Ulugʻim

Muhammad aka oʻz sheʼrlariga quyib qoʻygandek oʻxshardi: sodda, rost, samimiy… Aytgancha, samimiy degani nimani anglatadi, birodari aziz? Koʻp ishlatilganidan dehqonning ketmonidek yaltillab ketgan bu soʻzning qiyofasi qanaqa? “Uning sheʼrlaridan samimiyat balqib turadi”, deb yozishadi olimlarimiz. Hech tasavvur qilolmayman-da. Yoki bu yurakdan chiqqan, doʻstona aytilgan gap deganimikin?

Kaminaning ojiz fikricha, isteʼdod qirralaridan biri – samimiyat. Bu taʼrif ostida mardonalik, toʻgʻrilik, til va dil bilish, inson qalbini teran his qilish, holatga kira olish… lar bor.

Muhammad akaning dastlabki sheʼrlarini oʻqiganimda qizgʻaldoqzor adirda pochalari shimarilgan oʻspirin quyoshga qarab shoshmasdan ketayotgandek tuyulardi. Yana uning sheʼrlaridan endigina qoʻshquloq boʻlgan yalpizning hidlarini tuyardim. Xullas, gʻirt oʻzbekcha manzara, kayfiyat edi bu. Toʻgʻri, hammamiz oʻzbekcha yozamiz, lekin hamma ham oʻzbekona yozolmas ekan.

 

Muhabbat, ey goʻzal iztirob,

Qomatimni bukib qoʻyding-ku.

Koʻkragimga qoʻlingni tirab,

Yuragimni toʻkib qoʻyding-ku…

 

“Yuragim ado boʻldi”, “vayron boʻldi”, “yara boʻldi”, hatto, “xarj boʻldi” kabi kitobiy jumlalar koʻp. Muhammad aka esa rosmana xalqona qilib aytadi. Yurakkinang toʻkilib ketadi.

Yoshlikdan juda sheʼrsevar edik. Yaxshi sheʼrlar oʻz-oʻzidan yod boʻlib qolardi. Bir-birimizga aytib charchamasdik. Musobaqalashardik ham. Sevimli shoirining suratlarini albom qiladiganlar ham koʻp edi. Qiziq, gazet-jurnalda chiqqan rasmiga qarab odamning yaxshi-yomonligini sezsa boʻladi. Sizga ham shunday koʻrinadimi? Muhammad Yusufning “Yoshlik”dagi katta surati deyarli hamma talabalarning yotoqxonasida osigʻliq turardi. Oʻsha nim tabassum, koʻz allanechuk yoshinqiragan. Ochigʻi, baʼzi qizlardan oʻsha rasmlarni rashk qilardik. Biz ham shoirlikka oʻzimizcha nomzod edik-da.

1988 yil. Biz filologiya fakultetining ikkinchi kurs talabasimiz. Zamon olagʻovur, rost-yolgʻon aralash, qizil imperiya tagiga suv keta boshlagan davrlarni yaxshi eslasangiz kerak. Ijtimoiy dard deganda, albatta, unga malhamdek boʻlib Muhammad akaning sheʼrlari yodingizga tushar. “Bobodehqon”, “Oʻzbek ishi”, “Nega yigʻlamaysan”, “Urush boʻlmasin”, “Paxta”, “Birinchi sinf bolalari”, “Soʻroq”… har biri jamoatchilik tomonidan katta voqea sifatida qabul qilinib, qizgʻin muhokama-munozaralarga sabab boʻlgandi. Oʻsha yili yoz boshida Fargʻonadagi Markaziy stadionda katta konsert tashkil qilindi. Sizga yolgʻon, menga chin, futbol tomoshasigayam buncha muxlis tushmaydi: oʻtirgani joy yoʻq, tumonat odam. Sababi bor-da, kimsan Tavakkal Qodirov boshchiligida buyogʻi Oxunjon Madaliyev torini sozlab turgan boʻlsa, buyogʻda esa Anvar Obidjonu Muhammad Yusuflar chiqishi kutilayotgan boʻlsa… Konsert oʻz yoʻliga, Anvar akaning oltiariqcha hazilga yoʻgʻrilgan sheʼrlari tomoshabinlarni bir qiyqiratib oldi. Ustozdan soʻng navbat “yoshlarning sevimli shoiri Muhammad Yusufga” berildi. Muhammad aka, oʻziga xos sal qiyrixonroq odim otib, minbarga koʻtarildi. Stadion suv quygandek jim. Xalq oʻz dardkash shoiridan har doimgidek kutilmagan bir sheʼr kutyapti. Shoir biroz boʻgʻiq, uzuq ovozda “Doʻppi” sheʼrini oʻqiy boshladi. Men atrofga qarayman: minglab muxlis nafas yutib, saratonda choʻllagan yoʻlchidek yutoqib tinglayapti. Nihoyat sheʼr yakunida fikr portladi: “Boshga loyiq doʻppi yoʻqmi yo, Bosh qolmadi doʻppiga loyiq!” Stadion larzaga tushdi. Odamlar jon-jahdi bilan qarsak urardi, yoshlarning olqishlab qiyqirishidan quloqlar batang boʻldi. Yonimda oʻtirgan Abdulla doʻstim qoʻli bilan ishora qilib bir narsalar dedi. Qarasam, bir kishi maydonni koʻndalang kesib shoirga qarab shitob boryapti. Minbarga yengil koʻtarildiyu qoʻynidan yap-yangi Margʻilon doʻppini olib, sovrinni koʻz-koʻz qilayotgandek boshi uzra koʻtarib namoyish etdi-da, mehr bilan, ehtirom bilan shoirning boshiga kiygazdi. Yana qarsak, yana olqish. Bu oʻziga xos sovrinda oʻzbekona timsol bor edi nazarimda.

Oʻsha kuni oqshom Vodilga – Tursunali polvonnikiga ziyofatga joʻnadik. Muhammad akalar alohida yengil mashinada, biz polvonning tomosha mashinasida. Polvon akani bilasiz, yaxshi sheʼrning, haqiqiy shoirning quli. Eh-he, bu daryodil inson tufayli qanchadan-qancha ijodkorlar bir-birini tanigan, topgan, koʻngli oʻsgan. Akaning saxovati ham oʻshancha bor. Shu kecha haqiqiy nazm va navo kechasi boʻldi. Asosiy qahramon, albatta, Muhammad Yusuf. Tabiiyki, davradagilar shoirdan yangi sheʼr soʻrashdi. Muhammad aka shoshmasdan choʻntagidan toʻrt buklangan qogʻozni oldi-da, “tandirdan yangi uzilgan, hali oʻzim ham yod olganim yoʻq, sizlar birinchi eshituvchisizlar. Tursunali polvon oʻqishga milliy kiyimda borsa, rektor bu Madaniyat instituti boʻlsa, toʻn kiyib yurish mumkin emas, deganmish”, dedi-da mashhur “Toʻn”ini oʻqiy boshladi.

 

Oʻzbekning toʻnini yenglari uzun,

Oʻzbekning joʻnini yenglari uzun.

Yengi uzun koʻylak kiymanglar sizlar,

Madaniyat dargohida oʻqisangizlar…

 

Xizmat qilib yurgan mezbon bolakay ham sheʼrga mahliyo boʻlib qoʻlida choynak bilan eshikka suyangancha qotib turardi. Sheʼr nihoyatda ravon, quyma, tabiiy, xuddi Vodilsoyning kumush suvidek rohatijon edi. Bir pasdan keyin Polvon aka meni taʼriflab davraga tanishtirdi va Muhammad akadan izn soʻrab, kaminaga navbat berdi. Yoshlik ekan-da, xotira tiniq, qon qaynoq, qoyil qoldirish, taassurot uygʻotish istagi joʻsh urgan… Shoir menga yonidan joy berib, “ana endi oʻqi”, deb buyurdi. Polvon aka davraning u yoq-bu yogʻida gaplashayotganlarni “tshsh” deb koʻrsatkich barmogʻi bilan yolgʻondakam poʻpisa qilib tinchitishga kirishdi. Sheʼr ayta boshladim. Gap-soʻz asta-sekin tinchib, davradagilar taajjublanib bir-biriga qarab, qosh koʻtarib imo-ishoraga tushdi. Men hozirgina Muhammad aka oʻqigan “tandirdan yangi uzilgan” sheʼrni tutilmasdan, bamaylixotir yoddan aytib bermoqda edim. Sheʼr tugadi. Shoir menga biroz ajablanib, ham ikkilanib qaradi. Keyin gap nimadaligini tushunib, “Qoyil! Ikkovimiz bitta sheʼrni yozib qoʻyibmiz-a”, deb hazillashdi-da, sochimdan gʻijimlab, peshonamga peshonasini doʻstona urib qoʻydi. Shoirning iltifotidan davraga yanada fayz kirganday boʻldi…

 

* * *

“Men jumla jahonni sevaman, butun insoniyatga jonim sadagʻa”, deb aytish oson. “Butun dunyo onalariga guldan haykal qoʻyaman”, deb hammayam aytoladi. Lekin bittagina odamni yaxshi koʻrish, qadrlash, unga yaxshilik qilish ancha mushkul ish. Yon qoʻshnisiga kerak paytda yordam berolmagan odam jahonga nima qilib berardi deysiz. Buyuk Navoiy bejiz “Kimki bir koʻngli buzuqning xotirin shod aylagay…” deb yozmagan.

1994 yili Nabijon Boqiy rahbarligida Shohimardonga boradigan boʻldik. Nabijon aka “Muhammad bir ziyorat qilib kelaylik deyapti, yigʻishtiring mayda-chuyda ishlarni, ketdik”, dedi. Xoʻp, dedik. Koʻnmay koʻring-chi! Nabijon Boqiyni bilasizu… Ertasi oqshom Andijon poyezdiga Musulmon Namoz, Salim Ashur, Muhammad Sharif… chiqdik. Azongacha uyqu tugul, yonboshlab yotish ham boʻlmadi. Muhammad Yusufning suhbati, mushoira, ulfatchilik (aytgancha, u davrlarda Nabijon aka ajabtovur ichardi). Tongda Bagʻdod tumani markazidagi Furqat stansiyasida bizni shaxsan Abduqahhor Abdusamatov kutib oldi. Muhammad akaning oyogʻiga qoʻy soʻyildi, mezbonlikning rasm-rusumlari bajarildi. Hozir “Tohir-Bagʻdod” ijod uyi joylashgan tolzorda yuzlab odam yigʻilgan, bayramona shukuh hukmron edi. Rostdan ham Muhammad Yusufdek shoir bilan yuzma-yuz uchrashish, sheʼrlarini oʻzidan eshitish qadrini bilgan odamga toʻyday gap emasmi? Axir xalqning oʻz shoiri oila aʼzosidek qadrdon boʻlib qoladi, asarlarini har bir odam men uchun yozilgan, mening ichimdagini yozgan, deb oʻylaydi. Salim Ashur ikkimiz ham sheʼr oʻqidik, olachalpoq qarsak boʻldi. Muhammad aka koʻnglimizni koʻtarib, xalqdan duo olib berdi. Soʻng Bagʻdoddan Shohimardonga yoʻlga chiqdik, hokim buva bekamu koʻst kuzatdi. Koʻli Qubbon, Yordan aziz kabi qutlugʻ manzillarda uch kun istirohat qildik. “Yoz fasli, yor vasli, doʻstlar suhbati” bir umrga esdalik boʻldi. Gaplashilmagan mavzu, tegilmagan masala qolmadi. Biroq gʻiybatlashmadik. Qaysi shaxs haqida mundayroq gap qoʻzgʻolsa, Muhammad aka ogʻizga urardi: “Hech boʻlmasa, Shohimardondan uyalinglar. Oʻsha odamning oʻrniga oʻzingizni qoʻyib koʻring-chi! Ularga ham oson emas…” Men akaning bagʻrikengligi, olijanobligiga yana bir bor besh ketdim.

Shohimardon markazidagi tomosha maydonida ittifoqo ustoz Yoʻldosh Sulaymonni uchratib qoldik. U kishi uch-toʻrt margʻilonlik ijodkorlar bilan dam olishga chiqqan ekan. Uzoqdan toʻlib-toshib, quvonchdan charaqlab, quchogʻini ochgancha Muhammad akaga peshvoz yurdi. Shoirni azamat quchogʻiga olarkan, tinmay “Ulugʻim, ulugʻim-a”, derdi. Yoʻldosh aka tushlik chogʻi choʻngʻara guruchiga osh damlatib, bizni siyladi. Muhammad Yusuf ahyon-ahyon adibga javoban askiya qilmoqchi boʻlar, oʻxshasa-oʻxshamasa, Yoʻldosh aka tizzasiga shappatlab, osmonga qarab, silkinib kulardi…

Qaytishda yana Bagʻdodda qoʻnoq boʻldik. Ustoz mahalliy polvonlarni surishtirdi: “Toʻra polvon boʻlardi, tirikmi? Rustam polvon vaxli ketibdi-da, attang… Yosh polvonlar ham bormi?” Keyin Marhamatda sayllarda kurash boʻlishini, Qozogʻistonu Tataristondan polvonlar kelib belolish kurashida qatnashgan paytlarni esladi. “Ammo hammasidan bagʻdodliklar zoʻr chiqardi, Hojimuqoniniyam chalpak qilardi Rustam polvon”, dedi.

Mehmonlarga xaridor koʻp, ayniqsa, shoirga “bir piyola choy” taklif qilganlar son-sanoqsiz. Men qishlogʻimga oʻtib, uydagilar bilan xayrlashib keladigan, keyin Toshkentga qaytadigan boʻldik. Birdan Muhammad aka, “men ham sen bilan qishlogʻingga boraman”, deb mashinaga chiqvoldi. Holatimni tushunib turibsiz, menga noqulay, shunday shoirni hech bir tayyorgarliksiz hovliga olib boramanmi? Gap eshitishim aniq. Ayniqsa, Ilyos akamdan: “Bir ogʻiz xabar berib qoʻymaysanmi, qoʻy-poʻy yonboshlatib kutib olmaymizmi? Ha, bola yosh!” degan dakkini eshitishim tayin. Yoʻl-yoʻlakay ustoz oilaviy sharoitni surishtirdi. Men shunchaki gap orasida dadam “Toshkentda odam boʻlishingizga koʻzim yetmayroq turibdi, undan koʻra tumanimiz gazetasida ishlaganingiz maʼqul, Abduqahhor oʻzimizniki”, deganini, oʻzim ham ikkilanib turganimni aytdim. Muhammad aka munosabat bildirmadi.

Hozirgidek esimda, soʻrida oʻtiribmiz. Tepamizda rang ola boshlagan uzumlar avgust shabadasida sokin chayqaladi. Akaga hovlimiz maʼqul tushdi. “Keng, sarishta ekan, oʻzbekning haqiqiy hovlisi shu-da”, dedi tandirga ishora qilib. Dadam ishda ekan, ayam darrov choy damlab keldi. Muhammad aka kutilmaganda ayamga yuzlanib: “Aya, men qanaqa shoirman”, deb soʻrab qoldi. Ayam: “Voy Muhammadjon, siz eng zoʻr shoirsiz-da, buni hamma biladi-yu”, dedi choy qaytarib. Shunda ustoz boshqacha bir ovozi tovlanib, “ayajon, oʻgʻlingiz mendan oʻn marta zoʻr shoir, hali koʻrasiz, meni aytdi deysiz, faqat buni joyi Toshkentda, mening yonimda”, dedi. Ayam koʻzlariga yosh oldi. Men bilib turibman, bu gaplar onaning koʻngli uchun, mening kelajagim uchun boʻrttirib aytilgandi. Muhammad akaning shuhratiga yaqinlashishga mendaqalarga yoʻl boʻlsin. Ustoz odamni, ayniqsa, onani mana shunday qadrlar edi.

 

* * *

Muhammad aka turmushning mayda ikir-chikirlariga berilmadi, oʻtkinchi tuygʻularga oʻralashib qolmadi. Kuylaganda bor ovozi bilan, roʻy-rost, baland pardalarda kuyladi. Hayotini, ijodini buyuk maqsadlarga bagʻishladi. U oʻz xalqini, tuprogʻini, Oʻzbekistonini begʻaraz yaxshi koʻrardi. Ishonchim komilki, agar kerak boʻlsa, Vatan uchun hech ikkilanmay jonidan kechishga tayyor edi. “Oʻzbekiston mening onam, kimki unga qoʻl koʻtarsa, qoʻllarini urib sindiraman”, deganda haqiqiy farzandning, oriyatli yigitning iqrorini, yaʼni oʻzining chin soʻzini aytgandi.

Akaning Vatan haqidagi qoʻshiqlari minglab yoshlarni tarbiyaladi, toʻgʻri yoʻlga soldi. “Hech kimga bermaymiz seni, Oʻzbekiston!” deb hayqirganda yuraklarga larza tushdi, Vatan qadrini, ozodlik baxtini anglatdi. “Iddaolar qilmay” xalqini sevgan, Istiqlol kuychisiga aylangan shoir oʻz navbatida Yurtboshidan, yurtidan mehr koʻrdi, ardoqlandi. “Adabiyotga eʼtibor – maʼnaviyatga, kelajakka eʼtibor” risolasida xalqqa, Vatanga “Muhammad Yusufdek shoirlar zarur”ligi alohida taʼkidlangani shoir ijodi va shaxsiyatining mohiyatini yaqqol koʻrsatgan. Ijodkorga qoʻyilgan mezondan kelib chiqib qaraydigan boʻlsak: “Ey odamzod, koʻzingni och, sen nima uchun yashayapsan, inson degan yuksak nomga munosib boʻlish uchun nima qilyapsan?” degan savollarni kitobxon oldida, jamiyat oldida qatʼiy qilib qoʻya oldi. Chunki bunday savolni qoʻyishga uning maʼnaviy huquqi bor edi. Muhammad Yusuf katta bilim va hayotiy tajribaga, keng dunyoqarash, yuksak ijodiy mahoratga ega, shu bilan birga, kuchli iroda hamda fidoiy yurak sohibi edi. Ayni sifatlari bilan Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf bizga unutilmas saboqlar berib ketdi.

 

Iqbol MIRZO

 

“Yoshlik”, 2014 yil 2-son

https://saviya.uz/hayot/nigoh/ulugim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x