Soyalar oʻyini

Hermann HESSE

 

Keng sahniga yarqiroq tosh yotqizilgan qasrning ulkan derazalari Rayn daryosi va qamishzor botqoqliklar hamda qoʻgʻazorlar, oʻtloqlar va suvli bahavo bir maskan tarafga qaragan, muallaq egik nafis toqi yangligʻ choʻzilib ketgan koʻkimtir oʻrmon togʻlari uzra bulutlar karvoni suzib yurar, olisdan katta-kichik qasrlar va qoʻrgʻonlar fyon* shamolida goʻyo yengil tebrangandek, oqarinqirab koʻzga tashlanadi. Ulkan binoning old qismi ohista oqayotgan suv yuzida xuddi shoʻx juvondek oʻynoqlab, tovusday tovlanadi. Atrofdagi turli xil manzarali butalarning och yashil tusdagi shoxlari suvga tegib osilib yotar, qasr devori tevaragida esa oq rangga boʻyalgan koʻngilochar gondola (Venetsiya qayigʻi – tarj.)lar yengil chayqalib turardi. Qasrning ana shu ochiq kungay tarafida hozir hech kim yashamasdi. Baronessa ketib qolganidan buyon xonalar huvillab yotar, faqatgina eng kichik hujrada hamon shoir Floribert istiqomat qilardi. Xonim oʻz eri va saroy shaʼniga dogʻ tushirib gʻoyib boʻlgan, endi uning ilgarigi koʻp sonli quvnoq ahli-aʼyonlaridan, oq rangli gondolalar-u kamgap, kamsuqum shoirni hisobga olmaganda, deyarli hech qanday nom-nishon qolmagandi.

Qasr sohibi oʻsha baxtsizlik sodir boʻlgan paytdan beri binoning orqa tomonida yashardi. Bu yerda qadimgi rimliklar zamonidan qolgan yolgʻiz, ulkan minora torgina hovliga soya tashlab turar, devor qorayib, nam tortgan, derazalar past va ensiz, serkoʻlanka, rutubatli hovli keksa zarang daraxtlari, azim teraklar va qoraqayinlar oʻsib yotgan qorongʻi xiyobonga tutashib ketgandi.

Shoir kungay tarafda, sokin tanholikda osoyishta umr kechirardi. U qasr oshxonasida tamaddi qilar, baronni baʼzan bir necha kun davomida ham koʻrmas edi.

– Biz bu qasrda xuddi soyalardek umrguzaronlik qilamiz, – dedi shoir bir kuni uni koʻrgani kelgan yoshlikdagi doʻstiga. Doʻsti esa oʻlik chiqqan uydek befayz, yoqimsiz bu xonadonda arang bir kun turib, joʻnab ketdi. Floribert bir mahallar baronessaning ulfat-joʻralari uchun masallar toʻqigan va oshiqona qofiyalar bitgan, biroq bu quvnoq xonadonga koʻz tegib, putur yetgach, endi hech kimga kerak boʻlmay qolgandi, shunday boʻlsa-da, undagi kamtarona qalb, kamsuqum koʻngil dunyo kezib, tirikchilik koʻchalarida sarson-sargardon tentirashdan koʻra mana shu gʻamgin, fayzsiz saroydagi tinchgina yolgʻizlikni afzal deb bilardi. U anchadan beri sheʼr ham yozmay qoʻygan. Daryo boʻylab kunbotish tarafdan shamol esgan paytlar, sargʻaygan qamishzorlar orasidan koʻzga tashlanayotgan olis koʻkish togʻlar tizmasi hamda bulutlar karvonini koʻzdan kechirgan va kechalari qadimiy xiyobondagi keksa, daroz daraxtlar allasini tinglagan chogʻlarida u beixtiyor uzun sheʼrlar toʻqir, biroq ularda hech qanaqangi soʻz boʻlmas va hech qachon qogʻozga ham tushirolmas edi. Ana shunday sheʼrlardan biri “Tangri nafasi” deb atalib, janubning iliq shamoli haqida soʻylardi, yana boshqasining nomi esa “Ruhiy dalda” deb atalgan va rang-barang koʻklam chechaklariga bagʻishlangan edi. Afsuski, Floribert bu ashʼorlarni na oʻqiy va na kuylay olardi, chunki ular soʻzsiz edi, biroq muttasil xayolan oʻylar, ayniqsa, kech kirishi bilan ularni chuqur his eta boshlardi. Qolgan paytlarda esa uning kunlari koʻpincha qishloqda oʻtar, u yerda sargʻish-oq sariq sochli bolachalar bilan oʻynab-kulishar yo boʻlmasam yosh ayollar yoki bokira qizlar oldida ularni xuddi saroy xonimlariga oʻxshatib, boshidan shlyapasini olar, taʼzim qilib, koʻpchilikni kuldirardi. Agnes xonim, ha, goʻzal Agnes xonim, sohibjamol, mashhur Agnes xonim uchragan kunlar esa uning uchun eng baxtiyor damlar hisoblanardi. Unga duch kelib qolsa bormi, taʼzim bajo aylab, quyuq salom berar, goʻzal ayol esa alik olib, uning xomush va parishon yuz-koʻzlariga birrov nazar tashlab, jilmayganicha yonidan bamisoli quyosh nuriday “lip” etib oʻtib ketardi.

Agnes xonim bir paytlar kavaler (oshiq, xushtor – tarj.) baronlarga qarashli boʻlgan, oʻt bosib, qarovsiz yotgan qasr xiyoboniga tutash uyda yolgʻiz oʻzi yashardi. Uning otasi oʻrmonchi boʻlgan va bu uyni unga maʼlum bir xizmatlari evaziga hozirgi xoʻjayinning padari buzrukvori hadya etgan edi. Juda erta erga tegib, turmushi buzilib, yosh beva sifatida uyga qaytgach, otasining vafotidan soʻng u bir choʻri xotin va koʻzi ojiz xolasi bilan birga ana shu huvillagan uyda istiqomat qilardi.

Agnes xonim odmi boʻlsa-da, biroq har doim yangi, nafis rangli, chiroyli koʻylaklar kiyib yurguchi edi. Yuz-koʻzlari ham xuddi qizlarnikidek hamon yosh va goʻzal koʻrinar, toʻq jigarrang patila sochlari ilonday toʻlgʻanib, ketvorgan qaddi-qomatiga oʻzgacha husn bagʻishlardi. Baron uni oʻz xotini isnodga qoldirib, tashlab ketmasidan burun zimdan yaxshi koʻrar, mana endi u sohibjamol ishqida otash boʻlib yonardi. Ertalab uni oʻrmonda uchratdi-yu, tinchi yoʻqoldi, kech tushishi bilan qoʻyarda-qoʻymay qayiqqa oʻtqazib, oʻzi bilan toʻqayzordagi qamish kapaga olib ketdi. Nihoyat, erta oqarayotgan dagʻal soch-soqol doʻndiq chehraga suykalib, ovchiga xos qattiq va berahm qoʻllar nozik-nafis barmoqlar bilan oʻynashdi…

Agnes xonim dam olish kunlari muntazam cherkovga borar, toat-ibodatdan soʻng gadoylarga sadaqa ulashardi. Shu kuni u qishloqdagi kambagʻal, beva-bechora xotin-xalaj holidan ham xabar olar, ularga poyafzallar inʼom qilar, bichish-tikish ishlarida yordamlashar, nabiralarining sochlarini tarab qoʻyar va ketayotib shu zayl kulbalarda Xudoning suygan bandasi yangligʻ, aziz-avliyo kabi oʻzidan yoqimli taassurotlar qoldirardi.

Yashirib nima qildik, goʻzal Agnes xonimga barcha erkaklarning ham koʻngli sust ketardi. Kimki agar oʻziga yoqsa va belgilangan vaqtda kelsa, unga nainki qoʻlini oʻpishga, balki aqiq lablaridan qaynoq boʻsa olishiga ham izn berardi, qaysiki yigitning qaddi-qomati kelishgan, omadi chopgan boʻlsa, tunda sezdirmay oyimchaning oldiga deraza oshib tushishga ham haddi sigʻardi.

Buni hamma, hatto baron ham bilardi, biroq goʻzal ayol parvoyi palak, bokira qizlarga xos iboli nigoh-la oʻz yoʻlida davom etar, koʻrinishdan uni hech qanday erkak zoti yoʻldan ozdira olishga qodir emasdek tuyulardi goʻyo. Goho yoʻlida nogoh yangi maʼshuq paydo boʻlar, xuddi erishib boʻlmaydigan goʻzallik yangligʻ ehtiyotkorlik bilan koʻnglini ovlar, uni oʻziga maftun eta olganidan masʼud gʻururga toʻlib, boshqa erkaklar oldida oʻzida yoʻq shodlanardi. Ayol yashaydigan uy maʼyus, gʻamgin, gʻira-shira xiyobonning bir chekkasida joylashgan, xuddi oʻrmon ertagi kabi tanho bu makon hamisha yam-yashil boʻlib oʻsadigan atirgul bilan qoplangan edi. U bu uyga bamisoli yozda tong mahal ochilgan qirmizi atirgulday yashnab kirib-chiqarkan, bolalarga xos yuz-koʻzlaridagi sof goʻzallik yanada tiniqroq jilva qilar, chambar qilib oʻrilgan sochlari har qadamda tovlanib, koʻzlarni quvnatardi. Qari-qartang, beva-bechora xotinlar uning qoʻllarini oʻpib, duo qilishar, erkaklar boʻlsa quyuq salomlashib, ketidan jilmayib qarab qolishar, bolalar uning ortidan chopib, tilanchilik qilishar, u esa mehribonlik bilan ularning yuzlarini siypardi.

– Hoy, menga qara, nega sen bunaqasan-a? – soʻrardi baron baʼzan, unga qahrli koʻzlari bilan tahdid qilib.

– Men bilan ishing nima? – derdi ayol unga hayronlik bilan boqib, toʻq jigarrang sochlarini oʻrishda davom etarkan.

Shoir Floribert uni hammadan ortiq sevardi. Unga koʻzi tushdi deguncha, yuragi potirlab ura boshlardi. Agar uning haqida biron yomon gap eshitgudek boʻlsa, birdan maʼyus boʻlib qolar, bosh chayqab, ishongisi kelmasdi. Bolalar uni tilga olishganda, xuddi qoʻshiq tinglayotgandek ochilib, yayrab ketardi. Uning xayolot olamidagi eng goʻzal oʻy, his-tuygʻular faqat Agnes xonimga tegishli boʻlardi. Bunda u sevgan va unga goʻzal tuyulgan barcha narsalar, Magʻrib shamolidan tortib, olis moviy kengliklar-u yarqiragan koʻklam chechaklarigacha, barcha-barchasi madad berar, hammasi bir boʻlib, bolalarga xos besamar hayotining butun sogʻinchlari-yu bemaʼni dilkashliklarini mana shu birgina suratga jo etardi.

Yoz endigina boshlangan kezlar edi. Uzoq davom etgan jimjitlikdan soʻng, nihoyat, bir kuni oqshom jonsiz qasrga bir ozgina yangi hayot nafasi kirib keldi. Quloqlarni qomatga keltirib gorn ovozi yangragach, hovlida hashamatli arava jarang-juring qilib toʻxtadi. Qasr sohibining tugʻishgan akasi xos xizmatkori bilan mehmon boʻlib kelgandi. Echki soqolli, askariy koʻzlari gʻazabnok chaqnab turadigan, kelishgan, barvasta boʻyli bu odam har kuni Rayn daryosida suzar, shunchaki ermak, koʻngilxushlik uchun kumushrang baliqchi qushlar – chaykalarga qaratib oʻq uzar, shaharga otda sayr qilib, u yerdan kayfi oshib, mast holda qaytardi. Uyga kelgach, beozor shoirni mazax qilib, jigʻiga tegar, kechayu kunduz shovqin solib, ukasi bilan surishgani-surishgan edi. Uni qil, buni qil, u yoq-bu yogʻingni tuzatib, yaxshiroq yashasang-chi, deya unga oʻzicha ming xil “maslahatlar” berardi. Albatta, unga gapirish oson, chunki oʻzi badavlat xonadonga kuyov boʻlib, boyib ketgan, ukasi – qasr egasi esa kambagʻal edi, buning ustiga umri koʻpincha dardu hasrat, gʻam-alam bilan oʻtgan.

Mehmonning tashrifidan maqsadi koʻproq koʻngil xushi boʻlgan chamasi, birinchi haftadayoq kelganiga pushaymon boʻla boshladi. Uka akasining ogʻzini poylar, biroq u ketish haqida soʻz ham ochmasdi. Buning boisi bor edi – u Agnes xonimni koʻrib qolib, oromini yoʻqotgandi.

Oradan koʻp oʻtmay, goʻzal ayol xizmatkorining egnida yangi koʻylak paydo boʻldi, buni unga albatta, mehmon baron tuhfa qilgan edi. Yana hayal vaqt oʻtmasdan, choʻri xotin xiyobon devori yonida mehmonning shaxsiy xizmatkori qoʻlidan guldasta bilan maktublarni qabul qilib oldi. Bir-ikki kun oʻtib-oʻtmay, mehmon baron oʻrmondagi uychada Agnes xonim bilan uchrashib, uning nozik qoʻlidan, yupqa lablaridan va oppoq boʻynidan oʻpa boshladi… Shundan keyin qishloq yoʻlida sohibjamol ayolni har gal uchratganida boshidan qalpogʻini olib salomlashadigan, u esa oʻn yetti yashar qiz kabi uyalib, rahmat aytadigan boʻldi.

Oradan koʻp vaqt oʻtmadi, bir kuni oqshom mehmon baron oʻzi yolgʻiz xayol surib oʻtirgandi, kutilmaganda daryo boʻylab suzib borayotgan qayiqni koʻrib qoldi. Unda eshkakchi bilan bir ayol ham bor edi. Ular kim boʻldiykin? Afsuski, gʻira-shirada aniq taniyolmadi. Bir-ikki kun oʻtib, sir oshkor boʻldi-qoʻydi. Qoramtirtus Rayn daryosi boʻylab suzib borib, sohildagi qamishzor ortida koʻzdan gʻoyib boʻlganlar… uning oʻz ukasi bilan oʻsha… goʻzal ayol ekan.

Mehmon baron bundan dargʻazab boʻlib, badbin xayollarga berildi. U Agnes xonimni qonundan tashqari deb eʼlon qilingan begʻam, beor shaxs emas, balki aziz va qimmatli maʼshuqa sifatida sevib qolgan edi. Undan har gal boʻsa olganida quvonch va hayratdan oʻzida yoʻq shodlanar, uning xushomadi oldida sof nafosat soʻzsiz taslim boʻlardi. Shuning uchun ham unga boshqa ayollarga qaraganda koʻproq mehr bergan, uni minnatdorlik, hurmat-eʼtibor va iltifot ila ogʻushiga olgan paytlari boʻz yigitlik chogʻlarini eslagan boʻlsa ne ajab. U nobakor boʻlsa… Baronning gʻazabdan koʻzlari yondi, bir tutam soqolini yamlab, tishlarini gʻijirlatdi.

Boʻlib oʻtgan bu voqealardan, saroyda yuzaga kelgan xavf-xatardan butunlay bexabar shoir Floribert esa tinch-osoyishta hayot kechirishda davom etardi. Toʻgʻri, unga mehmon janoblarining goho jigʻiga tegib, qiynashlari yoqmasdi, lekin u bunaqangi narsalarga ilgaritdan koʻnikib qolgan edi. Shoir mehmonga iloji boricha koʻrinmaslikka harakat qilar, butun kun boʻyi qishloqda yoki Rayn daryosi boʻyida – baliqchilar huzurida boʻlar, oqshomlarni esa xushboʻy harorat ogʻushida betizgin xayollar surish bilan oʻtkazardi.

Bir kuni ertalab turib qarasa, saroy hovlisi devoridagi choygul(atirgulning bir turi – tarj.)ning ilk gʻunchalari ochila boshlabdi. U soʻnggi uch yildan buyon har yoz faslida kanda qilmay ana shu noyob atirgul ochildi deguncha, undan guldasta yasab, Agnes xonimning uyi ostonasiga bildirmay qoʻyib kelardi. Mana endi bu yil ham toʻrtinchi bor ushbu kamtarona nomsiz salomdan xonim xursand boʻladigan boʻldi-da…

Xuddi shu kuni tush payti azim qoraqayinlar oʻsib yotgan oʻrmon ichida mehmon baron va goʻzal ayol bir-biri bilan uchrashishdi. Baron maʼshuqasidan kecha va undan oldingi kuni kech oqshom qayerda boʻlganini soʻrab-surishtirib oʻtirmadi. Ayolning xotirjam, beozor kulib turgan koʻzlariga qattiq tikilarkan, unga poʻpisa ohangida dedi:

– Bugun kechqurun qorongʻi tushgach, oldingga kelmoqchiman. Derazangni ochib qoʻy!

– Bugun emas, – dedi ayol mayin ovozda, – yoʻq, bugun emas.

– Men shuni xohlayman, seni qara-yu.

– Boshqa safar, maylimi? Faqat bugun emas, ilojim yoʻq.

– Bugun oqshom kelaman dedimmi, gap tamom. Bugun oqshom yoki boshqa hech qachon, bilganingni qil.

Ayol indamadi, ortiga burildi-da, ketdi.

Kech boʻlishi bilan baron daryo yoqasiga kelib, qorongʻi tushishini kutdi. Sohilda qayiq koʻrinmadi. Shundan soʻng u mahbubasining uyiga yaqinlashdi, butazor orasiga yashirinib, kesma miltigʻini tizzasi ustiga qoʻydi.

Atrof sukunatga choʻmgan, havo issiq. Oq gulli xushboʻy oʻsimlik – yasminning muattar hidi dimoqqa uradi, osmonda muallaq suzib yurgan bulutlar orasidan yulduzlar xira miltirab koʻrinadi. Xiyobon ichida qandaydir qush dam-badam mahzun sayraydi.

Hammayoq qorongʻilik chodiriga burkandi. Shu payt uy burchagida nogoh soya koʻrindi, kimdir oyoq uchida asta yurib kela boshladi. Boshidagi shlyapasini peshonasigacha tushirib olgan, nega bunday qildiykin, axir oʻzi shundogʻam qop-qorongʻi, bunga hojat yoʻq edi-ku. Oʻng qoʻlida guldasta koʻtarvolgan, oq atirgullar xira yiltirardi. Poyloqchi hushyor tortib, miltiq tepkisini koʻtardi.

Nomaʼlum kishi toʻxtab, hadiksiraganday yuqoriga qaradi. Uyning hech qayerida chiroq koʻrinmasdi. Soʻng u eshikka yaqin bordi-da, engashdi va temir tutqichni oʻpib qoʻydi.

Xuddi shu lahzada gumburlab oʻq ovozi yangradi, u to xiyobon ichkarisiga qadar aks-sado berdi. Qoʻlida atirgul tutgan kishi bexosdan tizzalab, shagʻal ustiga chalqanchasiga quladi, yotgan joyida xiyol tipirchilab, soʻng qimirlamay qoldi.

Mergan yashiringan joyidan jilmay, bir oz kutdi, hech zogʻ koʻrinmadi. Chor-atrofga yana sukunat choʻmdi. U yoq-bu yoqqa alanglab, asta yerda yotgan kimsaga yaqinlashdi, uning shlyapasi sal nariga uchib tushgandi. Egilib qaragan edi, shoir Floribertni tanib qoldi.

– Eh, buni qara, ana xolos! – ixrab yubordi u beixtiyor.

Choygullar har tomonga sochilib ketgan, bir dona atirgul marhumning qoniga bulgʻanib yotardi. Qishloq tomonda qoʻngʻiroq bong chaldi. Osmonni oqish bulutlar toʻdasi qopladi. Qasrdagi bahaybat minora goʻyo tik turib uyquga ketgan daroz pahlavonday koʻkka boʻy choʻzib turar, Rayn daryosi asta mavj urib, doimiy qoʻshigʻini kuylardi. Qop-qora xiyobon ichidagi yolgʻiz qush esa to tun yarmidan oqqunga qadar tinmay sayrab chiqdi.

 

Nemis tilidan Mirzaali AKBAROV tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2014 yil 2-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/soyalar-oyini/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x