“Shoirlik ruhning baland parvozidan tugʻiladi” deyishadi. Xoʻsh, shoir kim? Sheʼr nima? Asar qanday paydo boʻladi? Isteʼdodning koʻz ochishi nimalarga bogʻliq? Oʻtgan asrning 70-yillaridagi avlodlar va bugungi kun shoirlarining soʻzga va davrga munosabatida nimalar yaqqolroq koʻrinadi?..
Oʻzbekiston xalq shoiri Omon MATJON bilan suhbatimizda shu kabi savollarga javob izlashga urindik.
– Omon aka, Xorazmning Bogʻolon qishlogʻida tugʻilgansiz… Tabiiyki, Bogʻolonda oʻtgan bolaligingiz xotiralari, umuman, ota-bobolaringiz yodi xayolingizda jonlanib tursa kerak?
– Xorazm qavat-qavat tarixga ega. Bu tep-tekisliklar va qumtepaliklardan iborat zamin bir paytlar faqat choʻqqilardan iborat boʻlgandek goʻyo. Xorazmning har bir goʻshasida “Bogʻolon” kabi oʻziga xos nomga ega goʻshalar anchagina. Bogʻolon “Balandlikdagi joy” degani. Surishtiruvlarimga koʻra, katta bobom Feruzxon saroyida amaldor boʻlgan, soʻng Gurlanga koʻchib kelgan. Maktabga olti yoshimda oʻjarlik qilib, Gulsara opamga ergashib borganman. Chunki onadan uch yoshda yetim qolgach, opamga bogʻlanib qolgandim. Opam juda chiroyli yozar, koʻp kitob oʻqirdi. Men ham opam nima qilsa, shuni takrorlaganman. Maktabda oʻzimcha sheʼrlar yozib yurardim. Devoriy gazetalar chiqarardim.
– Bolalik davringizdagi qaysi xotiralar yoqimli hissiyot baxsh etadi?
– Gitler urush boshlangach, toʻqqiz kundan keyin Moskvada gʻalabani nishonlaymiz, degan ekan. Shukurki, bunday boʻlmadi. Biroq maktabda 80 foiz bolalar sagʻir edi: otalari urushda halok boʻlgandi. Ularga qarab turib, otam borligidan quvonardim. Koʻchalarda yurganimda otamning qoʻlidan mahkam ushlab olardim.
– Ijodkor xalqi borki, sayohatga oʻch boʻladi. Sayyoh Omon Matjon sayohatlarni ijodga qay darajada koʻchira oldi?
– Meni sayohatlar shoir qilgan, deb oʻylayman. Fransuzlar “Parijni uch marta koʻrmagan kishi shoir boʻlolmaydi” deyishganidek, men ham Parijga uch marta bordim. Oʻquvchi paytimdayoq “40 yoshga toʻlguncha, albatta, dunyoning yarmini koʻrishim kerak”, deb orzu qilardim.
Bir gal hamrohlarim bilan oʻn qavatli “Belarus” kemasida Finlandiyadan yoʻlga chiqqanmiz. Angliya, Portugaliya, Ispaniya va qator mamlakatlardan oʻtib, oxiri Turkiyaga keldik. Moʻgʻulistonga bordim, Gobi sahrosini koʻrdim. Doim safarga chiqqanimda oʻzbek nonini olib ketardim. Oʻsha sahroda yurganimda non yeb oʻtirsam, bir moʻgʻil hayron boʻlib qaradi. Non nimaligini soʻradi. Aytib berdim. Soʻng tatib koʻrib, “bunday tansiq taomni hech qachon yemaganman”, deb aytdi. Qaytishimda Gobi sahrosidan ikkita toshcha olib kelganman. Oddiy toshlar, ammo sahrodagi sayohatimdan esdalik-da…
– Sizni shoir deb atalishga loyiq etgan haqiqiy maʼnodagi sheʼr zavqini qachon his etgansiz?
– Harbiy xizmatni Germaniyada oʻtaganman. Harbiy qismimizning katta kutubxonasi bor edi. Azbaroyi mutolaani sevganimdan tushunib-tushunmay kitoblar oʻqiyverganman. Uch yil tinmay oʻqidim. Yozmasdan shoir boʻlib boʻlmagani kabi oʻqimasdan ham shoir boʻlolmaydi odam. Meningcha, nafaqat shoir, oʻqimasdan hech bir odam hech kim boʻlolmaydi. Shu taxlit shoir – kim, sheʼr – nima, degan savollarga javob topa boshladim. “Sheʼr – shoirning yuragi yetib, aqli yetmagan nuqtalardan boshlanadi”, deydi shoir Matnazar Abdulhakim. Ana oʻsha nuqtalarda tugʻilayotgan sheʼrlar meni goh mavhum iztiroblarga, goh mislsiz shodliklarga oshno etardi. Dard ismli sheʼrlar tugʻilardi. Bir xizmatdoshim qaytayotib, sheʼrlarimni oʻzi bilan olib, “Sharq yulduzi” jurnaliga tashlab ketgan ekan. Oʻsha paytda jurnal muharriri taniqli yozuvchi Shuhrat 1965 yil iyun sonida “Soldat oʻylari” sarlavhasi bilan sheʼrlarimni chop ettirgan. Otam oʻsha jurnalni Germaniyaga joʻnatgan. Uni koʻrib, ancha vaqt hayajonlanib yurganman. Ana shu hayajon bilan izma-iz tarzda haqiqiy ijod zavqi uygʻongan boʻlsa ajab emas.
– Bugun ijodkor yoshlarning birinchi kitoblari chop etilishiga davlatimiz va ustozlar gʻamxoʻrlik qilishyapti. Sizning ilk kitobingiz nashr qilinishi qay tarzda kechgan? Undan koʻnglingiz toʻladimi?
– Samarqand Davlat universitetida ustozlarim Nuriddin Shukurov, Vohid Abdulla, Botir Valixoʻjayevdan tahsil olganman. “Shalola” adabiy toʻgaragini tuzgandik. Oʻqishim tugagach, ustozimning saʼy-harakatlari bilan 1969 yili nashriyotga musahhih yordamchisi boʻlib ishga kirganman. Holbuki, u paytlarda nashriyotga ishga kirish u yoqda tursin yaqiniga borish ham qiyin edi. Bir oydan soʻng Moskvaga malaka oshirish uchun oʻqishga joʻnatishgan. 1970 yilda shu nashriyotda birinchi kitobim – “Ochiq derazalar” chop etilgan. Baʼzan shoirning yoshligi, gʻoʻrligi, muharrirning eʼtiborsizligi sabab ilk kitobda ancha-muncha gʻalizliklar oʻtib ketadi. Biroq men birinchi kitobim “Ochiq derazalar”dan hamisha minnatdorman: meni chin soʻz yoʻliga yetaklagani, hislarimni bitta kitob bilan ihotalab qoʻymagani, asl Darddan mahrum etmagani uchun…
– Bizda Gʻarbdan farqliroq sheʼrning ohangdorligiga eʼtibor berishadi. Bu borada sizning fikrlaringiz qanday? Sheʼrlaringizning hofizlar tomonidan ijrosi sizni qanoatlantiradimi?
– Ha, tilimizning oʻzi shunaqa shirali va ohangga boy til, deb oʻylayman. Navoiyning gʻazallarini oʻqib koʻring-chi, kuyi oʻzi bilan-ku, axir! Shunday ekan, sheʼrlarimizning ohangga boyligini men gʻarb yo sharqqamas, tilga daxldor degan boʻlardim.
Bu uyga koʻp marta Otajon Xudoyshukurov, Ortiq Otajonov, Olmaxon Hayitova kelgan. Otajonning oʻzi ham, koʻngli ham, feʼli ham daryodek keng, joʻshqin edi. Deyarli barcha sheʼrimni qoʻshiq qilib aytgan. U sozini chertib, qoʻshiq aytishni boshlaganida dilim orom olardi. Unga atalgan bitta sheʼrim ham bor. Asli bu sheʼrning yozilishi tarixi boshqacharoq. Xivani bosib olishganidan soʻng, bu koʻhna shahar tarixiga oid hujjatlarni yondirib yuborishgan, qolganlarini esa daryoga oqizishgan. Shular “Uchinchi daryo” sheʼrimga sabab boʻlgan:
Bu nima? Qandayin sirli ovoz bu,
Yerdanmi, koʻkdanmi kelar bu sado?!
Nahot, tuprogʻimda koʻzga tashlanmay
Oqib yotgan boʻlsa uchinchi daryo!
Otajon buni oʻqib, “Shu sheʼrni menga bagʻishlang”, dedi. Kitoblarimga “Otajon Xudoyshukurovga” deb kiritdim. Asli Otajonning oʻzi ham bir daryodek odam edi, rahmatlik…
Ulardan keyin ham, chamamda, yoshlar sheʼrlarimni qoʻshiq qilib aytishyapti.
– Sheʼrlaringizga Xorazm shevasi soʻzlari ustalik bilan singdirilgan… Sheva va dialektlarning sheʼrga singdirilishini qanday baholaysiz?
– Sheva va dialekt tilimizning bir boʻlagi aslida. Bu mening izohimsiz ham oʻtmish adabiyotida oʻz ifodasini topib boʻlgan. Turkolog olim Murod Ajining “Dashti qipchoq yovshani” asarini oʻqisangiz tilimizning, millatimizning tarixi biz oʻylagandan va biz bilgandan ham qadimiyroq ekaniga amin boʻlasiz.
Xorazmga keladigan boʻlsak, u qadimgi Yunonistonga oʻxshab tarix qatlarida qolib ketgandek. Asli xorazm shevasi yoʻqolib boʻldi hisob. Faqat shevaga oid lugʻatlardagina durdona soʻzlar qoldi. Hatto shu lugʻatlarni topishning oʻzi ham dargumon. Bu haqda koʻp bora oʻz fikrlarimni aytganman.
– Rus shoiri Yevgeniy Yevtushenko sheʼrlaringizni rus tiliga oʻgirgan ekan. Baribir oʻtgan asrdagi adabiy aloqalar bizni havasimizni keltiraveradi…
– U paytlarda hamma mamlakatlarda, meningcha, sheʼr davri, adabiyot mavsumi boʻlgan. Odamlar tabiatan sheʼr kayfiyatida yashashgan. Shunday ekan, adabiy aloqalar shitob bilan rivojlanmay iloji yoʻq edi. Biroq oʻylaymanki, bugungi adabiy hamdoʻstliklar ham maromida. Qaysi maʼnodaki, chet mamlakatlarda chop etilayotgan oʻzbek yozuvchi va shoirlarining asarlari shunchaki quloqqa aytiladigan gap emas.
Yevgeniy Yevtushenko haqida gapirsam, u sheʼrlarimning ruhini tez anglab olardi. Oʻzbek tilini nozik his qilardi. Sheʼr va tarjimonning didi birlashgan joyda yaxshi tarjima paydo boʻladi, meningcha. Yevtushenko men uchun goʻzal shoir, didli tarjimon va ajoyib doʻstdir.
Moskva yaqinida xuddi bizning Doʻrmonga oʻxshab Peredelkino degan yozuvchilar uyi bor edi. Oʻsha joyda Kolonniy zalda “Charli Chaplin oʻldi” degan sheʼrimni tarjima qilib oʻqib bergan. Shunday oʻqiganki, oʻzim ham taʼsirlanib ketganman.
– Ijodkor asar yozish uchun ilhom kelishini poylab oʻtirishi shartmi? Siz sheʼr yozilguncha va yozilgandan keyingi holatni qanday yashaysiz?
– Yozish va yaratish aqlga boʻysunmaydi. Ijodkor ichki olamida mingta “chigʻiriq”dan oʻtib, dard va quvonchining qogʻozga toʻkilish jarayonini biz shartli ravishda “ilhom” deb ataymiz. Chunki hali bironta ijodkor ilhom parisini ham, ilhom devini ham uchratganicha yoʻq. Ehtimol, oʻta sezuvchan, har bir nozik tuygʻularu nojoiz munosabatlarga nisbatan jaranglab aks-sado berguvchi shoirning yuragi ilhomning oʻzidir. Qattiq sevuvchan, tez ogʻirinuvchan, yonidan esib oʻtgan shabadani ham tomirlari orqali oʻtkazuvchi shoirning inja yuragi ilhom parisining aynan oʻzi.
Men har doim yoʻlda, sayohatlarda, safarlarda oʻqib-yozardim. Alisher Navoiyning “Xamsa”sini ham shunday sayohatlar davomida mutolaa qilib oʻrganganman. Undan taʼsirlanib yozilgan “Ming bir yogʻdu” ham yoʻlda tugʻilgan. Zulfiya tavalludining 100 yilligiga atab namoyish etilgan “Sadoqat” librettosi ham ana shunday sayohatlarim mahsuli.
– Sheʼrlaringizning ertangi umri haqida oʻylaganda xayolingizdan qanday oʻylar kechadi?
– Sheʼr umri shoirning xayollari qoplab ololmaydigan darajada cheksizdir, ehtimol. Koʻngilga, sheʼrga qaytish hech vaqt ommaviy tus olmaydi. Sheʼr ham, koʻngil ham alohida hodisa. Sheʼrning umri oʻquvchining, xos oʻquvchining koʻngil iplari bilan mahkam bogʻlangan boʻladi. Davomli kitobxonning mehri va hayrati sheʼr uchun abadiyat yaratib bera olur. Agar dunyoda sheʼrni, badiiyatni his qiluvchi bitta odam yashar ekan, demak, sheʼringiz hayotdir, uning yuragi urib turibdi…
Goʻzaloy MATYOQUBOVA
suhbatlashdi.
“OʻzAS”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/suhbat/sherimning-yuragi-urib-turibdi/