YOR OLDIDA
Mashrab gʻazaliga muxammas
Bir kalom aytmakka zormen toza ruxsor oldida,
Koʻzlarim yerga qadalmish koʻzi xummor oldida,
Baski, ming bor oʻldim iqror endi inkor oldida:
Har kishini dardi boʻlsa, yigʻlasin yor oldida,
Qolmasun armon yurakda, etsun izhor oldida.
Men tirikmen bu jahonda bir buyuk armon bila,
Men netaykim, ohlarim teng Yer bila, Osmon bila,
Jon pardasida jon bila, dil toʻla iymon bila,
Andalibi benavodek nolayu afgʻon bila,
Aylanib sayrab yurarmen ayni gulzor oldida.
Bu fano dayrida har chogʻ sirdurur zavqu surur,
Istadim, oʻlgʻaymu zohir tiyra shomlar ichra nur,
Nafsi ammoradin emdi, bas, tamom boʻlmakka hur,
Mansuri Hallojdek ichib kim sharobi antahur,
Charx urib yigʻlab turarmen ushbu dam dor oldida.
Deb edim, tarqar bulutdek bori qaygʻu bodadin,
Sachragay chaqmoq misoli turfa yogʻdu bodadin,
Sundimu ikki qoʻlimni, kuydi, yohu, bodadin,
Har kishi bir jurʼai noʻsh aylasa bu bodadin,
Ul qiyomatda qilur arzini jabbor oldida.
Charxi davvor tigʻlaridin yoradur bagʻri jahon,
Ul yarodin ne zamonlar suv boʻlib kim oqdi qon,
Ohlaring sochma falakka, ey Ali, tutgil nihon,
Telba Mashrab, qilmagʻil sirringni zohidga ayon,
Aytib-aytib yigʻlagʻaysen oshiqi zor oldida…
* * *
Osmon bepoyondir,
Cheksiz koinot…
Yulduzlar ortida
Oʻzga olamlar.
Olamlar qaʼrida –
Olamlar…
Hayhot,
Dunyoda zarradek
Yashar odamlar!
Loqayd boqib boʻlmas
Bundayin holga,
Tashvishlar yetarli,
Bormidi shul gʻam?
Nahot men,
Dunyoga suronlar solgan,
Bor-yoʻgʻi kichkina
Bir zarra boʻlsam?..
Siz haqsiz,
Fazoviy jismlar aro
Inson bir zarraga
Monand keladi.
Shu zarra koʻksida
Yashringan ammo
Qalbning ulugʻligin
Kim ham biladi?..
BADIHA
(Tender kunlarida)
Rosa talash boʻldi, talash boʻldi yer…
“Meniki!”, “Meniki!” – hamma shunday der.
Yer esa miyigʻda jilmayar zimdan:
“Meniki boʻlursan, ey, men degan er!..”
ITNING SADOQATI
Sulaymon paygʻambar koʻchadan oʻtar,
Nogoh hurib qolar unga bir kuchuk.
“Meni bilmasmusen, noshukr, qaysar,
Hazrati olamga hurmaging nechuk?”
“Bilaman, hazratim, hayron qolmang siz,
Aslo tanimasni siylamas ermas.
Gar sizga hurmasam, och qolgum shaksiz,
Egam bir burda ham menga non bermas!”
YANGI TANISHLAR
(Hazil)
Suhbat qilishadi yigit bilan qiz,
Soʻz ham kela qolmas tilga, ajabo.
”Ayting… nima haqda oʻylamoqdasiz?..”-
Nozlanib soʻraydi goʻzal dilrabo.
Yigit yerga qarar, yuzini burar:
“Siz… oʻylagan oʻyni… oʻylayman faqat…”
Qizning jahli chiqib oʻrnidan turar:
“Uyatsiz ekansiz, uyatsiz! Uyat!..”
* * *
…Yam-yashil kengliklar bagʻriga chorlar,
Yam-yashil kengliklar, goʻzalsiz muncha!
Dildor koʻzlarida zavqu shavq porlar,
Bor olam parvona bora-borguncha,
Bora borguncha.
Koʻzingda koʻzlarim jahon koʻradi,
Yechilib ketadi dilda tuguncha.
Har lahza, har lavha qoim turadi,
Xotirda qoladi oʻla-oʻlguncha,
Oʻla oʻlguncha…
OSHIQ ISHQDAN SOʻYLAGANDA
Oshiq ishqdan soʻylaganda, tillari biyron erur,
Har soʻzidin bol tomarki, el anga hayron erur.
Oshiq ishqdan soʻylaganda, bir tarafda jon turar,
Jon-ku tanhodir jahonda, nisbati jonon erur.
Gul suman yorin labidan boʻsa olgʻon kim ekan?
Doʻppisin osmonga otsin, ul oʻziga xon erur!
Menga dunyo na kerakdur, na kerakdur shon-sharaf,
Sen kabi yor menga, dildor, bir umrga shon erur!
Kimki sevsa bu jahonda, tolei bordir aning,
Sevganing yoʻqsa, umr armon erur, armon erur…
FARDLAR
* * *
Dunyoning ishi shu: koʻngil olmoq, bil,
Koʻnglimni olginu koʻnglingni choq qil.
* * *
Insonning oʻz ustidan zafaridur muhabbat,
Insonning mangulikka safaridur muhabbat…
* * *
Dildor, dildormusen, asil yormu sen?
Dilga dorimu yo dilga dormu sen?
RUBOIYLAR
* * *
Bir kun mavjlar oʻsib toʻlqin boʻlajak,
Uchqunlar ulgʻayib yolqin boʻlajak.
Kechagi aliflar, alif deb emas,
Erta bir tayoq deb talqin boʻlajak…
* * *
Har bogʻlanish ortida bir uzilish bor,
Tugun paydo boʻlgʻuvsi bogʻlasang takror.
Bogʻlanmasdan uzilmoq noxushdir, ey kas,
Uzilmasdan bogʻlansang – sensan baxtiyor.
Muhammad Ali
“Yoshlik”, 2011 yil, 7-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/yam-yashil-kengliklar-bagriga-chorlar/