Yevgeniy Aleksandrovich Yevtushenko XX asr va XXI asr boshlari rus adabiyotining atoqli vakili hisoblanadi. U, oʻz taʼbiri bilan aytganda, oʻtgan asrning 50-yillaridan adabiyot sohasida “jiddiy ishlay boshladi”. Shoir shaxsga sigʻinish mafkurasining fosh etilishi bilan bogʻliq dastlabki davrida, oʻz zamondoshining umumlashma obrazini yaratishga intildi, ayni chogʻda oʻz portretini ham namoyon qildi. Uning bir qator sheʼrlari – “Babiy Yar” (1961), “Stalin vorislari” (1962), “Yeseninga maktub” (1965), “Tanklar yurar Praga boʻylab” (1968), “Afgʻon chumolisi” (1983) va boshqalar fuqarolik jasoratining namunasiga aylanib qoldi va nainki adabiy, balki ijtimoiy hayotda ham muhim hodisalar boʻldi. Adabiyot va sanʼat qadriyatlarini, ijod erkinligini, inson huquqlarini, siyosiy taʼqib ostiga olingan isteʼdodlarni mardona himoya qilgani, senzuraga barham berish tashabbusi bilan chiqqani ham uning xalqaro miqyosdagi shoirlik obroʻsini yanada oshirdi.
U faqat sheʼrlari va poemalari bilangina tanilgan shoir emas, balki romannavis, memuarnavis, kinoijodkor (ssenariynavis, rejissyor, aktyor), dramaturg, publitsist, tarjimon sifatida ham barakali ijod qilib kelmoqda.
Ye. Yevtushenko asarlari jahonning yetmishdan koʻproq tiliga tarjima qilingan. Uning sheʼrlari va poemalari asosida bir qancha musiqiy asarlar yaratilgan. Shoir oʻz vatanida va xorijiy davlatlarda nufuzli mukofotlarga hamda faxriy unvonlarga loyiq koʻrilgan. 1994 yil Quyosh sistemasidagi kichik sayyoraga (bu sayyora 1978 yil 6 mayda Qrim astrofizika observatoriyasida kashf etilgan edi) Yevtushenko nomi berildi.
U keyingi oʻn yilliklarda rus adabiyoti tadqiqotchisi, XX asr rus sheʼriyati antologiyalarining tuzuvchisi sifatida ham katta hurmat qozondi.
Ye. Yevtushenko sheʼrlari oʻzbek kitobxonlariga yaxshi tanish. Quyida bu tolmas ijodkorning nazm gulshanidan siz aziz jurnalxonlarimizga bir dasta sheʼriy gul tortiq etmoqdamiz.
Yevgeniy YeVTUSHYeNKO
TOʻYLAR
A. Mejirovga
O, urush vaqtin toʻylari!
Shahdida – aldamchi bir zavq,
dudmal oʻylari-soʻylari,
“oʻlmas…” deb qoʻyar beshavq.
Qishki, qorli yoʻl; shamol goh
old, ortdan urar koʻchkiday,
shoshilinch toʻy – qoʻshni qishloq
sari boryapman uchguday.
Kirarkanman sinim saqlab,
gʻala-gʻovur kulbaga man
hamma tanir – borday qashqam:
raqqosman-da dongʻi chiqqan.
Girdida qarindosh, doʻst-yor,
bashang kiyingan, naq olov,
oʻltirar lol, beixtiyor,
harbiyga chorlangan kuyov.
Yonida Vera – kelin ham.
Uch-toʻrt kun oʻtar yo oʻtmas
u kulrang shinel kiygan dam
jabhaga yoʻl olar – kutmas.
Oʻz emas,
yot elda
yaktan –
boʻlgancha miltigʻi ila,
uchar u, balki, dafʼatan
nemis oʻqiga duch kelar.
Stakanda qaynar boʻza,
sipqorgani izn bermas hol.
Bu, kelin-kuyov oʻtkazar –
ilk, ham soʻnggi tun, ehtimol.
Gʻamgin toʻnar, birdan nega
tilga chiqar dardi qaynab,
oʻtirgan joyidan, menga –
aytar: “Boʻl, bir oʻyna!”
Hammaning kayfi tarqadi,
hamma menga boqdi, qarang.
Charx urdim, yoʻq shahdim haddi,
nagʻallarim sochdi jarang.
Larza solib,
ot suraman,
shamoldan oʻzib oʻtguday,
hushtak chalib,
qars uraman,
uchaman shiftga yetguday.
Shior
Gitlerga goʻr qazib,
devorda qanotin qoqar,
kelinning koʻzidan
sizib,
qaynoq yosh
tomchilab
oqar.
Bas, ogʻzimda aylanmas til,
chiqmoqda nafasim zoʻrgʻa…
“Oʻyna!…” –
qichqirishar yakdil,
qaytadan raqs-otim yoʻrgʻa…
Tovonim yogʻochday – sezmas,
qaytib,
uyga kirmasimdan
yangi toʻyga chorlab
bir mast
kirib keladi izimdan.
Onamdan soʻrab amallab,
men yana toʻyda hozirman,
men yana shavqqa oʻt qalab,
qulochimni keng yozarman.
Kelin achchiq yigʻlar… yosh – choʻgʻ…
Doʻstlar yosh toʻkar, tortar oh.
Dahshat bosar.
Oʻynagim yoʻq,
oʻynamay
iloj yoʻq,
biroq.
1955
* * *
M. Bernesga
Ruslar urush istarmi hech?
Shudgoru dala uzra zich –
sukunatdan soʻrang bir dam,
oqqayinu terakdan ham.
Soʻrang oqqayin ostida
yotgan askarlardan, fido –
oʻgʻillari der seroʻkinch:
ruslar urush istarmi hech?
Askarlar oʻsha urushda
yurt uchun togʻdek turishda
er yuzida jami inson
xush tush koʻrsin deb berdi jon.
Barglar, afishalar – xoʻb koʻrk,
uxlaysiz, Parij va Nyu-Yoʻrk.
Tushingiz yoʻysin erta-kech:
ruslar urush istarmi hech?
Ha, urushga qurbimiz bor,
lek koʻzimiz qiymas, takror
askarlar xuddi bir yashin
gʻamgin yer uzra qulashin.
Onalardan soʻrang sizlar,
Xotinimdan soʻrangizlar,
shunda anglarsiz peshma-pesh
ruslar urush istarmi hech.
1961
OILA
Oʻsha, oʻzing sevganing
sendan zada, boshi xam,
Senga, yovga boqqanday,
tikar qoʻrquvli koʻzin:
tun boʻyi itlik qilib,
nahs bosib qaytganing dam –
seni kaftda koʻtargan
oʻz uying bulgʻab oʻzing.
Shunchalik tarqalarki
butun uyga sendan bad
karovatning tagida
kuchuging pisib yotar.
“Achom” deb chopmas tongda
oʻgʻling shodlanib behad,
koʻzida bor xavotir,
seni koʻrsa, tek qotar.
Goʻyoki, oʻz oilang
jabriga berib barham,
niyatingga erishding –
oʻzni qilding ihota.
Oilani qaramlik
deb oʻylagan u qaram –
oʻsha er, oʻsha ota –
endi na er, na ota.
Dahshatli. Yoqimli ham…
oʻzni baxtsiz deb sanash.
Oʻz aybing oqlaysan sen –
yonar oʻtga tomar yogʻ.
“Men – baxtsiz, tushunmas hech…” –
kimga kerak bu sannash,
jilla qursa,
sen oʻzing
oʻz xotining anglab boq.
Uyat: ayb toʻnkab oqlanish,
koʻzi moʻltirab turganni yanish
uning bir bor berilgan
umrin oʻgʻirlab bir qur.
Tavba – qulay bir imkon,
“Tavba qildi – pok bu jon” –
oqlanib olding – yana
qaytadan balchiq kech, tur.
Sen buyuk, tengi yoʻqsan
oʻgʻling nazdida hali
koʻzidagi moviylik
toza, mehr, havasdir,
erking sari shoshilib,
ochib – yopgan mahaling,
falokat bosib, boshin
eshik ezmasa – basdir.
Qoʻlla,
ijod gultoji –
oilani,
ey egam.
Bolalar boshchalarin
haqqidir
hayot esa.
Asli bir –
oiladir
insoniyat oʻzi ham,
Bola, Ona, Ota – bu
Yerdagi uch iloha.
Qoʻy bu alahlashga chek
sezilmasdan nafrat, kek,
senga oʻz xotining-u
qaragʻay sasida, bil,
oynadan tashlarkan koʻz
barglar oralab yulduz –
hali sendan jirkanmay,
goʻyo rahmdil singil.
1972
* * *
Bemazmunlik – qoʻrqoqlik.
Bardosh –
etolmaslik davr yukiga.
Ogʻir kelsa hamki yelkadosh
va bir yukka boʻlayin ega.
Bemazmunlik – oʻta toʻqlik.
Or –
birov dardin shirin qilsang gar.
Tuzdan yomon, dodlagan bemor
yarasiga sepilgan shakar.
1973
* * *
Xavfli ish – badiha qilib sheʼr aytmoq, –
qarang, shoir, uyalib qolmang! –
lekin undan, koʻzni oʻynatgancha goh,
yombi fikr qalqir aylab hangu mang.
Alahsiragandek aytilgan soʻzga
aqllilik yoʻngan fikr dosh bermas picha –
necha tun-kun turib, toʻr solib muzga,
achqimtir taʼm olgan karam shoʻrvacha.
Bichiqchiday bichmas u aytar soʻzin,
avvaldan shart qoʻymas: bu – yeng, bu – yaqo,
tin olmay, unutib tamoman oʻzin
sannaganlarida balqadi baqo…
1977
* * *
Shakl – bu ham mazmun azaliy.
Alangali – shakli olovning.
Bezovta kishnamoq amaliy
mukammal shaklida bedovning.
Boʻkkan bulut ichra qoʻrgʻoshin
tusli jala toʻlayu beun
va, shaklida inson koʻz yoshin
yashirilgan tilsim bir mazmun!
1978
IRSIYAT
Sambittol shoxini
asta siladim.
Ajdod-u jadimiz,
eng olis jadim –
suyak surib kelar unda – dil aytar.
Endi ular yerda tirilar qayta.
Qancha daraxt boʻlsa, –
oʻrni oʻng yo chap, –
oʻz chittaklarimiz –
shoxlari boʻylab,
poʻstining ostida –
etrusk, osuriy.
Har biri shajara daraxti erur.
Butun tana ichra oqqan sharbatda
aralash bari –
qul, firʼavn, – albatta.
Suvdagi daraxtga
qoʻl tegizsang gar
poʻpanak ostidan
soʻylar varyaglar.
Seskandi partizan ayol sirtmoqda,
yum-yum yigʻlayotgan
oqqayin
dordan –
u ichra, fashistdan berkinib olgan
Morozova xonim dodlagan choqda.
Sambittol shoxini
asta siladim.
Men ham bir
shajara daraxti, dedim.
Irsiyatimizga va
oʻzimizga
boqsak,
koʻpik –
hayot boshidir bizga.
Suvdan quruqlikka chiqqach oʻrmalab,
yuzgʻich, oyquloqni, –
boʻldi ne talab, –
insoniy koʻngilga almashtirdik biz,
debmi:
“Oʻt sehridan yongʻin yasaymiz”?!
Toʻrt oyoqni qoʻyib, tik turgach,
dangal –
jahd etdikmi:
“Pulga toʻldiray changal”?
Barmogʻimdan qon chiqsa,
uni tigʻ yaralab sal,
qonga qoʻshilib ketar
mendagi neandertal,
maxfiy irsiyatda
yashrinib, shivirlar u:
“Afzalroq boʻlmasmidi
koʻpikda qolsak mangu?”
Madaniyatlar – tort-ort.
Oʻzgarib ketdi olam.
Neandertallik bizga
yuqqan edi qaydan ham?
Kaptar bolasi emas,
qotil qoʻlida asli
koʻringan neandertal
toʻqmoqli raketasi.
Pay tomirimdan kelgan
skif sasin ilgʻayman men:
“Men-ku koʻchmanchi edim.
Lekin shaharliksan sen.
Tabiatga emas, yoʻq,
keltirdim yovga qiron,
shahar zahar oqizar
suvga,
toʻxtamay bir on.
Kimdir qattol neytronni
qaynatar.
varvarlik – shu!..
Kim meni varvar atar?”
Sambittolning shoxini
asta silab – siypadim,
bu koʻngil xush boʻlmadi.
Yana tirriqdir taʼbim.
Neandertalning urar toʻqmogʻin olib,
tun oqqach, yoʻl solaman
yorim sari
surgalib.
Silqigan qon hoʻl qilgan
kepkamni yechar oʻzi,
eshik oldida oʻpib,
qarshilar, boq bu sirga:
Yaroslavna,
Saskiya
uning labi-yu koʻzi,
mehri-la meni suyib,
oʻpar u bilan birga.
Nahot, malʼun bomba shu –
hayot gulim soʻldirar –
undagi
Beatriche,
Laurani oʻldirar!
Va mendagi pushkiniy yolqin
koʻrmayin kamol –
u – boʻlajak dahshatli urushda topar zavol?
Shunda barcha daraxtlar –
oʻngdagisi yo chapi, –
shajara daraxt kabi,
yonib kul boʻladimi
chiqqancha jizgʻanagi?
Oʻzimizda jamuljam
irsiyatni tinglab biz,
ular bilan birlikda
qoqilib,
sudralamiz.
Biz qaysidir kelgusi
paygʻambarlardan,
juda –
maxfiy sir-saboqlarni
kutayapmiz behuda.
O, inson, irsiyat ham –
jarohatlar orqali –
qoning-la birga, butkul
sizib chiqar unutma,
milyonlab paygʻambarlar – maʼlum boʻlmayin hali,
erga butkul singuvchi mashʼum lahzani kutma!
Va lekin yer ham boʻlmas u kasofat mahali…
1981
OKUDJAVANING DAFN MAROSIMI
Ne koʻyga solsa ham bu hayot mani,
yodlovchilardanman
Okudjavani.
Semiz davron ayshi bahridan oʻtib,
oʻzini simdorchi bir qizday tutib,
oriqqina vijdon
saqlayoldi shaʼn –
gitara torini etgancha vatan.
Sen-la vidolashay deb keldim,
Bulat,
oltmishinchilarga toʻlibdi Arbat.
Pionerlagerchi biz. Oʻsha, ha, biz
Qrim Kolimasining qochqinlarimiz,
unda,
lov-lov gulxanlarida birdek –
choʻkichlab, majruhlar yasagan Artek.
Biz
Pavlik-nusxalar
boʻlganimiz yoʻq,
“boʻltayyorchilik” ham qilganimiz yoʻq,
biz – u gulxanlarda yonmagan asl.
Biz –
qoʻrquvni yengib oʻtolgan nasl,
yuzda ajinimiz, jarlarday, bari
Pragadagi, bizning tanklar izlari.
Va, yetmishinchilar – izma-iz, ular
qamoqda qolmadi qoʻngʻiroqqacha,
dissidentlik umid bergan choqqacha –
na dissedentlik bor,
na bor orzular.
Amal olmogʻida yorlashganga, soʻng,
har bir yangi davron boqavermas oʻng.
Ammo uchib bordi lagerlarga ham,
berib dalda,
boʻlib tush aro hamdam,
u, oddiy chilvircha bogʻlangan gitar,
u, torlarin qirov qoplagan gitar
qoʻshigʻiga dil zor – xumor mahalda.
Saksoninchilar kelar.
Chamasi,
EHM jinnisi ular hammasi,
chunki boshqa ne bor bilgani aziz,
biroq xuddi oʻsha oriqqina qiz,
ularni tark etmay, goʻyo ammasi,
Bulat torlarida titrarkan orday,
negadir ishonar, lek aybi borday,
his qilar – oʻylar, shu, ulkan mamlakat
bir oʻzining ulkan gunohi faqat.
Kelishar
na lirik
va na-da fizik –
paydo boʻlgan ular ancha vaqt avval,
ohanjama libos kiygan-u tanbal,
allambalo daʼvo qilgani qiziq.
Toʻqsoninchilar-ku –
yoʻqdayin.
Zada.
Aynigan.
Qilmaydi hech kimni pisand.
Ensasin qotirar dafn marosimi.
Ular ichra kamyob
sheʼrga ixlosmand,
duch kelib qolgandek
diskotekada
boʻtakoʻz tishlagan yovvoyi kiyik.
Hammaga baravar – yalpi ozodlik
roʻyobga chiqmogʻin sababchilari
dafn marosimiga kelmaslik – sharti –
yoshlarga urf: yangi, shu, qalp ozodlik.
Behurmatlik degan ozodlik toti
doʻndi qadrsizlik savdolariga,
dafn marosimin bilmaslikka ep.
Soʻnggi yoʻl… kuzatmoq – sharaf navbati
nahotki,
yarashmas –
eh, kelib-kelib –
bizning avlodimiz
surx novdalariga?
Avlod boy berilgan vaqtlari goho
kutmaganda paydo boʻladi daho.
Choʻchqa bolasining dumiday qizgʻish,
uvoq-toʻqsoninchi, goʻyo qush mizgʻish –
tepada, jim – koʻzi ochilgan katta,
yuzminglik jamoa va xorgʻin asr,
buvi-oltmishinchi mehriga asir –
Litseyga boqqandek, boqar Arbatga.
Yoʻq, davlatning tilsiz gimnini emas,
u nevarasiga asta, xushnafas,
kuylar Okudjava qoʻshiqlarini.
Afsonaviy gitar torlarin quchib,
hangi pop-dod-voylar ustidan uchib,
oʻzi topib keldi umid-qiz uni.
Roʻy-rost ayon qildi ne achchiq saboq:
paygʻambarlar bor oʻz yurtingda har choq,
toʻgʻri, baʼzan – mumkin – boʻlar kechikish,
biroq yoʻq shahdlari yetmas mushkul ish.
Rossiyaga qandoq ishonmay, axir,
unda tahqirlangan bidʼatlar oxir
mumtozlik maqomin olsa beyanglish?
Avlodlar, – rizqini ne zavol qissa, –
boshqa avlodlardan oladi hissa,
sheʼring boqiy, Rossiya, sening.
Toʻqsoninchilardan ichim chiqmasa,
toʻqsonlaring – ishonchim mening!
1997
Rus tilidan Muhammadali QOʻShMOQOV tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–7
https://saviya.uz/ijod/nazm/er-yuzida-jamiki-inson-xush-tush-korsin/