Xudo va yigʻi

Mening hikoyam

 

Men, Yomgʻir va Xudo

2004–2010 yillar

Bolaligimda Xudo-Xudo degan oʻz oʻyinim boʻlardi. Bunda ishim yurishmasa, Xudodan arazlardim, omadim kelishi bilan yana yarashib olardim. Bu menga shunchalar zavq berardiki! U bilan oʻynash menga judayam yoqardi. Ilk bor Undan qattiq ranjiganimni yaxshi eslayman: 5-sinfda oʻqib yurgan kezlarim nima uchun hamma ota-onasi bilan yashaydi-yu, men bobo buvimnikida yashayman, degan savol bilan Unga murojaat qilib, javob olomadim.

Keyin meni mehribonlik uyidan asrab olishgan boʻlsa-chi degan xayolda katta tanaffus payti oʻqituvchilar xonasidan tabelimni oʻgʻirladim(oʻgʻrilik yomon, bu savolimga javob bermagani uchun Unga jazo edi goʻyo) va ota-onasining ismi degan joyida uzoqda yashab, har zamonda xabar olib turadigan onamning ismiga va notanish erkak ismiga koʻzim tushdi. Uyga kelib momamdan buning javobini soʻradim. Momam mendan bunday gapni kutmagan shekilli, avvaliga bir soʻz demay qotib qoldi, keyin uzoq yigʻladi, judayam koʻp yigʻladi. Meni bagʻriga bosib yigʻladi va koʻchamizning boshida turadigan odam otam ekanini, onam bilan tugʻilmasimdanoq yoʻllari ayro tushganini va men shu yerda qolib, onam boshqaga turmushga chiqib ketgani aniq boʻldi. Men oʻn ikki yoshda edim. Men ozgina yigʻladim. Keyin doʻstim-Xudo bilan apoq-chapoq boʻlib ketganim murgʻak qalbimning ezilishiga yoʻl qoʻymadi. Har holda endi kimning bolasi ekanim aniq edi.

Men otam bilan yuzma-yuz boʻlish rejalarini tuza boshladim va bir kuni bu boʻldi. Maktabdan qaytishimda u kishi xotini bilan bozordan qaytayotgan ekan. Qattiq yomgʻir yogʻayotgan edi. Orqalaridan qolmay kelaverdim. Koʻzlarimga qarasa, chiroyli tabassum qilaman va shu bilan meni yaxshi koʻrib qoladi, degan tasavvur mavjud edi menda. Koʻchamiz boshigacha keldim. Lekin qaramadi. Bir bora boʻlsayam ortiga oʻgirilmadi. Uyiga kirib ketguncha turdim. Yoʻq, qaramadi.

Katta koʻchada men, Yomgʻir va Xudo qolib ketdik. Shu bilan hammasi oʻzgardi. Hammasi tugadi. Hammasi boshlandi. Oʻshanda murgʻak yuragimda ilk bora ogʻriq sezganman. Keyin bu ogʻriqlar koʻpaydi va Xudo bilan ham endi oʻynamay qoʻydim. Yuragim tez-tez sanchib qoʻyadigan boʻldi, keyin oyoqlarimdan mador keta boshladi. Har qadamda shamollar meni taʼqib etardi. Nazarimda, undan arazlaganimni bilib, oʻzini tanitmaslik uchun shamol shaklida ortimdan soʻzsiz ergashardi Xudo.

Mening arazlarim beozor edi. Hech kim bilmasdi ogʻriqlarimni. Faqat oʻzim… dunyoning chalkash chiziqlarida muvozanatimni qanday saqlay olishim haqida koʻp oʻylardim. Maktabni bitirib, kollejga kirdimu koʻp vaqt oʻtmay butunlay yotib qoldim. Toshkent qaytardi, Samarqandda jonim omon qoldi. Toʻrt marta murakkab jarrohlik operatsiyasini boshimdan oʻtkazdim. Sochimni olib tashlashdi. Birinchi operatsiyadan keyin uygʻonsam, boshimning terisini teshib, ikki chakkamdan temir bilan tosh osib qoʻyishgan ekan, ikki oyogʻimning ikki chetiga ham tosh osishibdi. Farroshlar ehtiyotsizlik qilib, osilib turgan toshga tegib ketishsa, miyamning ichida qolib ketardim. Shu zayl oʻn uch kun turdim. Momam va xolamlar almashib qarashdi.

Bandasining boshini falakning toshidan ham mustahkam qilib yaratgan ekan Xudo. Boshim uzilib tushadi deb oʻylardim. Hech narsa qilmadi. Uchinchisida klinik oʻlim qayd etilgan menda va oʻshanda bir lahzaga jannatga tushib qoldim(shekilli). Oʻqishimni davom ettirish uchun ruhsat oldim. Oyoqlarim yengil, hech qanday ogʻriqlarsiz, xotirjamlik va quvonch bilan oʻquv binosi tomon yugurdim. Ikki-uchta qizlar bilan tanishdim. Ular meni sinfxonaga emas, boqqa olib borishdi. Kiraverishda yigitlar men tomon hayron boqishdi. Yangi kelgan bu, dedi yonimdagi qiz. Keyin hamma bogʻning oʻrtasida osmonga ilinib turgan tolalarga osilib olishdi. Shunday ingichka tolalar qanday qilib bir odamni koʻtarib turganiga aqlim yetmasdi. Shoshilgancha oʻz tolamni qidira boshladim. Ammo hammasi band edi. Qizlarga yalindim, hech kim bermadi. Yangi qiz, sening argʻimchogʻing yoʻq, endi oʻqiyolmaysan bizda, dedi yigitlardan biri. Yigʻlamoqchi boʻlaman, tomogʻimda qattiq ogʻriq paydo boʻladi faqat. Keyin yana nimalardir boʻldi, yaxshi eslay olmayman. Ammo uygʻonganimda bildimki, men yana oʻsha ogʻriqlar, rahmdil qiyofalar ichida edim.

“Haliyam kislorodni vaqtida topdik!” dedi kimdir. “Nimaga topasan? Shunday chiroyli hayotdan meni tortib olding. Oʻynab-kulib oʻqib yurmoqchiydim, ogʻriqlarsiz yashamoqchiydim, kislorodga balo bormidi?!” dedim alamli. Ammo ovozim chiqmas, qoʻllarimni qimirlatishga-da madorim yetmasdi.

 

Tushlarim

Xudo bilan arazlashganimdan buyon har kuni tushlar koʻraman. Ularning aksariyati qorongʻu. Deyarli barchasida katta-katta toshlar egallab olgan uzun yoʻllar, nursiz loy koʻchalar, sirpanib, muvozanatimni tutolmayotganim, zinalardan chiqishga qiynalayotganim tasvirlanadi. Ammo hammasida yuraman. Bir kuni kichkina xolam bilan bozor aylanishga bordim va chiroyli kiyimlar xarid qildim. Qaytar chogʻimizda qayerdandir momam va buvam paydo boʻldi. Buvam meni koʻtarib mashinaga oʻtkazmoqchi boʻldi. Buva, meni qoʻyib yuboring, oʻzim yurolamanku, deb qoʻrqib uygʻonib ketdim. Qarasam, oʻsha xolam xonamni supurayotgan ekan. “Turdingmi, yonbosh qilib qoʻyayinmi?”-dedilar xolam nihoyatda sokin ovozda. Yurish tugul, mustaqil oʻtirish tugul, yonboshga agʻdarila olmasligim yodimga tushib ketdi. Indamadim. Men tushlar ichida yoʻqolib ketishni shunchalar istadimki!

Keyingi kuni qoʻshnimiznikidagi qandaydir marosimda qatnashayotgan ekanman. Yaxshi yuribman, hamma ogʻriqlarim unutilgan. Toʻsatdan qachondir operatsiya boʻlib yurolmay qolganim yodimga tushib ketdi. Tushlarimda yurganlarim xayolimdan oʻtdi. Choʻntagimdagi telefonga qaradim-u, qoʻshni qiz – Zuhraning oldiga chopib bordim.

– Zuhra, meni suratga ol, tez boʻl! – dedim hovliqib.

– Nega? – dedi ajablanib. – Rasmga tushib nima qilasan. Yur, undan koʻra, daryoga boramiz, – dedi xotirjam.

– Zuhrajon¸ meni rasmga olmasang boʻlmaydi, shu turishimda rasmga ol. Juda koʻp tushlar koʻryapman. Yurolmasmishman, Zuhra. Ishongim kelmaydi. Yurib turgan odam ham yurolmay qoladimi axir? Mana, menga qara, hozir oʻnggimmi bu, mana qoʻllarim, mana oyoqlarim, demak, oʻnggim. Sogʻ yuribman. Ma, telefonimga rasm tushib olay, – dedim yigʻlab.

– Jinni boʻldingmi, yuribsanku, tushga nimalar kirmaydi deysan. Rasmni nima qilasan oʻzi? – dedi Zuhra achchiqlanib.

– Bilasanmi, hozir juda baxtiyorman. Lekin shu quvonchim ham tush boʻlishi mumkin, qoʻrqyapman, Zuhrajon. Nima qilay, bu tushlar meni ado qilyapti. Yuragimni oldirib qoʻydim shu tushlarga. Shu yerda qolishni istayman. Shu zaylda qolmoqchiman. Shu holimcha yashamoqchiman. Meni bagʻringga bos, mahkam quchoqla, qoʻyib yuborma, yomon tushlarning meni tortib olishiga yoʻl qoʻyma. Qoʻrqyapman. Mabodo… Agar sen hozir meni rasmga tushirsang va mabodo bu tush boʻlsa ham, shu telefonimni tushimdan olib oʻtaman va meni davolay olmagan doʻxtirlarga koʻrsataman, keyin davolab, tuzatishadi, – dedim.

Lekin bu tush emasligidan koʻnglim xotirjam edi. Zuhra meni suratga oldi. Zudlik bilan qafasidan ozod boʻlgan qushday telefonni mahkam quchoqlab oldim. Atrofimdagi minglab nigohlardan yashirdim. Shu alfoz qancha vaqt turdim bilmayman, uygʻonganimda qoʻllarim boʻm-boʻsh edi. Oʻzimni paypaslab, telefonni uzoq qidirdim, ammo topa olmadim.

2011 yil

 

***

Tanamda jarohatlar nihoyatda koʻp. Besh oydan beri muntazam, kuniga ikki mahal muzlab isitma qilaman, qaltiroq suyak-suyaklarimgacha yetib boradi. Oxirgi kunlarda isitma tushiruvchi ukol ham taʼsir qilmay qoldi. Oʻtirgʻizib qoʻyishsa, koʻnglim behuzur boʻladi, boshim aylanadi. Oxiri boʻlmadi, togʻam yana shifoxonaga olib bordi. Qonimga infeksiya tushib ketibdi. Qonimni almashtirishdi. Ammo isitmam tushay demaydi. Shifoxonaga kelganimning toʻrtinchi oylarida sal-pal ahvolim oʻnglangandek boʻldi. Ertalab shifokor bitta ukol qilib ketadi va kuni boʻyi kayfiyatim yaxshi boʻladi. Bu ukoldan besh kun oldim, oltinchi kuni yakshanba edi, shifokor biroz kechikdi. Ahvolim toʻsatdan ogʻirlashdi. Yana issigʻim koʻtarildi, hech qanday ukol taʼsir qilmadi. Qaltiroqlarim ortib ketaverdi. Oʻn daqiqalardan soʻng, shifokorim hovliqib kirib keldi va oʻsha ukolini qildi. “Yoʻlda ushlanib qoldim” dedi. Birpasda tinchidim. Juda yengil boʻldim. Ammo koʻnglimga bir havotir oraladi. Bu qanaqa ukol oʻzi? Nega menga shundan boʻlak boshqa hech narsa taʼsir qilmayapti? Unga oʻrganib qolsam nima boʻladi? Ertasiga barvaqt turdim va oʻzimni sinadim. Shifokor kelguncha oz-moz bezovtalandim. Ukol oʻz vaqtida keldi.

– Toʻxtang, bu qanaqa ukol oʻzi, nomi nima? – dedim.

Shifokor talmovsiradi.

– Tinchlaning, bu qoʻrqinchli emas, hozir ahvolingiz nihoyatda ogʻir. Faqat shu ukolgina sizni tinlantiryapti. Buni biz eng soʻnggi chora sifatida qoʻllaymiz. Bu garmon, narkotikning bir turi desa ham boʻladi, – dedi.

Jahlim chiqib ketdi. Oʻz hayotim uchun oʻzim masʼulman, olmayman garmoningizni, deb qatʼiy turib oldim. Ogʻriqlarga chidayman, desangiz, mayli, deb chiqib ketdi shifokor. Juda qattiq ogʻridim. Odamning joni bitta shpritsning ichiga bemalol sigʻadi-ya! Mendan ham momam azobda. Qoʻrqmang, deyman, shu ukolga oʻrganib qolsam bundan battar boʻlaman, deyman. Momam baribir qoʻrqaveradi. Gʻujanak boʻlib qolaman, oyoq qoʻlim qaltiraydi. Ammo ertam uchun chidashim kerak. Uzogʻi bilan uch kun qiynaldim. Xudoga shukr, hammasi oʻtib ketdi. Shu shifoxonada momam bilan yangi yilni ham, navroʻzni ham oʻtkazdik. Toʻqqiz oydan keyin uyga qaytdik. Jarohatlarim oʻn yetti oyda bitdi.

2012 yil

 

***

Biroz oʻtirib qoldim. Uyda zerikyapman. Biror yumush bilan ovunmasam boʻlmaydi. Maktabda oʻqib yurgan kezlarim u bu nima qoralardim. Shuni davom ettiraman. Juda koʻp narsa yozyapman. Ayniqsa, nasrda. Sheʼrga xafsalam yoʻq. Ammo yuragimda juda katta vulqon otilishga tayyorlanayotgandek his qilaman oʻzimni. Kitoblarim chop etilganini, unga katta-katta shoirlar yuqori baho berganini tushlarimda eshitaman. Yana men haqimda judayam koʻp maqolalar yozilayotganini his etaman. Hammasi sheʼrlarim haqida. Yana oʻylayman, men sheʼr yoza olmayotgan boʻlsam, bu tushlar ham shunchaki xom-xayol. Ammo koʻnglimga kelganlarini umid bilan qogʻozga tushirib qoʻydim. Bir nechta gazetaga yubordim, 2-3 tasi chop etildi. Buvam har hafta “Bekajon” olib keladi. Hamma sahifasini oʻqib chiqaman va fikrlarimni yozib, har hafta maktub yuboraman. Koʻpi chop etildi. Lekin sheʼrlarimni hech chiqarishmayapti. Ammo bir kun chiqarishadi, oʻzimdan soʻrab olishadi. Koʻnglim toʻq. Demak, yashasa boʻladi.

2013 yil

 

***

Ijodni sevib qoldim. Tinimsiz yozaman. Uyimizga viloyatimiz gazetasidan muxbirlar kelishdi. Hatto tashakkurnoma ham berishdi. Men bir haftada ikkita ijodiy ishim bilan tinimsiz gazetada chiqish qilaman. “Bekajon” gazetasida uch-toʻrtta sheʼrlarim chiqdi. Hatto tadbirlariga ham taklif etishdi. Hech koʻchaga chiqmas edim. Hamma ustimdan kulayotgandek tuyulardi.

Koʻzimni chirt yumdimu, Samarqandga bordim. Dovdirab ikkita sheʼr oʻqidim. Bunday davrada birinchi boʻlishim edi. Kimga qanday muomala qilishni ham bilmadim. Shoira Xosiyat Bobomurodova kitoblariga dastxat yozib, qoʻlimga berdilar. Katta shoira boʻlasan, dedilar. Kulgim keldi. Men sizlarga oʻxshab, katta davralarga borolmayman, katta yigʻinlarga qatnasholmayman, zinalardan chiqolmayman, shuning uchun orzuda ham meʼyorni unutmaslik kerak, degim keldi. “Bekajon” gazetasi sheʼrlarimni soʻradi. Kitob qilar emish. Mening pulim boʻlmasa. Indamay berdim. Bir necha oydan soʻng, “Hovuchdagi yurak” nomli ilk kitobim qoʻlimda boʻldi. Xosiyat Bobomurodova juda chiroyli soʻz boshi yozibdilar. Bir haftadan soʻng, “Bekajon”da ustoz yozuvchi Tohir Malik soʻzlari bilan bir turkum sheʼrlarim bosilib chiqdi. Momamlar ham xursand. Hech boʻlmasa, ijodiy yutuqlarim koʻpaymoqda.

2014 yil

 

***

Ijodkor doʻstlarim koʻpaygandan koʻpaygan. Tumanimiz yoshlari hokim qabuliga kirib, meni davolatish va oyoqqa turgʻazish haqida murojaat qilganlari haqida eshitib qoldim. Toshkentda bepul davolanishim uchun qoʻlimga order berishdi. Avvaliga bormayman, dedim. Momam qoʻymadi, shularning mehnati zoye ketmasin, bir havo almashtirib kelasan, dedi.

Bordim. Meni goh u shifoxonaga yuborishadi, gohida bu. Oxiri Respublika neyroxirurgiya markazida toʻxtadik. Shifokor barcha tekshiruvlardan oʻtkazdi. Shunaqasiyam boʻladimi, oyoqlaring sogʻlomku, nega yurolmayapsan, dedi. Hayron boʻldim. Ertasiga yana bitta apparatga soldi. Uch-toʻrtta vrach birgalashib tekshirishdi. Momam tashqarida edi.

Shifokor juda hissiz ekan. Oldimga kelib oʻtirdi-da, koʻp operatsiya boʻlganing natijasida orqa miyangda kista paydo boʻlibdi, deydi. Oʻzbekistonda olib boʻlmas ekan. Mikroskoplari yoʻq emish. Kista nihoyatda orqa miyaning ichkarisida emish. Shu turishda yuraversam, hech narsa qilmaydimi, desam, koʻzlarimga qarab, qiladi, avval qoʻlingning harakatini cheklaydi, keyin koʻrish faoliyatingga taʼsir qiladi, oxiri oʻlim bilan tugaydi, deydi. Nima deyishni bilmadim. Endigina yashamoqchiydim-a?!.

Hamshira meni zalga, momamning oldiga olib chiqdi. Momam koʻp savol berdi, qulogʻim eshitib eshitmay qoldi. Faqat yigʻladim. Chorasizman. Nariroqda buvam turardi, yonimda momam. Shunday ojiz va vayron turib qoldim. Uyga kelib, oʻyladim, xoʻsh, kasalimning oxiri oʻlim bilan tugar ekan, hayotimning ham oxiri oʻlimku. Mayli, nima boʻlsa boʻlar, yozaveraychi. Alam bilan, iztirob bilan juda koʻp sheʼrlar yozdim. Bitta homiy topilib, ikkinchi “Ufqqa yoʻl” kitobim ham chop etildi. Hech xursand boʻlgim yoʻq. Xayolimda shu kitobimni oʻqib, meni xotirlab, kimlarningdir yigʻlab oʻtirgani paydo boʻlaveradi.

Tumanimizda bir tanlov oʻtkaziladigan boʻldi. Uyda siqilib qoldim. Buvamga aytgandim, olib bordi, qatnashib, jurnalistika yoʻnalishida 1-oʻrinni oldim. Gazetada chiqqan hamma ishlarimni yigʻib, toʻpladimu, biroz vaqtdan tanlovning viloyat bosqichiga yoʻl oldim. Oʻzim oʻqigan kitoblar boʻyicha savollar tushdi, aytishim mumkinki, hamma savolga xotirjamlik bilan toʻgʻri va aniq javob berib, Respublika bosqichiga yoʻl oldim. Momam yoʻl uzoq, oʻn kun turarkansan, bormaysan, dedilar. Men boraman, deb qatʼiy turib oldim, bitta jiyanimni olib yoʻlga tushdim. Qiynalsam, oʻzim aytaman, olib ketasizlar, dedim. Hamma yordam berdi. Qiynalmadim. Respublikada ham gʻolib boʻldim.

Endi sheʼr yozish jarayonim umuman oʻzgarib ketdi. Huuv oʻsha ichimga kirgan qaltiroqlar tashqariga sheʼr boʻlib chiqar edi. Koʻzlarimdan chiqar edi. Men lovullab yozdim, devonaday yigʻlab yozdim, majnun shamollarga sovrilib yozdim, goho tuproqdayin hokisor, gohida osmondan-da yuksalib yozdim. Shu sheʼrlarni oʻqiyotsam, qaltiroqlar ovozimga ham qalqib chiqadigan boʻldi. Mast boʻldim, koʻnglimning ichida sarson boʻldim. Yozdimu, nima deb yozayotganimni bilmay yozdim.

2015 yil

 

***

Qolganini yozgim kelmaydi. Xudo umr bersa, 50-60 yoshlarimda hammasi haqida batafsil yozarman. Balki uni kitob ham qilarman. Hammani kechirdim, hech kimdan arazim yoʻq. Dardlar ham tabarruk, dardlar ham joiz. Oʻn olti yil yugurdim, yetti yildan beri yiqilib turibman. Nega mana shu oʻn oltim yettimdan yengilroq, yettimdan sayozroq? Yettining toshlari oʻn oltining toshlari oldida bunchalar ogʻir!

Nima boʻlsa ham Xudoyimning tarozisi toʻgʻri ishlaydi. Xudoyimning shu dardlari meni kuchli qildi, irodali qildi. Har qanday vaziyatga koʻniktirib, har qanday nohaqlik oldida jahlimni jilovlay oladigan qildi.

Atrofga qarayman, momam, buvam, togʻam, yangam va jiyanlarim, hammasi atrofimda girdikapalak. Mana bu yangam, birovning bolasi, men unga kimman, necha yildan beri momam bilan yonma-yon menga qaraydi, nega u onamdan ham mehribon? Momamniku har kun oʻylayman. Jiyanlarim oʻz opasidek koʻradi meni, uyga mehmonlarim kelishsa, yugurib xizmat qilishadi, biror marta boʻlsa-da malol olganlarini eslolmayman.

Men oʻzi kimman? Yaqinda bir psixolog bilan gaplashib qoldim. Men unga tushkunlikka tushmasligimni isbotlamoqchi boʻldim. Lekin uning gaplaridan angladimki, men tushkunlikning eng tubiga yetib boʻlibman. Endi pastga yoʻl yoʻq. Endi yoʻl faqat yuqoriga, dedi psixolog.

Yuqoriga qarasam, na zaminni koʻraman, na dunyoni, na osmonni. Faqat Xudo va yigʻi, Xudo va yigʻi… tegramda charx aylanadi, boshim aylanadi, koʻzim tinadi, yuragim behuzur boʻladi. “Meni tortib ol” deyman Xudoga. Toqatsizlanaman. Bezovtalanaman. “Men koʻrsatgan yoʻldan kelaver” deydi. Yigʻining yelkasiga boshimni qoʻyaman. Huzurlanaman.

Koʻp oʻylayman, hayot yoʻllarida nega buncha koʻp dovdiradim? Ortimga qarab, savollarimga javob topgandek ham boʻlaman.

Maktabga juda katta mehr, cheksiz ishtiyoq bilan chiqqanman. Alifbeni barcha sinfdoshlarimdan oldin oʻrganib oldim, harflarni tushimda ham takrorlab chiqardim. Ikkinchi chorakdan soʻng, darslarni zoʻr oʻzlashtirganim sabab, ustozimiz “Kitobim-oftobim” nomli kitob berdilar. Suratlariga shunchalik mahliyo boʻldimki! Hayotimni ham shu kitoblarda tasvirlangandek oʻtkazishga urinardim. Kitobiy soʻzlar yod boʻlib ketgandi. Faqat oilaviy suratlarida ota-onamni koʻra olmasdim, hech nimaga aqlim yetmasdi.

Keyinchalik Odobnoma kitobim menga yoʻlboshchi boʻldi. Odobli, aqqli qiz boʻlishga urinardim. Kattalarning aytganini qilishga oʻrgandim. Halol boʻlaman, keyin hech qachon ozorlanmayman, derdim. Hatto hozir ham kitoblar ichida yashayman. Odamlar orasida yashashni istamaganim uchun dovdirayotgandirman balki. Bilmasam. Odamlarga qaragim kelmaydi. Qarasam, faqat nasihat oʻqishadi. Nasihatlarni yomon koʻraman. Qoʻshni kelin qaynsinglisi bilan kelisholmay, ketib qoldi. Ajrashishdi. U xomilador edi. Birinchi farzand. Yaqinda tugʻiladi. Qoʻshnimiz oʻgʻlini uylantirmoqchi. Farzandi tugʻilgandan keyin onasini turmushga berishadi. U chaqaloqning taqdiri nima boʻladi? Odamlar kimlargadir maslahat berguncha, oʻz hayotlarini toʻgʻri yashasalar yaxshi boʻlardi.

Hozir oʻzimni yigʻib ololmayapman. Shunday toʻzgʻib ketganmanki! Yaxshiyam Xudo bor. Yaxshiyam U yonimda. Nihoyasiz baxtli kunlarimning birida U bilan hayot haqida toʻla-toʻkis xulosa aytaman. Aytaman.

 

 

Baxtiniso Mahmudova

 

1993 yil 31 oktyabrda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida tugʻilgan. “Yurt kelajagi – 2015” iqtidorli yoshlar tanlovi gʻolibasi. “Hovuchdagi yurak”, “Ufqqa yoʻl” nomli sheʼriy toʻplamlari nashr etilgan. Sheʼrlari “Xurshid Davron kutubxonasi” sahifalarida muntazam yoritilgan. 2019 yilning 6 yanvarida Turkiyada oʻtkazilgan ogʻir jarrohlik amaliyotidan 3 kun oʻtib Turkiyada olamdan oʻtdi. Alloh rahmatiga olgan boʻlsin.

 

kh-davron.uz

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/xudo-va-yigi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x