Sukutdan ortiq soʻzlar

Baquvvat tomirlarga ega zamonaviy oʻzbek sheʼriyati hamon oʻzining asl manbalaridan oziqlanib-boyib kelmoqda. Bugungi kunda chogʻdosh shoirlarimiz ijodi alohida kitoblardan tashqari vaqtli nashrlar – “Sharq yulduzi”, “Tafakkur”, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Kitob dunyosi” singari jurnal va gazetalar orqali oʻquvchilar eʼtiboriga havola etilayotir.

Soʻzsevarlar oʻz ijodi namunalarini sahifalarida koʻrishga intiq kamsonli shunday jurnallardan biri “Yoshlik”dir. Ushbu jurnal garchi iqtisodiy jihatdan gullab-yashnab ketmagan, aksincha, yaltiroq muqovali bozorbop nashrlarga qaraganda ancha kamtar koʻrinsa-da, oʻzining asl maqsadiga sodiq qolaroq faoliyat yuritayotganini taʼkidlash joiz. “Yoshlik”ning “Nazm”, “Birinchi uchrashuv”, “Nevarakulcha” kabi ruknlari turfa janrlarda qalam tebratayotgan sheʼriyatimizning turli avlodiga mansub ijodkorlarga minbar boʻlmoqda. Jumladan, oʻtgan yili jurnal sahifalarida elga tanilgan, oʻz uslubini topgan-topayotgan shoirlar bilan birga endigina soʻzini qogʻozga ishona boshlagan navrasta ijodkorlarning ham asarlari eʼlon qilindi.

Soʻz zalvorini his qilgan odam uchun sheʼr teran mohiyat, koʻngilning yasama, soxta emas, rost soʻzidir. Zotan, qolipga tushmaydigan tuygʻular, oʻlchovga boʻy bermaydigan hislar ifodasigina chin sheʼr sanaladi. Binobarin, haqiqiy shoir soʻzni isrof etmaydi, uvolidan qoʻrqadi, baayni qalamtaroshning ishi uchun boltani ishga solmaydi, yosh shoir Behzod Fazliddin satri bilan aytganda esa, “soʻzlasa sukutdan baland soʻzla”ydi. Jurnalda eʼlon qilingan uygʻoq koʻngil manzaralari, maysadagi shudringday sof, goʻdakning kulgisidek tiniq tuygʻular tasviri, goh ogʻriqli, gohida zavqli kechinmalar diagrammasi nozik aks etgan, tarovatli sheʼrlar mutolaasi buning tasdigʻidir.

“Yoshlik”ning 2012 yildagi ilk sonida eʼlon qilingan Ikrom Otamurod sheʼrlari shoirning hamon dunyoni falsafiy anglash, “kangul” kengliklarini oʻziga xos tarzda tasvirlash yoʻsiniga sodiqligini koʻrsatdi.

 

Daryoday oqar ichimda dard,

Dard ichimda qurir daryoday.

 

Dardning oqishi va qurishi bir-biriga qanchalik zid boʻlsa, iztirobda, qiynoqda qolgan qalb ogʻriqlarini ifodalashda shunchalik uyqashdir. Faqat avvalgi satrdagi dard azobning koʻlamini, ikkinchi qatordagisi azobning darajasini ifodalaydi. Soʻz maʼnolari tovlanishini teran his qilgan shoir tuygʻularning zoʻriqqan manzarasini chiza biladi. Jumladan:

 

Qoyaday oʻsar ichimda dard,

Dard ichimda choʻkar qoyaday

yoki

Daraxtday yashnar ichimda dard,

Dard ichimda chirir daraxtday

satrlarida “oʻsar”, “choʻkar”, “yashnar”, “chirir” soʻzlari bir-birini rad etmaydi, balki dardning shakli haqidagi tasavvurlarni yanada boyitadi. Muallif esa kontrastlik orqali tasvirning yorqinroq boʻlishiga, xotiradan mahkamroq joy olishiga erishadi.

Shoirlarimiz ijodiga ser solib qaragan odam ularni bugun ijtimoiy muammolar tashvishidan koʻra insonning ichini tirnayotgan qirindilar koʻproq qiynoqqa solayotganiga amin boʻladi. Insonning oʻzi haqida oʻylashi-fikr yuritishi oʻzlikni topish bobidagi ilk qadamdir. Zotan, “Oʻzini tanigan Haqni taniydi” hadisiga muvofiq, odam dastlab oʻzini taftish qila bilmogʻi lozim. Shu maʼnoda ijodkorlarning bir zamonlardagiday “yaxshi odam qanday boʻlishi kerak”, “yomon odamni qay tarzda tanish mumkin”, “Vatanni nechogʻlik sevmoq lozim” deganga oʻxshash nasihatlardan yiroqlashib, Insonni tanish, tushunish, anglashga intilayotgani diqqatga molikdir. Albatta, ezgulik va yovuzlik, muhabbat va nafrat, Vatanni sevish, onani eʼzozlash singari fazilatlar hech qachon oʻz qimmatini yoʻqotmaydi (qolaversa, bularning hech biri shoir shaxsiyatidan yiroqda emas). Bu yerda gap, yaxshilikni yalangʻoch tashviq qiladigan zoʻraki qofiyali bitiklardan koʻra ezgulikning koʻngildagi ifodasi tasviri taʼsirliroq va samaraliroqligi xususida bormoqda. Misol uchun, kutgani kelmayotgan, koʻzlari eshikka toʻrt boʻlib qadalgan odam iztirobini Muhayyo Rustam qizi (1-son) shunday tasvirlaydi:

 

Jimgina tikilar deraza,

Eshik hozir yigʻlasa kerak

(koʻzlarim teshib yubordi uni).

Choyshab ingranadi, yostiq xoʻrsinar,

Toʻrt devor qilt etmas.

Jimlik choʻkkan uy.

…SOʻZ YOʻQ.

 

Bu oʻrinda lirik qahramon deyarli eslanmayapti, uni nima iztirobga solayotgani ham izohlanmayapti, biroq qahramonning tevaragidagi narsa-buyumlar holati (jimgina tikilayotgan deraza, yigʻlab yuborguday eshik, ingrayotgan choyshab, xoʻrsinayotgan yostiq, qilt etmas devor, jimlik choʻkkan uy) tufayli tasavvurimizda aniq-taʼsirchan manzara hosil boʻlmoqda. Chunki shoira oʻz holicha sogʻinch tuygʻusiga daxldor hech qanday maʼno anglatmaydigan narsa-buyumlarga kutilmagan mazmun yuklay olgan.

Yoki yana bir shoiramiz Sayyora Salayevaning (4-son) “Yashashga oʻrgatdi meni qaygʻular” tarzidagi iqrori baxt va baxtsizlik kabi tushunchalar aslida “ellikka-ellik” tarzida teng taqsimlanmagani, fikrchan inson hayotida unisi bunisining ichida va aksincha yashashini koʻrsatadi. Sayyoraning “Tunlarim hoʻl boʻlar, Har tongda quyoshga ilaman” yoki Munavvara Qurbonboyevaning (11/12-son) “Nafas olmay turar tegramda turmush, Vaqtning oyogʻi shol, quloqlari kar”, Jumagul Suvonovaning (9-son) “Noilojlik ichra iloj qidirib, Qayta toʻldirmoqchi boʻlaman dilni. Buning uchun avval yuvib, tozalab, Oftobda quritish kerak koʻngilni” yoxud Behzod Fazliddinning (7/8-son) “Yillar oqib ketdi – yuzlari soʻlgʻin, Taʼmini yoʻqotgan tuygʻular taxir” singari misralari yosh ijodkorlarning tuygʻularni nozik idrok etishi, oʻzgacha nazari borligidan dalolatdir.

Hazrat Alisher Navoiy haqiqiy oshiq-maʼshuqlik behad taʼsirchan, yolgʻon niqoblardan xoli, hissiyoti choʻng, tuygʻulari teran boʻlishini “Boʻlsa ikkimizning yuzimiz aksi suvda paydo, Ul suv qay taraf borsa, ochilgay guli raʼno” tarzida ifodalagan edi. Yaʼni, mahbubaning dilbar chehrasi va oshiqning gʻamgin qiyofasi akslangan suvdan oʻzgacha (maʼshuqa va oshiqqa mos!) gul – bir yaprogʻi qizil, yana biri sariq boʻlgan raʼno guli ochilmoqda… Shoira Kumush Oʻsarova ham (4-son) tevarakka boqib, boshqalar koʻrayotgan, lekin payqamayotgan jihatlarni ilgʻaydi, ulardan maʼno topadi:

 

Men yomon tush koʻrdim. Oʻsha muhabbat

Uchuqdayin toshib chiqdi labimga.

yoki

Tushimni aytsam gar oqar suvlarga,

Uchuqlardan toshib ketadi ariq…

 

Sharqona nazarga koʻra, bosinqirab uygʻongan kishi tushining roʻyobga chiqmasligini istab suvga koʻngil yoradi. Yuqoridagi sheʼrda javobsiz muhabbatdanmi yoxud bevafo yordanmi zada dil alamli sevgisining roʻyoga evrilishi, tushga aylanib qolishini istamoqda. Biroq yurakni zabt etgan tuygʻuni unutmoq osonmas, har eslanganda koʻngil behalovat boʻladi, kemtik qalb simillab ogʻriydi… Momolar oʻgitiga amal qilgan qiz tushini suvga aytsa, iztirob “yuqib”, ariq ham “uchuqlardan toshib ketadi”…

Darhaqiqat, olam va odamni jism koʻzi bilan emas, koʻngil koʻzi orqali koʻradigan ijodkor boshqalar sezmagan qirralarni payqashi, oʻzgalar eshitmagan ohanglarni tinglashi muqarrardir. Voqean, shu ohanglarni ilgʻagani uchun ham u ijodkordir. Azim Suyun “Qayga keldim” sarlavhali sheʼrida yozadi (2-son):

 

Koʻzlarimda ohanglar oqar,

Taram-taram shoyi ohanglar.

Shomgi, tonggi oyli ohanglar,

Ohanglar yo afsungar ranglar?

Koʻzlarimda ranglarmi oqar?

 

“Poetik mogikan” (professor Qozoqboy Yoʻldoshev taʼbiri)ning idroki oʻquvchini-da hushyor torttiradi, oʻziga, koʻrayotganlariga eʼtiborliroq boʻlishga chorlaydi. Sheʼrni oʻqigan jurnalxon shunga amin boʻladiki, ehtimol, moddiy jismlarning yolgʻiz sirtiga boqishga odatlangan nigohining quvvatini yanada oshirsa – ichdan chuqur nazar solsa, koʻrayotganlari zamirida-ortida oʻzga – jozibaliroq-sirliroq maʼnolar ham mavjuddir, balki asl haqiqat shundadir…

Shoiralarimizdan Xosiyat Bobomurodovaning “Bahor” sheʼri (3-son) tabiatga yovuq insonning kechinmalarini koʻrsatishi jihatidan eʼtiborlidir.

Buncha nozik, mitti gʻunchalar,

Qanday qilib ochilar, kular?

Balki uning jasoratini

Toʻlgʻoq tutgan onalar bilar.

Qirgʻoqlarga sigʻmay toshar suv,

Shivirlaydi yashil yaproqlar.

Turnalarning qaytganin koʻrib,

Vujudimga kirar titroqlar.

 

Tabiat yuragining dukurini dil-dilidan his etayotgan odam uchun har narsada ibrat bordir. Darhaqiqat, mitti gʻunchalarning ochilishi – “koʻz yorishi” ikkinchi hayotni dunyoga keltirgan ona misol hayratli emasmi? Bejiz “turnalarning qaytganin koʻrib” vujudida titroq sezmaydi qahramon: u tabiatga monand uygʻonadi, yashaydi.

Oʻtnafas shoir Shavkat Rahmon “Oʻlim birlashtirar begonalarni, odamlar bir yoqdan yigʻila kelar, bir koʻzdan tikilar “jabrlangan”ga, faqat bir yurakdan yigʻilar kelar”, deya mamot masalasiga oʻzgacha koʻz bilan qaragan edi. Abdusaid Koʻchimovning “Qismat” sheʼrida bu “jabrlanish” yanada boshqacha talqin etiladi (5-son):

 

Qismat tirigida qilmadi vafo,

Mana, niyatiga bugun yetishdi:

Xaloyiq uyidan qabrgacha to,

Yelkada koʻtarib ketishdi.

 

“Yoshlik” jurnali “Birinchi uchrashuv”, “Nevaralkulcha” ruknlari orqali ijodga endi kirib kelayotgan, sheʼriyat olamida tetapoya boʻlayotgan yoshlarimizning izlanishlariga ham imkon beradi. Katta yoshli ijodkorlarimizning qadami har xil boʻlgani singari ilk uchrashayotganimiz yosh shoir va shoiralarimizning ham odimi bir xil emas. Biri oʻzini hayajonga solgan voqea-hodisani axborot yoʻsinida bayon qilishga zoʻr bersa, boshqasi qalbida sizayotgan kechinmalarni samimiy ifodalashga urinadi.

 

Maysalarni erkalab yomgʻir,

Bagʻriga moʻl umidlar soldi.

Ona zamin koʻrsatib borin,

Goʻzallikni kaftiga oldi.

(Sarvar Yusupov, 2-son)

 

Chindan ham, bahor kelganida uygʻongan zamin bor davlatini namoyon qiladi – xuddi kaftida tutadi. Yomgʻirning maysalarni erkalashi, bagʻriga moʻl umidlar solishi jaydari, ayni vaqtda hayotiy mantiqqa muvofiq tasvirlar hayajoni oʻquvchiga ham oson yuqadi… Yoki Isomiddin Poʻlatning “Ona” sheʼrida (2-son) volidasining qiyofasi huzurida yolvorayotgan farzand kechinmalari ifodalanadi. Onaning nurli chehrasidan bola qanchalik halovat topsa, bolalik sabab oʻzining onaga yetkazgan ozorlaridan shunchalik halovatsizlikka duchor boʻladi.

 

Senga termilaman,

Goʻyo poklanadi borligʻim.

Koʻzlaringga boqib,

Yuzlaringga boqib,

Sochlaringga…

Ohlaringga…

Ajinlaringga…

Boqqanimda, termilganimda,

Yuragimni oladi chaqib,

Jon-a!

Ona!

 

Afsuski, jurnalda eʼlon qilingan sheʼrlarning hammasini ham, ayniqsa, yoshlarning mashqlarini birdek takomiliga yetgan deb boʻlmaydi. Balandparvoz shiorlarni, hammaga maʼlum haqiqatlarni qofiyaga solsa sheʼr boʻladi deydiganlar yoʻq emas. Ularning bitganida aytilaverib siyqasi chiqqan gaplar nasihat maqomida takrorlanadi. Bunday bitiklar tuygʻusizligi sabab oʻquvchining yuragiga yetib bormaydi, sukutdan yuksak boʻlmagani uchun ora yoʻlda sarson qolib ketaveradi…

Aslida, sheʼrni izohlab boʻlmaydi. Yuqorida bayon etilganlar ham mutolaa soʻngidagi oʻy-fikrlar, shaxsiy mulohazalar, xolos. Qolaversa, kattagina jurnal yil boʻyi eʼlon qilgan nazmiy asarlar tahlilini bittagina maqola doirasiga sigʻdirish gʻoyatda mushkul ish. Biz esa, oʻquvchi sifatida shunga amin boʻldikki, yangi asr oʻzbek sheʼriyati tobora boyib-oʻsib bormoqda.

 

Otabek SAFAROV

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 3-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/sukutdan-ortiq-sozlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x