Oʻzbek sheʼriyatida psixologizm muammosi hali oʻrganilmagan mavzu desak, yoki aniqroq aytganda, chuqur tadqiq etilmagan soha desak yanglishmagan boʻlamiz. Chunki oʻtgan tuzumning hukmron mafkurasi bu kabi yondoshuvlarni nafaqat yoqlamagan, balki, xuddi iqtisodiyotda koʻp ukladli ishlab chiqarishga yoʻl bermagani yoki xususiy mulkka oyoq tirab qarshi turgani singari, adabiyotda ham sotsialistik realizm qobigʻidan tashqari chiqishga ruxsat bermas edi.
Biroq, shuni alohida taʼkidlash kerakki, xalq hayotiga tazyiq bilan kiritilgan taomillar koʻngildan qabul qilinmaydi. Ehtimol, murosa yoʻlini tanlar, ammo imkon tugʻilishi bilan uni uloqtiradi. Oʻtgan asrda xalqimiz hayotiga, uning ongu shuuriga mana shunday yot tushunchalar, gʻoyalar, urf-odat va marosimlar singdirildi. Misol tariqasida yuzlab millat va elatlar istiqomat qiladigan mamlakatda yagona til siyosatini yuritish uchun qilingan urinishlarni olib koʻraylik. Avval tillarni qisqartirib zonal tillarni vujudga keltirish, soʻngra yagona til – muomala vositasini joriy etish rejalashtirilgan edi. Bu islohotlar oʻzini bilgan, oʻzligini anglagan kishilarga haqoratomuz boʻlib tuyulgani ham shundan. Shuning uchun ham rus boʻlmagan xalqlar adabiyotida mazkur mantiqqa tanqidiy munosabat tarzida asarlar dunyoga kelgan edi. Bir soʻz bilan aytganda “xalqning vijdoni” martabasidagi kishilar ona tilining himoyasiga otlanishgan. Jumladan, Erkin Vohidovning “Ona tilim”, Abdulla Oripovning “Ona tilimga” nomli sheʼrlari ham mana shu mantiqqa munosabat tarzida yozilgan edi.
Ne tongki, mustaqillik yillarida adabiyotshunoslikda ham sifat oʻzgarishlari roʻy bermoqda. Xuddiki, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi oʻlaroq sudlar jazolovchi organdan odamlarga yordam beruvchi, ularning muammolariga yechim beruvchi organga aylanib borayotgani kabi, oʻtgan asrning boshidan beri “koʻrsatma berish”, “fosh etish”, “aniqlash” – bir soʻz bilan aytganda tanqid bilan shugʻullanib kelgan milliy adabiyotshunoslik bugunda tahlil va talqinga mayl bildirmoqda. Endilikda oʻzbek adabiyoti tarixi yangilanayotgan badiiy tafakkur talablari asosida qayta idrok etilmoqda. Xususan, asarlarni psixologik tahlil etish malakasi shakllanmoqda.
Psixologizm – sheʼriyatning alohida ajralib turguvchi jihatlaridan biri boʻlib hisoblanadi. Biz buni zabardast shoirlarimiz Abdulla Oripov va Erkin Vohidov ijodi misolida yaqqol koʻrishimiz mumkin. Zotan, bu ikki muallifning “Oʻzbegim”, “Jannatga yoʻl”, “Ruhlar isyoni”, “Hakim va ajal” singari turkum sheʼr va dostonlarini bemalol ulkan bir epik asarlar tarzida talqin qilish mumkin. Ulardagi maʼno va miqyos shu qadar ulkanki, mohiyatan ular trilogiyalarga tatiydi.
Yoki bir mavzuga nisbatan har ikkala shoirning munosabati tarzida dunyoga kelgan mana bu sheʼriy satrlarga eʼtibor bering:
Bir qadam qoʻysang bas – naryogʻi oʻlim,
Bir qadam qoʻysang bas – shaksiz halokat.
Odamzod boshida turibdi shu zum,
Qazoyi muallaq, mudhish falokat.
(A. Oripovning “Soʻnggi urush” sheʼridan)
Zarrani ijod etib, oqibatni yod etib,
Dahshat balo bunyod etib,
Hayron oʻzing, hayron oʻzing…
(E. Vohidovning “Inson oʻzing” sheʼrdan)
Agar taʼbir joiz boʻlsa har ikki sheʼrni “Hazrati inson” nomli ulkan nasriy asar deyish mumkin. Chunki ular xuddi shunga munosib zalvorga ega.
Bu ikki zabardast shoir sheʼrlarini kuzatar ekansiz, ular his-hayajonini, ichki kechinmalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ifoda etmaydi, balki badiiy detallardan ruhiyat manzarasini chizadi. Bu ijodkorlarning poetik olamida har bir narsa va hodisa muhim badiiy vosita boʻlib xizmat qiladi.
Keksa qayragʻochning
Ildizin ochib,
Tortdilar qoʻsh arqon solib belidan.
Lekin u tuproqqa panjasin sanchib,
Sira qoʻzgʻalmasdi
Ungan yeridan…
Nihoyat gurs etib yerga quladi,
Butab, soʻng koʻtarib ketdilar, biroq –
U oʻz panjasida olib joʻnadi
Yashagan yeridan
Bir siqim tuproq.
(“Cadoqat” Erkin Vohidov sheʼri)
Bu – yuqoridagi taʼrif toʻla-toʻkis oʻz aksini topgan sheʼr, desak yanglishmaymiz. Urushga yoki uzoq safarga yoʻl olgan kishi, tugʻilib oʻsgan zaminidan bir siqim tuproq oladi. Bu tuproq unga madad, ovunch va daldadir.
Abdulla Oripov sheʼriyatida bosh mavzu – ruhiy kechinmalarning inʼikosini tashkil etadi.
Boʻri emas, deysan odam odamga,
Koʻzing kattaroq och, boqqin olamga,
Birov otamga der, birov onamga…
Hargiz iltimosga kuning qolmasin…
– deydi shoir. Mana insonning ruhiyatida sodir boʻlayotgan ichki ziddiyat. U inson ongida kechayotgan oʻzgarishlarni, ruhiyatida roʻy berayotgan evrilishlarni tushunishni istaydi. Oʻzini dono sanamaydi, boshqalardan oʻzini aqlli hisoblab, birovlarga nasihat berish fikridan yiroq.
Shoirning bahs-munozaraga sabab boʻlgan ijod mahsulidan biri bu “Dorboz” sheʼridir. Shaklan mittigina bu sheʼrning taʼsir qudratini, maʼno quvvatini chaqinning chaqnashiga oʻxshatsa boʻladi.
Bulutlarga yondosh osmon ostida,
Kiprikdagi yoshdek turibdi dorboz.
Qilichning damidek arqon ustida
Koʻzlarini yumib yuribdi dorboz.
Odamlar, odamlar uni olqishlang,
Qarang, u naqadar epchil va oʻktam.
Biz-chi, eh… baʼzi bir koʻzi ochiqlar
Eplab yurolmaymiz katta yoʻlda ham.
Shu mittigina sheʼr adabiyot sahnida momoqaldiroqdek gumbirlab, yashindek chaqnab insonlarning shuurini yorishtirib yuboradi, deb hech kim oʻylamagan, nazarimda. Hatto shoirning oʻzi ham buni kutmagan. Qizigʻi shundaki, bu dunyoda hech bir yangilik quchoq ochib qarshi olinmagan. Qadimiy taomil, shoirning yangi sheʼri ham adabiy tanqidchilar tomonidan tayoq-toʻqmoq bilan kutib olinadi. Matbuotda turli-tuman fikrlar bildiriladi. Aksar munosabatlar shoir shaxsini yomonotliq qilishga qaratilgani taassuflanarlidir.
Aslida-chi, keling, shu holatni avval odmigina, oddiy tomoshabin boʻlib tomosha qilaylik. Dorboz dor oʻyinini namoyish qilyapti. Minglab koʻzlar unga termulgan, yuraklarda hadik: “Sirgʻalib ketmasin-da, ishqilib”. Dorboz koʻzlarini bogʻlab arqon ustida yuguradi, tomosha ahli uni har bir shunaqa murakkab elementni bajarganidan soʻng olqishlaydi. Tomosha tamom, tomosha ahlining dorga ham, dorbozga ham munosabati shu nuqtada yakun topadi.
Shoir mana shu jarayonni choʻzish tarafdori. Insonning insonga nisbatan xayrixohligi, bir-birovning taqdiriga kuyunchaklik, yuksalish mahoratidan quvonish hissi yuraklarni heya qachon tark etmasligini istaydi. Dorbozning dordagi mahorati shoirga qadar faqat koʻngilxushlik uchun koʻriladigan tomosha boʻlib kelgan. Shoir uni bir umr izlanadigan ilmlar qatoridagi saboq darsiga aylantirish lozimligini uqtiradi. Shoirning “Odamlar, odamlar, uni olqishlang!” degan satriga diqqat qiling: xuddi mana shu satr shoir ruhiyatining nechogʻli teran ekanini namoyon etib turibdi. “Odamlar, odamlar…” soʻzining ikki bor takrorlanishi bu oʻsha davrada, oʻsha davra ahligagina taalluqli emasligini shundan anglash mumkin. Shoirning hayqirigʻi bugungi va ertangi odamlarga qaratilgan. Zotan, odamlar uch zamonda mavjud: oʻtgan zamon odamlari, bugungi davr ahli va kelajak nasllar. Vaholanki, shoir ushbu satrini “Odamlar olqishlang, olqishlang uni” tarzida tuzishi ham mumkin edi. Shunda ham sheʼr texnikasida biror-bir noqislik boʻlmasdi. Faqat ijodkorning ruhiyatida roʻy bergan ranglar jilosi hozirgidek koʻrkam koʻrinish kasb etmasdi. Sheʼriyatning oʻziga xos goʻzalligi, maftunkorligi, betakrorligini tasdiqlovchi yangi bir fenomen vujudga kelmasdi. Zero, adabiyotshunos olimlarimiz taʼkidlaganidek, Abdulla Oripov sheʼriyati bilan oʻzbek lirikasiga koʻngil dardlari, suvratlari, orzu-armonlar fojiasi, ruhiy iztiroblar manzarasi kirib keldi.
U yozadi:
Inson qalbi bilan hazillashmang siz,
Unda millat yashar, unda xalq yashar.
Unda ona tilim yashaydi soʻzsiz,
Unda istiqomat qiladi bashar.
Shoir insonning suvratini siyrati bilan muqoyasa qilib, zohirida namoyon boʻlgan manzaralarni botiniy qiyofasi bilan chogʻishtirib, sof badiiy xulosalar chiqarishga muvaffaq boʻladi. Shuning uchun ham uning sheʼrlari barchaga birdek manzur. U tevarak-atrofida kechayotgan voqea va hodisalarni oʻziga tadbiq etadi, boshi uzra charx urayotgan garduni dunning sir-asrorlarini anglashga harakat qiladi. Hayot ismli murakkab tizimning yanada murakkab tilsimlari ustida bosh qotiradi. Muayyan kashfiyotlar qilishga erishadi.
Adabiyot – soʻz sanʼati. Kulol loydan, naqqosh ganchdan, musavvir rang-boʻyoqlar vositasida sanʼat asari yaratgani kabi, qalam ahli soʻzga ishlov berib asar yaratadi. Maʼno mahzanidan zebu ziynatlar axtarib topib, soʻzga libos kiygizadi, yasantiradi. Safga tizib, koʻpning hukmiga havola etadi. Demoqchimanki, yaxshi sheʼr dunyoga kelishi uchun ilohiy ilhomning oʻzigina kifoya qilmaydi. Barcha qiymati baland unsurlar (oltin, neft, paxta, uran, olmos, marvarid va hokazolar) mashaqqatli mehnat bilan qoʻlga kiritilgani singari, zahmat chekib ishlov berilgan har bir qiymat kasb etib boradi. Shu jumladan, ijod mahsuli ham!
Malika DAVRONOVA
“Yoshlik”, 2014 yil 5-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/sheriyatda-ruhiyat-manzarasi/