Savod gʻovlab ketganda

Odatda biron soʻzning yozilishi xususida bahs ketsa, kitoblar yoki gazetalardan mazkur soʻz axtarib topiladi. Shunga qarab uning toʻgʻri yoki notoʻgʻri yozilgani aniqlanadi. Chunki, odamlar orasida kitob yoki gazetada soʻz xato yozilishi mumkin emas, degan tushuncha mavjud.

Navoiy viloyatidagi Alisher Navoiy nomli nashriyot tomonidan chop etilgan yosh shoirlarning sheʼriy toʻplamlarini, tadqiqotchi olimlarning asarlarini koʻzdan kechirayotib, ayrim texnik kamchiliklar va imloviy xatolar eʼtiborimni tortdi.

Tilshunos olim Mahmud Ravshanovning “Semiotika va til birliklari xususiyatlari” monografiyasini oʻzbek tilshunosligi takomili yoʻlidagi yangi tadqiqot deyish mumkin. Ammo kitob muqovasida “birliklari” soʻzi “biriliklari”, soʻnggi varagʻida esa “birikliklari” shaklida yozilibdi. Muqovada “semiotika” atamasi “semioteka”, chiqish maʼlumotlarida “semoitika” tarzida bitilgan. Balki, “semiotika” atamasining uch xil koʻrinishini navoiylik noshirlar kashf etishgandir, yana kim bilsin…

Kitobda “Monografiya Navoiy konchilik instituti Kengashida (2018 yil 30 aprel 8 bayonnoma) tasdiqlangan” degan izoh bor. Qiziq, bu monografiya Konchilik institutining qaysi Kengashida tasdiqlangan ekan, bilolmadim. Tilshunoslikka oid kitobning ahvoli shu boʻlsa, qolganini varaqlashga ham yurak bezillab qolarkan. 

Nashrga masʼullar roʻyxatida “Badiiy texnik muharrir: Sanobar Shasimova”ning ismi bor, xolos. Axir texnik xodim ham badiiy, ham bosh muharrirning vazifasini bajarishi mumkin emasligi kundek ravshan-ku! 

Shundan soʻng nashriyotda ishlovchilarning mutaxassisligi va ixtisosligi bilan qiziqdim. Ajab, buni qarangki, 5 nafar xodimning (rahbardan tashqari) toʻrt nafari oʻrta maxsus maʼlumotli, ulardan biri 15 yillik tajribaga ega hamshira, biri avtomobil transporti ishchisi, biri texnik va yana biri esa soliq mutaxassisi ekan…

Oʻzimcha, balki noshirlar til-adabiyot sohasidan koʻra aniq fanlarga oid mavzuda ustamonroqdir, deb oʻyladim. Harholda diplom boʻyicha mutaxassisliklariga qarab, shunday oʻyga borish mumkin edi. 

Nashriyot tomonidan 2017 yilda chop etilgan N.Ashurovaning “Oʻzbekistonda barqaror iqtisodiy oʻsish sharoitida tadbirkorlik faoliyatini soliqlar vositasida ragʻbatlantirish” risolasini varaqlay boshladim. 

Ochigʻini aytsam, mazkur risola bir qaraganda risoladagidek, ammo… Kitob muqovasida muallif nomi “Ashurova N.B.” tarzida, birinchi betda “N.B.Ashurova” va chiqish sahifasida “Ashurova Nasiba Batirovna” tarzida (ism va familiyasi qoʻshilib) yozilgan.

Internet manbalari asosida tayyorlangan risola 132 betdan iboratligi koʻrsatilgan. Aslida uning sahifalari koʻproq, yaʼni 144 betni tashkil etadi. Ajablanarlisi, 85-betdan boshlab sahifalar ketma-ketligi oʻta qoʻpol ravishda buzilgan (85, 88, 90, 89, 92, 94, 93, 96, 95, 98, 97, 100, 99, 102, 99, 104, 101, 106, 103, 108, 105, 110,105, 112, 107,……. va nihoyat 133, 142, 135, 144 bilan yakunlanadi).

Eʼtiborsizlik va loqaydlik oqibatida kitobning ichki sahifalaridagi sarlavhalar jiddiy xatoliklar bilan yozilgan. Jumladan, 101-betdagi sarlavha “Tadbirkorlik subʼyektlari faoliyatinisoliqimtiyozlari qali ragʻbatlantirishning amaldagi holati tahlili” tarzida berilgan (aslida: “Tadbirkorlik subʼyektlari faoliyatini soliq imtiyozlari orqali ragʻbatlantirishning amaldagi holati tahlili” deb yozilishi kerak). 100-betdagi sarlavhada soʻzlar “Boshqa majburiy toʻlovlarboʻyicha tushum koʻrsatgichlari” yoki 88-betdagi sarlavha “Soliq hisobot shakllarini va soliq hisobotlarini taqdim etish davriyliginiqisqartirish boʻyicha taqqoslama jadvaltahlili” shaklida qoʻshib yozilgan.

Risolaning poligrafik tayyorlanishidagi sifatsizlik oqibatida 100-betdan keyingi sahifalaridagi yozuvlarni oʻqib boʻlmaydi. Harflar chaplanib-boʻyalib ketgan, buning ustiga, ayrim betlar davlat standarti talabiga javob bermaydi.

Xullas, ulugʻ bobokalonimiz nomi bilan ataladigan nashriyotdan chiqqan oʻnga yaqin kitobni koʻrib, uni oʻqiydiganlarga achindim. Ular bu kitobdan nima oʻrganadi? Savodsizlik choʻqqisiga chiqish yoʻl-yoʻriqlarinimi?..

 

Dilshod MUHAMMAD RAJAB,

jurnalist

 

uzhurriyat.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/savod-govlab-ketganda/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x