni

Ulfat akaning oʻlimidan keyin Tamara xola yolgʻizlanib qoldi…

Garchi befarzand boʻlsalar-da, qirq yillik turmushlari davomida eri bilan yomon yashashmagandi. Farzand boʻlmaganidan keyin er-xotin bir-biriga suyanib qolarkan-da. Bunday er-xotinlarning qay biri avvalroq olamdan oʻtsa, beva qolganining mashʼum ayriliqqa koʻnikishi oson kechmas ekan.

Tamara xola ham erining oʻlimidan keyin avvallari toʻtiqush saqlanadigan katalakday tor qafas boʻlib tuyuladigan, ayni zamonda hayhotday huvillab qolgan ikki xonalik uyda yolgʻiz oʻzi soʻppayib qoldi. Qarindosh-urugʻlar ham oʻz yoʻliga ekan, hammasi tirikchilik tashvishlari bilan andarmon boʻlib Tamara xola haqida oʻylashmasdi, faqat begim kunlardagina ertalab ishga yoki u yoq-buyoqqa ketishlari oldidan birrovgina kirib oʻtishadi. Bu hol Ulfat akaning qirqi oʻtguncha davom etdi xolos. Keyin ularning qadamlari tiyildi. Butunlay yolgʻiz qolgan ayol haqida esa hech biri tashvishlanmasdi. “Uning oʻzini oʻylashdan boshqa tashvishi yoʻq, deyishsa kerak-da”, deb qoʻyardi Tamara xola qarindoshlarining beʼetiborligi esiga tushib, ich-ichidan ulardan domangir boʻla boshlaganida.

Bundan toʻrt-besh yil muqaddam erining koʻp bolali singlisi balogʻatga yetib qolgan oʻgʻillaridan birini farzandlikka bermoqchi boʻlganida Tamara xola buni rad etgandi. Chunki bolajon singil shart qoʻygandi: “Oʻgʻlimni oʻzingiz oʻqitib, oʻzingiz uyli-joyli qilasiz!” Bu gap Tamara xolaga yoqmadi. Axir eri zavodda oddiy ishchi boʻlsa, topgani u oydan bu oyga bazoʻr yetib turgan boʻlsa, qanday qilib bola boqadi, oʻqitadi, uylantiradi? Akasining gʻamini yegan singil xayr qilsa butun qilmaydimi, yaʼni oʻgʻlini oʻqitib, oliy maʼlumotli qilib, uylantirib, keyin farzandlikka bermaydimi?

– Yoʻq! – keskin javob berdi oʻshanda Tamara xola eriga. – Dilora bitta boʻlsayam tashvishni boshidan soqit qilish uchun oʻgʻlini bizga bermoqchi boʻlayotganini juda yaxshi tushunib turibman. Shuning uchun ham oʻgʻlini farzandlikka olmaymiz!

Rahmatli eri ochiqchasiga bir soʻz demasa-da, anchayin gʻamgin boʻlib qoldi. Shoʻrlik oʻzicha allaqanday yoqimli xomxayollarga borib yurgan ekanmi, birdan tarvuzi qoʻltigʻidan tushib, mahzun tortdi. Tamara xola buni sezdi, lekin yon bergisi kelmadi.

– Mayli, Diloraning oʻgʻlini farzandlikka oldik ham deylik, – deya oʻzining haqligini isbotlashga tushdi Tamara xola oʻshanda. – Lekin biz uni qanday boqamiz? Soʻloqmonday yigit-a? Bir marta uylariga borganda koʻrganman, oʻsha bola ikkita patir nonni pok-pokiza tushirib olib, hech narsa koʻrmaganday onasidan: “Yana nima bor yeyishga?” deb soʻraganini. Ikkita patirga toʻymagan bolani biz qanday toʻydiramiz? Toʻymasni toʻydirib boʻladimi?

– Balki bu ham Xudoning inoyatidir, – dedi Ulfat aka ohista. – Axir kim ham oʻz farzandini birovga berardi, agar Xudo koʻngliga solmasa? Gap qiyinchilikda emasdir balki? Oʻylab koʻrishimiz kerakdir… Balki Xudo…

– Men oʻylab boʻldim! Agar Xudo bor boʻlsa, avvalo oʻzimizga berardi-da! Qolganini oʻzingiz oʻzingizga soʻrayvering, – dedi Tamara xola shartta erining gapini kesib.

Ulfat aka jim boʻldi. Boshqa gapirmadi. Ammo har doimgiday chala qolgan gapining davomini ichida oxiriga yetkazdi: “Balki Xudo oʻz marhamatini boshqalar orqali bizga yuborayotgandir?..”

Tamara xolaning nazarida, rahmatli eri oʻshanda ich-ichidan xafa boʻlgandir, ammo miq etib boshqa eʼtiroz bildirmadi, hatto gapni davom ettirishga, nimadir deyishga urinmadi ham. Tamara xola erining feʼlini yaxshi bilardi, bunday vahimali gapdan keyin Ulfat aka har qanday huzur-halovatli orzusidan voz kechib qoʻya qoladi. Chunki oʻziga ishonmaydi. Va yana arzimagan maoshidan boshqa ortiqcha daromadi boʻlmasa! Boshqa ish qoʻlidan kelmasa! Necha yillardan buyon faqat ikki kishi uchun ishlab, ikki kishilik xarajat uchun bosh qotirib oʻrganib qolganlari ham ularga pand berdi oʻshanda. Ular faqat oʻzlarini oʻylab yashashga koʻnikkan edilar. Uchinchi bir odamning gʻamini yeyish, tashvishini qilish ular uchun ulkan, hal etilishi qiyin boʻlgan muammoday tuyulardi. Baʼzilarga oʻxshab holiga qaramasdan tavakkal qilishga yuraklari betlamasdi.

Ayniqsa, qayinsinglisi Diloraning orqa-oldini oʻylamasdan yilma-yil tugʻib tashlayverganini Tamara xola hech ham hazm qila olmasdi. Axir toʻqqizta bolani boqib, katta qilishning oʻzi boʻladimi? Katta qilgandan keyin ham bolalarning tashvishi tugamaydi. Endi ularning kelajagini oʻylash masalasi koʻndalang turadi. Bunday sharoitda odam oʻzi uchun bir daqiqa ham yashay olmaydi-ku!

Dilora oʻshanda taklifini rad etganlari uchun akasi bilan yangasidan xafa boʻlgandir, lekin buni sirtiga chiqarmadi, aksincha, sal tepadan kelganday boʻldi:

– Sizlarga achinganimdan oʻgʻlimni beraqolay degandim. Mayli, oʻzingiz bilasiz. Mening koʻchada qolgan bolam yoʻq!

Ha, u xuddi shunday dedi. Eʼtibor berilsa, mana shu gaplarining oʻzidanoq Diloraning xafa boʻlgani anglashilib turibdi-ku! Tamara xolaning rosa tili qichidi, “Eplab boqolmay qolganingdan keyin oʻzing bolangni bermoqchi boʻlyapsan-ku!” deb qayinsinglisini uzib olmoqchi boʻldi-yu, oxirgi daqiqada oʻzini tiyib qoldi. “Mayli, erimning haqqi-hurmati uni ayadim”, – deya oʻzini tinchlantirdi u.

Shundan keyin Dilora farzand haqida umuman ogʻiz ochmaydigan, uylariga ham onda-sonda keladigan boʻldi.

Ulfat aka ikki-uch kun oʻychan boʻlib yurdi-da, axiyri Tamara xolaga yuragini yordi:

– Diloraning oʻgʻlini farzandlikka olmay toʻgʻri qilibmiz. Bolani yaxshi yedirolmasak, yaxshi kiyintirolmasak uvoliga qolardik! Axir bola – begunoh farishta, uning orzularini, talablarini roʻyobga chiqara olmaslik – gunoh!

Er-xotinning bir-birlariga oʻxshab ketadigan tomonlari mana shunda edi. Tomoq bergan Xudo nasibasini ham berar-da, deya allaqanday sarobdan umidvor boʻla olishmasdi. Ammo qandaydir bir moʻjiza yuz berishini orzu qilish va kutishdan charchashmasdi. Orzulari ushalay deganda esa… qoʻrquv jurʼatlarini soʻndirardi.

Rahmatli Ulfat aka kamgap, ichimdagini top deydigan odamlar toifasidan boʻlgani uchun qirq yil birga yashagan boʻlsalar-da, Tamara xola erining koʻnglidan nelar kechayotganini anglay olmagan. Faqat baʼzi masalalar boʻyicha fikrlari bir yerdan chiqqani tufayli: “Erimning qanday odam ekanligini yaxshi bilaman”, degan xulosaga kelgan, hatto qazosi yetgan taqdirda Ulfat aka oʻlimi oldidan nima deyishiga qadar bilardi: “Biz yaxshi va mazmunli yashadik, Tamara. Buning uchun sendan minnatdorman!..” Biroq kutilmaganda buning mutlaqo teskarisi sodir boʻldi…

Ulfat aka nafaqaga chiqish harakatida kerakli hujjatlarni toʻgʻrilab yurgan kunlarning birida toʻsatdan tobi qochib yotib qoldi. Tumov desa tumovga oʻxshamasdi, shamollash desa shamollashga; oz-moz isitmasi chiqardiyu tushardi.

Kasalxonaga borishga Ulfat aka koʻnmadi. Tamara xola bu haqda gapirganida eshitishni istamagandek teskari qaradi. Faqat jon beradigan kuni ertalab Tamara xola qaynoqqina sut olib kelganida Ulfat akaning peshonasiga mushtlagancha, unsiz yigʻlayotganini koʻrdi…

Tamara xola gʻalati boʻlib ketdi, lekin baribir shifokor chaqirtirdi. Doʻxtir kelib bemorni emlab ketdi, ammo tayinli bir nima demadi; xolaning savoliga javoban gʻoʻldirab qoʻydi xolos.

Shu kuni Ulfat aka tinchlanganidan keyin yarim kosa sut ichdi-da, uxlash uchun koʻzlarini yumdiyu, qaytib ochmadi.

Murdani dafn etish uchun spravka bergan doʻxtirning aytishicha, Ulfat aka yurak xurujidan vafot etganmish. Bu gapni eshitgan Tamara xolaning jon-poni chiqib ketdi. Uning fikricha, doʻxtir tashxis qoʻyishda yanglishgan. Hozirgi doʻxtirlar ham doʻxtirmi? Minengit bilan migrenning farqiga borishmaydi!

Ulfat akaning yurak xurujiga uchrashi, yaʼni infarkt boʻlishi mumkin emas. Axir, rahmatli biror marta ham yuragidan shikoyat qilmagan. Qolaversa, nega endi Ulfat aka infarkt boʻlishi kerak? Oʻzi va xotinining tashvishini qilishdan, bosh qotirishdan oʻzga muammosi boʻlmagan odamning bunday ogʻir dardga yoʻliqishi mumkin emas! Ana, Diloraning erini aytsa boʻladi “hademay infarkt boʻlib oʻlib ketadi!” deb. Toʻqqizta bola-ya! Dilora shoʻrlik shuning uchun ham bitta koʻylakni besh yillab kiyadi-da! Uy-joyiga qarab boʻlmaydi. Bunaqa uyda toʻy qilish tugul ikkita mehmon chaqirishga ham uyaladi odam. Dilora bilan eri ertayu kech bosh koʻtarmay ishlashadi, qoʻllariga ilingan narsani chumoliday uylariga tashmalaydi, lekin baribir hech ham birlari ikki boʻlmaydi. Shu ham yashash boʻldimi? Shoʻrlik Dilora toʻqqizta bolasining yuzidan boshqa nimani ham koʻrdi? Peshob hididan boshqa hidni bilmasa ham kerak. “Men ham yashayapman!” deb oʻylasa ajabmas yuragi gʻururga toʻlib.

Tamara xola esa bunday hayotni, turmush tarzini hech qachon oʻziga ravo koʻrmaydi. Toʻgʻri, farzanddan yuz oʻgirmasdi, lekin, ochigʻi, hech qachon bola sonini toʻqqiztaga yetkazmasdi. Bir oʻgʻil va bir qiz. Yetadi. Bundan ortigʻi kerakmas. Bu dunyoda har bandadan bitta yoki ikkita nishona qolsa boʻldi-da. Soni koʻp, sifati yoʻq “mahsulot”ning kimga keragi bor?!

Rahmatli erining Ortiqali degan bir ogʻaynisi boʻlardi. Shu kishining toʻrtta oʻgʻli bor edi. Ammo toʻrttalasi ham nogiron edi. Aravachada biri bukchayib, biri engashib oʻtirgan qingʻir-qiyshiq (astagʻfurullo!) bolalarni koʻrganida Tamara xolaning yuragi orqaga tortib ketardi. Tangri taolo koʻzingni kuydirib, yuragingni oʻrtaydigan bunday farzandlarni berganidan koʻra… yigʻib-terib olib qoʻygani yaxshi emasmi?.. Tamara xola dahriy ham, xudojoʻy ham emasdi, lekin bunday noxush manzaraga duch kelganida Xudoga shak keltirayotganini sezmay qolardi. Pirovardida, sezib qolgan taqdirida ham bundan pushaymon qilmasdi. Berilgan inʼom koʻzing va qalbingni quvontirmay, yigʻlatsa… bunday inʼomning nima keragi bor? Kutilmaganda qursogʻida bola paydo boʻlsa va doʻxtirlarning aql-zakovati bilan bu bolaning nogiron boʻlib tugʻilishi aniqlansa, Tamara xola oʻsha zahotiyoq, hech ikkilanmasdan boladan voz kechardi. Toʻgʻri-da, nogiron bolaning yuziga termulib kunda ming marta oʻlib-tirilganidan koʻra bir marta kuygani yaxshi!

Ana, shoʻrlik Ortiqali aka uch-toʻrt yil avval shahar markazidagi dangʻillama holvisini sotib, qishlogʻiga koʻchib ketishga majbur boʻldi. Xotini yurak kasaliga mubtalo boʻlgan ekan, shahar havosi sogʻligʻiga toʻgʻri kelmay qolibdi. Mana nogiron farzandlarni dunyoga keltirishning oqibati! Ogʻaynisining qishloqqa koʻchib ketayotganini eshitgan Ulfat aka ham shunga yaqin gap aytgandi. Keyin yelkasini uchirib:

– Bu odamlarni sira tushuna olmadim-olmadim-da, – deb qoʻygandi.

Ayni zamonda Tamara xolaning ham til uchida shu soʻzlar turgandi. Ana endi yanada yaqqolroq anglagandirsiz er-xotinning feʼl-atvoridagi oʻxshash jihatlarni? Sizning tasavvuringizda ham “Bular bir-biri uchun yaratilgan”, degan fikr paydo boʻldimi? Ehtimol, Tamara xolaning mana bu soʻzlari fikringizga yanada oydinlik kiritar: “Biz tarkibi bir xil boʻlgan mahsulotga oʻxshaymiz. Faqat ikkita idishga solib qoʻyilganmiz-da!..” Endi anglagandirsiz? Ha, mayli, balki bu soʻzlar sizning nazaringizda allaqanday mavhum tushunchadek tuyulayotgandir, biroq Tamara xola uchun mutloq haqiqat edi. To erining oʻlimiga qadar…

Darvoqe, oddiy migren bilan minengitning farqiga bormaydigan hozirgi tabiblarning vakili boʻlgan oʻsha tashxischi doʻxtir yana bir gap aytgandiki, buni eshitgan Tamara xolaning esxonasi chiqayozdi: “Ulfat akaning tildan qolganiga ikki kun boʻlgan…” Bunisiga nima deysiz? Yoʻq, bu gapga ishonib boʻlmaydi. Doʻxtir odamlarning yuragiga vahima solishni xush koʻradiganlar toifasidan chogʻi, kutilmagan zarbadan esankirab qolgan shoʻrlik bandani yanada dovdiratish uchun aytdi bu gapni! Eri ikki kun burun tildan qoladi-yu, buni Tamara xola sezmaydimi? Yoʻq, boʻlishi mumkin emas! Agar Ulfat aka haqiqatan ham tildan qolgan boʻlganida imo-ishora qilib boʻlsa-da Tamara xola bilan gaplashardi, fikrini uqtirardi. Lekin u bunday qilmadi. Eng yomoni, har ikki holatda ham Ulfat aka xotinini gʻaflatda qoldirdi. Oʻzidan keyin qaddi dol boʻluvchi xotiniga tirgaklikka yaraydigan soʻnggi soʻzlarni oʻzi bilan olib ketdi. “Biz yaxshi va mazmunli yashadik, Tamara. Buning uchun sendan minnatdorman!..” deyish shunchalik qiyinmidi?! Imo-ishora qilsa ham Tamara xola darhol ilgʻab olardi-ku. Nahotki Ulfat aka eng soʻnggi lahzalarda Tamara xola bilan oʻtkazgan qirq yillik hayotidan pushaymon boʻlib, nadomat chekkan boʻlsa? Aytishadi-ku, koʻngil afsus-nadomatga toʻlsagina koʻzdan yosh oqadi deb. Aks holda nima uchun peshonasiga mushtladi, nima uchun unsiz koʻz yoshi toʻkdi?..

Tamara xolani larzaga solib, tunu kun behalovat qilib qoʻygan narsa mana shu savol edi. “Nega? Nima uchun u bunday qildi? Nimadan afsuslandi?” deya oʻylayverib Tamara xola adoyi tamom boʻlayozdi. “Mana, men sogʻlom ayol boʻlaturib bepusht erkak bilan yosh umrimni xazon qilganimga hech qachon pushaymon boʻlmadim-ku! – degancha yarim kechasimi, tong oldidami oʻrnidan turib ketadi u. – Doʻxtirlardan: “Eringiz hech qachon farzandlik boʻlolmaydi, umid qilmang”, degan gapni eshitganimda yigirma yetti yoshda edim. Shartta ajrashib ketsam boʻlardi. Ammo bunday qilmadim. Laʼnati qoʻrquv pand berdi. Ikkinchi erim Ulfat akamdek mehribon, sadoqatli boʻladimi-yoʻqmi, degan xavotirdan qoʻrqqanim tufayli ham u kishidan ajralgim kelmadi. Rost-da, qamchisidan qon tomadigan erkakka yoʻliqib qolsam nima boʻlardi? Ulfat akam uchun mening soʻzim qonun edi. Men shunga, shunday muomalaga oʻrganib qolgandim. Ulfat akam shunchalar mehribon va shirinsoʻz ediki, men bunday odam dunyoda yagona deb oʻylardim, bunga qattiq ishonardim. Kimdir xotinini uribdi deb eshitib qolsam yuragim shuvillab ketardi. Nazarimda Ulfat akamdan boshqa hamma erkak oʻta berahm, badjahl, xotin zotini odam oʻrnida koʻrmaydigan toshyurak boʻlib tuyulardi. Toʻgʻri, bizning uyda ham ora-chora janjal boʻlib qolardi, lekin bunday daqiqalarda mening ovozim baland chiqardi, Ulfat akam bechora meni tinchlantirish uchun qahva tayyorlash bilan andarmon boʻlardi. Oʻziyam achchiq qahvadan hoʻplasam bas, darrov jahldan tushardim-da… Maoshini bir soʻm ham olib qolmasdan qoʻlimga tutardi. “Menam ishlayin”, desam baʼzi erkaklarga oʻxshab darrov jahliga erk bermasdi. “Topib kelganimga qanoat qilib uyda oʻtir!” deb boʻkirmasdi, lekin xafa boʻlib qolardi. Astoydil xafa boʻlardi. “Sizga tekkanimdan buyon uyda oʻtiraman. Biror yerga ishga kirsam bahonada hunarliyam boʻlib qolardim. Siz tashlab ketsangiz, qanday kunimni koʻraman?” deya kulib, koʻngliga ogʻir botmaydigan qilib gapirardim. Shunda bechora erim: “Seni hech qachon tashlab ketmayman. Ketishga toʻgʻri kelib qolsa, birga ketamiz!” deb javob berardi. Men uning shu soʻzlariga ishonibman. U kishi aldagan ekan-u… Mana, yolgʻiz oʻzimni tashlab ketdi-ku! Tagʻin tushuniksiz, sirli bir tarzda… Tavba qildim, oʻylab hech oʻyimning tagiga yetolmayapman, erim oʻlimi oldidan nimadan buncha afsuslandi? Yoshlik chogʻimizda, qarshimizda imkoniyatlar eshigi lang ochiq turganida ajralib ketmaganimizgami?.. Yoki bolalar uyidan chaqaloq olishni maslahat berib, bu ishda yordam berishni oʻz boʻyniga olgan tanishimizning taklifini rad etgani uchunmi?.. Vijdonan aytganda, ikki kishidan iborat kichik mamlakatning erka malikasi boʻlsam-da, oʻsha vaqtda bu taklifga qarshi chiqmaganman. Ammo erim jurʼat qilolmadi. “Birovning bolasi bizga chin farzand boʻladimi-yoʻqmi?” degan shubhali oʻy uning bir fikrga kelishiga toʻsqinlik qildi. Bu gap mening ham koʻnglimni bezovta qilib turgandi. Axir oʻzingiz oʻylang, ne-ne zahmatlar chekib, oromingizdan, halovatingizdan kechib bir parcha goʻshtni odam qilsangiz-da, bor kuch-quvvatingizni yoʻqotib, yordamga muhtoj boʻlib qolganingizda farzandingiz sizni ota-ona sifatida tan olmasa yoki qoniga tortib, oʻgʻri yo piyonista boʻlib ketsa! “Gen” degan narsa bor-ku. Qolaversa, yaxshi odam hech qachon yaxshi farzandini yetimxonaga bermaydi, qabilidagi har xil oʻylar tinchlik bermayotgandi. Buning ustiga ayni oʻsha kunlari asrandi bir bola ulgʻaygach, vos-vos kasaliga yoʻliqib, oʻzini boqib katta qilgan ota-onasini bolta bilan chopib tashlaganligi haqidagi videofilm televizorda namoyish qilinayotgandi. Sur-surlardan keyin maʼlum boʻladiki, oʻsha bolaning haqiqiy onasi ruhiy kasal boʻlgan. Unga oʻz tuqqan bolasi allaqanday maxluq qiyofasida koʻrinaverganidan qoʻliga oldi deguncha chaqaloqni oʻldirishga harakat qilib qolgani uchun sud tomonidan onalik huquqidan mahrum etilgan boʻladi. Ishqilib, juda dahshatli film edi. Uni koʻrganidan keyin har qanday odam asrandi bolasiga gumonsirab qaray boshlasa kerak. Erim ishda boʻlgani uchun bu kinoni koʻra olmagandi. Men unga qisqacha mazmunini aytib berdim xolos. Ammo shunga qaramasdan, yetimxonadan bola olishga jon-jon deb rozi edim. Afsuski, erim koʻnmadi. Toʻgʻri, boshida sal-pal unaganday boʻluvdi, lekin nima uchundir birdan aynib qoldi. Menimcha, oʻsha dahshatli kino pand berdi. Kino haqida erimga gapirmasam boʻlarkan oʻshanda… Erimning lanjligi mening ham shashtimni qaytardi. Bitta bolani voyaga yetkazish, tarbiyalash biz uchun juda ham ulkan, yiqib boʻlmas togʻdek muammo boʻlib tuyulardi. Eplay olmaganimizdan, uquvimiz kelmaganidan birovning bolasini kasal qilib qoʻyishimiz, Xudo koʻrsatmasin, umriga zomin boʻlib qolishimiz mumkinligi haqidagi xavotir qushi ikkalamizning ham miyamizda in qurib olgani uchun ham biz bir toʻxtamga kela olmasdik. Xullas, yetimxonadan bola olish borasida erimning mendan domangir boʻlishga haqqi yoʻq! Ozmi-koʻpmi hayotimiz davomida erimga hurmatsizlik qilmadim, xiyonat qilmadim, hammasini oʻylab, tarozuga solib, nazardan qochirmay yashadim! Birgina Diloraning oʻgʻlini farzandlikka olish masalasida erimga qarshi chiqqanim rost. Erim shuning uchun afsus-nadomat chekib, koʻz yoshi toʻkdimikin? Voy boshim! Bunaqada jinni boʻlib qolish hech gapmas…”

Biroq oʻylmaslikning ham iloji yoʻq. Tunu kun yolgʻiz oʻzi boʻlganidan keyin… Dardlashish uchun hatto it ham yoʻq. Qoʻni-qoʻshnilardan umid qilmasa ham boʻladi. Ular yashayotgan besh qavatli uy kichik oilalar uchun moʻljallangani uchun ham bor-yoʻgʻi bir va ikki xonalik kvartiralardan iborat edi. Bunday kvartiralarda koʻpincha kichik oilalar oʻzlarini rostlab olguncha, vaqtincha yashashadi. Keyin kattaroq uy yoki hovliga koʻchib ketishadi. Bu “dom”da faqat Ulfat aka bilan Tamara xolagina muqim yashab qolishdi. Boshqalar kelishadi, ketishadi, kelishadi, ketishadi. Shuning uchunmi Tamara xola baʼzi qoʻshnilari bilan koʻcha-koʻyda shunchaki salom-alik qilgani bilan boshqalarini hatto tanimaydi ham. Ulfat akaning olamdan oʻtganini qoʻshnilari bilmay ham qolishdi chamasi. Fotihaga ham chiqishmadi-da. Kim bilsin, balki yangi kelganlar boʻlsa, tanishmasdan turib, fotihaga kirishga tortinishgandir? Balki Tamara xola ular bilan kirdi-chiqdi qilmagani uchun, ular ham oʻzlarini tortishgandir? Toʻgʻri, Tamara xolaning qoʻshnilari bilan kirdi-chiqdi qilmasligi rost. Yolgʻizlikdan yuragi tors yorilguday boʻlsa ham xola birorta qoʻshnisining eshigidan bosh suqmaydi. Chunki u bir marta qadam ranjida qilib, yoʻl ochib bersa, tamom, baʼzi qoʻshnilarini keyin uyidan chiqarib boʻpti! Yoʻq, ular Tamara xoladan hol soʻragani kirishmaydi. Agar ahamiyat bergan boʻlsangiz, doim birovlardan qarz soʻrab yashaydigan odamlar toifasi boʻladi. “Toʻrtta kartoshka berib turing!” “Bir quti gugurt berib turing!” Tavba, bir quti gugurt ham gapmi? Tamara xola ham erining maoshi evaziga yashaydi. Ortiqcha daromadlari yoʻq. Lekin shu yoshga kirib hali hech kimdan bir soʻm soʻramagan! Qoʻshnilarini yaxshi bilgani uchun ham Tamara xola ularni koʻp ham xushlayvermaydi. Bunday odamlar bilan hamsuhbat boʻlganidan koʻra yolgʻiz oʻtirishni afzal biladi. Ammo baribir odam taftini qoʻmsaydi. Zina pillapoyalaridan goh tepaga koʻtarilayotgan, goh pastga tushayotgan qadam tovushlariga quloq tutadi… Bular yarim kechasi ishdan, oʻqishdan yoki… boshqa bir yerlardan uyiga qaytayotgan kishilarning qadam tovushlari. Ular boshqalarni bezovta qilmaslik uchun mana shunday, ehtiyotkorlik bilan zinalardan chiqib ketishadi. Ular juda baodob kishilar. Xolaga aynan mana shunday kishilar bilan qoʻshnichilik qilish va hamsuhbat boʻlish yoqadi. Lekin ular Tamara xolaning borligini bilishmasa ham kerak. Keyin nima ham qilardi? Noiloj gazeta-kitob oʻqiydi. Koʻp oʻqiydi. Ammo erining oʻlimidan keyin mutolaani ham bas qildi. Qoʻli ishga bormaydi, faqat oʻy oʻylaydi. Sukunatga quloq tutadi. Ammo hech narsani ilgʻay olmaydi. Faqat jimlik, gung sukunat…

Ammo tunda yertoʻlada chiyillayotgan kalamushlarninggina ovozi eshitilib qoladi. Va yana… eshik ortida pisib turgan ajal taftini his qiladi. Eh, qaniydi, oʻsha yalmogʻiz tezroq kirib kela qolsaydi…

Tamara xolaning bezovta koʻnglini sekin-asta mudhish oʻylar chulgʻay boshladi. Uning yashagisi ham kelmay qolgandi. “Ajalning kirib kelishini kutib oʻtiramanmi? Uni oʻzim chaqirib qoʻya qolsam-chi? Bu dunyoda qiladigan ishim qolmadi hisob. Ochiq mozordek huvillab yotgan uyga tiriklay koʻmilganday yashashning kimga keragi bor? Ertaroq yoniga borsam balki erim xursand boʻlarmidi…”

Soʻnggi oʻy nima uchundir Tamara xolaning diydasini yumshatdi. Mijjalari namlandi. Rahmatli eriga qanchalar bogʻlanib qolganini mana endi, uni yoʻqotganidan keyin avvalgidan-da chuqurroq angladi. Xuddi choʻqqiga chiqib, atrofiga nazar solgan odamday birdan yuragini qoʻrquv chulgʻadi. Chunki atrofida hech kim yoʻq edi-da! Bu ahvolda yashash ogʻir edi. Azob edi. Azobki, cheki-chegarasi yoʻq… Yolgʻizlik, qaygʻu-alam, armon – hammasi jamlanib, bir butun toshga aylanib yuragini shunday ezadiki… “Dod” solib hayqirgancha allaqayoqlarga bosh olib ketgisi keladi. Biroq qayoqqayam borardi?

Bir kuni Tamara xola oʻzi sezmagan holda tez taʼsir qiladigan zahar haqida oʻylayotganini payqab qoldiyu… goʻyo qoʻrqinchli tush koʻrib, choʻchib uygʻongandek qattiq qoʻrqib ketdi. Yaxshiyamki uyda bunday ogʻuning yoʻqligi…

Boshqa bir oqshom esa kim bilandir gurunglashish istagiga dosh bera olmay yertoʻlada chiyillashayotgan kalamushlarga baqirib yubordi:

– Hoy noinsoflar, podvalda turvolib chiyillayvermasdan bu yoqqa chiqsalaring-chi! Sal chalgʻirmidim… Koʻpchilikmisizlar oʻzi? Sasib yotgan podvalda yashab nima baraka topardilaring?..

Goʻyo uning ovozini eshitishgandek, kalamushlar birdan jimib qolishdi.

– Ha-a, nega ovozlaring oʻchib qoldi? – deya gapida davom etdi Tamara xola. – Huvillab yotgan katalakda odam zotining urugʻi quridi, deb oʻylaganmidilaring? Men borman hali, yashayapman! Faqat juda zerikayapman… yuragim siqilayapti… Ilgarilari zerikkan vaqtlarimda kitob oʻqirdim, koʻchalarni aylanardim. Endi boʻlsa bularning hech biriga hushim yoʻq. Eh, hozir…

Birdan Tamara xola oʻz ovozidan choʻchib ketdi, hushini jamlashga urindi. Ammo endi yanada vahimali oʻy yuragiga tigʻdek qadaldi: “Nima balo, aqldan ozayapmanmi?..”

Tamara xola telba boʻlib qolishdan qoʻrqardi. Shuning uchun ham oʻylay-oʻylay qayinsinglisi Diloraning uyiga borishga ahd qildi. “Agar roʻyxoʻshlik berishsa butunlay koʻchib oʻta qolaman, – degan ilinji ham yoʻq emasdi. – Faqat uy haqida ogʻiz ochishmasa bas!”

Oʻn bir kishidan iborat oila aʼzolari kutilmagan mehmonni har qalay ochiq chehra bilan kutib olishdi. Ayniqsa Diloraning ikkita toʻngʻichidan tashqari yettita biri-biridan shoʻx, quvnoq bolalarining boshlari osmonga yetgandi. Xursandliklaridan bolalarning biri Tamara xolani tashqariga sudrasa, yana biri tizzasiga oʻtirvolib: “Ertak aytib bering, amma!” deya tiqilinch qilardi.

Tamara xola bir piyola choyini ham tinchgina icha olmayotganidan asabiylashayotgan boʻlsa-da, zoʻr-bazoʻr oʻzini bosdi va bolalarni oqlashga urindi: “Anchadan buyon koʻrmaganlari uchun bechoralar quvonib ketishyapti. Ikki-uch kundan keyin “puf, sassiq” boʻlib qolaman. Ana undan keyin tayyor osh-nonni yeb-ichib, maza qilib yotaman, birovining men bilan ishi boʻlmaydi!” deya oʻziga taskin berdi.

Diloraning boʻlsa parvoyi falak edi. Tamara xola bilan hol-ahvol soʻrashib, oldiga dasturxon yozdi-yu, keyin mehmonni butunlay unutgan kabi shumshayib oʻtirgan eri bilan allaqanday yer mojarosini hal qilishga kirishib ketdi.

– Men koʻp bolaliman, yerni eng avval bizga berishingiz kerak, demadingizmi raisga? – deya siquvga olardi erini Dilora. – Biz turganda Musabekka oʻxshaganlarga yoʻl boʻlsin! Bizdiyam bolalar bor-yoʻgʻi toʻrtta boʻlganida oʻynab-oʻynab boqardik, yer-peri bilan ishimiz boʻlmasdi!..

– Aytdim, hammasini xuddi sen aytganday qilib aytdim, – derdi ikki yuzi qip-qizarib ketgan tepakal er. – Quloq solmadi-da, nima qilay?

– Ertaga idoraga oʻzim boraman!

– Mayli, boraqol, – dedi er yengil tortgandek boʻlib. – Avval-boshdanoq bu ish bilan oʻzing shugʻullansang boʻlarkan. Men gapga noʻnoqman, bilasan-ku.

– A-ha, qoʻlingizdan bir ish kelmasligini oxiri tan olarkansiz-ku, – Diloraning ovozi tantanali jarangladi. – Shuni avvalroq boʻyningizga olganingizda bunchalik sarson boʻlib yurmasdingiz!

Yuzi oftob tigʻida qoraygan, bujmaygan, peshonasini qat-qat ajin qoplagan, koʻkrak qafasi yosh bolanikiday bir tutam boʻlgan jikkakkina erining butunlay aksi oʻlaroq Diloraning yuzi tirsillaydi, chertsang qon otiladiganday; yelkalari keng; har bir koʻkragi handalakday, bilaklari kelisopday. Bir musht tushirsa ancha-muncha erkakni yer tishlatadigandek kuch va gʻayratga ega boʻlgan bu ayol tinmay mehnat qilishu pul topishdan boshqa narsani bilmaydiganlar toifasidan edi. Nima uchundir bu yerga kelganiga afsuslana boshlagan xola: “Yaxshiyam butunlay keldim, endi sizlar bilan yashayman deb aytib qoʻymagan ekanman”, degan oʻyni xayolidan oʻtkazdi.

– Mana, siz yaxshi koʻradigan kuyovingizning ahvoli, koʻrib qoʻying! – deb qoldi bir mahal Dilora Tamara xolaga qarab. – Qoʻlidan ketmon chopishu oʻt yulishdan boshqa ish kelmaydi. Birov bilan murosa qilishni bilmaydi. Boshqa erkaklarday oʻzini oʻtga-choʻqqa urib boʻlsayam haqini ajratib ololmaydi. Qachon qarasangiz baloning oʻqiga meni roʻpara qiladi.

Tamara xola dabdurustdan nima deyishni bilmay qoldi. Dilora turmushga chiqqanidan buyon biror marta ham eridan yoki bolalaridan shikoyat qilmagandi-da.

– Nima gap oʻzi, tushunmayapman, – deb soʻradi Tamara xola shunchaki jim turmaslik uchun. – Qanaqa yer haqida gapirayapsizlar?

– Nega tushunmaysiz? – dedi Dilora hayron qolgandek boʻlib. – Boyadan beri mojaro qilib yotibmiz-ku!

Qayinsinglisining gap ohangi Tamara xolaga ogʻir botdi. “Unga nima boʻldi? Boya yoʻq yerdagi gapni yoqamga yopishtirgandi: “…siz yaxshi koʻrgan kuyovingiz!” deb. Men hech qachon bunday demaganman. Akasi yonimda boʻlganida bunday muomala qilolmasdi…”

Tamara xola kipriklari pirpiragancha yerga boqdi.

Dilora nimanidir fahmladi chogʻi, birdan gap ohangini oʻzgartirdi:

– Bizda koʻp bolali oilalarga yer berilayotgan ekan, – deya hijjalab tushuntira boshladi u. – Agar haqiqat degan narsa boʻlsa, yer eng avval bizga berilishi kerak, toʻgʻrimi? Lekin kuyovingizning boʻshangligidan ogʻzimizdagi oshni oldirib oʻtiribmiz-da! Har doimgiday asli oʻzim aralashsam boʻlarkan. Ayol boshim bilan hadeb erkaklar bilan jiqillashaveramanmi, deb oʻylabman-da…

– Idoraga yugurgan bir sen emas, – oraga gap qoʻshdi er. – Ana, Musabek bilan Egamberdining xotinlariniyam har kuni idoraning oldida koʻraman. Hozir xotinlarning gapi oʻtadigan zamon boʻlib qolgan. Burungi zamon boʻlganida sen paranjingga oʻrani-ib uyda oʻtirarding. Koʻcha-koʻyda mana biz koʻkragimizni kerib yurardik…

“Suyukli kuyov” yoqimsiz ishshaydi. Tamara xola beixtiyor burnini jiyirdi. “Erkak boʻlmay oʻl, shu mahal topgan gapingni qara!” deya ichida ijirgʻanib qoʻydi.

– Siznikiga oʻxshash koʻkrak bilan…

Dilora erini boplab chaqib olish qasdida oshkora mazax bilan gap boshlagan ham ediki, dasturxonning qoq oʻrtasiga bir poy kalish “shalop” etib tushdi.

Tamara xola seskanib ketib, jon holatda oʻzini orqaga tortdi. Zero, bu kiyilaverib abjagʻi chiqib ketgan, buning ustiga chang-tuproqqa, hattoki loyga belangan eski kalish edi.

Suyukli kuyov pinak buzmay oʻtiraverdi.

– He, urugʻingga qirgʻin kelsin senlarning!

Dilora shunday deya qargʻangancha kalishni dasturxondan oldi va yelkasi osha ortiga uloqtirdi.

Dahlizda shovqin-suron koʻtarib oʻynayotgan bolalardan biri hiring-hiring kulgan koʻyi kelib kalishni olib ketdi.

Dilora hech narsa boʻlmagandek Tamara xolaga yuzlandi.

– Agar sizlarnikiga oʻxshash… – deya ayol yana gapini davom ettirishga kirishgan ham ediki, dahlizdan birdan gursillagan ovoz, uning ketidan yosh bolaning xunukdan-xunuk, qoʻpol, arillagan yigʻi ovozi eshitildi.

Tamara xola bu safar qattiq choʻchib tushdi, beixtiyor yoqasiga tuflab qoʻydi. “Suyukli kuyov” esa oyoqlarini Tamara xola tomon bemalol uzatib, yonboshlab yotgan joyida choynakni siriqtirib piyolasiga choy quyardi.

Diloraning avzoyida ham hech qanday oʻzgarish sezilmadi. U eri uzatgan boʻsh choynakni qoʻliga oldi va eshik tomonga qarab:

– Absamat, – deb qoʻydi.

Ostonada sochlari toʻzgʻigan, xuddi zoʻr bir ish qilib qoʻyganidan mamnunday koʻzlari oʻynab turgan oʻn besh yoshlar chamasidagi oʻsmir paydo boʻldi.

– Ma, ichidagi shamasini toʻkib tashla, keyin yaxshilab chayib tashlab, yangi choy damlab kel.

Burnini bir tortib olgan oʻsmir zipillab kelib choynakni oldi va shunday shoshqin tarzda tashqariga chiqib ketdi.

Tamara xola hamon ang-tang, nafasini ichiga yutib oʻtirardi.

Dilora gapini boshidan boshladi:

– Agar sizlarnikiga oʻxshash shahar chekkasida boʻlsayam bittagina “dom”im boʻlganida bunchalik kuyib-yonmasdim…

Boʻgʻriqqanidan Tamara xolaning yuzidan issigʻi chiqib ketdi. “Hech boʻlmasa men oʻlganimcha shu haqda gapirmay tursang-chi, – deya xayolan qayinsinglisiga murojaat qildi u. – Keyin uy baribir oʻzingga qoladi-ku!”

– Mana, – degan doʻrillagan ovoz eshitildi. Diloraning oʻgʻli choynakni dasturxon chetiga qoʻymoqda edi. – Gaz pasayib qolgan ekan, zoʻrgʻa qaynatdim.

– Ha, boʻpti, boʻpti, bir choynak choyingniyam minnat qilma, – jerkib berdi Dilora oʻgʻlini. – Endi toʻrtta kartishka bilan ikkita piyoz artib qoʻy.

– E, hadeb menga ish buyuraverasizmi? – toʻngʻilladi yigitcha norozi boʻlib. – Qizlaringizga ayting.

– Oʻlib qolmaysan, bor, dedim senga!

Afti burishib ketgan yigitcha bir nimalarni toʻngʻillagancha xonadan chiqdi. Tamara xolaning nazarida u: “Oshxona-poshxonani yoqib yuborsam qutulamanmi?..” deganday boʻldi. Yanglishmasa, Dilora ham, uning eri ham bu gapni eshitishdi. Lekin ular pinak ham buzishmadi.

Tamara xolaning yuragi orqaga tortib ketdi. Yigitcha chindan ham jahl ustida oshxonani yoqib yuboradigandek bezovtalanib qoldi. “Bolalari bunchalik tartibsiz, bebosh ekanliklarini bilmagan ekanman, – oʻyladi Tamara xola. – Diloraning begʻamligi-chi! Anov bola chindanam oshxonaga oʻt qoʻyib yuborsa nima boʻladi? Yo oʻgʻlining bunday qilmasligini bilarmikan? Lekin avzoyidan bola hech narsadan tap tortmaydiganga oʻxshaydi. Bunaqalar yoqsa yoqib ham yuboradi. Keyin oʻtirishadi… oloviga isini-ib…”

Bu manzarani tasavvur qilgan mehmonning eti junjikib ketdi.

– Piyolangizni uzating chalqayib yotavermasdan! – zarda bilan eriga qaradi Dilora.

– Ma, – piyolani uzatdi er. – Lekin choyni qaytarma. Ikkinchi choynakni qaytarmasdan quyish kerak.

Diloraning koʻzlari gʻazabdan qisilib ketsa-da, erini mazaxlab gapirishga oʻzida kuch topa oldi:

– Xoʻp, eshon bova, xoʻp!

Juvon piyola tagidagi shama qoldigʻini oʻzininig piyolasiga quydi. Soʻng choynakdan choy quyishga kirishgan mahal…

“Gʻirq” etganga oʻxshash ovoz eshitildiyu, choynak joʻmragidan bir parcha loy otilib piyolaga tushdi.

– Voy, oʻlsin! Absamatingizning ishini qarang, – Dilora yoyilib kulgancha Tamara xolaga yuzlandi. – Choynakni loy bilan yuvib tozalamoqchi boʻlgan shekilli. Erkak bolaning qilgan ishi shu-da.

Tamara xolaning endi rosmana jahli chiqdi. Bu axir mehmonga nisbatan hurmatsizlik emasmi? Nima, bu yerga u och qolganidan keliptimi? Hech qursa ona-bola dahanaki janglarini mehmonga eshittirmasdan, oshxonada qilsayam boʻlardi-ku. Ammo qarshisida oʻtirgan manavi “jigargoʻshalari” uni mehmon sifatida koʻrishmayapti chogʻi…

Dilora oʻtirgan yerida yana eshik tomonga qarab baqirdi:

– Abtikarim, hov Abtikarim, ma, choynakni opket! Ichini yaxshilab chayib tashlab, yangi choy damlab kel, bolam!

Tamara xolaning miyasiga qon tepdi. Shartta oʻrnidan turib, qayinsinglisining qoʻlidan choynakni yulqib olgisi keldi. Biroq… Garchand jigarlari Tamara xolani qoʻnoq sifatida koʻrishmayotgan boʻlsalar-da, birdan xolaning oʻzi mehmon ekanligini eslab qoldi. “Mehmon esa izzatini bilishi kerak!”. Xola tishini tishiga bosdi.

Yarim soatlardan soʻng oʻsha chinni choynakni loy bilan yuvishni yaxshi koʻradigan Absamat bugʻi chiqib turgan kattagina sopol laganni koʻtarib kirib keldi. Taom oddiygina – qovurilgan kartoshka. Buning ustiga ozgina qaynagan suv ham qoʻshilganidan, kartoshkalari ezilgandek.

Hamon gʻazabi tarqamagan Tamara xola “Bungayam loy qoʻshilmaganikan?” degan xavotirda ovqatdan bir tatib qoʻyish bilan kifoyalanmoqchi edi, ammo ogʻziga bir luqma solganini biladi…

Ha, tan olish kerak, Tamara xola umri bino boʻlib bunchalik xushxoʻr ovqat yemagandi! Yegan sayin yeging keladi. Boʻlmasa na goʻsht bor unda, na dumba. Hattoki oddiygina zira ham yoʻq. Ammo… juda mazali…

– Yanga, men idoraga ketayapman, – deb qoldi Dilora ertalab. – Hozir bormasam, keyin raisni tutib boʻlmaydi – dalaga ketib qoladi. Siz bolalarga bosh boʻlib, koʻnglingiz tortgan narsalarni yeb-ichib oʻtiravering.

– Tez qaytasizmi? – deb soʻradi Tamara xola shosha-pisha.

– Yarim soatda kelaman.

Tamara xola mijgʻov kuyov ham Dilora bilan birga ketsa kerak, deb oʻylagandi. Lekin uning hovlida tengsalib yurganini koʻrib, ensasi qotdi. Oʻzicha qayinsinglisidan xafa boʻldi: “Oʻzi bilan olib ketsa boʻlardi. Endi unisi kelguncha bunisining betiga termulib oʻtiramanmi?”

Tamara xolaning asabi battar buzildi. Hali nonushta ham qilmagan boʻlsa-da, arazlagan bola kabi katalakday xonadan chiqmay oʻtiraverdi.

Bir mahal eshik gʻiyqillab qiya ochildiyu, xonaga boʻylagan mijgʻov kuyovning tirishgan yuzi koʻrindi.

– Emasa men bir dalaga borib kelayin, – dedi u shu turishida, ichkariga kirishni, hech boʻlmasa “Yaxshi yotib turdingizmi?” deb qoʻyishni xayoliga ham keltirmay. – Bir-ikki soat aylanib kelaman. Ish boʻlmasa, tushlikka qaytaman.

– Mayli, bemalol, bemalol, – dedi Tamara xola shosha-pisha.

Eshik jurʼatsizlik bilan yopildi.

Tamara xola chuqur xoʻrsindi. Qiziq, bu yerga kelganiga atigi bir kun boʻldiyu, shunga qaramasdan, oʻzining balki zerikarliroq, lekin xotirjam hayotini sogʻinayotganini his qildi. Oʻzi uchun aziz boʻlib qolgan gullari, qimmatbaho vazalari koʻziga koʻrinib ketdi. Uyidagi har bir buyum aziz va qadrdon… Har birining oʻzgacha tafti bor… Har qancha eslasa arziydi… Tunlari chiyillab, oʻzlarining borliklarini bildirib turadigan kalamushlarni ham esladi hatto…

“Bu yerda qiynalib qoladiganga oʻxshayman”, degan fikr Tamara xolaning miyasiga urildi. Ketgisi keldi. Oʻzini bu tarzda kutib olishlari mumkinligi xayoliga ham kelmagandi-da. Inson sifatida obroʻsi boʻlmasa hech qursa… oʻzidan keyin… shularga qoladigan uyning hurmati yoʻqmidi… Bir mushfiq bandani izzat etmoq uchun arzigulik mulk emasmi butun boshli uy deganlari?..

Qolaversa, qanchalik harakat qilmasin, baribir qayinsinglisining oddiy turmush tashvishlari qorishmasidangina iborat hayotini sira tushuna olmayotgandi, hazm qilolmayotgandi. Deylik, Diloraning oʻrnida boʻlganida oʻzi bolalar tarbiyasiga koʻproq eʼtibor qaratardi. Darvoqe, tarbiyani eng avvalo… tepsa tebranmas eridan boshlardi. “Erkakmisan, oʻzingni haqiqiy erkakday tut! Roʻzgʻorning ogʻir tomonini oʻz gardaningga ol!” degan boʻlardi eriga. Bolalarini esa kechagiga oʻxshash qiliqlari uchun boplab adabini berib qoʻyardi…

Kimdir yelkasidan turtgandek boʻldi. Tamara xola ilkis bosh koʻtardi. Roʻparasida Diloraning besh yoshlardagi kenjatoyi Asadbek turardi.

– Nimadir dedingmi, oʻgʻlim? – mehribonlik bilan soʻradi Tamara xola.

– Qornim ochdi, amma, – gʻingshidi bolakay.

– Hali nonushta qilmadinglarmi?

– Ayam bilan dadam dalaga ketishdi.

Tamara xola hayron boʻldi:

– Dalaga ketishsa ketishar, ammo avval sizlarning qorningizni toʻydirmadimi?

– Ayam tez kelaman devdi.

Tamara xola soatiga qaradi.

– Tez kelishi shu boʻlsa… Qani, yur-chi. – Tamara xola Asadbekning qoʻlidan tutib tashqariga yoʻl olarkan, jiyanchasini savolga tutdi: – Akalaring, opalaring maktabga ketishdimi?

– Ha.

– Yolgʻiz oʻzing qoldingmi? Sen bogʻchaga bormaysanmi?

– Yolgʻiz oʻzim qolganim yoʻq.

Tamara xola ayvonda koʻringan zahoti hovlida oʻynab yurgan toʻrtta bola yugurib kelib uning atrofini oʻrab olishdi:

– Sut pishirib bering, amma!.. Sut… Kasha…

– Sut? Sutni qayerdan olaman? – dedi oshxonaga kirib, bu yerdagi tartibsizliklardan taʼbi xira boʻlgan Tamara xola.

– Sutni sigirdan sogʻib olasiz-da! Shuniyam bilmaysizmi? – dedi bolalardan biri.

Yuragiga oʻqdek qadalgan bu taʼna Tamara xolaning butun vujudini titratib yubordi. Asadbekdan kattaroq, chamasi sakkiz-toʻqqiz yoshlardagi bola koʻziga balodek koʻrindi. Hozirdanoq tili shunchalik zahar boʻlgan bu bola ulgʻayganida Dilorani bir pulga olmay qoʻymaydimi? Koʻzlarini chaqchaytirishini-chi! Yoʻq, Dilora bularga um-muman tarbiya bermagan. Bolalarni dunyoga keltirgan, yedirgan-ichirgan, kiyintirgan, vassalom. Ibtidoiy jamoa davrida odamlar shunday yashashgan boʻlsalar kerak. Tarbiya koʻrmagan bolalardan mehr-oqibat kutib boʻladimi? Tavba, ming bor tavba!..

– Hech boʻlmasa shakarchoy berarsiz!

Tamara xola yalt etib yana oʻsha tili yoshiga yarashmagan tarzda zaharga toʻla bolakayga qaradi. Qovogʻini soldi. Xola bunday ochiq-oshkor hurmatsizlikni koʻtarolmasdi. Bir qulogʻidan choʻzib, bolakayning adabini berib qoʻygisi ham keldi. Lekin oʻzini bosdi. Axir u bu xonadonda mehmon. Ha, mayli, bir kunga hoʻkiz oʻlmas…

– Qani, hammalaring soʻriga chiqinglar, – deya buyruq berdi Tamara xola bolalarga. – Sutni ayangiz kelganidan keyin ichasiz. Nega deganda men sigir sogʻishni bilmayman. Lekin shakarchoy qilib bera olaman.

Bolalar gurillagancha soʻri tomon yugurishdi.

Yarim soatda qaytaman, deb ketgan Diloradan choshgohda ham xabar boʻlmadi. Vaqt tushlikka yaqinlashdi, ammo hamon undan darak yoʻq. Peshinga borib Tamara xola boshi ogʻrib yotib qoldi. Ertalabdan buyon bolalarning qornini toʻydirish tashvishlari, idish-tovoqlarni yigʻib, yuvib-tozalash xolani ancha toliqtirib qoʻygandi.

Baribir Diloradan darak boʻlavermagach, Tamara xola uyga kirdiyu, oʻzini toʻshakka tashladi. U boshining loʻqillab ogʻriyotganiga chiday olmayotgandi.

Bir mahal kimdir peshonasini ohista silayotganday boʻldiyu, Tamara xola seskanib koʻzlari ochdi.

– Sen…

– Boshingizning qaysi tomoni ogʻriyapti? – deb soʻradi Asadbek mehribonlik bilan.

Tamara xola churq etmasdan unga tikilib qoldi.

– Agar boshingizning mana bu yeri ogʻriyotgan boʻlsa, dori ichsangiz ham taʼsir qilmaydi. Yaxshisi uxlaganingiz maʼqul, men uqalab oʻtiraman. – Bolakay jajji qoʻlchalari bilan ammasining boshini silay boshladi. – Agar mana bu yeringiz ogʻriyotgan boʻlsa, unda dori ichishingiz kerak. Ayam shunday qiladilar…

Tamara xolaning tili lol edi.

– Siz bemalol uxlayvering, men boshingizni uqalab oʻtiraman, – deya taklif qildi bolakay.

Tamara xola “mayli” deganday koʻzlarini yumib-ochdi.

Birozdan keyin xola:

– Boshim endi ogʻrimay qoldi, – dedi bolakayga. – Endi sen boraqol.

Darhaqiqat, Tamara xola ancha yengil tortgandi.

Biroq bolakay bosh chayqadi:

– Oʻynagim kelmayapti. Yaxshisi, sizni pashshalardan qoʻrib oʻtiraman.

Tamara xolaning koʻzlari gʻiltilladi.

“Nima boʻlsa boʻldi, shu yerda qolaman! – degan qarorga keldi xola. – Uyimni Diloraning nomiga oʻtkazaman. Jon-jon deb turibdi, ogʻzimdan chiqmasidan koʻnadi…” Nihoyat u oʻz juratsizligi, qoʻrquv va injiqliklarini yengdi.

Biroq…

Afsuski, mazkur fikr ayni daqiqada qanchalik qatʼiy va ishtibohsiz tuyulmasin, uning umri uzoq boʻlmadi.

Zero, kechqurun shu xonadonda yuz bergan bir voqea Tamara xolaning esxonasini chiqarib yuborayozdi.

Diloraning oʻrtanchasi Abdukarim oʻzi bilan xat yozishib yurgan qizga sevgi izhor qilgani uchun Nurmat degan sinfdoshini urib, ogʻzi-burnini qonga botiribdi. Bu ham kamlik qilganday, sevgi izhor qilgani uchun Nurmatni oʻsha qizning oldida tiz choʻkdirib, urib-soʻkib boʻlsa hamki kechirim soʻrashga majbur etibdi.

Boʻldi toʻpolon…

Nurmat deganlarining onasi shallaqiroq, qoʻli yugurik xotinlardan ekan, bechora Dilorani yumdalab tashladi. Qoʻshnilar oʻrtaga tushibgina shoʻrlikni mehribon onaning temir changallaridan zoʻr-bazoʻr ajratib olishdi.

Bu yoqalashuvni oʻz koʻzi bilan koʻrib turgan Tamara xolaning hushi boshidan uchdi. Zero xola bunday talotoʻplarni, janjal-toʻpolonlarni azaldan koʻtara olmasdi. Bunday mojarolarni tomosha qilishga ham tayyor emas edi. Agar Diloraning oʻrnida boʻlganida, boshiga shunday koʻrguliklarni solgani uchun Abdukarimini hech qachon kechirmagan boʻlardi. Toʻgʻri-da ona shoʻrlik bu bola degan jonivorni toʻqqiz oy qornida koʻtarib yuradi, naq ajalga roʻpara kelib, chaqalogʻi bilan bir amallab bu dunyoga qaytadi. Keyin bir parcha etni ming qiyinchiligu azoblar ila voyaga yetkizsin-da… Oqibati esa mundoq boʻlib tursa! Bunday hayotning, bunday yashashning nima qizigʻi bor? Farzandni umrning davomchisi, deyishadi. Yoʻq, xolaning nazarida, bu xato fikr, aslida farzand – ota-ona oʻla-yita ne-ne azoblarda bunyod qilgan merosga, mol-mulkka egalik qilib oluvchi tekintomoq!..

Dilora-ku, oddiy, oʻqimagan bir ayol, koʻpchilikning bittasi. Lekin dunyoga dongʻi ketgan ne-ne ulugʻ zotlarning baʼzilari ham umrlarining soʻnggida farzandlaridan oqibat koʻrmay oʻtganlari rost-ku! Mirzo Ulugʻbekday ham olim, ham podshohning umr shamchirogʻini kim bevaqt soʻndirdi? Oʻz pushtikamaridan boʻlgan farzandi emasmi?

“Shunday ekan, gʻam-alamga na hojat, Tamara?! – deya oʻzini oʻzi ovuta boshladi xola. – Vaqt-soating bitguncha tinchgina yashab yuraver-chi. Azroil yoʻlda joningni oladimi, uyingga bostirib kirib keladimi – nima farqi bor? U yogʻining tashvishini chekmay qoʻya qol. Hammasi oppa-oson… Koʻz ochib-yumguncha sodir boʻladi-qoʻyadi… Balki karavotingda, issiqqina toʻshagingda xotirjam yotib, oxirgi nafasingni chiqarasan, tamom-vassalom. Ojizgina “puf” etgan ovozni oʻzing ham eshitarsan, ehtimol? Shu bilan hammasidan qutulasan-qoʻyasan!..”

Fikrlari oʻziga joʻyali tuyuldi. Bu yerda qayinsinglisining boshidagi gʻurbatga sherik boʻlib, yuragi qonga toʻlib oʻtirganidan koʻra oʻzining issiqqina uyida tinchgina yashagani behroq emasmi? “Jigargoʻshalarim qurshovida rohat-farogʻatda yashayman, deb oʻylab chuchvarani xom sanagan ekanman. Yaxshiyam Diloraga uyimni xatlab berib qoʻymaganim. Aks holda hozir ham tayyor boshpanadan, ham osoyishta hayotimdan birday ayrilib qolarkanman…” Tamara xola uy masalasida ehtiyotkorlik qilgani uchun oʻziga oʻzi ichida tahsin oʻqib qoʻydi, oʻzidan mamnun boʻldi. Har doimgiday…

Ertasi kuni ertalabdan kechagi toʻpolon, janjal-suronlarni mutlaqo esidan chiqarganday oʻgʻli bilan apoq-chapoq boʻlib oʻtirgan Dilorani koʻrgan Tamara xola hech narsaga tushuna olmay taajjublanib qoldi.

Dilora buni sezdi chogʻi, ichi sargʻayib ketgan piyolada choy uzatarkan:

– Hayron boʻlayapsizmi, yanga? – deya gap qotdi.

Tamara xola javob bermadi, chuqur xoʻrsinib qoʻydi, xolos.

– Bizzi koʻrgan kunimiz shu. Eʼtibor bermang, koʻnikib ketasiz.

Yerga qarab olgan Tamara xolaga bu gap yoqmadi. “Meni butunlay keldi deb oʻylayapti shekilli… gʻamxoʻrliging uchun rahmat, qayinsingiljon, lekin uying oʻzingga buyursin!” – degandek qoshlarini chimirib qoʻydi. Soʻng qayinsinglisiga yuzlandi:

– Men endi uyimga ketaqolay. Shuncha mehmon boʻldim. Hammalaringni koʻrdim, mehrlaringga toʻydim, ancha koʻnglim yozildi…

Tuz haqqi, xola samimiy gapirishga urindi, biroq ovozidagi ohang kayfiyatidagi oʻzgarishni fosh qilib qoʻydi.

Dilora ham gapni choʻzib oʻtirmadi.

– Qolmaysizmi yana bir-ikki kunga? – deb soʻragan boʻldi, xolos. Buyam til uchida.

Tamara xola bosh chayqadi.

Tamara xolaning birdan-bir umidi Diloraning uyidangina iborat emasdi. Yana bir borar manzili bor edi. Bu uy xolaning oʻz singlisiniki edi. Toʻgʻri, singlisi hozir bu yorugʻ olamda yoʻq, umri qisqa ekan, oʻn sakkiz yil muqaddam vafot etgan, undan birgina yodgor boʻlib Yasmina ismli qizaloq qolgandi. Shu qiz turmush qurib, yanglishmasa ikki-uchta farzandli boʻlib, ota-onasining chirogʻini yoqib oʻtiribdi. Lekin Tamara xola yakkayu yolgʻiz jiyanining oldiga bosh egib borolmaydi. Rahmatli singlisi tiriklik paytlaridayoq oralaridan ola mushuk oʻtgan. Asli shu Yasmina sabab opa-singil qattiq urishib qolishgandi.

Oʻsha vaqtlarda Yasmina sakkiz-toʻqqiz yoshlarda edi. Qizaloq taʼtil kunlarini Tamara xolanikida oʻtkazardi. Yolgʻiz qiz boʻlishiga qaramasdan juda odobli, kamtarin edi.

Bir kuni shu Yasmina Tamara xolaning vazasini bexos qoʻlidan tushirib yuborib, sindirib qoʻydi. Tamara xolaning jon-poni chiqib ketdi, axir vaza juda ham qimmatbaho edi. Er-xotin naq ikki yil pul yigʻib sotib olishgandi-da; shunday bebaho narsa chil-chil boʻlib, yerda sochilib yotsa, har qanday odamgayam alam qiladi, axir; endi uni butlab boʻlmasa!..

Xullas, Tamara xola avvaliga qizni rosa urishdi, keyin bu kamlik qilganday qoʻlidagi pashsha oʻldiradigan bilan Yasminaning yelkasiga tushirdi. Bir emas, bir necha marta urdi. Pashsha oʻldiradigan oddiy quruq shoxga shapaloqday rezina oʻrnatilgan oddiygina matoh edi. Ammo qizchaning terisi yupqa ekanmi, kaltak tekkan joylari birpasda qorayib-koʻkarib ketibdi.

Voqeadan xabar topib, qizining yelkasini oʻz koʻzlari bilan koʻrgan singil shosha-pisha Yasminani oʻz uyiga olib ketarkan, bir gap aytdiki, Tamara xolaning hech esidan chiqmaydigan gap boʻldi:

– Vaza shunchalik azizmidi, opa?! Oʻzingiz tugʻib qoʻymagandan keyin bolaning qadrini bitta chinnidan ham past qoʻyasiz-da!..

Miyasiga qon tepgan Tamara xola jon achchigʻida baqirib yubordi:

– Qizing sen uchun qanchalik aziz boʻlsa, vazam ham men uchun shunchalik aziz!

Singlisi birdan joyida taqqa toʻxtadi, bir necha daqiqa opasiga tikilib turdi-da, nogoh:

– Mayli, vazangiz bilan… – aftidan, singil “qoʻshmozor boʻling” demoqchi edi, ammo soʻnggi soniyada oʻzini tiyib qoldi va boshqacharoq soʻzlarni ishlatdi: – vazangiz bilan omon boʻling.

Shu bilan qizchasini yetaklagan singil chiqdi-ketdi.

Shundan keyin opa-singil oʻrtasidagi rishtalar uzildi hisob. Tamara xola singlisining: “Oʻzingiz tugʻib qoʻymagandan keyin…” degan pisandasini kechirolmadi, natijada opa-singil yuzkoʻrmas boʻlib ketishdi.

“Bitta vazani bolamdan ortiq koʻrdi”, deya singlisi astoydil xafa boʻlganini Tamara xola sezdi, lekin jigariga yon bergisi kelmadi: “Men xafa boʻlish oʻrniga nega u arazlaydi? Axir, singlim farzandiga qanchalik bogʻlanib qolgan boʻlsa men ham oʻsha zormanda vazaga, umuman bu uyga, uydagi narsalarga shunchalik bogʻlanib qolganimni, koʻngil qoʻyganimni, oʻzimni shular bilan ovutishimni nahotki tushunmasa?.. Birovlar bolasi oʻlganida yigʻlaydi. Men esa vazalarim singanida yoki gullarim quriganida yigʻlayman…” qabilidagi oʻylar esa Tamara xolaning singlisi oldida aybdor ekanligini tan olishiga monelik qilardi. Ha, haqiqatan ham oʻsha vaza va uyini toʻldirib turgan oʻsha vazaga oʻxshagan buyumlar Tamara xola uchun qanchalar aziz va qadrdon edi. Bolasi borlar, farzandini bagʻriga bosganlarida, Tamara xola oʻsha qadrli buyumlarini bagʻriga bosardi, yashnab turgan gullariga qarab koʻzi quvnardi. Yaxshi hamki bu dunyo faqat odamlardan iborat emas. Odamlar bilan birga gullar va har xil buyumlar ham yaralgan ekanki, bular bejiz emas. Chuqurroq oʻylab, oʻzing koʻrib turgan olamga hushyor nazar solsang, hamma mavjudot bir-biri bilan chatishib ketgan sabablar silsilasi ekanligini ilgʻaysan. Axir gullar va vazalar boʻlmaganida Tamara xolaga oʻxshaganlar oʻzlarini qanday ovutishardi? Ammo baribir nimadir jumboqligicha qolyapti… tushunish qiyin… Avvallari Tamara xola oʻz qismatini oʻylab, koʻnglida koʻp bor norozilik tuyardi. Menga oʻxshagan kimsalar nima uchun dunyoga kelgan, deb oʻylab. Umrining oxirigacha dunyodan kuyib-yonib oʻtish uchunmi, degan oʻy tinchlik bermasdi. Endi yoshi bir yerga yetganida mundoq oʻylab koʻrsa, bu ham bejiz emasga oʻxshaydi. Bunda ham bir hikmat mavjud shekilli. Faqat Tamara xola buni anglay olmayapti va hali ham tushunmayapti…

Oʻshanda singlisi ham uni kechira olmadi. Hatto oʻlimi oldidan ham bir bor yoʻqlamadi. Ota-onalarining arvohlari haqqi, Tamara xola singlisini shuncha yosh oʻlib ketadi, deb sira oʻylamagandi. “Vaqti kelib meni tushunadi, nooʻrin xafa boʻlgani uchun bir kuni kelib oʻzi kechirim soʻraydi hali”, degan xomxayollar ogʻushida oʻsha kun kelishini kutib yashab yuravergan ekan. Bevaqt ajal “lop” etib oʻrtadan chiqdiyu, boyoqish singlisini “borsa kelmas” tomonlarga oldi-ketdi.

Oʻlim xabarini kech olgan Tamara xola singlisining “etti”siga uchib yetib bordi. Koʻngil tubida bir dunyo rejalar bilan!.. Qanaqa rejalar deysizmi? Qanaqa boʻlardi, yetim qolgan jiyanining boshini bir mehribon qoʻl silashi kerak-ku. Yolgʻiz qolgan shoʻrlik yetimchaga kimdir panoh boʻlishi kerak-ku! Yasminani oʻziga qiz qilib olsa bormi! Barcha rasmiyatchiliklariyu rasm-rusumlari bilan. Xoʻsh, qizni qanday qilib oʻziga ogʻdirib olsa boʻlarkan?

Oʻshanda azaxonaga koʻzda yosh bilan “Voy jigarim”lab boʻzlab kirib kelayotgan Tamara xola qarama-qarshi oʻylar girdobida qolganidan bir narsaga hayron boʻlgan, aniqrogʻi oʻzini oʻzi tushuna olmayotgan edi: “Bu yerga nima uchun kelyapman? Bevaqt olamdan oʻtgan jigarimni yoʻqlab, yodga olish uchunmi yoki xudbinlik bilan tuzgan rejalarimni amalga oshirish uchunmi?”

Biroq Tamara xolaning oʻylagani boʻlmadi. “…qarovsiz qoldi”, “…etimcha boʻlib qoldi” deb oʻylagani Yasmina allaqachon turmushga chiqqan, bir bolaning onasi boʻlgan, ikkinchisini qornida koʻtarib yurgan juvonga aylangan ekan. Tez-tez Yasminaning oldiga kirib, undan hol-ahvol soʻrab turgan istarasi issiq yigitni koʻrgan Tamara xola hammasini tushundi. “Vaqtning shuvillab oʻtishini!” deya pichirladi beixtiyor. Ayni chogʻda oʻzining bu yerda ortiqcha ekanligini his etdi. Shunday boʻlsa-da, singlisining ruhi poki hurmati uch-toʻrt kun qolib, is-chiroqlarini oʻtkazib turishlariga bosh-qosh boʻlishni koʻngliga tugdi. Axir singlisi bilan rozi-rizolik soʻrasha olmadi, soʻnggi daqiqalarda tepasida turib, jigarining ogʻziga bir tomchi suv tomizishga ham yaramadi; shoʻrlik singlisi hech kimi yoʻqday oʻldi-ketdi; jillaqursa maʼrakalari oʻtguncha odamlarning koʻziga koʻrinib turgani durust. Lekin…

Tamara xola bir soʻz demasdan, hattoki koʻz yoshi ham toʻkmasdan, butun vujudi koʻzga aylanganday oʻziga tikilib turgan Yasminaning nigohidagi nafrat pichoqlariga duch kelganida yugurib ketayotgan chogʻida birdan tosh devorga urilib, yerparchin boʻlganday his etdi oʻzini. Ha, Yasminaning nigohida bir olam gina, taʼna, qaygʻu va alam bor edi!

Oradan shuncha yil oʻtgan boʻlsa-da, Tamara xola singlisi ham, yakkayu yolgʻiz jiyani ham oʻsha vaza voqeasini unutmaganliklarini his etdi…

Xayrlashuv chogʻida Yasmina bir ogʻiz gap aytdi:

– Oʻshanda oyim oʻzining tuzalmas dardga chalinganini bilardi. Shuning uchun ham meni sizga qiz qilib berish uchun olib borgandi…

 

– Eh! Oʻz uyim, oʻlan toʻshagim!

Tamara xola qoʻsh qulfli temir eshikni ochib, ichkariga kirarkan, beixtiyor shu soʻzlarni ovoz chiqarib aytib yubordi.

Xola oʻz uyini sogʻingan edi. Namxush va ozgina rutubat aralashgan dim havodan toʻyib nafas oldi. Har bir qarichi, har bir chizigʻiga qadar qadrdon boʻlib qolgan devorlarni siladi. Yasmina sindirib qoʻygan vaza oʻrniga olingan billur vazani mehr bilan koʻksiga bosdi. Deraza oldini qoplab, quyosh nurlarini oʻtkazmay qoʻygan gullarining yaproqlariga yuzini tekizib pichirladi:

– Mensiz zerikib qolmadinglarmi?.. Men esam sizlarni shunday qoʻmsadimki!.. Sizlar boʻlmaganingizda men nima qilardim? Men oʻyladim, juda koʻp oʻyladim, oxiri bir qarorga keldim: menga jigarlarimdan koʻra sizlar yaqinroq ekansizlar!

Tamara xola koʻz yoshlari yuvayotgan yuzini gul yaproqlariga bosib, anchadan buyon yigʻlay olmay yurgan odamdek oʻksib-oʻksib, uzoq yigʻladi.

Shu kundan boshlab Tamara xola yana yolgʻiz yashay boshladi. U faqat zarurat yuzasidangina koʻchaga chiqar, boshqa paytlari tiriklayin koʻmilgandek uyiga qamalib olardi. Ertalablari ham uyqudan uygʻongan zahoti oʻrnidan turmasdi, to qorni ochib, oshqozoni bezovta qilmaguncha toʻshagida yotib televizor koʻradi, keyin yuz-qoʻlini chayib, nonushta qiladi-da, uyni yigʻishtirishga tushadi. Harakat qilgani yaxshi-da. Tushlikka esa oʻzi uchun albatta birorta xushxoʻr, mazali taom tayyorlaydi. Tamara xola azaldan kuchli ovqatni tushlikda tanovul qiladi. Kechlikka esa yengilroq hazmi taom bilan qanoatlanib qoʻya qoladi. “Oʻzimni oʻzim parvarish qilishim kerak, shunda koʻp yashayman bu dunyoda!” degan bir oʻy miyasiga oʻrnashib qolgandi.

Nafsilambrini aytganda, Tamara xola iloji boricha begʻam, betashvish, xotirjam hayot kechirishga urinardi. Nafaqasidan esa barcha xarajatlarini qoplaganidan tashqari yoniga uch-toʻrt soʻm qolardi ham. Uzoq umr koʻrish uchun nima kerak? Tinch, sokin, betashvish hayot – uzoq umr garovi! Hali koʻramiz, oʻsha bolajon Dilora ham, qahri qattiq Yasmina ham bola-chaqa tashvishi bilan adoyi tamom boʻlishadi. Ellikka kirmasdan oʻtin boʻlib qarib-chirishadi yo boʻlmasa biror ogʻir dardga chalinib, bevaqt bu dunyodan oʻtib ketishadi. Axir Diloraning ahvolini, qanday yashayotganini oʻz koʻzi bilan koʻrdi-ku. Bunday hayot esa har qanday odamning asabini yemiradi, yuragini ishdan chiqaradi, oqibatda… Boshlari devorga tekkanidan keyin haqiqiy hayot faqat bola-chaqa orttirishu ularning tashvishi bilan yashashdangina iborat emasligini tushunishadi. Ehtimol shunda koʻzlari “yarq” etib ochilib, Tamara xolaga havas qilib qolishar!

Tamara xola oʻzining hech kimnikiga oʻxshamaydigan turmush tarziga shu qadar oʻrganib qolgandiki, taftish qilgani sayin uning huzurbaxsh qirralarini topayotgandek huzur qilardi. Oʻzining hammadan koʻp va uzoq yashashiga esa yuz foiz ishonardi. “Siz qanday yashash lozimligini bilmadingiz, chol, – deya xayolan murojaat qilardi har kech Ulfat akaning devorda osigʻliq suratiga qarab. – Oʻz umringizga oʻzingiz zomin boʻldingiz. Hamma narsani yurakka yaqin olmasligingiz kerak edi. Mana koʻrasiz, men yana kamida ellik-oltmish yil yashayman. Yangi asrning oʻrtalariga borib ham bu dunyoda yurgan boʻlaman! Bu vaqtda Diloraga oʻxshaganlar koʻkarib chiqqan boʻlishadi! Ha-ha-ha…”

Tamara xola kulgusi kelmasa ham kulishga, kayfiyatini koʻtarishga urinardi. Faqat yaxshi narsalar haqida oʻylab, asablarini asrardi. Bir kuni televizorda “Oltmish yoshdan oshganlar uchun…” degan yangi koʻrsatuvni koʻrib qoldi-da, shu tomoshaning ashaddiy muxlisiga, jinnisiga aylandi. Bir qarashdayoq kayvonisifat boʻlib qolgani sezilib tursa-da, oʻttiz yoshlilar bilan bellashaman degandek sochlari kalta kesilgan, qosh-koʻzlari boʻyalgan, yoqasi ochiq kofta kiygan boshlovchi xonimning ogʻzidan chiqqan har bir soʻzni qulogʻiga quyib olar, hatto uning “mimika”larini ham eslab qolishga urinar, berilgan topshiriq va maslahatlarni esa kun davomida erinmasdan, bittasini ham qoldirmasdan qunt bilan bajarardi. Koʻrsatuvning oltmish yoshdan oshganlarga emas, aslida yolgʻiz yashayotganlarga moʻljallanganini boshlovchining topshiriq va talablaridan ilgʻab olish qiyin emasdi. Balki boshlovchi xonim va uning atrofidagilar insof, shafqat yuzasidan koʻrsatuvni atay boshqacha nomlaganlar chogʻi.

Shu koʻrsatuv bois Tamara xola qorni ochguncha oʻrnidan yotib televizor koʻrmaydigan boʻldi, uyqudan vaqtli uygʻonib, tong havosidan nafas olish uchun yo koʻchaga, yo jimitday balkonga chiqar, soʻng xonasiga qaytib kirasola yigirma tomchi limon sharbati tomizilgan qaynagan suvdan ichardi. Yarim soatdan keyin esa bitta olma yoki nok – nok foydaliroq ekan – tanovul qilar, oradan roppa-rosa oltmish daqiqani oʻtkazibgina nonushtaga oʻtirardi. Darvoqe, koʻrsatuvda ishtirok etayotgan olimu fuzalolarning soʻzlariga qaraganda, ertalab vaqtliroq uygʻongan maʼqul ekan. Toʻshakda qancha koʻp va uzoq yotilsa, odam organizmidagi hayotga, yashashga boʻlgan ishtiyoq soʻnib boraverarkan. Faoliyatsizlik hatto erlik suvini ham aynitar ekan. Harakat, harakat va yana harakat!

Avvallari uyga qamalib olib, tashqariga kamdan-kam chiqadigan Tamara xola bora-bora deyarli har kuni saharda uyqudan uygʻongan zahoti koʻchaga bir chiqib keladigan boʻldi. Xola yorishib kelayotgan tongni odatda maktab hovlisida qarshi oladi. Toza, begʻubor havodan koʻksini toʻldirib, chuqur-chuqur nafas oladi. Havo oʻpkaga moʻl-koʻl va yaxshiroq yetib borishi uchun chuqurroq nafas olish kerak ekan-da…

Xullas, vaqtni zerikishsiz va siqilishlarsiz oʻtkazish uchun Tamara xolaga yaxshigina ermak topilgandi.

Biroq…

Quyosh ufq ortiga oʻtishi bilan deraza ortida pusib turgan jodugarday ichkariga otilib kirib oladigan, atrof qorongʻulashgani sayin yuragini battarroq siqib, tors yorib yuboradiganday ezadigan, zalvorli qaygʻu-hasratga qorishiq sukunatdan qochib qutulishning yoki uni alahsitishning sira-sira iloji yoʻq edi.

Bunday kezlarda hattoki “oynai jahon” ham yordam berolmasdi. Yashnab turgan gullaru antiqa vaza ham jonga oro kira olmasdi. Tamara xola kim boʻlishidan qatʼiy nazar bironta tirik jon bilan yarim soatgina gurunglashishni, dardlashishni istab qoladi. Shunday kezlarda agar eshik qoqqan kimsa qoʻli qonga belangan qotil boʻlsayam xola hech ikkilanmasdan unga peshvoz chiqqan boʻlardi.

Kechki soat sakkizdan keyin “dom”da “tiq” etgan tovush eshitilmay qoladi koʻpincha. Faqat haligi, ishdan-oʻqishdan bemahalda qaytuvchilargina odatdagiday zina pillapoyalaridan oyoq uchida, tovush chiqarmaslikka harakat qilib oʻtib ketayotganliklari onda-sonda eshitilib qolardi. Birinchi qavatda yashamaydimi, xola barisini bilib oʻtiradi…

Ha, bu kishilar haqiqatan ham juda baodob kishilar. Ammo keyingi paytlari bu narsa Tamara xolaning gʻashini keltiradigan boʻlib qoldi.

– Bunchalik boodob boʻlishmasa?! – deb qoʻyardi xola oʻziga oʻzi ovoz chiqarib gapirgancha. – Bunchalikka borish shartmidi… Eshitib oʻtiray desang, bittayam tovush yoʻq…

Shunday daqiqalarda Tamara xola allaqanday oʻkinch va armon bilan xoʻrsinib qoʻyardi…

Bora-bora Tamara xola kechalari oʻzini atrofi beton toʻsiqlar bilan oʻralgan qabrda yashayotgandek his etadigan boʻlib qoldi. Kunduz kunlarinki-ku, ancha yengil oʻtkazardi. Ammo… Zim-ziyo qorongʻulik va sukunat. Sukunat va zim-ziyo qorongʻulik. Qabrdan nima farqi bor? Faqat tun yarmidan oqqandan keyingina bu yerning oʻliklar maskani emasligini isbotlamoqchi boʻlganday kalamushlar chiyillab ovoz chiqarib qoʻyishadi. Ular allaqayerdan tirqish topishgan shekilli, keyingi vaqtlari yarim tundan keyin Tamara xolanikiga mehmonga keladigan boʻlib qolishdi. Toʻkilgan osh-ovqat, qotgan non, non uvoqlarini yeb bitirgach, darhol koʻzdan gʻoyib boʻlishadi.

Bir gal… bitta kalamush Tamara xolaning karavotiga chiqib, oyoq panjalarini hidlab koʻrdi, lekin tishlarini botira olmadi, chunki beka joyida sal qimirlab qoʻydi. Shu-shu, insofli jonivorlar yarim kechadan keyin uyni oʻzlariniki qilib olishsa-da, Tamara xolaning oʻzini bezovta qilishmasdi.

Ajab… asta-sekinlik bilan beka kalamushlarga oʻrgana boshladi. Hatto “mehmonlar” kelishlaridan sal avvalroq tunchiroqni ham yoqib qoʻyadigan boʻldi. Buning ikkita sababi borday edi. Birinchidan, kalamushlar xonaga kirib kelganlaridan keyin chiroq yoqilsa bu beozor jonivorlar nimagadir tumtaraqay qochib qolishadi; ikkinchidan, har qanday oʻtkir koʻzli odam ham qorongʻilikda timirskilanib yurgan mitti jonivorlarni sanay olmaydi. Chiroq yordamida xola chaqirilmagan mehmonlarni erinmay sanab chiqardi. Holbuki, ular bor-yoʻgʻi toʻrttagina edi. “Bular bir oila boʻlsa kerak, – deb oʻylardi yostigʻiga iyagini tirab yotgan xola jonivorlarni kuzatarkan. – Anavi katta, qorasi ota; manavi kichikrogʻi, ozgʻinrogʻi ona kalamush boʻlsa kerak. Urgʻochisi kul rang boʻlarmikan bularning?.. Anavi jajjilari bolalari boʻlsa kerak. Voy ularning shirintoyligini…” Birining rangi qop-qora, demak oʻgʻil bola; ikkinchisining yungi kul rang, bunisi onasiga tortgan, demak qiz bola… Hamma jonzotning ham bolasi yoqimtoy tuyularkan-da…”

Tamara xola uyni oʻzlariniki qilib olgan kalamushlarni kuzatib yotgan koʻyi uxlab qolganini sezmasdi. Ertalab uygʻonganida esa uy yana kimsasiz va jim-jit boʻlsa-da, quyosh nurlariga gʻarq boʻladi.

Tamara xola endi ataylabdan non uvoqlarini polga toʻkib qoʻyadigan boʻldi. “Bechoralar yegulik qidirib ovora boʻlib yurishmasin…”

Bir oqshom kalamushlarni kuta-kuta endi koʻzi ilingan Tamara xola choʻchib uygʻonib ketdi. Bekaning nazarida, kimdir xona burchagidan unga qattiq tikilib turganday edi. Xola shu tomonga qaradi. Darhaqiqat, ikki qadam narida kulrang kalamush turardi. Ona kalamush mitti koʻzlarini yiltiratgancha uy bekasiga tik qarab turardi. Undan nariroqda bola kalamushlar timirskilanib yurishardi. Negadir katta qora kalamush koʻrinmasdi.

– Ha, jonivor, bolalaringning qornini toʻydirish uchun keldingmi? – dedi Tamara xola ovoz chiqarib. – Ering koʻrinmaydi. Qayoqqa ketdi? Bu yerdan durustroq, yogʻliroq joy qidirib ketmadimi, ishqilib? Agar shunday boʻlsa, xafa boʻlaman. Eringga ayt, har doimgiday shu yerga kelaversin. Bu yerda senlarni hech kim haydab solmaydi. Hech kim qopqon qoʻyib poylamaydi. Yemishning tagi moʻl, xavotir olma. Gaplarimni tushundingmi? Endi boraqol.

Kulrang kalamush qop-qora koʻzlarini yiltiratgancha yana bir fursat Tamara xolaga tikilib turdi-da, soʻng bolalari yoniga yugurib ketdi.

Bekaning yuziga tabassum yugurdi. Kalamushning ortidan qarab qolarkan, mamnun tarzda:

– Gaplarimni tushunding-a, jonivor, – deb qoʻydi.

Ertasi oqshom Tamara xola non uvoqlariyu qolgan-qutgan yeguliklardan moʻlroq sochib qoʻydi.

Tunda kulrang kalamush yana bolalarini ergashtirib keldi. Qora kalamush bu safar ham koʻrinmadi.

– Ering yana kelmadimi? – soʻradi xola xonada gʻivirlab yurgan jonivordan. – Kasal-pasal boʻlib qolmadimi, ishqilib? Yo… oʻlib qoldimi, nima balo?! Yoʻgʻ-e, omondir. Hirsday baquvvat edi… Ha-a, endi bildim, urishib qolgan boʻlsalaring kerak. Shunaqami?

Kulrang kalamush Tamara xolaning ovozi eshitilgan zahoti gʻivirlashni bas qilib, tek qotgancha turish-turmushi boʻzlayotgan boyqushni eslatuvchi bedor kampirga tikilib qolgandi.

– Sizlar ham urishib turasizlarmi? – savol berishini qoʻymasdi xola. – Mushuklarning, itlarning olishuvlarini koʻp koʻrganman. Lekin kalamushlarga eʼtibor bermagan ekanman. Sizlarniki dahanaki boʻlsa kerak-da. Birov bilib, birov bilmay qoladigan…

Kulrang qalamush yugurgilab keldi-da, karavotga bir qadam qolganda taqqa toʻxtadi.

– Sening darding ham koʻpga oʻxshaydi, – ogʻir soʻlish oldi Tamara xola. – Erdan kuyganmisan yo bolalaringdan roʻshnolik koʻrmadingmi? Lekin bolalaring hali kichkina ekan, hozir ularning ziyoni tegmaydi, eng shirin boʻlgan paytlari hozir. Menimcha, erdan kuygansan-ov. U betavfiq dangasaroqqa oʻxshagandi. Bir koʻrindiyu, qochib qoldi-da yaramas!.. Ha, mayli, koʻp kuyinma, jonivor, baxtingga bolalaring bor ekan. Sen mendan koʻra baxtliroq ekansan! Senga havasim keladi, jonivor…

Tamara xolaning mijjalari namlandi…

Kunlar shu zaylda oʻtib borardi. Kalamushlar avvaliga hadiksirab, qoʻrqa-pisa harakat qilishgan boʻlsa, keyinroq oʻzlarini juda bemalol tutadigan, bobolaridan meros omborxonada yurganday uy ichida bemalol izgʻib yuradigan boʻlishdi. Tamara xola saxiylik bilan ularni mehmon qilishda davom etaverdi.

Aytgancha, Tamara xola qora kalamush bilan til topishib oldi. Uch-toʻrt kun koʻrinmay qolgan qora kalamush yana oilasiga bosh boʻlib, tunlari qadam ranjida qiladigan boʻldi. Buni koʻrgan xolaning koʻngli ancha xotirjam tortdi.

– Birdan yoʻqolib qolganingdan xavotir olayotgandim. Har qalay omon ekansan, shunisiga xursandman. Nega koʻrinmay qolding oʻzi? Qopqonga tushib qolmadingmi, ishqilib? – deya savol ketidan savol yogʻdirardi beka. – Turishingga qaraganda qopqonga tushganga oʻxshamaysan. Menimcha, sen bu yerdan tuzukroq joy qidirgansan, shundaymi? Topolmaganingdan keyin yana pusibgina kirib kelding. Shunaqa boʻladi oʻzi. Oldingdan oqqan suvning qadri yoʻq-da. Aslida seni kechirmasligim kerak edi. Lekin mayli, gunohingdan oʻtdim, bolalaring bor ekan, rizqingni terib yuraver. Lekin shuni bilib qoʻyki, marhamat va saxovat bor joyda jazo ham boʻladi. Hamma narsa oʻz joyini topmaguncha tinmaydi. Mana, men har qalay yomon yashamadim. Diloraga qaraganda, rohat-farogʻatda yashadim. Ammo…

Tamara xola kulrang kalamush bilan qanday suhbat qurgan boʻlsa, qora kalamush bilan ham shu taxlit soʻzlashardi. Biroq “oila sohibi” anchayin sur va ochkoʻz shekilli, faqat qornini toʻydirish, yemishning kattaroq boʻlagini tashmalab ketish bilan andarmon boʻlganidan yon-veriga qarab qoʻyishni ham unutardi, bekaning soʻzlariga esa mutlaqo parvo qilmasdi.

Tamara xola esa gapirishda davom etaveradi:

– Ammo oxirida qanchalar qiynalayotganim faqat oʻzimga ayon. Sutkaning deyarli yigirma toʻrt soatida faqat oʻzing bilan boʻlish… Telefon jiringlab qolishidan umidvor boʻlish… Eshikka tikilish… Odamlar bu uyda odam emas, tirik haykal yashaydi, deb oʻylashsa kerak. Mayli, boʻlganicha boʻldi. Endi afsus-nadomatga hojat yoʻq. Men rahmatli erim kabi oxirda koʻz yosh toʻkmayman. Baribir dunyoning oxiri yoʻqlik. Hayotdan rozimisan yoki norozi, baribir azal-oqibat koʻngil qoʻyganing bu dunyodan bir kunmas bir kun yoʻqlik sari yoʻl olasan. Hamma jonliyu jonsiz fursat yetgan damda tuproqqa qorishadi. Men oʻlganimdan keyin anavi gullarim ham quriydi. Vazalar ham bir sabab bilan chil-chil boʻladi. Oqibat bu xonada hech narsa qolmaydi. Hammasi kunpayakun boʻladi. Hatto sizlar ham qolmaysizlar. Bir baloga giriftor boʻlasizlar. Lekin undan avvalroq mening murdamni xomtalash qilasanlar. Mana, koʻrdingmi, men hammasini bilaman, Hech narsani unutganim va nazardan qochirganim yoʻq. Ha, rost, men yanglish yashamadim…

Koʻp oʻtmasdan kulrang kalamush toʻsatdan koʻrinmay qoldi. Keyingi kunlari uning qorni qappayganidan, yurishi ogʻirlashib, lapanglab qolganidan Tamara xola allaqanday tusmollarga borgancha, kun sanab yurgandi. Shu amalga oshgan chogʻi…

Ittifoqo ajoyib oqshomlarning birida uy shu qadar gavjum boʻlib ketdiki, Tamara xola avvaliga hayratlandi, keyin quvonganidan yosh boladay chapak chalib yubordi: bir dunyo qora-qura kalamushchalar oyoqlari ostida uyoqdan-buyoqqa yugurgilab yurishardi. Yungi toʻzgʻib, jimitday qop-qora koʻzlari kirtayib qolgan kulrang kalamush roʻparasida paydo boʻlganida esa eski tanishini koʻrganday Tamara xolaning yuragi hapriqib ketdi.

– Ha, jonivor, eson-omon qutulib oldingmi? – darrov kalamushdan hol-ahvol soʻrashga oʻtdi xola. – Qiynalmadingmi? Har qalay, birinchi marta tugʻishing emas-ku. Bip-binoyiday eplagandirsan. Rang-roʻying ham durustgina, faqatgina sal ozib qopsan-da. Lekin… bolalaring buncha koʻp? Ularni qanday qilib boqasan? Axir shuncha bolani katta qilishning oʻzi boʻladimi? Meni vahima bosib ketayapti-yu, sening begʻam yurishingni qara!..

Haqiqatan ham kulrang kalamush avvalgiga qaraganda anchayin tolgʻin, harakatlari sust koʻrinsa-da, qarashlari xotirjam va sokin edi.

– Oʻzing kichkina boʻlsang ham yuraging katta ekan, – deya gapini davom ettirdi Tamara xola. – Menga yoqib qolding, shuning uchun senga yordam bermoqchiman. Tong otsa bozorga chiqib, senlar uchun atay don-dun sotib olaman. Ovqat qoldiqlari, non uvoqlari endi senlarga urvoq ham boʻlmaydiganga oʻxshaydi…

Chindan ham Tamara xola shu kuni atay bozorga borib, olib kelgan don-dunning bir qismini uyining uyer-buyerlariga sochib qoʻydi. Xola bu ishni allaqanday zavq va ishtiyoq bilan bajardi. Oqshom mahal esa kalamush va kalamushchalarning talashib-tortishib, bir-birlariga gal bermasdan chiyillashgancha donga yopirilishlarini koʻrganida azbaroyi hayajonlaganidan oʻrnidan turib, oʻtirib olardi.

– Hoy! Hoy! Ochofat oʻlgur! – deya baqirib qolardi beka qora kalamushga. – Hammasini oʻzing kemiravermasdan bolalaringga ham ilinsang-chi! Toshbagʻir ekansan lekin…

Chindan ham qora kalamush urgʻochisiga qaraganda ochkoʻzroq va ayni paytda jizzakiroq edi. Faqat oʻzini oʻylardi chamasi. Don koʻproq toʻkilgan joyni egallab olardi-da, hech kimni yoniga yoʻlatmasdi. Kulrang kalamush boʻlsa bolalari va erkagidan qolgan qoldiqlarga qanoatlanib qoʻya qolardi. Qora kalamushga nisbatan oʻzini ancha bosiq, vazmin tutardi urgʻochisi. Hamma yoqni tozalab boʻlganlaridan keyin qora kalamush va bolalari koʻz ochib-yumguncha allaqayoqlarga gʻoyib boʻlib qolishsa-da, kulrang kalamush ketishga shoshilmasdi. Xuddi uy bekasi bilan xayrlashayotganday xolaning roʻparasiga kelib bir-ikki daqiqa tek qotib turgandan keyingina “lip” etib koʻzdan yoʻqolardi.

Kutilmaganda kalamushlar toʻsatdan shu qadar koʻpayib ketishdiki, Tamara xola hayratdan yoqa ushladi. Yoʻq, bular qora va kulrang kalamushlar oilasidan emasdi. Mutlaqo begona edilar. Begonaliklarini shundan ham bilsa boʻlardiki, ular kulrang kalamushning oilasiga shafqatsizlarcha munosabatda edilar. Chaqirilmagan yangi bosqinchi mehmonlar ochofat ekanliklaridan tashqari, nihoyatda irkit ham edilar. Tamara xola oʻzicha ularni “Bezbet daydilar” deb atadi.

Allaqanday noxush xayollarga borib, vahimaga tushib qolgan boʻlsa-da, Tamara xola don sotib olishni kanda qilmadi. Endi xola avvalgidan koʻproq don xarid qilardi. Aslida, kulrang kalamushning oilasini oʻylab shunday qilardi. Don oz boʻlsa anavi yirtqichlardan ortmaydi-da. Bezbet daydilardan qutulishning yoʻli borday edi. Deylik, dorilangan don sepib qoʻyilsa, tamom! Ammo unda kulrang kalamushning holi ne kechadi? “Bu dorilangan, sen yemay tur!” deb ayta olmaydi-ku! Eh!..

Shunday kunlarning birida xola shamollab, qattiq betob boʻlib qoldi. Qahraton qish, havo sovuq boʻlishiga qaramasdan don uchun bozorga borgandi. Bekatda avtobus kutib turib qolganida oʻzini shamollatib qoʻydi-yov. Hechqisi yoʻq, ikki-uch kun dorilarini ichib, issiqqina uyda qimirlamay yotsa sogʻayib ketadi.

Tamara xola qaynagan suv toʻldirilgan termosni, kerakli dori-darmonlarni karovati yonidagi tumbochka ustiga keltirib qoʻydi. Toza havo kirishi uchun derazani qiya ochiq qoldirdi. Xola allaqachon betob vaqtlarida oʻzini ortiqcha urintirmaslikning hadisini olvolgandi. Ozgina toza havo, dorilari va qaynagan suv yonida tursa ahvoli ogʻirlashib qolgan taqdirda ham unchalik qiynalmaydi. E-e, kalamushlar-chi? Tamara xola oʻrnidan tura olmay qolsa ularning holi ne kechadi? Shoʻrliklar qarovsiz qolishadi-ku. “Nega buncha vahima qilyapman oʻzi? Menga nima boʻldi? – xayolidan oʻtkazdi Tamara xola bostirib kelayotgan qora oʻylarni quvlashga, yaqiniga yoʻlatmaslikka urinarkan. – Kasal boʻlmay yurgan odammanmi? Xudo xohlasa uch-toʻrt kunda hech narsa koʻrmaganday boʻlib ketaman. Anovi diktor xotinning gapiga kirib, uch kun qattiq parhez qilganim ham taʼsir qildi-yov. “Oʻzingizni behol sezsangiz xavotirlanmang, bu parhez taʼsir qila boshlaganining alomati”, degandi. Shamollash bilan parhez darmonsizligi bir kelib qolgani uchun sal shoshib qoldim-da. Hechqisi yoʻq, oʻtib ketadi!”

Oradan uch kun oʻtdi.

Tamara xola negadir hali ham oʻzini noxush sezardi.

Hafta oxiriga borib esa xola butunlay ogʻirlashib, hattoki oʻrnidan turolmaydigan boʻlib qoldi. Isitma zoʻridan xola damba-dam hushini yoʻqotardi.

Bir oqshom, kim bilsin, ehtimol kuppa-kunduzi erini, toʻgʻrisi, anigʻini bilmaydi, buniyam farqiga bora olmadi, allaqanday sharpa yonginasida turganday tuyuldi. Qarasa… oppoq matoga oʻralgan Ulfat akasi!

– Yur, men bilan keta qol endi!..

Tamara xola bu chorlovni aniq eshitdi. Eshitdiyu, shu zahoti dahshat ichida chinqirib yubordi:

– Yoʻq! Yoʻq! Keting! Yonimga yaqinlashmang! Men hali yashashim kerak! Koʻp, juda koʻp yashashim kerak! Yashashim kerak!..

Tamara xola talvasa ichida jon-jahdi bilan erini nari haydardi. Ammo rahmatli qilt etmadi, xotiniga achingandek qarab turaverdi…

– Bu tush… erim tushimga kirdi… – alahsirash aralash oʻzini oʻzi ishontirishga urina boshladi allqachon ovoz chiqarib gapirishga oʻrganib qolgan xola.

Bir haftaning nari-berisida birdan et tashlab, qoqsuyak boʻlib qolgan Tamara xola isitma va ogʻriq zoʻridan butun vujudi qurib-qovjirab, kundan-kun soʻlib borayotgan boʻlsa-da, tezda tuzalib ketishiga butkul ishonardi.

– Sogʻayganimdan keyin kalamushlarimga don olib kelaman. Shoʻrliklar mensiz qiynalib qolishgandir…

Madori boʻlmasa-da, boshini koʻtarishga urina-urina axiyri holdan toygancha oʻzini yostiqqa tashlagan xola shu zahoti hushidan ketardi.

Darvoqe, Tamara xolaning nafaqat “oʻz” kalamushlari, balki keyinchalik bostirib kelgan bezbet daydilar toʻdasi ham chindan qiynalib qolishgandi. Uydagi jamiki chaynasa boʻladigan narsalarni yeb bitirgan “bezbet daydilar” galasi endi u burchakdan-bu burchakka zir yugurgancha yegulik qidirishar, hech iloj qolmaganda esa kuchlilari kuchsizlarini oʻrtaga olib xomtalash qilishardi.

Bora-bora “bezbet daydilar” galasi juda haddilaridan oshib ketishdi. Ular kulrang kalamushning ochlikdan sulayib qolgan bir necha bolasini yeb bitirishganlaridan keyin… uy bekasiga hujum qilishdi… Irkit daydilar orasida qora kalamush va uning omon qolgan bolalari ham bor edi. Faqat negadir bu izdihomda kulrang kalamush koʻrinmasdi…

Oyoqlari tizzalariga dovur sovub ulgurgan, yuz-koʻzlarida hayot nishonalari soʻnayotgan Tamara xola oʻzining vujudini suyukli kalamushlari xomtalash qilishni boshlashayotganini avvaliga sezmadi ham. U faqat tanasining hali hayot asari butkul tark etmagan oʻrinlariga vahshiy jonivorlarning oʻtkir tishlari botgandagina jon achchigʻida ingrab yuborar, qichqirishga esa madori yetmasdi… Qichqirish u yoqda tursin, qimirlashga holi yoʻq edi. Faqat tobora soʻnib borayotgan shuurining allaqayeri ahyon-ahyonda, bir necha oniy lahzaga “yarq” etib ketgandagina Tamara xola: “Nahotki men oʻlayotgan boʻlsam… Nahot kalamushlarga yemish boʻlish uchun shuncha yil yashagan boʻlsam?” degan oʻyga bordi va vujudininig yarmida qolgan oqava kuchlarining borini toʻplab, asta boshini koʻtardi. “Mana, nihoyat men oʻz yolgʻizligimni koʻrdim… – deya shivirladi u oʻzini xomtalash qilayotgan kalamushlarga qarab. – Butun hayotim davomida meni qurshagan yolgʻizlik nihoyat oʻzini koʻrsatdi…” Ayol yumilishga qarab ketayotgan koʻzlarini kattaroq ochishga urindi, ammo allaqanday qudratli, mahobatli va shafqatsiz kuch izmiga qarshi bora olmasdan, ojizona ingradi:

– Umr shomida taqdir menga qaltis hazil qildi. Men yolgʻizlikka yem boʻldim…

Zulmat bosgan tunlarning birida xolaning joni uzildi.

Shu kecha uyga oʻgʻri kirdi. U anchadan buyon yolgʻiz yashayotgan kampirning ortidan kuzatib yurardi.

Oʻgʻri tunda qiya ochiq turgan derazadan uyga kirdi va qoʻlga ilingulik narsalarning barini, qoshiqdan tortib, xola yotgan karavotgacha mashinaga ortib ketdi. Qoʻshnilar hatto payqamay qolishdi.

Ammo oʻgʻri ketish oldidan bir ish qildi. Urchib ketgan kalamushlar karovatsiz qolgan murdani xomtalash qilayotganlarini koʻrib, xonaga margimush tashlab ketdi.

Koʻp oʻtmay kalamushlar birin-ketin qirila boshladilar. Keyin gullar quridi.

Tamara xola aytganiday, hech narsa qolmadi. Hammasi yitdi, yoʻqlik sari ketdi. Faqat ochiq derazadan sizib kirib, allaqanday tumtaygan, mungʻaygan ilohaning ruhiday xonada kezib yurgan shamol qoldi xolos…

 

Zulfiya QUROLBOY qizi

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 9-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/yolgizlik-qurboni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x