Kuy-qoʻshiqning inson ruhiyatiga taʼsiri katta. Bu fanda tajribalar bilan isbotlangan. Qanday kitob oʻqiyotganiga yoki qanday qoʻshiq eshitayotganiga qarab odamga bir qadar baho berish mumkin.
Tele va radiokanallarimizda yangrayotgan, albom disklari shaklida yoki internet orqali tarqalayotgan qoʻshiqlar bevosita maʼnaviyatimizga, ayniqsa, yoshlar maʼnaviyatiga oʻz taʼsirini oʻtkazadi. Taʼsirchanlik masalasida televideniye va radioga teng keladigani yoʻq. Baʼzida birinchi marta eshitganda gʻashingizga tekkan, asabingizni egovlagan qoʻshiqni har kuni qayta-qayta eshitaversangiz, unga koʻnikishni boshlaysiz. Asta-sekin u gʻashingizni keltirmaydigan boʻlib qoladi, odatiy qoʻshiqlardan biriga aylanadi. Keyinchalik shu singari past daraja “ijod namunalari”ni bemalol qabul qilaverishingiz ham mumkin. Bir soʻz bilan aytganda, targʻibotda gap koʻp.
Turli koʻrsatuvlar yoki maqolalar orqali saviyasiz qoʻshiqlarni tanqid qilish ham bir qadar samara berar. Lekin eng yaxshi usul, menimcha, ularni efirga bermaslikdir. Boʻshliqni sheʼr, musiqa va ijro uygʻunligi boʻlgan qoʻshiqlar bilan toʻldirish zarur. Toʻgʻri, bunday qoʻshiqlar har kuni yaratilavermaydi, buning uchun chinakam mehnat, izlanish kerak boʻladi. Shularni hisobga olib, saviyali qoʻshiqlarni efirga uzatishda maʼlum imtiyozlar, yengilliklar berilishi darkor. Shunda yuqorida aytilgan holatning aksiga erishish mumkin. Har kuni yaxshi qoʻshiq eshitavergan odam asta-sekin unga oʻrganadi, asil narsani ajrata boshlaydi.
Yaxshi qoʻshiqning asosida yaxshi sheʼr yotishi ming marta aytilgan. Xoʻsh, oʻrtamiyonaroq sheʼrdan yaxshi qoʻshiq chiqmaydimi? Chiqadi, xit qoʻshiq ham chiqadi. Ijrochining mahorati, kuyning jozibasi sheʼrning ayblarini yopib yuborishi mumkin. Biroq bu gapdan tinglovchini aldayversa boʻlar ekan degan xomxayolga borish xato. Bunday qoʻshiqlar bir marta-ikki marta eshitilar, lekin bu holat davomiy boʻlsa, muxlislarning koʻngli xonandadan soviy boshlaydi. Sodda, ravon, tushunilishi yengil qoʻshiqlarning ham sanʼatda oʻz oʻrni bor. Ammo ana shu nuqtada nozik bir farqqa eʼtibor berish zarur: gap soddalik haqida ketyapti, joʻnlik haqida emas.
Xalq ogʻzaki ijodimiz, xususan, dostonlarimizdagi ifoda yengilligi, oʻynoqilik, tabiiylikni hech qachon yengil-yelpilik deb baholab boʻlmaydi. Bu xususiyatlar tabiating oʻzidan olingan, ularda shoshqin soylarning ovozini, ot tuyoqlarining dupurini, oqin qalbining zarblarini his qilasiz. Zamonaviy estarada qoʻshiqlariga ham shu unsurlar singdirilsa, faqat va faqat ijobiy natijalarga erishish mumkin.
Yuqoridagi tanqidiy gaplar sheʼri oʻrtamiyonaroq qoʻshiqlar haqida edi. Umuman sheʼri yoʻq, matni gʻarib, tushunarsiz xirgoyilar haqida nima deyish mumkin?! Ular oʻzi haqida oʻzi gapiradi. Odatda bunday saviyasiz qoʻshiqlarga ishlangan kliplar ham shu darajada boʻladi. Ulardan kunduzi chiroq yoqib ham tuzukroq maʼno-mazmun topolmaysiz.
Milliy dunyoqarashimizga mos, koʻngillarga ozuqa beradigan ashulalarni toʻxtovsiz targʻib qilish zarur. Ularga tele va radio kanallardan koʻproq joy ajratish lozim. Yaqinda “Oʻzbeknavo” estarada birlashmasi, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi, Bastakorlar uyushmasi, Milliy teleradiokompaniya va Respublika maʼnaviyat-targʻibot markazi hamkorligida “Maʼnaviyatimizga befarq boʻlmaylik” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda qoʻshiq matni, kliplarning saviyasi va ularning maʼnaviyatimizga taʼsiri haqida kuyunchak fikrlar aytildi, mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan takliflar bildirildi. Shu yigʻilishda Milliy estrada sanʼatini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi huzurida yagona badiiy kengash tuzish loyihasi ishlab chiqilayotgani haqida ham aytildi. Bu kengash davlat va xususiy kanallarda efirga uzatilayotgan qoʻshiqlarga har tomonlama baho beradi. Unga har sohadan mutaxassislar jalb etiladi. Bu loyiha qoʻshiqlarimiz saviyasini koʻtarishda yana bir jiddiy qadam boʻladi deb oʻylayman.
Katta hofizlarimiz, taniqli xonandalarning yaxshi qoʻshiqlar, yaxshi kliplar bilan yoshlarga oʻrnak boʻlishi ham katta ahamiyat kasb etadi. Masalan, Oʻzbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning Bobur gʻazallaridan ijro etgan turkum qoʻshiqlari ana shunday ibratli ishlardan boʻldi. Bu ashulalar oʻziga xos ijrosi, ohangi bilan yoshlarni oʻziga maftun etdi. Shu qoʻshiqlarni miriqib tinglayotgan, xirgoyi qilib yurgan yoshlarni shaxsan oʻzim koʻp koʻrganman.
Kuyga solingan bu gʻazallar Bobur qalamiga mansubligini bilmagan kishi ularni hozirgi zamon shoiri yozgan deb oʻylagan boʻlishi ham mumkin. Chunki ularni deyarli lugʻatsiz tushuna olasiz, ortiqcha sharh-izohlarga muhtoj emas. Demak, tili tushunarli gʻazallarni tanlash ham gʻoyat muhimdir. Agar xonanda mumtoz adabiyotdan qoʻshiq tayyorlashga kirishsa-yu, unda kerakli tayyorgarlik boʻlmasa, aytayotgan soʻzini, gʻazalning hech qursa yuzaki maʼnosini tushunmasa, qosh qoʻyaman deb koʻz chiqarishi hech gap emas. Chunki tushunmaslik orqasida yanglish talaffuz qiladi, oʻziga qoʻshib boshqalarni ham adashtiradi. Agar yaxshi ijro usulini topolmasa, dard ustiga chipqon – bu qoʻshiqni eshitgan kishining gʻazalga ham munosabati oʻzgaradi.
Mumtoz sheʼriyatimizga, asl adabiy asarlarga murojaat qiluvchilar yoshlar orasida ham talaygina. Masalan, Sherbek Shodiyevning Mashrab gʻazallaridan, Yassaviy sheʼrlaridan aytgan qoʻshiqlari diqqatga sazovor. Uning Mashrab gʻazali bilan aytilgan “Koʻzlari choʻlpon” qoʻshigʻi yoshlar orasida xitga aylandi, koʻpchilikning koʻnglidan joy oldi. Bu narsa nafaqat maʼnaviy saviya uchun xizmat qiladi, oʻz navbatida chinakam adabiyotning yaxshi bir targʻiboti hamdir.
Botir Qodirovning Choʻlpon sheʼri bilan aytiladigan “Jim turing” qoʻshigʻi ham oʻziga xos ijro uslubi, nolalari bilan ajralib turadi. Toʻgʻri, unda “shovqinlamang” soʻzi “shovqinlanmang” deb aytilgani, yana boshqa ayrim soʻzlar talaffuzi buzilgani, baʼzi misralar oʻzgartirilgani internet saytlarida asosli tanqidlarga uchradi. Biroq bular toʻgʻrilanadigan kamchiliklardir. Eng muhimi, goʻzal sheʼr tanlangani va shu sheʼrga munosib qoʻshiq yaratilganidir.
Yaxshi klip butun boshli kinoning oʻrnini bosishi mumkin. Ayniqsa, qoʻshiq joʻrligida u tashiydigan maʼno yuki yanayam salmoqliroq boʻladi. Xonanda Jasurbek Mavlonovning “Akam” qoʻshigʻiga ishlangan klip ana shunday mazmundor media asarlardandir. Avvalo, ashula matni, uning hayotiy mavzusi va ifodaviyligiga eʼtibor qaratish zarur:
Bolalikdan birga oʻynagan akam,
Oʻyinchoqlar bilan siylagan akam,
Qaygʻurib ertamni oʻylagan akam,
Bugun men ozgina quchganda zafar,
Bemor boʻlganingda olmadim xabar.
Yaxshi sheʼr tanlash, mumtoz adabiyotimizga, xalq ogʻzaki ijodiga murojaat qilish va chiroyli ijro eta bilish tahsinga sazovordir. Bu ishni uddalayotgan yosh qoʻshiqchilarimiz anchagina. Ularni qoʻllab-quvvatlash maʼnaviy didni koʻtaradigan qoʻshiqlar koʻpayishiga xizmat qiladi.
Orif Tolib
“Hurriyat” gazetasining 2015 yil 26 avgust sonida bosilgan.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/yaxshi-qoshiq-ruh-ozigi/