SAMARQANDIM
Deyman, oʻz-oʻzimga bu tuproq oltin,
Har bir zarrasini koʻzingga surt san.
Shubhasiz, qanchalab ulugʻ zotlarning,
Beshigini tebratgan muqaddas yurtsan.
Qancha navqironsan, shuncha qadimsan,
Jonimdayin aziz Samarqandimsan.
Iymon yuraklarga koʻrk boʻlgan azal,
Haq yoʻlga boshlagay fozil mudarris,
Sen faqat oʻzingga intilgil, odam,
Sen faqat oʻzingdan ketmagil olis.
Mening eng musaffo, toza baxtimsan,
Jonimdayin aziz Samarqandimsan.
Koʻkda jimir-jimir yulduzlarga boq,
Senga termuladi kelib havasi,
Uygʻotib yuborar tosh dillarni ham,
Buxoriy boboning masih nafasi.
Butkul ezgulikka boshlar odimsan,
Jonimdayin aziz Samarqandimsan.
Yorugʻ maqsadlaring sabab dunyoga,
Dovrugʻ solib oʻtdi Sohibqironim.
Mehribon onasan – Bibixonimsan,
Hamisha aylabon duoyi jonim,
Koʻnglim iplariga tutash bandimsan,
Jonimdayin aziz Samarqandimsan.
Umidvor koʻzlarin falakka tikib,
Ulugʻbek yulduzlar bilan sirlashgan,
Hatto gʻanimlaring mehringdan erib,
Senga singib ketgan, senga birlashgan.
Sen mangu bukilmas chinor qaddimsan,
Jonimdayin aziz Samarqandimsan.
Hazrat Alisherning toza qalbiga
Abullays boʻlibon sindirgansan nur,
Hazrati Boburning shoir koʻngliga,
Bagʻishlab turgansan ilohiy surur.
Sen shunday sarvaru sodiq nadimsan,
Jonimdayin aziz Samarqandimsan.
Minorlar shavkatu shoningdan yonib,
Butun borliq uzra yangragan xitob,
Shunchalar sirlarga toʻliqsan, goʻyo
Qancha oʻqisa ham tugamas kitob.
Dil ichra adoqsiz soʻlmas baytimsan,
Jonimdayin aziz Samarqandimsan.
Yogʻdular taralar Shohizindadan,
Duo-yu umidlar kavsardek zilol,
Senga qanot boʻlgay shu ozod Vatan,
Seni asrab turgay Qodir zul-jalol.
Azalsan, abadsan, baxtu taxtimsan,
Jonimdayin aziz Samarqandimsan.
* * *
Koʻnglim, nima koʻrding,
Bevafo dunyo,
Dillar dillar komin qildimi hosil.
Qalbim, biror qalbni kashf etdingmi yo,
Yoki topgan bormi seni, ey koʻngil.
Bunda sadoqat yoʻq, ishq yoʻqdir, alam,
Quchsak dardu armon quchamiz, koʻngil.
Humomi, oqqushga aylanib bir dam,
Kel, birga quyoshga uchamiz, koʻngil.
* * *
Singlim,
Omonmisan,
Yuribsanmi tinch,
Men hamon yoʻldaman, tugamaydi yoʻl.
Qiynalsam ichimga yutaman dardni,
Qiynalgan kishiga uzataman qoʻl.
Tilin bilasizmi gulu toshlarni,
Yorugʻ savollarga koʻmarding butkul.
Mening oʻylarimga nima boʻldiykin,
Sening xayollaring soʻlim atirgul.
Otam oq xalatni ustiga tashlab,
Umid bagʻishlardi har xasta jonga.
Uni oʻxshatardik oʻzi soʻylagan
Ertaklaridagi zoʻr qahramonga.
Onamni eslayman, oppoq saharda –
Qaymoqmas, oq tongni berardi bizga,
Qaniydi shundayin pok boʻlsa olam,
Ammo xayol oʻzga,
Bu hayot oʻzga.
Dunyo ishlariga tushunmay goho
Yurakka koʻmilgan qancha hasrat, dogʻ.
Chin doʻst orzulari koʻnglimda mudom,
Mushkul ish boʻlsa ham doʻst topish, biroq.
Dunyo eski qoʻshiq, gʻarib qoʻshiqdir,
Shartmi uni takror qilmoq ovoza.
Singlim, gʻuborlarga toʻliq bu olam,
Sening oʻylaringdan olsin andoza.
Singlim,
Omonmisan,
Yuribsanmi tinch,
Men hamon yoʻldaman, tugamaydi yoʻl.
Qiynalsam ichimga yutaman dardni,
Qiynalgan kishiga uzataman qoʻl.
* * *
Ketma,
Shu olamning haqqi-hurmati,
Seningsiz judayam qashshoqdir ochun.
Seningsiz malika, dildor bahorlar,
Baribir gʻaribdir,
Baribir yupun.
Ketma,
Shu qalamning haqqi-hurmati,
Seningsiz rozidan ul norozidir.
Oʻyingsiz yozilgan har kalom – dilning
Faqat magʻlubligi, inqirozidir.
Ketma,
Koʻzlarimning haqqi-hurmati,
Qoʻrqmadim dunyoning qahru zahridan,
Menga olam nima,
Menga qalam ne,
Sen uchun barchasin oʻtdim bahridan.
Ketma…
* * *
Koʻnglim toʻlib ketdi,
Toʻliblar ketdi,
Qalbim tirnayverar
Gʻamlar, alamlar.
Mening bor quvonchim
Boshiga yetdi,
Mening hayotimga
Yaqin odamlar.
Sira ishonmayman
Yolgʻonchi dunyo,
Shuncha aldoqlaring
Yetar endi, bas!
Qalbimga intilib
Yashayman, illo
Dilni dildan oʻzga
Hech kim tushunmas.
Gʻayrat MAJID
“Yoshlik”, 2013 yil, 10-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/sening-xayollaring-solim-atirgul/