Sevgi yeru koʻkda boʻlgan munojot

SEVGI YERU KOʻKDA BOʻLGAN MUNOJOT

 

Oʻtib-oʻtmay shoʻx-shodon

Toʻy-tomosha, onajon,

Shumi dunyoda sheva? –

Qoldim yoshgina beva.

Qanday qilmayin, axir,

Koʻzyoshimni shashqator? –

Ichgan may boʻlib taxir,

Askarlikka ketsa yor.

Qoʻying, boray qirgʻoqqa,

Dardlarimni yuvmoqqa!

 

Nega koʻndim men shoʻrlik,

Kerakmidi shu nikoh? –

Bir dam baxtdan masrurlik,

Soʻng yoʻlda qazilgan choh.

Qaysidir olis yerda

Senga kelsa oʻlim gar –

Bilgin, meni ham birga

Koʻmgan kabi boʻlurlar.

Qoʻying, boray qirgʻoqqa,

Dardlarimni yuvmoqqa!

 

Seni etmoqni halok,

Aniq, istaydi gʻanim.

Koʻksim qancha qilmay choq,

Muzga aylangan tanim.

Garchi yorugʻdir olam,

Dilda soʻndi butun nur.

Bu ne hasrat? Ne alam? –

Koʻzlarimni kuydirur.

Qoʻying, boray qirgʻoqqa,

Dardlarimni yuvmoqqa!

Qoʻying! Daryo boʻyida

Taralsin oʻtli ohim.

Yonganim ishq koʻyida –

Shudir faqat gunohim.

Oqizmay qancha koʻzyosh,

Uzildim qora kundan.

Koʻksimda ogʻir bir tosh,

Qutulmoq mushkul undan.

Qoʻying, boray qirgʻoqqa,

Dardlarimni yuvmoqqa!

 

Mening oʻrnimda kim u

Chekmasdi mendek nola?

Yuribman baʼzan jim-u,

Dardim koʻkka havola.

Qalbi boʻlgan har bir jon

Sezsa, titrar zorimdan.

Ayrildim-ku, onajon,

Men oʻz navbahorimdan.

Qoʻying, boray qirgʻoqqa,

Dardlarimni yuvmoqqa!

 

Biz uxlamay gohi tun,

Isinib qalb qoʻrida –

Eslayman – koʻzdan uchqun

Sochardik oy nurida.

Shu baxt kosasi sindi,

Endi oy zor, men ham zor.

Koʻrpa-toʻshagim endi

Yerda yotgan qalin qor.

Qoʻying, boray qirgʻoqqa,

Dardlarimni yuvmoqqa!

 

* * *

Oʻz qavmining peshvosi habash,

U – janglarda bilmay xavotir

Qilich sermab yelgan bahodir,

Kerak paytda muloyim, dilkash.

Har qadamda qulmi, xoʻjami –

Unga shundan berar eʼtibor.

Toʻldiradi odam koʻchani,

U oʻtganda koʻchadan kibor.

Bilgani or, sharaf va amir,

Harbda kelgan naqdinadan bot

Masjidlarni tiklagan bu zot,

Barcha ishda izlaydi zamir.

Uning baʼzan irodasidan

Garchi yovlar quchganlar zindon –

Birov chiqib el orasidan

Pichoq qayrab yurmagan pinhon.

U ispanlar tortganda qoʻshin,

Qaytargan ham qonli bosqindan…

Faqat bilmas amir xohishin,

Amir qanday xayolga mingan.

Oʻylamas u, qilmas tasavvur

Tayyorlangan ne jazo unga.

Yurt egasi dargʻazab bir qur –

Hukm qilar uni surgunga.

Ne gunohi xizmatda yurgan

Mard-vallomat Abusalimning?

Sevmoqlikni u ravo koʻrgan

Amirga ham yoqqan sanamni.

Mavritanlik oʻsha, yuzi ol –

Gul otadi goh shom, goh sahar.

Yigit uchun kulgulari bol,

Amir uchun goʻyoki zahar.

Alamzada hukmdor uchun

Qilgan kabi yigit xiyonat.

Abusalim boʻlsin deb dilxun,

Asli rashkdan butun qiyomat.

Mana, yigit noiloj, qara,

Endi gʻurbat yoʻlida borar.

Kelib toʻxtab, Gvadalkvivara

Suvi bilan otin sugʻorar.

Yollarida qoʻngʻiroqchalar,

Mana, taqib goʻyo zar qanot –

Allanechuk betoqatlanar

Va depsinar sohildagi ot.

Xuddi raqsga tushar jonivor,

Bir soʻz bilan talpingan yoʻlga.

Chavandoz ham toʻkkancha viqor,

Endi olar tizginni qoʻlga.

Yelkadagi yopqichi harir,

Naqshlarida arabiy yozuv:

“Biz kirgan yoʻl bir umr harbdir,

Koʻzyoshlarin oqizmaymiz duv!”

Egnidagi yopqich va chakmon

Hilpiraydi yellarda hur-hur.

Garchi ruhi shikasta, bejon,

Koʻzlarida oʻlmagan gʻurur.

U his etar, kelmas quroldan,

Shijoatdan gʻalaba… Taqdir –

Kamariga ammo taqilgan

Toledoda yasalgan shamshir.

Oq par uning dubulgʻasida,

Boshin dadil koʻtargan joʻmard –

Qalbi qolib oʻz oʻlkasida,

Tuysa hamki bayonsiz bir dard.

Oʻz yurtiga bir kun, ehtimol,

Qaytib kelar umid otida.

Yori bilan garchi yoʻq visol,

Shu oʻy turar uning yodida.

Marmolexo, Arxondan oʻtar,

Tegrasida togʻlar va qirlar.

Uni qator shaharlar kutar,

Uning qavmi boʻlgan faqirlar.

Koʻrishib bir, xayrlasharlar

Zodagonlar, beklar ham saf-saf.

Darchalardan goʻzal ayollar

Koʻz tashlashib qoʻyar u taraf.

Ular olar koʻzlariga yosh,

Yigit uchun chekib nadomat –

Yetarmikan yigitda bardosh,

Gʻariblikda choʻkmasmi qomat?

Qayligʻi-chi, Abulsalimning

Kuydirgandan ayriliq dogʻi –

Yerga urib tars-tars qoʻlini,

Qonar uning har bir barmogʻi.

Eshitilsa koʻchadan bir sas,

Chopar darcha oldiga darhol.

Afsus, uning kutgani emas,

Madad berar birgina xayol:

“Bahodirim! Tilib koʻksimni,

Garchi tomar koʻzdan yosh yirik –

Unutmayman, bilginki, seni,

To dunyoda ekanman tirik!”

“Muhabbatim! Qolmagin tolib, –

Der xayolan unga yigit ham. –

Hech payt kelmas yurakdan gʻolib

Na bu hijron, na zulmu sitam!” –

Oʻz-oʻzicha shivirlab shunday,

Qalbida bir dunyo gʻalayon –

Uning ruhi yorishib kunday,

Mana, borar Anduxar tomon.

 

* * *

Umidim soʻnganida, koʻrinib tiniq osmon –

Zil qopqa ochilgancha, men tirildim nogahon.

 

Arzir koʻk gumbaziga chizsam endi naqshu zar –

Tutqun edim, uzildi ustimdagi kishanlar.

 

Agar quyosh nuridan boshdan tegsa bir parcha –

Qopqaga tikilmasdan, oʻzim ochardim darcha.

 

Topib moʻjaz bir qayiq, keltirgancha qirgʻoqqa –

Bandilikdan qutulib, qochar edim yiroqqa.

 

Lekin men mingan qayiq singan edi boshdanoq –

Kun koʻrmaslik nasibam, boʻlgandan quruq tayoq.

 

Men baribir, hayotni sevgandan tushmadim past,

Bir kun iloha Amur qilganda ham menga qasd.

 

Oʻsha bolakay uzdi koʻksimga kamondan oʻq –

Baxtim aravasida borar edim, dardim yoʻq.

 

Yurakda puch orzular, umiddan ters bir holat:

Doʻzax aro rohatu jannat aro malolat.

 

Qancha talpinsa arzir chindan ham, senga, osmon,

Yerda sening nuringdan bahra topar har bir jon.

 

Senda yongan buyuk sham aytar tangriga sano –

Olam toʻla mushk-anbar, garchi qismatdir fano.

 

Bilasizmi, menga kim darsin berdi oʻylashning? –

Deya, hozir davrimi bor rost gapni soʻylashning.

 

Bu – sen eding, senora, menga shafqatsiz sanam –

Lekin mening ruhim – u, mening yayragan tanam.

 

Bir dam berib eʼtibor, tinglagin, nozik malak,

Topgan telba feʼlimdan mening oʻzim ham halak.

 

Gohida hatto iting meni bir toʻnkami, deb –

Usti-boshimni butun gʻajib tashlar, berib “zeb”.

 

Har gal aylanib chiqib tegramda xotintaloq –

Keyin, ishin bitkarib, otib qolar shataloq.

 

Necha bora oqshomlar hasratdan tugab bardosh –

Shudgor qilib koʻchangni, terib chiqdim mayda tosh –

 

Kutib boqishing bir qur darchangga toshlar otib –

Umiddan sahargacha qoldim koʻchada qotib.

Necha kunlar dardingda yashadim yutgancha qon –

Bundoq oʻz xizmatimga oʻzim ham qolib hayron.

 

Ovora-sarsonligim baʼzan tegdi jonimga,

Ozib, yopishib ketdi etim ustixonimga.

 

Necha muddat shu taxlit men yurdim gʻarib va xor –

Oʻz-oʻziga beparvo, oʻz-oʻziga gʻamgusor.

 

Qoʻlim charchab-tolguncha, qoralab sonsiz betlar –

Keyin toʻqib tashladim sen haqingda sonetlar.

 

Telba aljirashlardan bari edi iborat –

Seni kuldirdi, xolos, men qurgan bu imorat.

 

Ne yozsam, rost deb bildim, sen-chi, xushroʻy, xushqomat, –

Barisini atading birovlarga xushomad.

 

Kech tun chalib gitara, men hayqirdim necha bor:

– Qultum suv ber, senora, yurak kuymoqda, nigor.

 

Lekin boqmay holimga, menga qilmading shafqat, –

Ustimga bir chelak suv sepdi qoʻshnilar faqat…

 

Xayr endi, baribir mehribonsan sen, dildor, –

Yozda quyoshning tafti, qishda ilinganing qor.

 

Baribir, rahmat, menga sen oʻrgatding koʻp bora:

Har bir telba oʻziga oʻzi izlashni chora.

 

* * *

Barbarlardan[1] jangda tortib olingan,

Keng bir oʻtloqzorga haydab solingan,

Qon yuqqan, toptalib qolgan oʻtlardan

Hurksinib chekingan

Uchqur otlardan –

Oranlik birini shoshmasdan tanlar.

Ispan sarkardasi sumbatni anglar, –

Bilar ot bahosin gijinglashidan,

Qulogʻini ding etib soʻz tinglashidan.

Nihoyat, minar u shu uchqur otga,

Keyin, qaragandek oʻlja jonzotga –

Gʻanim sarkardasin olar ortmoqlab,

Yoʻlga tushib ketar otiga bogʻlab.

Endi yoʻlda borar chiqarib qanot –

Sokin dalalarni qoʻmsab qolgan ot.

Goh-goh yerga qoʻnib sapchigan uchun

Otning tuyogʻidan sachraydi uchqun.

Qora tanli asir xoʻrsinar har dam,

Qunishib olgan u, uning boshi ham.

Bir mahal oʻzining holidan ogoh

Boʻlgandek axiyri, yigʻlar banogoh.

Sal parishon boqar asirga ispan

Bir oz noqulaylik tuygandek hisdan.

Nahot, jangda sherdek tashlangan habash

Turar ojizlikka qoʻrquv aralash?

Istab koʻtarmoqni bu holdan parda,

Magʻlub sarkardadan gʻolib sarkarda –

Soʻradi: sabab ne bunday bebardosh,

Gʻoʻr bola singari toʻkmoqqa koʻzyosh?

Shunda, berilmasdan jahl-zardaga,

Bagʻrikeng soʻz qotgan bir sarkardaga –

Ikkinchi sarkarda iqrorga bordi,

Qalbida berkingan dardini yordi:

– Sen boʻlmay faqatki qudratli harbiy,

Koʻksingda bor ekan yurakning zarbi.

Meni ikki qatla aylading asir,

Jangda – bir, odamlik jabhasida – bir.

Mening dardlarimni bilmoq istaysan,

Balki qistamaysan, balki qistaysan.

Shu on dunyo koʻzga boʻlsa hamki tor,

Men butun holatni qilaman izhor.

Tugʻildim Gelnaxda, bamisoli sel

Bosqinga oʻshanda uchragandi el.

Onam olib ketdi Tremenon tomon.

Otam oʻlgan ekan – onam gapidan –

U korsarlar aro boʻlgan kapitan.

Meliondan kelgan oila bilan

Koʻp payt qoʻshni turdik biz tasodifan.

Ular mavritanlik boyonlar qavmi,

Qizi bor, eslatar xuddi olovni.

Yoshlikdan erkimga boʻldi kushanda,

U malika edi, men gʻarib banda.

U bir sahro qizi, sahroda ilon

Zahar toʻplab yurib, olgan kabi jon.

Shunday goʻzal edi va lekin u qiz,

Nurdan yaralgandek pokiza, nafis.

Gullar rashk etgudek chehrasi gulgun,

Uyalib turardi qarshisida kun.

Sochlari mavjidan daryo xijolat,

Qoshu kiprigida tun kabi holat.

Unga qarasang, bas, qamashardi koʻz,

Bir nima deyishga topilmasdi soʻz.

Biz yonma-yon oʻsdik oʻsha ilk yoshdan,

Amur qalbimizga oʻq otdi boshdan.

Eski dostonlarga oʻxshash joyi yoʻq –

Bizga taʼsir qildi ikki xilda oʻq.

Oʻq mening koʻksimni ayladi pora,

Goʻyo bir shoh edim, boʻldim bechora.

U qiz-chi, kundan kun bedard, beparvo,

Qayrilib qarashni koʻrmadi ravo.

Hech bilib boʻlmasdi koʻnglida ne bor,

Bosgan qadamimda – tiklagani dor.

Bu mayli, qanchaga senda bor bardosh,

Degandek men tomon otar edi tosh.

Alqissa, yaqinda u yumshab bir oz,

Sen asirim, dedi qilganicha noz.

Men bu kun yengilib, sengaman asir!

U mening ustimdan kulmasmi, axir?

Butun voqea shu, toʻgʻrisi, janob,

Dunyoda kimsa yoʻq menchalik xarob.

Ikki asirlikning oʻrtasida farq

Qidirib, boʻldim men iztirobga gʻarq…

Bu dil izhoridan ispan qoldi lol,

Jismini chulgʻadi shirin bir xayol –

Qaniydi, shu yigit singari sodda

Har kim ustun koʻrsa ishqni dunyoda.

Tortib ot jilovin, dedi:

– Ey habash!

Sen shu dam eslagan tengi yoʻq mahvash

Chindan etgan boʻlsa yuragingni rom,

Qolgan daʼvolarning barchasi harom.

Sevgi yeru koʻkda boʻlgan munojot,

Ammo har kim olmas bunday mukofot.

Tangrim senga bermish haybatingga mos

Katta bir yurakda katta ehtiros.

Tangrim senga bermish boz qilsam naql,

Ehtirosdan boʻlak munosib aql.

Yaralagan ekan koʻksingni Amur,

Borgin, yor oldida asirlikda tur.

Men-chi, yot qoʻshiqni qoʻyibman kuylab,

Birovning asirin meniki oʻylab.

Qoʻlimdan kelgani – senga erk siylov,

Sen uchun talab ham qilmayman toʻlov.

Menga kerak emas biron siymu zar,

Yetar boʻlmaganim mening ishqbuzar!

Bundan soʻng tutganda ishqni muqaddas,

Har qachon meni ham eslaysan, shu bas! –

Shunday deb sakradi sarkarda otdan,

Asirin tushirdi “uchqur qanot”dan.

Tirik soʻz, bor holat etgancha taʼsir,

Uning oyogʻiga yiqildi asir.

Dedi:

– Hayotda kam sendek vallomat,

Senga yoʻliqqanim men uchun omad.

Qalbim va hurmatim boʻlsin senga boj,

Hech payt menga oʻxshab qolma noiloj.

Doim senga boʻlsin hayotda panoh –

Mening sigʻinganim Yagona Olloh.

Yomgʻir yogʻganda ham, yogʻganda ham qor –

Ezgu amallaring boʻlsin davomdor!

 

Rus tilidan Omon MUXTOR tarjimalari.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1


 

[1] B a r b a r – varvar, yovvoyi.

https://saviya.uz/ijod/nazm/sevgi-yeru-kokda-bolgan-munojot/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x