(XVII asr oʻrtalari–1699/1700)
Turdi Farogʻiyning hayoti va ijodi haqidagi maʼlumotlar, asosan, oʻz asarlaridir. U Buxoroda tavallud topgan. Uning tugʻilgan yili haqidagi aniq maʼlumotlar saqlanmagan, biroq ashtarxoniylardan Nodirmuhammad (1642–1645) hamda uning oʻgʻillari Abdulaziz (1645–1680) va Subhonqulixon (1681– 1702) lar hukmronlik qilgan yillarda yashaganligi maʼlum. U Xoʻjandda vafot etgan.
1681-yilda Miyonkolda xalq hukumatga qarshi qoʻzgʻolon koʻtaradi. Turdi ham mana shu qoʻzgʻolonchilar orasida bor edi. Soʻng shoir Xoʻjand va Oʻratepa hokimi Rahimbiy otaliq panohida boʻladi. Rahimbiy vafot etgach, uning oʻgʻli Oqboʻtabiy huzurida qoladi. Biroq shoir ancha moddiy qiyinchiliklar bilan yashaydi. Adibning sheʼrlari shundan dalolat beradi.
Turdi ikki tilda ijod qilgan: uning oʻzbekcha asarlari qatorida tojikcha sheʼrlaridan ham ikkitasi bizgacha yetib kelgan. Bizga hozircha adibning 18 tagina sheʼri maʼlum, xolos. Ular 5 ta muxammas, 12 ta gʻazal va bir dona farddan iborat. Ulardan shoirning tiyrak va bezovta ruhini, oʻtkir qalamining taʼsirchan kuchini, favqulodda jasoratini ilgʻab olish qiyin emas.
Turdi oʻzi zamondosh boʻlgan jamiyat illatlarini qattiq tanqid qildi, bu illatlarni mamlakat va millat fojiasi sifatida talqin qildi, millatdoshlarini uning oqibatlarini tezroq va toʻlaroq tasavvur qilishga undadi. Turdi adabiyotimiz tarixida satirik – tanqidiy yoʻnalishni ancha baland choʻqqilarga olib chiqqan ijodkor sifatida shuhrat qozondi.
“Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/turdi-farogiy/