Xotirangiz faol boʻlsa, vaqtingizda tejam, ishingizda unum boʻladi

Ayrim hollarda koʻcha‑koʻyda kimnidir koʻrganingizda koʻzingizga juda tanish koʻrinadi‑yu, ammo qayerda uchratganingizni eslolmay qiynalasiz. Yoki oʻz uy telefon raqamingizni ham bir necha daqiqa davomida xotirlolmay xunobingiz oshgan paytlar ham uchrab turadi, toʻgʻrimi? Xoʻsh, xotirani mustahkamlash, diqqatni jamlash uchun nimalarga eʼtibor berish kerak?

Dangasa boʻlmang!

Yalqov odamning xotirasi ham sust boʻladi. Nimanidir eslab qolish istagi kuchli boʻlsagina, fikrlaringizni bir joyga toʻplay olasiz. Nimanidir eslolmasangiz: hisob raqami, biror soʻzning mazmuni, xonandalar ismi, yaqinlaringizning telefon raqami, – darrov yon daftarchangiz, telefon kitobchasi yoki internetdan izlashdan oldin bir necha daqiqa oʻzingiz eslab koʻrishga harakat qiling.

Mutolaa – sizga koʻmak beradi

Har kuni bir necha sahifa boʻlsa-da, mutolaa qilishga erinmang. Qiziqarli kitoblar oʻqing, oʻqib tugatganingizdan keyin asarning qiziqarli syujetidan parcha va qahramonlarning ismlarini yozib qoʻying.

Oradan ancha vaqt oʻtgach ham bu yozuvlarni qayta oʻqisangiz, asar voqealari yana esingizga tushadi. Bu bilan nafaqat xotirangizni mashq qildirishga erishasiz, balki atrofdagilarga ham oʻz bilimdonligingiz bilan koʻmaklashasiz: deylik, Alpomishning oti nomini eslab qola olmaydigan odamlar ham uchrab turadi. Sizning yon daftarchangizda esa bularning bari yozib qoʻyilgan.

Harakatdan toʻxtamang!

Koʻproq harakat qiling. Shoʻx musiqalarga raqsga tushing, sport bilan shugʻullaning. Jismoniy faollik qon aylanishini yaxshilaydi, asab tizimini faollashtiradi, idrok qilishni taʼminlaydi. Ayniqsa, sportning yugurish turi xotirangiz mustahkam boʻlishiga, maʼlumotlarni qayta tiklashingizga koʻmak beradi.

Mashhurlar ismi bilan taqqoslang

Agar sizga bironta kishini tanishtirishsa, uni esda qolarli biron mashhur shaxs nomi bilan taqqoslang. Deylik, Nodira ismli qiz. Nodirabegimning nomi bilan eslab qoling.

Takrorlash eng yaxshi usul

Bundan yaxshisini topolmaysiz. Ayniqsa, muntazam sheʼr yodlash xotirangizni mustahkamlaydi. Faqat ketma-ket besh marta emas, besh kun davomida bir martadan takrorlash ijobiy samara beradi. Yaxshisi, yotish oldidan takrorlang.

Toʻgʻri ovqatlaning

Baliq, dengiz mahsulotlari, oʻsimlik yogʻlari, yongʻoq, koʻkat va sabzavotlar xotirani tiklashga yaxshi foyda beradi. Asosiysi, vitamin va minerallarga boy mahsulotlarni isteʼmol qiling.

Xorij tillarini oʻrganing

Xorij tillarini oʻrganish hayotingiz va ishingizda foyda beribgina qolmay, xotirangizni yanada charxlaydi.

Tasavvur qiling

Xotirasi oʻtkir kishilarning koʻpchiligi voqealarni tasavvur qilish orqali eslab qolishadi. Deylik ular raqamlarni hayvonlar timsolida tasavvur qilishadi. Yoki oʻsimliklar, jonsiz predmetlarning nomlari bilan yodlab qolishadi. Masalan; ikki – laylak, bir – simyogʻoch, olti – qulf va boshqalar. 333-18-10 telefon raqamini eslab qolmoqchisiz? Ushbu raqamlar bilan biron voqea ham tuzib olishingiz mumkin. Siz ham bir harakat qilib koʻring. Uchta qaldirgʻoch ustunga qoʻnib, laylakni kuzatishdi. U ham boshqa bir ustunda oʻtirib, yon-atrofiga nazar solayotgan edi.

Dona‑dona qilib gapiring

Biron voqea yoki yangilikni soʻzlab berayotganingizda kichik pauzalar bilan (3 soniya meʼyorida) obrazli qilib gapiring. Shunda tinglovchining yodida yaxshi qoladi. Aksincha, eslab qolishlarini istamasangiz, tez‑tez gapiring.

Mashqlarni bajarib koʻring

Qoʻlingizga qogʻoz olib xohlagan sakkizta soʻzni yozing. Keyin qogʻozga qaramasdan soʻzlarni ketma-ketlik bilan qaytaring. Keyinchalik bu soʻzlarnining sonini koʻpaytirib borishiningiz mumkin;

Harid uchun otlanishdan oldin kerakli mahsulotlarning roʻyxatini tuzib chiqing. Roʻyxatni ikki‑uch marta takrorlang. Doʻkondan mahsulotlarni olgach, kassa oldiga borganingizda roʻyxat bilan yana bir marta solishtirib koʻring;

Narsa‑buyumlarning rasmi koʻproq tasvirlangan bironta jurnalni oling. Unga 15‑20 sekund sinchkovlik bilan qarab turing. Keyin esingizda bor buyumlarning nomini qogʻozga yozib chiqingda, jurnal bilan solishtiring.

Har kuni kamida 10 daqiqa turli boshqotirma, krossvordlar toʻldirishni odat qiling. Kichik matematik masalalar yeching. Xullas, miyangizni ishlashga majbur qiling. Shunda albatta diqqatingizni jamlab, xotirangizni tiklashga erishasiz.

 

Natalya GUDKOVA,

ruhshunos

 

Manba: “Sogʻlom avlod” gazetasining sayti

https://saviya.uz/shaxsiy-tarbiya/xotirangiz-faol-bolsa-vaqtingizda-tejam-ishingizda-unum-boladi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x