Rahmatulla Yusuf oʻgʻlining ijodiy faoliyati boshqa baxshi-shoirlarnikidan tubdan farq qiladi. Rahmatulla shoir baxshilik sirlari, Qoʻrgʻon dostonchilari repertuarini oʻzlashtirish bilan bir qatorda, mumtoz adabiyot, XX asr zamonaviy adabiyotini yaxshi bilgan. Chet el adabiyotidan ham boxabar boʻlgan. Bundan tashqari adabiyotshunoslik va folklor ilmi, amaliyoti bilan tanish boʻlganligi sabab oʻz faoliyatiga, boshqa baxshilar ijodiga maʼlum darajada ilmiy yondashib, shu nuqtai nazardan baho berishga intilgan. Xususan, uning yozib topshirgan dostonlari va boshqa folklor, etnografiyaga oid materiallariga bergan izoh, tushuntirish va kirish soʻzlari fikrimizni tasdiqlaydi. Ushbu yozuvlarni bir tomonlama baholab boʻlmaydi, ular akademik ilm sabogʻini olgan olimning emas, birinchi galda ijodkor shaxs qalamiga mansubligi aniq sezilib turadi. Shoirning “Goʻroʻgʻli” majmuasining ikkinchi kitobiga yozgan izohlari orasidagi quyidagi soʻzlariga diqqat qarataylik: “Maʼlumki, “Goʻroʻgʻlibekning Avazxonni olib kelgani” degan doston inqilobdan avval Qozon va Toshkentda savdogarlar tomonidan nashr qilinib, tez orada butun oʻzbek elatiga tarqalgan edi. Mazkur kitobchaning Toshkent bosmasi boʻlgan “Goʻroʻgʻli botasvir” bizning ovulga nihoyat, 1927 yilda yetib, oʻsha vaqtdagi hamma dostonchi, baxshilarning, hatto “arab harfida yozilgan kitobning hammasi rost”, deb tushungan Ergash Jumanbulbul oʻgʻlining ham zamiriga singib, mazkur dostonni avvaldan har biri turlicha aytib yurganlari ham yoʻqolib, kitobnikini aytmoq kerak, degan fikr boʻlgan. Shunday qilib, barcha baxshilarga yoyilib, keyinchalik nashrdan chiqqaniga oʻxshatib aytmoq odat boʻlib ketdi.
Hozir, masalan, bir kichikroq baxshidan: “Mazkur dostonning boshqa xili ham ilgari aytilarmidi?” deb soʻralsa, “yoʻq”, deb qisqa javob beradi.
Aslida, yaqinginada ham mazkur dostonning bir-ikki xilda kuylanishini unutib yuborishgan. Men shu avvalgi ariqlarni qazib, mazkur dostonning boshqa xilini bayonga keltirmoqchiman. Albatta, eshitganlarga rahmat va mayda baxshilar uchun koʻmilgan ariqlarni ochib bersam, shuning oʻzi mening uchun bir katta sharafdir.” (Goʻroʻgʻlining tugʻilishi. – T.: “Yozuvchi”. 1995., 8-b.)
Rahmatulla Yusuf oʻgʻlining bayon uslubida ilmiy tafakkur ustuvor. Rahmatulla shoir ham yangi avlod vakili sifatida zamondoshlari va ustozlari dunyoqarashidagi farqlarni yaxshi his etib, oʻz soʻzida urgʻulagani eʼtiborga molikdir. Yaʼni, uning soʻzlaridagi quyidagi oʻringa eʼtibor qaratmoq lozim. Rahmatulla shoirning ushbu soʻzlarini qayta keltirib oʻtamiz: “…oʻsha vaqtdagi hamma dostonchi, baxshilarning, hatto “arab harfida yozilgan kitobning hammasi rost”, deb tushungan Ergash Jumanbulbul oʻgʻlining ham zamiriga singib, mazkur dostonni avvaldan har biri turlicha aytib yurganlari ham yoʻqolib, kitobnikini aytmoq kerak, degan fikr paydo boʻlgan”. Rahmatulla shoir oddiy ijrochi baxshi yoki shunchaki xat-savodi boʻlganligidan folklor va etnografik materiallarning toʻplovchisi boʻlmaganligini uning quyidagi soʻzlari ham isbot etadi. “Afsona boʻyicha oʻzbeklar orasida muqaddaslashtirilgan narsalar” degan nomda, topshirilgan materiallar toʻplamiga soʻzboshisi sifatida yozilgan va bot-bot “Ey koʻngul”, xitobi bilan boshlanuvchi bu soʻzlar ulkan ijodkor shaxsning dil izhori, hayotiy qonuniyati boʻlib yangraydi:
“Ey koʻngul, haddingga boq. Falakning gardishi shundoq, qara, koʻzingga fikr ayla. Oʻzingga tengqurlaring ichida, balki oʻzingdan oʻn yoshlar katta kishilardan ham ilgari keksarib qoʻyding. Koʻprak kasal boʻldingmi yoki vijdonan ezildingmi? Uyogʻi mayli, oʻtgan gap oʻtib ketdi. Uyogʻini eslama, hozirini koʻr. Harna bilganingcha, qoʻlingdan kelganicha xalq xazinasini boyitishga harakat qil. Chunki xalq boy boʻlsa, oʻzing ham boysan. Sening qoʻlingdan kelgani biror asar yozish ekan. Harna quvvating borida shul ishingni davom ettir. Chunki keyinroq asar yozishga hafsalang yetishmay qolar. Andin keyingi afsus behuda boʻlar.
Ey koʻngul, kitobboz boʻlmayu, kitobxon boʻlgin. Chunki kitobboz boʻlmoq farogʻbonlarning odati, kitobxon boʻlmoq bilim hosil qiluvchilarning odatidir…
…Menkim Rahmatulla Yusuf oʻgʻli oʻz koʻnglimga yuqoridagi rozni aytib boʻlganimdan keyin bu asarni toʻplamoqqa kirishdim. Imkonim boricha bu asarimni ilmiy materiallar bilan boyitishga kirishdim. Hurmatli oʻquvchilardan iltimos shuldirki, mening ilmsizligimni hisobga olib bu asarimda baʼzi xato va kamchiliklar uchratib qolsalar, avfu marhamat qalamini ishga solib tuzatsalar. Chunki ilm ahliga bunday ishlar osondur”. (Mamatqul Joʻrayev va Ulugʻbek Sattorov. El deya el oralab. Bobolardan qolgan naqllar FAN. – T.; 1998. – B. 7-8.)
Rahmatulla shoir oʻzi yozib topshirgan dostonlari, ertak, afsona, naql va boshqa materiallarini shunchaki koʻngil xushi yoki nom qoldirish uchun bajarilgan yumush, deb bilmaydi, balki shaxsining kamoloti, yurak amri, deb bajarganligi maʼlum boʻlmoqda.
“Goʻroʻgʻli” turkum dostonlarini shoirning qoʻlyozmalari asosida nashrga tayyorlovchilardan biri ustoz Toʻra Mirzayev shunday yozadi: “…Shoirning oʻz dasxatlarida dostonlar orasida bergan izohlarga suyanib, “Goʻroʻgʻli” dostonlarining qalamga olinish jarayonini kuzataylik. Chunki, turkum dostonlarining ketma-ketlik tartibini xalq shoirining oʻzi belgilashi va shundayligicha qalamga olishi oʻzbek folklorshunosligida birinchi birinchi tajribadir.”
Oʻzbek folklorshunosligida “Goʻroʻgʻli” dostonlarini yaxlit turkum sifatida baholanib oʻrganilsa-da, hech bir folklorshunos ularni ketma-ketlikda tartibga tushirmagan edi. Ushbu xizmatni Rahmatulla Yusuf oʻgʻlining bajargani folklorshunoslarimizning diqqatini oʻziga tortdi. Ushbu faktning ilmiy qimmati ham buyukdir. Qolaversa, shoirning oʻzi taʼkidlaganidek bu ishlar u kishining uzoq kuzatishlari, soʻrab-bilishlarining mevasi hisoblanadi.
Rahmatulla shoir oʻzini, Qoʻrgʻon dostonchilik maktabi anʼanalarini yaxshi bilgan, dostonchilikning ogʻzaki ijro jarayoni bilan yaqindan tanish boʻlgan bir ijodkor sifatida ushbu bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazish vazifasi zimmasida turganligini anglab yetib ushbu yumushni bajarishga kirishgan.
“Goʻroʻgʻli” dostonlari majmuasini yozar ekan, Rahmatulla shoir oʻziga zamondosh Qoʻrgʻon baxshilari bilan doimiy muloqotda boʻlganligini ham aytib oʻtgan: “Ergash Jumanbulbul oʻgʻli bilan Poʻlkandan boshqa men suhbatidan bahramand boʻlgan baxshilarni nomba-nom takrorlayman. Birinchi. Usta Xoliqul – qorakisalik, Ergash ota shogirdi qariyib Poʻlkancha bor edi. Ikkinchi Boʻta baxshi – Yonboshdan. Uchinchi. Egamberdi baxshi. Toʻrtinchi. Sarimsoq baxshi – qorakisalik, 1938 yilda oʻlgan. Bular chiqib baxshilik qilgan. Beshinchi. Norqul qora, hozirgi ayolimning otasi. Bu chiqib baxshilik qilmagan. Kichikroq baxshilardan: Abdulla baxshi – chinoqlik. Xoʻja baxshi – burganlik. Jolgʻosh baxshi, Qoʻldosh ustalar – qoʻrgʻonlik. Eng mayda baxshilardan: Farmon, Mardi, Qurbonqul baxshilardir. Ammo Toshniyoz baxshi kitobdan yodlab oʻquvchi baxshi edi.”
Rahmatulla shoirning ushbu maʼlumoti baxshilik sanʼati tabiatini anglashda ham muhim ahamiyatga ega. Chunki shoir baxshilarni talanti, iqtidori, baxshilik sanʼatini egallash darajasi va unga eʼtiboriga koʻra ularning oʻziga xos tasnifini keltirib oʻtadi.
Shoir tartibiga koʻra baxshilar birinchi galda elga “chiqib baxshilik qilgan” va “el oralab baxshilik qilmagan” toifaga ajratilgan. Ilmiy atamalar bilan aytilsa professional va professional boʻlmagan baxshilar.
Ustozlari Ergash Jumanbulbul oʻgʻli bilan Poʻlkanni hurmat bilan tasnifdan avval yodga olgan, demak, Rahmatulla shoir bu ikki shoirni buyuk baxshi-shoir sifatida alohida eʼzozlagan.
Rahmatulla Yusuf oʻgʻli “Goʻroʻgʻli” turkum dostonlarini bor boʻy-basti bilan xalqqa yetkaza olgan baxshilardan biri sifatida ulkan xalq shoirlari Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Fozil Yoʻldosh oʻgʻli, Muhammadqul Jonmurod oʻgʻli Poʻlkan, Islom shoir Nazar oʻgʻli, Abdulla shoir Nurali oʻgʻli, Bola baxshi kabilar qatorida munosib oʻrniga ega ijodkor sanaladi.
Folklorshunos T. Mirzayev Rahmatulla Yusuf oʻgʻli ijodida salmoqli oʻrin tutuvchi ushbu majmuani oʻrganish jarayonida quyidagi umumiy xulosalarga kelganki, ular nafaqat Rahmatulla shoir ijodi, balki “Goʻroʻgʻli” turkum dostonlariga ham har jihatdan tegishlidir.
Muallif yozadi: “Birinchidan, “yuqorida aytilganidek, “Goʻroʻgʻli” turkumini toʻla biladigan dostonchi hali aniqlangan emas. Bu oʻrinda bir ijodkor repertuaridagi mavjud dostonlarning ijrochi-qissaxonning oʻzi tomonidan tartib berilishi va kema-ket yozilishi oʻzbek folklorida noyob hodisadir. Toʻgʻri, folklorshunoslik tarixida shunga oʻxshash urinishlar boʻlgan. Masalan, 1927 yilda Poʻlkan shoirdan “Goʻroʻgʻli” dostonlarini ketma-ket yozib olish ishi tashkil etilgan. Ammo 4-5 doston yozib olinishi bilan bu ish toʻxtab qolgan.
Ikkinchidan, bunday tafsilotlar bir qarashda oddiy, qandaydir ahamiyatsiz izohlarga oʻxshab koʻrinishi mumkin. Aslini olganda ular aytuvchining epik repertuariga, dostonlardagi baʼzi epizodlarga, tinglovchi va folklorshunoslarga munosabatini oʻrganishda juda ahamiyatlidir.
Uchinchidan, biz faqat doston matnini yozib olamiz. Matn orqasida esa (sanʼatshunoslar taʼbiri bilan aytganda sahna ortida) katta “hayot” bor, dostonning ijrosi va kuylanishi bilan bogʻliq boʻlgan ijodiy jarayon bor. Folklorchilik ishlarimizda ana shu jarayonni kuzatish borasidagi materiallar yetishmayotir yoki ular folklorchilarning kundaliklarida qolib ketmoqda. Rahmatulla Yusuf oʻgʻlining yuqorida qisman biz keltirgan izoh va tushuntirishlari, bu yerda eslatish imkoni boʻlmagan, ammo qoʻlyozma hoshiyalaridagi yana allaqancha qaydlari, lugʻatlari, qistirma satrlari matn orqasidagi ana shu oʻziga xos “hayotni” oʻrganishda shubhasiz, katta ahamiyatga egadir. Shuning uchun ham shoir dostonlarini nashrga tayyorlashda shu va shu kabi bir qarashda ikkinchi darajali koʻringan qaydlarga alohida eʼtibor qaratish zarur, deb topdik.”
Chindan ham T. Mirzayev haqli ravishda taʼkidlaganidek, shoirning qoʻlyozmaga bergan izoh, qayd, lugʻat va qistirma baytlari dostonchilik ijodiy laboratoriyasi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Xususan, dos-tonlarning jonli ijrosi deyarli unutilib borayotgan va keskin oʻzgarishlarga uchrayotgan bugungi kunda yangi avlod tadqiqotchilari uchun bu material va faktlarning qimmati nihoyatda balanddir.
Dilfuza ESHQUVVATOVA
“Yoshlik”, 2010 yil, 11-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/rahmatulla-shoirning-kongil-olami/