Til meʼyorlari buzilganda javobgarlikka tortish vaqti yetdi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti

universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, professor

Shuhrat SIROJIDDINOV bilan fikrbazm.

 

Maxsus savol

Gulmira ShUKUROVA,

“Oʻzbekistonda xorijiy tillar” elektron jurnali bosh muharriri:

 

Tarixdan maʼlumki, bir davlat adabiyotini dunyoga tanitishda tarjimonlik muhim ahamiyatga ega. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida oʻzbek adabiyotini dunyoga olib chiqish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Kelgusi rejalar qanday?

– Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2016 yil 13 maydagi farmonida ilmiy, badiiy va boshqa sohalardagi adabiyotlarni oʻzbek tilidan ingliz va boshqa xorijiy tillarga, shuningdek, jahon tillaridan ona tilimizga yuksak sifat va mahorat bilan tarjima qiladigan tarjimonlar tayyorlash asosiy vazifa sifatida belgilangan. Badiiy tarjima til bilishdan tashqari, badiiy iqtidorni ham talab qiladi. Biroq zamonaviy tarjimon fan-texnika yutuqlaridan xabardor, turli sohaviy lugʻatlar bilan qurollangan, yangicha qilib aytganda, “mobil” boʻlishi kerak. Dunyoning taraqqiy etgan davlatlari Angliya va AQSHda 90 foiz adabiyot asliyat tili – inglizchadan turli xorijiy tillarga badiiy tarjima qilingan. Natijada ingliz tilining mavqei dunyo darajasida mustahkamlandi. Bugungi kunga kelib, dunyoda, taxminan, 430 million kishi asosiy, 505 million kishi ikkinchi til sifatida ingliz tilida soʻzlashadi. Ingliz tili targʻiboti davrida Angliyada yillik kitob nashrining 50 foizini tarjima kitoblar nashri tashkil etgan.

Oʻzbek adabiyotini ingliz tiliga tarjima qilishga davlat darajasida ahamiyat qaratilar ekan, badiiy asar tarjimonlarining ish quroli, yaʼni lugʻatlar masalasiga katta eʼtibor berish lozim. Har qanday badiiy asarda syujet va bu syujetning badiiyligini, ekspressiv taʼsirchanligini taʼminlovchi tabiat tasviri, inson qiyofasi va feʼl-atvori tasviri, milliy timsol kabilar mavjud. Badiiy tasvirning tarjima tilidagi muqobillarini topish, tarjimonning anchagina vaqtini oladi. Agar xos muqobil topilmasa, tarjima asliyatdan ancha yiroqlashadi, badiiyligi yoʻqoladi. Shu kungacha oʻzbek va ingliz tillaridagi tasviriy ifodalarning ikki tilli tematik lugʻatlari yaratilmadi. Borlarida ham tasviriy vositalar va ularning badiiy asarlardan olingan misollariga oʻrin berilmagan. Bugungi kunda universitetimizda oʻzbek tilidan ingliz tiliga tarjima ishini maksimal darajada rivojlantirishni taʼminlovchi “Oʻzbek va ingliz tillarining ikki tilli timsollar lugʻati”, “Oʻzbek va ingliz tillarining ikki tilli tabiat tasviri lugʻati”, “Oʻzbek va ingliz tillarining ikki tilli inson qiyofasi va feʼl-atvori tasviri lugʻati” kabi nashrlarni yaratish ishlari boshlab yuborilgan.

 

Sadaf NURIDDINOVA,

oʻqituvchi:

Doimo yoshlar orasidasiz, ularning qiziqishlaridan boxabarsiz. Ayting-chi, bugun yoshlarimiz orasida adabiyotshunoslik ilmiga munosabat qanday?

– Xalqimizda “Oqqan daryo oqaveradi”, degan naql bor. Bizning oʻtmishimizda ulugʻ olimlar, dunyoga mashhur allomalar yetishib chiqqan. Biz ular bilan faxrlanamiz. Bugungi yoshlarga nazar tashlab, ularning yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanayotganini koʻrib, toʻgʻrisi, havas qilamiz. Yoshlarimiz orasida oʻzbek adabiyotshunosligi zimmasiga tushgan yukni koʻtara oladiganlari borligiga ishonchim komil. Ular odatda, badiiy ijodga – sheʼr va hikoyalar yozishga qiziqadi. Ammo toʻgʻridan-toʻgʻri adabiyotshunos, adabiy tanqidchi boʻlaman, deganlari kam. Ular filologik tahsil jarayonida oʻzidagi badiiy asarlarni tushunish va tushuntirish iqtidorini his etgach, biror tadqiqot olib borish fikriga keladi.

Bu yil talabalikka qabul qilingan yoshlardan “Nega aynan filologiyani tanladim?” mavzusida yozma ish oldik. Ularning aksariyati kelgusida oʻqituvchi boʻlmoqchiligini yozgan. 24 nafar talabadan uch-toʻrt nafarida adabiyotshunos, tilshunos olim boʻlish, kelgusida shu soha taraqqiyotiga ilmiy tadqiqotlari bilan hissa qoʻshish fikri bor ekan. Bu quvonarli. Bizning shunday yoshlardan umidimiz katta.

 

Umida SOBIROVA,

oʻqituvchi:

Xorij davlatlarida shunday bir amaliyot bor: oʻz millati tilini yoyish uchun katta-katta grantlar ajratiladi. Grant mablagʻlariga oʻsha millat tilini oʻrgatuvchi kitoblar, lugʻatlar chop etiladi, tarqatiladi. Oʻzbek tilini ham dunyoga tanitish, adabiyotimizni yoyish maqsadida shu amaliyotdan foylansak boʻlmaydimi?

– Albatta, bu amaliyot yaxshi natija berishi mumkin. Shuningdek, xorijiy davlatlarda yana bir amaliy tajriba bor: oʻz tili va adabiyotini targʻib etish maqsadida Angliya va Amerikada muayyan yozuvchining ijodini ilmiy tadqiq etuvchi xorijlik olimga ilmiy ish qilishi uchun oʻsha davlat tomonidan grant ajratiladi. Tadqiqodchi mazkur grant mablagʻi asosida Angliya, Amerikaga kelib, keyin oʻz yurtida ilmiy tadqiqot olib boradi va izlanishlari natijalarini ingliz tiliga tarjima qilib, oʻz yurtida hamda grant ajratgan davlatda muhokamadan oʻtkazadi. Shuningdek, tarjimachilik sohasidayam xuddi shunday amaliyot mavjud. Davlatimiz tomonidan oʻzbek tili va adabiyotini xorijda targʻib etgan millati oʻzbek boʻlmagan xorijlik tarjimon va tadqiqodchilarga grantlar ajratilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi.

 

Akmal TOSHYeV,

jurnalist:

Koʻplab tanqidiy chiqishlarga qaramay, koʻchalardagi yorliqlarda xato va juda gʻaliz jumlalarni xohlagancha topish mumkin. Eng achinarlisi, idoralararo rasmiy yozishmalarda ham koʻplab xatolar uchrab turadi. Oliy maʼlumotli rahbar, mutaxassislarning davlat tilida ravon yoza olmasligini qanday tushunish mumkin? Bu holatga jiddiy chora koʻrish vaqti kelmadimi?

– Haqiqatdan ham, yorliqlar, reklama va eʼlonlar matnidagi xatoliklar xususida koʻp gapiryapmiz. Afsuski, buni inkor eta olmaymiz.

Ushbu xatoliklar kelib chiqishining bir necha sabablari bor. Oʻzbek tilining qoʻllanish doirasi ancha kengaydi, ammo tildan foydalanuvchilarda tilning mavjud ilmiy meʼyorlarini bilish darajasi sustligicha qoldi. Matnlar, asosan, kompyuterda teriladi, ammo unda yaxshi ishlash koʻnikmasiga ega boʻlgan hamma mutaxassis ham tilning ilmiy meʼyorlarini puxta oʻzlashtirgan emas. Imloviy xato bilan yozilgan reklama mamlakat, millat va madaniyatimizga dogʻ tushirish bilan tengligini hamma ham anglab yetavermaydi.

“Davlat tili haqida”gi qonunning 7-bandida “Davlat tili rasmiy amal qiladigan doiralarda oʻzbek adabiy tilining amaldagi ilmiy qoidalari va normalariga rioya etiladi”, deb qatʼiy belgilab qoʻyilgan. Milliy tildan foydalanuvchi doiralarda til meʼyorlari buzilganda, ostiga qizil chiziq tortib toʻxtatadigan, oʻrni kelganda, javobgarlikka tortadigan boʻlimlar tashkil qilish vaqti yetdi. Zero, ona tilimizning bugungi mavqei ham shuni talab etmoqda.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti qoshida “Lingvistik ekspertiza, tarjima va tahrir” markazi tashkil etilyapti. Markaz bevosita shunday muammolarga barham berish masalalari bilan shugʻullanadi.

 

Mahkamtosh QODIROVA,

pensioner:

Bolaning kitobni sevishida adabiyot oʻqituvchisining oʻrni katta. Baʼzan 3-4 oylik qayta tayyorlash kurslarini bitirgan oʻqituvchilar ham ona tili va adabiyot fanlaridan dars bermoqda. Surishtirib koʻrsangiz, na jahon adabiyoti, na mumtoz adabiyotimizdan biror asarni oxirigacha oʻqigan. Abdulla Qahhor taʼrifi bilan aytsak, “nafis adabiyot muallim”lari maktablarni egallamasligi uchun nimalar qilishimiz kerak?

– Bola, eng avvalo, kitobxonlik tarbiyasini oiladan olishi zarur. Buning uchun ota-ona har tomonlama maʼnaviy shakllangan boʻlishi kerak. Bolaga yoshligidan ertaklar oʻqib berish unda kitobga boʻlgan muhabbatni paydo qiladi. Bugungi shiddatli zamonda kitobga munosabat biroz susaygandek, nazarimda. Insonni saodatga eltuvchi, yoʻllarini charogʻon qiluvchi, jaholatdan qutqaruvchi kuch bu – kitob.

Adabiyot oʻqituvchisining asosiy vazifasidan biri – oʻquvchini kitobxonlikka oʻrgatishdir. Oʻqituvchi bu masalada ajdodlarimizning hayotidan namunalar keltirib, kitobning qimmati, uning inson ongiga koʻrsatadigan maʼnaviy taʼsiri haqida koʻp va xoʻp gapirishi zarur. Oʻquvchilarni badiiy asarlar oʻqishga qiziqtirishi, ularni tahlil qilishga oʻrgatishi kerak. Oʻqituvchining oʻzi kitobxon boʻlmasa, bunga erishish qiyin. Kitob oʻqimagan oʻqituvchi “nafis adabiyot muallimi” boʻlib qolaveradi.

 

Norposhsha ALLAMOVA,

ona tili va adabiyot oʻqituvchisi:

Til haqidagi qonunga amal qilinishining nazorati qaysi organga yuklatilgan? Yaʼni, tilimizdagi muammolar yuzasidan javobgarlik kimning zimmasida?

– “Davlat tili haqida”gi qonunga amal qilinishi umumiy tarzda vazirliklar va taʼlim muassasalari tomonidan nazorat qilinadi. Ammo, afsuski, biror tashkilot bu borada javobgarlikni oʻz zimmasiga oladi, deb ayta olmaymiz.

 

Nozim TOʻRAYEV,

filolog:

Alisher Navoiy asarlari oldingi asrlarda hech qanday izoh va sharhlarsiz oʻqib-tushunilgan. XX asrning soʻnggi choragi va XXI asrda Navoiy asarlarining nasriy bayoni va osonlashtirilgan shartlari paydo boʻldi. Bunga sabab nima? XXI asrga kelib bizning ong-tafakkurimiz Navoiyni tushunmaydigan darajada qashshoqlashib ketdimi yoki…

– Alisher Navoiy asarlari oldingi asrlarda hech qanday izoh va sharhlarsiz oʻqib-tushunilgan, deb aytish u qadar toʻgʻri emas. Chunki Navoiy hali tiriklik paytidayoq uning asarlariga lugʻat ishlangani Navoiyni anglash va tushunish oʻz davridayoq murakkab boʻlganini anglatadi. Navoiyning oʻzi ham qitʼalaridan birida asarlari koʻlami va falsafiy maʼno teranligi haqida, uni xalq oʻqib ado qila olmasligi haqida shunday yozgan edi:

Ey Navoiy, soʻz ila oncha guhar sochtingkim,

Bahru kon kirdi qaro yerga sening kilkingdin.

Biriga yo oʻniga yo yuziga yo mingiga

Degay el, naylagay ortuq esa ellik mingdin.

 

Muhabbat XOʻJAYEVA,

ona tili va adabiyot oʻqituvchisi:

Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini mukammal deb hisoblaysizmi? Uning qanday muammo va kamchiliklari bor?

– Kishilarning yozma savodxonligi darajasini oshirishda alifboning mukammal boʻlishi juda katta ahamiyatga ega. Nazarimda, bugungi kunda mazkur alifboni yanada mukammallashtirish davr talabiga aylandi. Bu alifbodagi ayrim ziddiyatli holatlar bilan bogʻliq. Misol uchun:

  1. Lugʻat boyligimizdan oʻrin olgan jurnal, jirafa kabi oʻzlashma soʻzlardagi j tovushini yangi alifboda ifoda etishning imkoni yoʻq. Bu tovush j harfi bilan yozilsa, talaffuz va imloda ziddiyat kuzatiladi. Bu esa savod chiqarayotgan oʻquvchilarda noqulaylik tugʻdirmoqda.
  2. Alifboda – ng burun tovushi uchun maxsus harf berilmagan. Bu holat ayni tovushni soʻz tarkibida yonma-yon kelgan n va gtovushlaridan farqlanmasligiga sabab boʻlmoqda. Shu bois oʻquvchilar dengiz, koʻngil kabi soʻzlardagi – ng harfiy birikmasini ikki tovush tarzida tushunib, bu soʻzlarni boʻgʻin koʻchirishda qoʻpol xatoga (den-giz, koʻn-gil tarzida) yoʻl qoʻymoqda. Vaholanki, bir tovushni ifoda etuvchi – ng harfiy birikmasi boʻgʻin koʻchirishda bir-biridan ajratib yozilmasligi kerak. Umuman, alifboda tovushlarni harfiy birikma tarzida qayd etish masalasini jiddiy oʻylab koʻrish kerak.

Bunday misollarni yana davom ettirish mumkin. Bir soʻz bilan aytganda, amaldagi alifboga asoslangan imlo qoidalarimizni qayta ishlab chiqish muhim va ayni kunda zaruriy ehtiyoj hisoblanadi.

 

Shohida JOʻRAYEVA,

oʻqituvchi:

Yangi alifboga 2010 yilning 1 sentyabriga qadar toʻliq oʻtiladi, deb eshitgandim. Lekin hali ham lotin yozuviga toʻliq oʻtganimiz yoʻq. Buning ham oʻziga yarasha sabablari bormi?

– Haqiqatan ham, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga toʻliq oʻtishning muddati 2010 yilning 1 sentyabri etib belgilangan. Hozirgacha maktabgacha taʼlim, oʻrta taʼlim va oliy taʼlimda bu alifboga oʻtib boʻlindi. Ammo katta yoshdagilar orasida mazkur alifbo ham, kirill alifbosi ham qoʻllanib kelinmoqda. Lekin buning jiddiy tashvishga sabab boʻladigan joyi yoʻq. Ilgari, yaqin oʻtmishimizda kirill alifbosiga oʻtish oʻsha davr siyosatiga koʻra, birdaniga amalga oshirilgan, hammaning birdaniga kirill alifbosiga oʻtishi majburiyat qilib qoʻyilgan. Bunda katta yoshdagilar muayyan qiyinchiliklarga roʻbaroʻ boʻlgan. Bugun bunday yoʻl tutish unchalik ham maqsadga muvofiq emas, albatta.

Alohida taʼkidlash lozimki, bir alifbodagi harflarning qanday tovushni ifodalashini bilishning oʻzi hali bu yozuvni toʻliq egallab boʻlganini bildirmaydi. Odamda yangi alifboda yozilgan soʻzni harflab emas, balki butunicha, yaxlitligicha oʻqiy olish koʻnikmasi shakllangandagina bu alifbo oʻrganib boʻlingan hisoblanadi.

 

Mohinur NASIMOVA,

musahhih:

Baʼzi soʻzlar lotin yozuvida boshqacha, kirill yozuvida boshqacha yoziladi (xom ashyo – xomashyo, moʻjiza – mo‘jiza, temir yoʻl – temiryo‘l, byudjet – budjet). Bu chalkashliklar xatoliklarga sabab boʻlmaydimi? Bir xillashtirish mumkinmi?

– Hamma soʻzlarni ham lotin va kirill alifbolarida bir xil yozilishini talab qilish unchalik toʻgʻri emas. Bu alifbolar bir-biridan tamoman farqli yozuvlardir. Buning ustiga, bora-bora kirill yozuvi amaliyotdan chiqib ketadi, oʻrganuvchiga kirill “etalon” boʻlmay qoladi. Shuning uchun ham kirillda qanday boʻlsa, lotinda ham shunday yozishga urinish maqsadga muvofiq boʻlmaydi. Siz qayd etgan xom ashyo, temir yoʻl kabi qoʻshma soʻzlarni lotinda xomashyo, temiryo‘l tarzida yozishni qoidalashtirish til tabiatiga muvofiq keladi. Moʻjiza soʻzini lotin yozuvida balki tutuq belgisisiz yozishni qoidalashtirishni oʻylab koʻrish joiz. Goʻyoki mazkur qoidada harfdagi qoʻshimcha unsur tutuq belgisiga yaqin boʻlgani uchun oʻxshash belgilar takroridan qochishga harakat qilinganday koʻrinadi. Albatta, bu ilmiy yoki asosli yechim emas; budjet soʻzining yozilishini ham oʻylab koʻrish maqsadga muvofiq. Universitetimizda tuzilgan maxsus ishchi guruh shunday takliflarni tayyorlash borasida ish olib bormoqda. Bunda sizning takliflaringiz ham, albatta, inobatga olinadi.

 

Shoira AKBAROVA,

talaba:

Kirill yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida s harfi bor. Oʻzbeklar, qoraqalpoqlar uchun bu tovushni aytish muammo emas. Lekin lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida bu harf koʻzda tutilmagan. Axir, s tovushiga ehtiyoj bor-ku.

– Ushbu savol oʻzbek tili imlosidagi dolzarb mavzulardan biri hisoblanadi. Darhaqiqat, s undoshi bilan bogʻliq soʻzlarning zarur oʻrinlarda notoʻgʻri qoʻllanilayotgani oʻquvchilarni chalgʻitmoqda. Masalan: s undoshi oʻrniga qoʻllanilayotgan lotin imlosidagi ts harf birikmasi baʼzi oʻrinlarda oʻzini oqlamaydi – ssenariy, biotsikl, biotsentr, sirkul va hokazo. Milliy talaffuzimizdan kelib chiqqan holda imlo qoidalariga s undoshi bilan bogʻliq oʻzgartirish kiritilishi rejalashtirilgan.

 

Dilroz ABRAYEVA yozib oldi.

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/suhbat/til-meyorlari-buzilganda-javobgarlikka-tortish-vaqti-yetdi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x